Ichki ishlar idoralari xodimlarining


Download 0.5 Mb.
bet81/161
Sana07.10.2023
Hajmi0.5 Mb.
#1694652
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   161
Bog'liq
Respublikasi

Ichki ishlar idoralari xodimlarining fuqarolar va mansabdor shaxslar bilan muomala qilish madaniyati. Ichki ishlar idoralari xodimlarining fuqarolar; korxona, muassasa, jamoat tashkilotlari, jamoat birlashmalarining rahbarlari va boshliqlari bilan muomala qilish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Prezidenti, Hukumati, Ichki ishlar vazirligi qabul qilgan qonun, farmon, nizom va buyruqlarda belgilab qo‘yilgan bo‘lib, ularni og‘ishmay bajarish har bir xodimning burchidir.
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2011 yil 4 iyulda chiqargan va «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb madaniyati»ni e’lon qilgan 96-buyrug‘ida shunday deyiladi: «Xodimlar xizmat jarayonida va xizmatdan tashqari paytda so‘zlashish odobiga, muomala madaniyatiga alohida e’tibor qaratishlari lozim. Har bir so‘zni o‘z o‘rnida qo‘llash, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish insonning mavqeini yuksaltiradi, uning jamoadagi va jamiyatdagi o‘rni hamda obro‘yini belgilab beradi.
Har bir xodim fuqarolar bilan samimiy munosabatda bo‘lishi, ularning
murojaatini diqqat bilan eshitishi, vakolati doirasida ko‘rib chiqishi va masalasini hal qilishga intilishi zarur. Fuqarolar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklarning qonunga zidligini tushuntiradi hamda qonunda belgilangan chorani qo‘llash masalasini hal etadi»1, – deyilgan. Ayni vaqtda ichki ishlar idoralari xodimi fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala bo‘lishga, ularning ish bilan bog‘lik chigal savollariga va boshqa holatlar bo‘yicha murojaatlariga to‘g‘ri va aniq javob berishga, arz va shikoyatlarini imkoni boricha qonuniy hal qilishga intilishi lozim.
Ichki ishlar idoralarining xodimlari fuqarolar bilan bo‘lgan muloqotlarida xushmuomala bo‘lishlari kerak. Xushmuomalalik ichki madaniyatning tashqi ko‘rinishidir. Uning asosini insoniylik tashkil etadi.
Fuqarolar bilan bo‘ladigan xushmuomalalik quyidagi xulq-atvor qoidalarini qamrab oladi:

  • odamlarga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish;

  • insonga xayrxohlik, e’tiborlilik;

  • muhtojlarga o‘z vaqtida yordam berish, ularning hojatini chiqarish;

  • iltifot bilan joy ko‘rsatish, joy berish, oldinga o‘tkazib yuborish, yordamlashish;

  • odamlarni o‘zining xatti-harakatlari bilan noqulay axvolga solib qo‘ymaslik, agar shunday holat yuz bersa, tezlikda kechirim so‘rash va o‘z xatti-harakatini tuzatish;

  • keksalarga, bolalarga va ayollarga alohida iltifot ko‘rsatish va hokazo.

Xodim ushbu talablarga o‘zining butun faoliyati davomida, ya’ni fuqarolarni qabul qilganida, kuzatib qo‘yganida, jamoat tartibini saqlash uchun xizmatga chiqqanida, jinoyatchilarni ushlaganida, tintuv o‘tkazish va so‘roq qilish chog‘ida, xizmatdan tashqari vaqtlarda, transportda, teatrda, kino zallarida, uyda va jamoat joylarida amal qilishi kerak.
Ichki ishlar idoralarining xodimlari fuqarolar bilan bo‘ladigan muloqotlarida, albatta, ziyrak, hushyor, mehribon bo‘lishlari lozim.
Ziyraklik deb fuqarolarning orzu-umidlarini, aniq istak-xohishlarini, dilidagi gaplarini tezda fahmlab shunga javoban axloq qoidalari talabi asosida harakat qilishga aytiladi. Ziyraklikning asosini sezgirlik va hushyorlik tashkil etadi. Ziyraklik axloq va nafosatning fuqarolar


1Ўзбекистон Республикаси ички ишлар идоралари ходимларининг касб ма- данияти ҳақида қўлланма. – Т.: Ўзбекистон Республикаси ИИВ Академияси, 2011. – Б. 12.
dilidagini ilg‘ash, ularning qalbidan joy olishga xizmat qiladigan sirli kalitidir.
Fuqarolarga ziyraklik, ya’ni sezgirlik bilan yaxshi muomala qilish, ularning dardiga quloq solish, savollariga shirinsuxanlik bilan javob qaytarish, ularga yordam qo‘lini cho‘zish, umuman, yaxshi munosabatda bo‘lish oxir-oqbatda barcha mushkul muammolarni hal etishda yordam beradi. Bu esa ichki ishlar idoralari xodimlarining aholi o‘rtasidagi obro‘ini yanada oshiradi. Xalqning ularga nisbatan ishonchi kuchayadi va u ichki ishlar idoralari xodimlarining ishonchli tayanchiga aylanib boradi.
Ushbu umumiy qoidalar bilan birga, ichki ishlar idoralari xodimlarining aholi bilan bo‘ladigan maxsus axloqi, ya’ni sohibxabarlar bilan ishlash qoidalari ham mavjud. Bu qoidalar ularning xizmat vazifalarini bajarishlari chog‘ida namoyon bo‘ladi.
Xizmat vazifalarini bajarish vaqtida fuqarolar bilan muomala qilish madaniyati qoidalari. Bu qoidalar quyidagilardan iborat:

  1. Ichki ishlar idoralarining har bir xodimi xizmat burchini bajarayotgan vaqtda, eng avvalo, o‘zining davlat hokimiyati vakili ekanligini, odamlar uning xulq-atvori, xatti-harakati, so‘z ohangi va tashqi qiyofasiga qarab butun huquq-tartibotni muhofaza qiluvchilarga baho berishlarini, uning obro‘si davlatning obro‘si ekanligini unutmasligi kerak.

  2. Fuqarolar ichki ishlar idoralarining xodimlariga yoki, aksincha, xodim fuqarolarga murojaat qilganida, salomlashish qoidalariga to‘liq rioya qilmog‘i, ya’ni harbiychasiga salomlashib, o‘z lavozimi, unvoni, ismi-sharifini aytishi, so‘ngra murojaat qilish sababini va maqsadini diqqat va sabr-toqat bilan eshitishi hamda bayon qilishi kerak.

  3. Fuqarolarning barcha savollari, murojaatlariga xushmuomalalik bilan javob berishi, yotig‘i bilan tushuntirishi, ularga iloji boricha yordamlashishi, iloji bo‘lmaganda maslahatlar berishi zarur.

  4. Ichki ishlar organlari xodimi fuqarolarga murojaat qilganida ularning talabiga binoan o‘zining ismi-sharifi va ish joyini aytishi hamda xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shart.

  5. Xodim fuqarolar bilan muomala qilayotganida quyidagilar taqiqlanadi:

  • dimog‘dorlik, manmanlik, qo‘pollik qilish;

  • kinoyali, dag‘al tarzda tanbeh berish;

  • gapirganda inson qadr-qimmatini tahqirlovchi piching va qochiriq so‘zlar ishlatish;

  • fuqarolarga asoslanmagan ayblar qo‘yish;

  • tahdid soluvchi hamda fuqarolarning qadr-qimmati va shaxsini tahqirlovchi boshqa xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yish.

  1. Har bir xodim xizmat vazifasini bajarish vaqtida u yoki bu fuqaroning hujjatlarini tekshirib ko‘rishga zarurat sezsa, uning oldiga kelib, harbiychasiga salomlashishi, o‘zini tanishtirishi, vaqtini olganligi uchun uzr so‘rab, muloyimlik bilan hujjatlarini ko‘rsatishini talab qilishi kerak. Hujjatlar to‘g‘ri bo‘lsa, xodim hujjatni egasiga tezlikda qaytarishi, minnatdorchilik bildirib, xayrlashishi kerak. Bordiyu hujjatda biron kamchilik bo‘lsa yoki u shubha tug‘dirsa, bu haqda fuqaroga xushmuomalalik bilan tushuntirishi va qat’iy ohangda undan o‘zi bilan birga yaqinroqdagi ichki ishlar bo‘linmasiga borishni talab qilishi zarur. Bunda, albatta, hushyorlikni unutmaslik kerak.

  2. Xodim fuqarolarning shaxsiy bahs-munozaralariga aralashmasligi lozim. Fuqarolarning hayotiga xavf soladigan, jamoa tartibining buzilishiga olib keladigan, jinoyat keltirib chiqaradigan bahs-munozaralar bundan mustasnodir.

  3. Bayram va tantanali kunlarda, ayniqsa, xalq sayllari vaqtida fuqarolarga kam ahamiyatli, tasodifiy tartibbuzarliklar uchun imkoni boricha tanbeh bermaslik, bo‘lar-bo‘lmasga mahkamaga olib kelmaslik kerak.

  4. Har bir xodim har qanday fuqaroning hurmat-izzatini o‘rniga qo‘yib gaplashishi shart. Bunda kichik va o‘rta maktab yoshidagi bolalarga «sen», kattalarga esa «siz» deb murojaat qilish kerak.

  5. Xodim xizmatdan tashqari hollarda murojaat qilgan fuqarolarga nisbatan befarq bo‘lmasligi, ularga to‘g‘ri maslahatlar berib, savollariga javob topish uchun imkoni boricha amaliy va ma’naviy yordam ko‘rsatishi zarur.

  6. Qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatda bo‘lish, ularning murojaatlariga quloq solish, yordam berish, oilalarida bo‘layotgan har xil ko‘ngilsizliklarning oldini olishda yordamlashishi lozim.

  7. Ta’til vaqtida, xizmatdan bo‘sh vaqtlarida xalq bayramlarida, milliy marosimlar, to‘y-hasham, ta’ziya va boshqalarda ko‘pchilik qatori qatnashishi kerak.

Bu xususda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb madaniyati haqidagi qo‘llanmada shunday deyilgan:
«...Suhbat davomida xodim tamaki mahsulotlarini chekishi, biror narsani iste’mol qilishi yoki ularga nisbatan hurmatsizlik deb qabul qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa nojo‘ya xatti-harakatlarni sodir etishi mumkin emas.
Xodim ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan, ushlangan va qamoqqa olinganlarning qonuniy huquq va manfaatlarini, shaxsiyatini poymol qilmaydi. O‘z navbatida, ularga tibbiy va huquqiy yordam beradi, ularning ushlanganliklari haqida yaqin qarindoshlari yoki ish joyiga o‘rnatilgan tartibda xabar beradi.
Ichki ishlar idoralari xodimlari gumon qilinuvchi shaxslar, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilar bilan muloqotga kirishayotganida doimo hushyorlikni yo‘qotmasdan, o‘zini og‘ir-vazmin tutib, har qanday kutilmagan harakatga qarshi tayyor turishi lozim.
Huquqbuzar taqdim etgan hujjatlarni ehtiyotkorlik bilan ko‘zdan kechiradi, ularga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lmaydi. Hujjatlarni tekshirayotganida uning ichida ishga taalluqli bo‘lmagan buyumlar (pul, yozuvli qog‘oz parchasi, tashrif qog‘ozi va h.k.) bo‘lsa, ularni egasiga qaytaradi. Huquqbuzarga nisbatan nojo‘ya xatti-harakatlar qilmaydi.
Ichki ishlar idoralari xodimi aholi bilan aloqani mustahkamlab, takomillashtirib boradi. Ichki ishlar idoralari xodimi degan yuksak nomni yodda saqlagan holda, xizmat vazifasiga doir ish yurituvi davomida hamda insoniylik burchini bajarish vaqtida fuqarolardan turli ko‘rinishdagi hadya va sovg‘alarni olmaydi va xizmat aytmaydi.
Spirtli ichimlik ichgan, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop moddalar iste’mol qilgan shaxslar bilan muloqotga kirishganda, agarda ular o‘zlarini to‘g‘ri tutsalar ham shaxsiy xavfsizlikni ta’minlagan holda ehtiyotkor bo‘lishi hamda tegishli qonuniy choralar ko‘rilishini ta’minlashi zarur.
Xodim jamoat transportida va boshqa jamoat joylarda yo‘lovchilar bilan xush muomalada bo‘lib, keksalarga, ayollarga joy berishi, yoshlarni yoshi kattalarga joy berishga undashi, jamoat transportida yoki bekatda huquqbuzarlik sodir etilsa, darhol uni bartaraf etish uchun zarur choralar ko‘rishi, jabrlanuvchiga yordam berishi hamda jamoat tartibi saqlanishini ta’minlashni xizmat va fuqarolik burchi deb hisoblashi shart»1.

Download 0.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   77   78   79   80   81   82   83   84   ...   161




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling