Ikki eshik orasi
Download 19.52 Kb.
|
\'\'Ikki eshik orasi\'\' romanida ijodkorning so\'z qo\'lash mahorati
- Bu sahifa navigatsiya:
- Foydalanilgan adabiyotlar
O’tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanida so’z qo’llash mahorat SamDU filologiya fakulteti 3-kurs talabasi Nazarov Rasulberdi Ilmiy rahbar: professor Azamat Pardayev Annotatsiya: Maqolada O’tkir Hoshimov badiiyati, romandagi antroponimlar qo’yilish sababi va ma’nosi, dialekt so’zlar, o’xshatishlar, iboralar, metaoralar va shu kabi badiiy vositalar o’rganiladi Kalit so’zlar: antroponim, iboralar, dialekt so’zlar, metafora “ Ikki eshik orasi” romani O’tkir Hoshimovning adabiy merosidan asosiy o’rin egallaydigan o’lmas asar hisoblanadi. Roman 1986-yilda yozilgan. Asarda insonlarning taqdiri, inson umrining murakkabligi, insonlarning bir-biriga bo’lgan munosabati, odamiylik, oqibat, mardlik, matonat, vatanparvarlik, sabr-bardosh singari fazilatlar mohirlik bilan tasvirlangan. Adabiyotshunoslar orasida “ Qalbdan chiqqan so’zlar qalbga yo’l topa oladi” degan naql yuradi. O’tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” romanni ham xuddi shunday “qalbdan chiqqan so’zlar” asosiga qirilgan. Asarga nom berilishidan ham ijodkorning qalam qudratiga tahsin o’qiysiz. Birgina asar nomi ham kitobxonni chuqur o’yga to’ldiradi. Qiziq, nega aynan “ Ikki eshik orasi”?Bu kabi savollarga asar qahramonining tilidan aytilgan quyidagi parcha orqali javob olishimiz mumkin: “Ming yil yashagan bir sahoba “ Essiz, u eshikdan kirdim-u,bu eshikdan chiqib ketyapman”,- degan ekan. Shunaqa, bolam… Hech kim o’lishni o’ylamaydi, Ammo Xudo odamzodga umrni o’lchab beradi. Shunaqalikka shunaqa-ku, Odamning umri necha yil yashagani bilan sanalmaydi… - U xo’rsindi. – Bir xil odamlar bor: u eshikdan kirib, bu eshikdan chiqib ketayotganda qo’lidan kelgancha savobli ish qiladi. Hayot degan imoratga aqalli bitta g’ish qo’yib ketadi. Yana bir xillari bor: o’sha imoratdan aqalli bitta g’ishtni o’g’irlab ketgisi keladi. O’g’irlab-ku hech qayoqqa borolmaydi, nargi eshikka borganda , baribir tashlab ketadi. Ikki orada imoratni buzgani qoladi”. [1.582]Insonning dunyoga kelishi bir eshikka kirish bo’lsa, uning dunyodan ko’z yumushi ikkinchi eshikdan chiqishdir. Insoning dunyoga kelishi, hayot kechirishi va hayotdan ko’z yumushi falsafiy jihatdan ikki eshik orasiga qiyos qilingan. Yetti qism, qirq yetti bobdan tarkib topgan roman kompozitsion qurilishi jihatdan ham o’ziga xoslik kasb etadi. Undagi voqea-hodisalar bayonidagi qatnashgan 9 ta personaj hikoyalarini yozuvchi bir-biriga ustalik bilan bog’laydi. Asarda qo’llangan antroponimlarga nazar soladigan bo’lsak: Orif, Ochil, Ra’no, Husan,Kimsan Muzaffar, Parcha va yana bir qancha antroponimlarni uchratishimiz mumkin. Shu o’rinda o’rinli savol paydo bo’ladi. Nega qahramonlarga bunday nom qo’yilgan? Masalan, oqsoqolni Orif emas, Marif yoki Sharif deb nomlasa ham bo’lardiku. Yoki Husan dumani Hasan duma deb nomlash, yoxud ayol kishiga ism tanlashda nechun Parcha ismi tanlab olinadi?O’tkir Hoshimov “Shunchaki yozmoqlik- ijodkorga o’lim” tamoyiliga asoslangan holda har qanday antroponimlar va toponimlarni shunchaki qo’llamaydi. Shunday ekan , romanda qatnashgan qahramonlarga qo’yilgan ismlar ham “shunchaki osmondan tushgan” emas, albatta. Har bir ismning qo’yilishini alohida sabablari mavjud. Asarga ko’rk bag’ishlaydigan Orif oqsoqol obrazi o’zining individual qiyofasi bilan ajralib turadi. Qishloq oqsoqoli bilimdon, aqlli, uzoqni ko’zlab ish qiluvchi shaxs bo’lishi talab etiladi. Orif oqsaqol ham ana shunday “yetti o’lchab bir kesadiganlar” xilidan edi. Orif ismining etimologiyasiga nazar soladigan bo’lsak, bu nom kelib chiqishi arabcha so’z bo’lib, bilimdon, aqlli, dono, xudojo’y 1 degan ma’nolarni anglatadi. Shuning uchun ham nozik did sohibi bo’lgan ijodkor “qishloq otasi”ga Marif yoki Sharif deb emas, Orif deya nom tanlaydi.Mana gap nimada! Orif oqsaqol odamlarga baho berganda xalqona tabir bilan “ mard odamning belida belbog’i bo’lishi kerak” [2.326] degan tamoyilga rioya qilar edi. Bu ibora asarda Orif oqsaqol tilida o’n uch marta qo’llanilishi ham uni “belida belbog’i bor” inson ekanligidan darak beradi. Romanda Husan nomi ham shunchaki nomlanmagan. E’tibor qiladigan bo’lsak, asarda Husan duma qorachadan kelgan, kichik jusali kishi edi. Qahramonning tashqi ko’rinishini ham inobatga olgan yozuvchi dumani Husan deya nomlaydi. Chunki Husan ismi “ jajji”, “ kichik” [2.582] ma’nosiga ega. Romanda o’zining noodatiyligi bilan ham ajralib turuvchi Kimsan antroponimi ham mavjud. Bir qarashga bu ism kitobxonga g’alatidek tuyiladi. Lekin bu nomning qo’yilishini ham alohida tarixi bor. Romanda Qora amma olti farzandini yerga berib, bittagina Kimsanni saqlab qoladi. Bitta-yu bitta farzandi, ko’zining oq-u qorasi bo’lgan o’g’lini uzoq umr ko’rsin deya Kimsan ismini qo’yadi.Kimsan ismining ma’nosiga nazar tashlasak “oltin bilan ziynatlagan , chiroyli, go’zal yoki kimsan o’zi, ya’ni umri uzoq bola” [2.186] ma’nolarini beradi. Lekin asarda Kimsan navqiron yigit davrida, o’n sakkiz yoshda, halok bo’ladi. Hayot biz o’ylaganimizdek ortiqcha g’avg’olarsiz o’tadi degan odam aksariyat hollarda adashadi. Hayot biz o’ylagandek kechganda inson allaqachon o’ziga jannat qurib olgan bo’lardi. Asarda ayollar obrazi ham zo’r mahorat bilan tasvirlangan bo’lib, ulardan Qora amma o’ziga xos tabiat bilan ajralib turadi. Yozuvchi bu qahramon ismini keltirmasdan, Qora amma deb nomlab ketadi. Yuzaki qaralganda, bu ayolning rangi bilan bog’liq. Lekin bu masalaning birinchi tomoni. Ikkinchi tomondan, “qora” so’zi bu ayolning qanchalik sabr-bardoshli, mehribon, zahmatkash, soddadil va jafokash, hayotning ko’p tashvishlarini ko’rgan ayol ekanligini ham izohlab keladi. Qora amma obrazida urush davridagi o’zbek onalarining siymosi mujassamlashgan. Asarda Parcha obraziga ham alohida to’xtalib o’tish joiz. Yozuvchi bu qahramonga yigitlarning ismini tanlab olgandan ham uni erkakshoda ayol ekanligini bilib olishimiz mumkin. Buning ustiga u doim erkaklardek “ do’rillab gapiradi”. Shu o’rinda o’rinli savol tug’iladi. Nima uchun “ do’rillamoq” fe’li tanlab olingan? Do’rillamoq fe’li yog’on,titroq, bog’iq ovoz [3. 244]ma’nosiga ega. Qalamkash “do’rillab gapiradi” birikmasining o’rniga “ yog’on ovoz bilan gapiradi”, “titroq ovoz bilan gapiradi” , “ bo’g’iq ovoz bilan gapiradi” deya qo’llashi ham mumkin edi. Lekin “do’rillamoq” fe’lini tanlab oladi. Shu o’rinda Muzaffarning Parcha xolaga bergan ta’rifini eslab o’tamiz.“ Parcha xolani yomon ko’raman. Parcha xola- devday xotin. Mo’ylovyam bor”. Mo’ylovli devday xotinga nisbatan “ yog’on ovoz bilan gapiradi”, “titroq ovoz bilan gapiradi” , “ bo’g’iq ovoz bilan gapiradi” deb qo’llash mantiqiylikni buzilishiga olib keladi. Yuqoridagi birikmlarning salbiylik bo’yog’i “do’rillamoq” fe’liga nisbatan bir oz kuchsizligi uchun ham shu so’z tanlangan.Asarni mutolaa qilish jarayonida turli xil o’xshatishlar, metaforalar, maqollar, iboralar va sheva dialektiga xos bo’lgan so’zlarga ko’p marta duch kelasiz. Romanda ijodkor metaforalarga ko’p marta murojaat qiladi:“ Derazadan tashqariga tikilgancha o’y surib ketyapman. Osmonda to’lin oy xomush nur sochadi. Avtobus bilan yonma-yon uchib boradi”. [1.13] Bu parchada oyning “xomush nur sochadi” metaforasi kitobxon e’tiborini tortadi. Grammatik jihatdan “xomush” so’zi “nur sochmoq” so’ziga bo’langan. Lekin aslida onasini vafot etganini eshitib, avtobus oynasida tikilgancha o’y surib ketayotgan Muzaffarning ruhiy holatini ochib berishga ham xizmat qilgan. Asarda bu kabi metaforalarni ko’plab uchratish mumkin. Misol tariqasida: “Quyosh yig’layaptimi? Ajab, shu yoshga kirib, oftob yig’lab botishini ko’rmagan ekanman. Ana, olisdan, yong’oqzor ortida osmon qon talash bo’lib ketdi. Shoshma, Bo’rijar ham hayqirayotgani yo’q. Nola qilyapti. Ana, eshityapsanmi qirg’oqqa bosh urib faryod solyapti” [1. 576] parchasidagi “ quyosh yig’layapti”,“bo’rijar nola qilyapti”,“bo’rijar bosh urib faryod solyapti”metaforalarini, “Ayvonga Kimsan akamning nuqul ma’noli yo’talayotganini eshitib chiqdim” gapida “ manoli yo’talmoq”, “ Oftob shunaqa mayinmi?” gapida “oftobning mayinligi”, “ Jilla qursa sovuq diydorini ko’rib qol,bolam” gapidagi “sovuq diydor”, “ Sovuq sukunat cho’kdi” gapida “sovuq sukunat”, “Osmonda faqat bahor oqshomilari bo’ladigan nimtatir, mayin yorug’il bor edi” gapida “nimtatir, mayin yorug’lik”, “ “Yangi oy nozik qoshini chimirib ma’noli jilmayib turar edi” gapida “oyning nozik qoshi”, “ma’noli jilmaymoq”, “Urush boshlanibdi,- dedi bobom siniq ohangda” gapida “siniq ohang”, “Surnay entilib-entilib nola qildi” gapida “surnayning nola qilishi”, “ Qizg’aldoqlar orasida onda-sonda ko’zga chalinib qolayotgan chuchmomalar olamga munis mo’ralab qaraydi” gapida “ chuchmomalarning mo’ralab qarashi”, “Yuragim shirin orziqib ketdi” gapida “shirin orziqmoq”, “Yo’q, ajalga ro’para kelganingda joning ko’zinga shirin ko’rinib ketadi” gapida “shirin ko’rinmoq”, “Oftob har kuni kulimsirab uyg’onadi-yu, odamlarga nur ulashadi” gapida “kulimsirab uyg’onadi”, “ Quloq soling: quyosh so’zlayapti” gapida “quyosh so’zlayapti” kabi metaforalarini keltirish mumkin. Romanda so’zlashuv uslubi yetakchilik qilgani uchun shevaga oid dialektlarni ham o’rni salmoqli. Asarda adabiy tildagi loy parchasini lo’mboz shaklda, bola so’zini bacha shaklda, olib kelmoq fe’lini obkemoq shaklda, chorak so’zini chirpit shaklda, suyuq so’zini nimtatir shaklda, bu yoqqa so’zini baqqa shaklda, ko’z yosh so’zini obidiyda shaklda, bo’lib fe’lini bo’p shaklda, yolg’iz, yagona yakka so’zlarini yakkash shaklda, shu yerda so’zini shetta shaklda, allamahal so’zini alla-palla shaklda, chiroq so’zini lampa shaklda, taqsimlamoq fe’lini rasamadi shaklda, sinalgan fe’lini sinashta shaklda,iflos so’zini palid shaklda qo’llanilishini ko’rish mumkin. O’tkir Hoshimov har bir asarida o’zi tug’ilib o’sgan yurtda qo’llaniladigan so’zlar, iboralar, atamalarni me’yorida ishlatadi. Bu bilan qahramonlarni yashayotgan hududi, yuz berayotgan hodisalarni jonli tasvirlashga erishadi va adabiy tilimizning leksin qatlamining boyishiga o’z hissasini qo’shadi. Umuman olib qaralganda “ Ikki eshik orasi”romani tilining soddaligi, tasvirning samimiyligi, voqealarning xalqonaligi uchun ham yetti yashar kitobxonni ham, yetmish yashar kitobxonni ham qalbidan chuqur o’rin egallaydi. O’tkir Hoshimov o’zining “Mashaqqatli safar” deb nomlangan avtobiografik qissasida shunday so’zlarni keltirib o’tadi:“Hamisha bir orzu bilan yashayman. Shunaqa kitob yozsangki, uni o‘qigan kitobxon, hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni o‘qib bo‘lgan kuni kechasi bilan uxlolmay, to‘lg‘onib chiqsa. Oradan yillar o‘tib asarni qaytadan qo‘liga olganda tag‘in hayajonlansa... Eng katta orzum – shu” [4 ] “Ikki eshik orasi” romani xuddi shunday orzular umumlashmasi sifatida dunyoga kelgan desak mubolag’a bo’lmaydi. Foydalanilgan adabiyotlar: O’tkir Hoshimov. “Ikki eshik orasi” – Toshkent, “Qaldirg’och nashriyoti”, 2018 E. A. Begmatov. “O’zbek ismlari” E. M. Marifov. “O’zbek tilining izohli lug’ati”- Moskva , “Rus tili” nashriyoti, 1981 O’tkir Hoshimov. “Mashaqqatli safar” Toshkent, “Qaldirg’och nashriyoti”, 2018 Download 19.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling