Kasb axloqi kategoriyalarining vazifalari. Ichki ishlar idoralari xodimlarining kasb etikasi kategoriyalari quyidagi vazifalarni bajaradi:
bilish, ya’ni jamiyat axloqiy hayotining rivojlanish qonuniyatlarini bilish asosida uning mohiyatini anglab olish;
baholash, ya’ni kishilarning xatti-harakatlarini, jamiyat tomonidan belgilangan axloqiy va huquqiy normalarni qanday bajarayotganliklarini yaxshilik, adolat nuqtai nazaridan asoslash;
tanlash, ya’ni axloqiy qadriyatlar dunyosida odilona xatti- harakatlarni sodir etish uchun maqsad, vosita va usullarni to‘g‘ri belgilash;
boshqarish, ya’ni to‘g‘ri tanlangan maqsadga erishish uchun sodir etiladigan axloqiy munosabatlarni tartibga solgan holda yo‘naltirib turish;
bashorat qilish, ya’ni jamiyat axloqiy hayotining kelgusidagi rivojlanish yo‘llari modellarini yaratish, shu asosda har xil taxminlar qilish va kerakli ishlarni rejalashtirish;
birlashtirish, ya’ni odamlarning yaxshilik va ezgulik yo‘lidagi hamjihatligini ta’minlash;
tarbiyalash, ya’ni har bir insonning axloqiy, huquqiy ongini rivojlantirish asosida ularning axloqiy va huquqiy madaniyatini oshirishning har xil vosita va usullarini ishlab chiqib, amalda qo‘llash va h.k.
Ta’kidlash joizki, bu umumiy vazifalardan tashqari har bir kategoriyaning o‘ziga xos jihati va bajaradigan maxsus vazifalari mavjud. Yaxshilik, yomonlik, adolat kategoriyalari normativ faoliyatni ifodalovchi kategoriyalar hisoblanadi.
2-§. «YAXSHILIK» VA «YOMONLIK» KATEGORIYALARI, ULARNING ICHKI ISHLAR IDORALARI XODIMLARI FAOLIYATIDA NAMOYON BO‘LISHI
«Yaxshilik» va «yomonlik» kasb etikasining inson faoliyatini axloqiy jihatdan baholovchi markaziy kategoriyalaridan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |