31-modda. Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash
Ichki ishlar organlaridagi xizmatga qabul qilinadigan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari majburiy tartibda maxsus kasbiy tayyorgarlikdan yoki qayta tayyorgarlikdan o’tadi.
Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ta’lim muassasalari, shuningdek boshqa ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarining tinglovchilari va kursantlari ichki ishlar organlarida xizmatda deb hisoblanadi, chet el fuqarolari bundan mustasno.
32-modda. Ichki ishlar organi xodimini xizmatdan bo’shatish
Ichki ishlar organi xodimini xizmatdan bo’shatishga quyidagilar asos bo’ladi:
o’zining xohishi;
ichki ishlar organlarida xizmatda bo’lishning ushbu Qonunda belgilangan chegaradagi yoshiga to’lganligi;
pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o’taganligi;
tashkiliy-shtat o’zgarishlari;
kasalligi – harbiy-tibbiy komissiyaning ichki ishlar organlaridagi xizmatga yaroqsizligi to’g’risidagi xulosasi asosida;
sog’lig’ining cheklanganligi holati – harbiy-tibbiy komissiyaning ichki ishlar organlaridagi xizmatga yaroqliligi cheklanganligi to’g’risidagi va xizmat bo’yicha boshqa lavozimga o’tkazish imkoniyati mavjud bo’lmagan taqdirda, egallab turgan lavozimiga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajara olmasligi haqidagi xulosasi asosida;
safdagi xizmatga yaroqsizligi;
malakasi etarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga noloyiqligi – attestatsiya natijalari asosida;
xizmat intizomini qo’pol ravishda buzganligi;
ichki ishlar organi xodimining sha’niga putur etkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi;
jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin hukm qilinganligi;
ichki ishlar organi xodimida intizomiy jazo chorasi mavjud bo’lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi;
boshqa turdagi davlat xizmatiga o’tganligi;
O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilganligi yoki chet davlat fuqaroligini olganligi.
Ichki ishlar organi xodimi ushbu Qonunda va boshqa qonun hujjatlarida ichki ishlar organlari xodimlari uchun belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya etmaganligi uchun xizmatdan bo’shatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |