Ichki ishlar idoralari xodimlarining
Download 0.5 Mb.
|
Respublikasi
Ichki ishlar idoralari xodimlarining fuqarolarni qabul qilish madaniyati. Ichki ishlar idoralari xodimlarining fuqarolarni qabul qilishi ularning aholi bilan birligini ta’minlovchi omillardan bo‘lib, fuqarolarning savollari, ariza va shikoyatlariga tez va to‘g‘ri javob topish hamda jinoyatchilikning oldini olish, adolatni qaror toptirish maqsadida tashkil etiladi. Bunda quyidagi qoidalarga rioya etish zarur:
Fuqarolarni ichki ishlar idoralarining murojaat etilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish vakolatiga ega xodimlari, boshliqlari qabul qilishi kerak. Fuqarolarni qabul qilish uchun maxsus xona ajratilishi lozim. Ajratilgan xona toza, ozoda, yorug‘, tinch va qulay bo‘lishi, kerakli ko‘rgazmali ma’lumotlar hamda yuksak estetik did bilan jihozlangan bo‘lishi zarur. Qabul qilish uchun yaratilgan shart-sharoit va muhit ichki ishlar idoralari xodimlarining madaniyatlilik darajasini ko‘rsatuvchi belgilardan biri ekanligini unutmaslik kerak. Fuqarolarni qabul qilish vaqti aniq belgilangan, kimlar qanday masalalar bo‘yicha qabul qilinishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Qabul qiladigan xodim doimo maxsus kiyimda (formada) bo‘lishi, o‘zini kamtarona tutishi; fuqarolarga yordam berishga tayyorligi va ularning ishonchini oqlay olishi uning qabulidagi fuqaroga sezilib turishi kerak. Fuqaroda uni qabul qilayotgan xodimga nisbatan ishonch hosil bo‘lishi zarur. Xodim, shuningdek, tashqi ko‘rinishi orasta bo‘lishi darkorligini unutmasligi lozim. Ichki ishlar idoralari xodimi o‘z qabuliga kelgan fuqaroni, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, peshvoz chiqib kutib olishi, salomlashishi, o‘tirish uchun taklif qilishi va hol-ahvol so‘rashi lozim. Shundan so‘ng suhbatdosh fuqaroning ismi-sharifi, ish joyi, uy adresi, telefonini so‘rashi va bu ma’lumotlarni tegishli daftar yoki hisob varaqasida qayd etishi, tashrifdan ko‘zlangan maqsadini so‘rashi kerak. Suhbat chog‘ida fuqaroning barcha so‘zlarini diqqat bilan tinglash, gapini bo‘lmasdan eshitish, gapini tugatganidan so‘ng unga noaniq yoki tushunilmay qolgan narsalar to‘g‘risida savol berish kerak. Savol-javob jinoyatchi yoki guvohni so‘roq qilish tarzida bo‘lmasligi, suhbat samimiy, erkin tarzda olib borilishi lozim. Suhbat chog‘ida boshqa odamlar bilan, shu jumladan, telefon orqali so‘zlashmagan ma’qul. Tashrif buyurgan fuqaroning barcha savollariga to‘liq javob berish, javobning tushunarli bo‘lganiga ishonch hosil qilish kerak. Fuqaro javobdan qoniqqan bo‘lsa – unga minnatdorchilik bildirish, qoniqmagan bo‘lsa yuqori tashkilotlarga murojaat qilish tartibini yotig‘i bilan, shoshmasdan, xushmuomalalik bilan tushuntirish zarur. Suhbat tugaganidan so‘ng fuqaroga sihat-salomatlik tilab, xayrlashish va, albatta, kuzatib qo‘yish lozim. Suhbat chog‘ida fuqarolarning murojaatiga aloqador mansabdor shaxslar ishtirok etayotgan bo‘lsalar, ularning barchasini fuqaroga tanishtirish kerak. Bordiyu, suhbatdosh faqat boshliqning o‘zi bilan gaplashish istagini bildirsa, bunga ham imkon berish lozim. Fuqaro bilan suhbat chog‘ida ularga berilayotgan javob aniq va ishonarli bo‘lishi uchun javobni tegishli qonunlar va boshqa normativ hujjatlardan parchalar o‘qib berish orqali asoslash maqsadga muvofiqdir. Suhbat davomida ko‘rilayotgan masala ichki ishlar idorasi boshlig‘ining vakolatiga kirmasa, fuqaroga bu haqda yotig‘i bilan gapirib, kimga murojaat qilishi zarurligi tushuntirib beriladi. Suhbat davomida ko‘rilayotgan masalani hal qilish uchun qo‘shimcha ma’lumot, hujjatlarni ko‘rish yoki muayyan tashkiliy tadbirlar o‘tkazish zarur bo‘lsa, bu haqda suhbatdoshga ma’lum qilinadi va masala hal etilishi lozim bo‘lgan aniq vaqt belgilanadi. Qabulga kelgan fuqaroning ma’lumoti jinoyatni ochishga yoki ichki ishlar idoralari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bo‘lsa, unga albatta tashakkur aytish kerak. Qabulga mast holda kelgan fuqarolar bilan odatda suhbat o‘tkazilmaydi. Bordiyu u jinoyat yoki boshqa ko‘ngilsiz voqealar sodir etilayotganligi yoki bunga harakat bo‘layotgani haqida ma’lumotga ega bo‘lsalar, uning so‘zlarini tinglash va tegishli chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Qabulga yozilgan barcha fuqarolar qabul qilinishi shart. Qabul vaqtida tushgan taklif, ariza va shikoyatlar bilan bog‘liq masalalarni tezlikda hal qilishning imkoni bo‘lmasa, ularni umumiy tartibda hal qilib, fuqarolarga bu haqda yozma ravishda ma’lumot berish kerak. Fuqarolarni qabul qilish ichki ishlar idoralarining har bir xodimi uchun uning kasbiy, axloqiy va siyosiy yetukligi sinaladigan katta imtihon ekanligini yoddan chiqarmaslik zarur. Download 0.5 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling