Qo‘shma va juft so‘zlar imlosi. Har, hech, bir, u, shu, o‘sha, hamma kabi so‘zlar o‘zi birikib kelgan birlikdan ajratib yoziladi: har kim, hech narsa, bir zum, bu yerda, osha joyda, hamma vaqt kabi
Hamma, har, hech, u, bu so‘zlari bilan yasalgan olmosh va ravishlar: hamma vaqt, har kim, hech qanday, u yerda, bu vaqt; birinchi so‘zi bir, har, hech olmoshlaridan iborat bo‘lgan qo‘shma so‘zlar ajratib yoziladi (birpas, biryo‘la, birvarakay so‘zlari bundan mustasno).
Sifatlar oldidan to‘q, jiqqa, tim, liq kabi so‘zlar kelsa, ajratib yoziladi: to‘q sariq, jiqqa ho‘l, tim qora, liq to‘la va b;
Belgining ortiqlik hamda uzviylik darajasini ko‘rsatuvchi: ko‘pdan ko‘p, yangidan yangi, ochiqdan ochiq, uzundan uzun, yildan yilga, kundan kunga kabi birliklar ajratib yoziladi.
Bilan va uchun ko‘makchilarining qisqargan -la va -chun shakli chiziqcha bilan yoziladi: onam-la, sen-chun singari.
Dardi bedavo, bodi sabo kabi izofali birikmalar ham ajratib yoziladi. Izofali birikmalarni qo‘shish uchun unlidan so‘ng kirill yozuvidagi i o‘rniga (ойнаи жаҳон, таржимаи ҳол, нуқтаи назар, рўйи замин) yi yoziladi: oynayi jahon, tarjimayi hol, nuqtayi nazar, ro‘yi zamin.
Juft so‘zlar chiziqcha bilan yoziladi: yaxshi-yomon, erta-kech, qishin-yozin.
Qisqartma so‘zlar imlosi. So‘zlarning birinchi harflarini biriktirish yo‘li bilan yasalgan qisqartma so‘zlar bosh harf bilan yoziladi: BMT, MDH. Qisqartmalardagi harflar o‘rtasiga nuqta qo‘yilmaydi. Insholar matnida B.M.T., A.Q.Sh. tarzida xato yozishlar ko‘p uchraydi. Shaxs ismi va otasining ismi, familiyalari yoki ularning bir qismi qisqartirilishi mumkin: H.O., A.O.; N.Jumayev, G.Jahonova. Mumtoz ijodkorlarimiz ismi-sharifi, taxallusini qisqartirmay yozgan ma’qul: Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur. Negaki hozirgi ism-shariflar qisqartmasi shaxs ismi va otasining ismini bildiradi: F.X.Arziqulov. Mumtoz ijodkorlarimiz ismi-sharifi, taxallusi har doim ham bu mezonga mos kelavermaydi. Odatda, taxalluslar ham qisqartirilmaydi: Cho‘lpon, Sakkokiy, Julqunboy, Hijron, Nihoniy.
Do'stlaringiz bilan baham: |