Ilk o`rta asrlarda samarqandning madaniy hayoti. Sug‘d hukmdorliklarining Samarqand atrofida birlashishi. Samarqand hukmdorlarining etnik mansubligi


Samarqand Sug‘dida boshqaruv va uning xususiyatlari


Download 35.15 Kb.
bet3/4
Sana06.05.2023
Hajmi35.15 Kb.
#1435230
1   2   3   4
Bog'liq
1-Seminar

Samarqand Sug‘dida boshqaruv va uning xususiyatlari
Sug‘dda VII – VIII asrlarda mavjud unvonlar tahlili natijalari Sug‘dni muayyan davlatchilik asoslariga ega siyosiy uyushma ekanligini ko‘rsatadi. Lekin ushbu boshqaruvning tub mohiyatini anglash, boshqaruvdagi markaziy va mahalliy unvonlarning vazifalarini aniqlash hamda mazkur boshqaruvning barcha davrlarini, xususan, ilk o‘rta asrlar davridagi holatini chuqurroq tadqiq etish lozimdir. Chunki ayni ilk o‘rta asrlarda yer egaligining shakllari o‘zgarib, boshqaruv manfaatlarini ko‘zlagan xususiyat kasb etdi. Askincha, yaxlit podsholik mulki hisoblangan yer endilikda mulkdor aslzoda qatlam qo‘liga o‘tib taqsimlanish ro‘y berdi. Har bir yer egasi o‘z hududi markazida qo‘rg‘on, qasrlar qurish, shaxsiy harbiy guruhlar saqlash kabi ijtimoiy va mulkiy munosabatlarga ega bo‘ladi. Ixshidlik boshqaruvi asos e’tibori bilan yer mulkdorlari bilan hisoblashadigan bo‘ldi. Bu jarayon bir muncha ilgari milodiy II - asr oxiri III - asr boshlarida boshlangan. Ayni davrni Markaziy Osiyoda, jumladan, Sug‘dda ham ilk o‘rta asrlarning boshlanishi deb hisoblash to‘g‘ri bo‘ladi.
Qang‘ davlati parchalangach, Sug‘dda mulkchilik munosabatlari o‘zgara boshlagan. Yer egaligining «dehqon» mulkchiligi shakllanishi tezlashdi. Sug‘dda mulkchilikning turli xil shakllari, xususiy, jamoa mulklari va zardushtiy ibodatxonalariga tegishli «vag‘nze» kabilar tarkib topdi. Bu esa mahalliy zamindorlarning hukmronligini mustahkamladi. Davr o‘tgani sayin zodagonlar (xvabu), erkin dehqonlar (aazat (kor)) boyib, dehqon jamoalari (kashovarz) ularga mulkiy bog‘lanib kadivarlarga aylandi. Lekin Sug‘dda dehqon zodagonlarining ham Erondagi kabi tabaqalarga bo‘linganligi ma’lum emas.
VII asrning o‘rtalari Sug‘d hukmdorliklari Kesh atrofida birlashgan bo‘lsalar, shu asr ikkinchi yarmidan boshlab barcha konfederatsiya a’zolari Samarqandni markaz sifatida tan olishgan. Turk xoqonlaridan biri bo‘lgan, xoqonlik boshqaruvida islohotlar o‘tkazgan Tun Yabg‘u-xoqon davrida (618 – 630) xoqonlikning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sug‘dda ham ma’muriy boshqaruv takomillashtirilib, isloh qilinadi. Islohotga ko‘ra, Sug‘dga dastlab eltabar unvonidagi shaxs jo‘natilgan va uning ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida tudun jo‘natilgan. Lekin ushbu ikki unvonning ilk o‘rta asrlarda Sug‘dda olib borgan faoliyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ma’lum emas.
Sug‘ddagi hukmdorliklar markazga va o‘z navbatida, mulklar hukmdorliklarga konfederativ tartibda o‘z sodiqliklarini bildirganlar. Ba’zi hollarda mulklarning hukmdorlikka yoki markazga tobelik holatini aniqlash ancha qiyinchilik tug‘diradi. Sug‘dning o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlardan biri shuki, u aksariyat hollarda biror yirik saltanat tarkibiga kirgan davrda ham turli xil yo‘llar bilan o‘z nisbiy mustaqilligini (muxtoriyatini) saqlashga harakat qilgan. Sug‘d hukmdorlari nisbiy avtonomiya ko‘rinishdagi boshqaruvning daxlsizligini ta’minlash maqsadida yangi xo‘jayinlari bilan turli vosita va usullardan foydalangan holda murosa qilish yo‘lini tutib kelishgan.
VII asrga kelib Samarqand markazli Sug‘d Turk xoqonligi siyosiy nazorati ostida nisbiy mustaqil bir holatda bo‘lgan. Dastlabki, Turk xoqonlari Sug‘dning ichki ishlariga ortiqcha aralashmagan, hatto, ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, xoqonlikning butun tarixi mobaynida Turk xoqonligi va Sug‘d orasidagi munosabatlar asosan xoqonlik ulardan o‘lpon olish bilan cheklangani, ularning ichki ishlariga aralashmagani va voha hukmdorliklarining har biri yarim mustaqil bo‘lgani haqida fikrlar mavjud. Sug‘d mavjudligi davrida uning nisbiy muxtoriyat holatida bo‘lganligini ko‘rsatadigan dalillar mavjudligini e’tirof etish kerak.
Sug‘dning nisbiy muxtoriyatini ko‘rsatuvchi birinchi ilk dalil iqtisodiy asos, konfederatsiya hukmdorlarining o‘z nomlaridan tanga pullar zarb ettirganligidir. Sug‘d hukmdorliklarining milodning boshlaridanoq sug‘diy yozuvdagi o‘z tanga-pullarini zarb qildirishga erishgani uning ichki boshqaruvda mustaqil bo‘lgani va iqtisodiy masalalarni o‘zi hal qilganidan darak beradi. Cug‘d hukmdorliklaridagi tanga zarbi xususida Yunon-Baqtriya, Xioniylar yoki Eftaliylar davriga oid materiallar kam saqlanib qolgan bo‘lsa-da, numizmatik manbalar tahlili natijasida muammoning ba’zi jihatlari borasida muayyan tasavvurlarga ega bo‘lish mumkin.
Milodiy IV asrdan boshlab Sug‘d hukmdorliklarining qariyb barchasida hukmdorlikning o‘ziga xos belgisi – tamg‘alar aks etgan holda tanga zarbining yo‘lga qo‘yilganligi nafaqat iqtisodiy zaruriyat bilan, balki, siyosiy mustaqillashuv bilan bog‘liq bo‘lgan.
Sug‘dda tanga zarbi masalasini tadqiq etish natijasida, hukmdorliklarda mahalliy sulolalar saqlanib qolgan bo‘lib, Yunon-Baqtriya, Xioniylar yoki Eftaliylar saltanati davridagi Sug‘ddagi boshqaruv orasida katta farq bo‘lmagan va hukmron davlat oldindan amalda bo‘lgan davlatchilik tamoyillarini saqlab qolishga harakat qilgan. Faqat Sug‘dda sulola almashinuvi yuz berganligini hisobga oladigan bo‘lsak, Sug‘d ustidan nazorat o‘rnatgan davlatlar bu yerdagi davlatchlikni tubdan o‘zgartirib yubormaganlar.
Sug‘d markaziy hokimiyati siyosiy jihatdan hukmron davlatga qaram bo‘lsa-da, iqtisodiy va boshqa bir qator masalalarda mustaqil bo‘lgan. Konfederatsiya shakllanishiga e’tibor qaratilsa, voha hukmdorliklarining yagona ittifoqqa birlashuvi jarayoni nisbiy mustaqillik bilan uzviy ravishda mavjud bo‘lgan. Chunki Sug‘d hukmron davlat xazinasiga yirik daromad keltiruvchi hudud bo‘lib, bu yerga majburiy ravishda o‘zgacha boshqaruv kiritilsa, hukmron davlat xazinasiga kelib tushadigan daromad tizimiga putur yetishi aniq edi. Sug‘dning iqtisodiy salohiyati uning nisbiy mustaqilligi uchun zamin bo‘lgan. Bu esa tarixiy asoslarga egadir.
Sug‘dning geografik joylashuvi va tabiiy sharoiti ham uning nisbiy muxtoriyatini vujudga keltirgan omillardan biri sanalgan. Buni yaxshi tushungan Sug‘d ustidan hukmron bo‘lgan davlatlar asrlar davomida shakllangan uning ma’muriy boshqaruv tizimini o‘zgartirishga harakat qilmaganlar. Yunon-Baqtriya podsholari davrida ham Samarqandda noiblik asosida boshqaruv bo‘lganligi konfederatsiyada sug‘diy yozuvli tangalar zarb qilinganligi orqali ma’lum. Faqat ba’zi hukmron davlatlar boshqaruviga konfederatsiya boshqaruvi yaqinlashtirilgan yoki moslashtirilgan. Jumladan, Sug‘d ustida Turk xoqonligi hukmronligi o‘rnatilgan davrda konfederatsiya boshqaruvini xoqonlik boshqaruviga yaqinlashtirishga harakat qilinib, bu yerdagi boshqaruv tizimi takomillashtirilgan. Masalan, Sug‘ddagi boshqaruv tizimini saqlangan holda uni nazorat qilish uchun noib eltabar va tudunlar yuborilgan. Shunday ekan, Sug‘d markaziy hokimiyatining nisbiy mustaqil bo‘lganligi va bu huquqdan uning yuqori darajada foydalanganligini unutmaslik lozim. Bundan tashqari, Sug‘d markazi Samarqand hukmdorlari Turk xoqonlarining kuyovlari sifatida vohadagi boshqa hukmdorlarga nisbatan imtiyozlarga ega bo‘lganliklari ham Xitoy manbalari orqali bizga ma’lum.
G‘arbiy Turk xoqonligining Sug‘dni o‘z tasarrufiga olgan 560 - 580 yillar oralig‘idan to 650 ­ yillargacha (taxminan 80, 90 yil) xoqonlik konfederatsiyani bevosita boshqarishga harakat qilgan. YA’ni, Sharqiy Turkiston va undan g‘arbda joylashgan hududlarga nisbatan Xitoyning ta’siri tobora kuchaya borgan bir pallada xoqonlik o‘z e’tiborini ko‘proq tasarrufidagi ko‘chmanchi xalqlarga qaratib, Sug‘d kabi o‘troq hududlarga o‘z noiblarini jo‘natish orqali yoki konfederatsiya hukmdorlari bilan qarindoshlik aloqalarini o‘rnatish vositasida mamlakatni boshqargan.
Konfederatsiya markazi bo‘lgan Samarqand hukmdorlari tomonidan zarb qilingan tangalar turk xoqonlari tangalariga shaklan juda o‘xshash. VI asr oxirlari – VII asr boshlarida Turk xoqonligi taxti tepasida turgan xoqonlar Kan (Samarqand) hukmdorlari bilan yaqin aloqa o‘rnatishga harakat qilishgan. Masalan‚ Tardu xoqon (576 – 603) o‘z qizini Shifubi ismli‚ Tun yabg‘u-xoqon (618 – 630) esa Kyuymuchji ismli Samarqand hukmdoriga turmushga berganligi xitoy yilnomalarida qayd etiladi. Demak, Samarqand hukmdorlari o‘z qaynotalari yoki qudalari nomidan tanga zarb qilganlar. Afsuski, manbalarda bu borada to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotlar keltirilmagan. Turk xoqonligi saltanati tarkibida Sug‘dning Xitoy ta’siridan himoyalanishi konfederatsiyaning o‘z faoliyatini davom ettirishda muhim omil hisoblanadi.
Ko‘chmanchi xalqlar hisoblangan turkiylar Sug‘d hayotida faol qatnasha boshlashgan. Turkiylar va sug‘diylar bir-birlari yetkazib beradigan hunarmandchilik va dehqonchilik mahsulotlariga muhtoj edilar. Natijada savdo sotiq rivojlangan. Bu savdo aloqalari esa xoqonlik xazinasiga daromad keltirishi bilan birga, Sug‘dning taraqqiy etishiga xizmat qilgan. Tashqi kuchlar ta’siri esa mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqarib, xo‘jalikni barbod qilar edi. Shu bois ham, tinchlikni saqlash ikkala tomon uchun ham taraqqiyotning bosh omili hisoblangan. Talos jangidan so‘ng arablarga asir tushgan xitoy jangchilari orasida qog‘oz tayyorlash sirini biladigan hunarmandlar ham bo‘lib, ular Samarqandda tut daraxti po‘stlog‘idan qog‘oz tayyorlashni shaharda birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘yganliklarini ta’kidlash joiz.
Sug‘dning nisbiy muxtoriyati bilan bog‘liq yana bir masala, Xioniylar, Eftaliy va Turk xoqonligi davrida ham ularga tobe ko‘chmanchi qabilalar o‘zining ichki boshqaruvini saqlab qolishi hukmron davlat uchun doimiy jiddiy muammo bo‘lib kelgan. Bu esa o‘z navbati hukmron davlatlarning asosiy e’tiborini mamlakat tarkibidagi ko‘chmanchi xalqlarni bo‘ysundirishga qaratishini taqozo etardi. Sug‘diylar ko‘proq savdoga e’tibor qaratib, hukmron davlat tarkibidagi o‘zlarining nisbiy avtonomiyasini iqtisodiy asoslar bilan mustahkamlashga intilishgan. Ayniqsa, Turk xoqonligi davrida bu masalaga jiddiy e’tibor berilgan. Shuningdek, xoqonlar Sug‘d konfederatsiyasi kabi ma’muriy tuzilmalar boshqaruvchilariga o‘zlarining qizlarini berib, qarindoshlik munosabatlarini o‘rnatish vositasida davlatni boshqarishga harakat qilishgan. Jumladan, Turk xoqonlari Samarqand hukmdorlari kabi nisbatan kuchliroq voha davlatlari bilan nikoh munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ularning hukmdorini kuyov qilish‚ ya’ni «ko‘ragonlik tizimi» asosida davlatni boshqarishgan. Nikoh diplomatiyasi tarixan juda ko‘p mamlakatlarda qo‘llanilgan. Bunday ma’lumotlar numizmatik materiallar va xitoy yilnomalari orqali ham ma’lum bo‘lib, bu boshqaruv faqat xoqonlik uchun emas, balki Sug‘d uchun ham bir qator imtiyozlar bergan.
Sug‘d o‘troq hayot tarzi hukm surgan mintaqalardan bo‘lib, unda hayotiy resurslardan to‘g‘ri foydalanish va yer-suv egaligi mulkchiligining rivojlanishi natijasida siyosiy-hududiy va ma’muriy tizim shakllangan. Markaz va hududiy birliklar o‘rtasidagi boshqaruvchi hokimiyat organlari vujudga kelgan. Bunda hukmdorlik markazi va mulklar o‘rtasidagi boshqaruvchilar bo‘lganligi manbalarda keltiriladi. Masalan, Mug‘ tog‘i sug‘diy hujjatlarida – katiyabshauz, «qishloq oqsoqoli» ma’nosini anglatadigan unvon egasi tilga olingan. Sug‘dda qishloqlarning qishloq oqsoqoli tomonidan boshqarilishi avvaldan mavjud bo‘lgan. Bu esa davlatchiligimiz tarixida qadimiy qishloq jamoaviy boshqaruvining o‘z o‘rniga ega bo‘lib, Sug‘d konfederatsiyasi misolida uning davomiy ekanligini tasdiqlaydi.
Markaziy hokimiyat va mahalliy hokimliklar o‘rtasidagi munosabatlar esa yirik zamindorlar, boy savdogarlar va shaharlik aslzodalar tomonidan tuzilgan «Oqsoqollar kengashi» orqali amalga oshirilgan. «Ixshid» unvonli hukmdorlar «Oqsoqollar kengashi» fikriga tayangan holda cheklangan hokimiyatga ega bo‘lgan. Har bir hukmdorlikning harbiy sarkardalari va chokarlari bo‘lgan. Samarqandda mavjud davlat boshqaruv tizimining bo‘linmaganligi, ya’ni, uning faqat yagona davlat organi bo‘lgan «Oqsoqollar kengashi»dan iborat ekanligi bugungi konfederatsiyaga qo‘yilgan meyor-qoidalariga ham mos tushadi.
Samarqand hukmdorlari – ixshidlar «Oqsoqollar kengashi» tomonidan tayinlangan. Sug‘d konfederatsiyasi ustidan hukmronligini o‘rnatgan davlatlarning aksariyatida ko‘chmanchi madaniyat hukmron bo‘lib, mazkur ko‘chmanchi davlatlarda boshqaruvda demokratik omillarga nisbatan urug‘-qabilaviy boshqaruv ustun bo‘lgan. Turk xoqonligi boshqaruvida urug‘-qabilaviy va qarindoshlik tamoyillariga amal qilinar edi. Keyinchalik Sug‘d hukmdorlari va Turk xoqonlari o‘rtasidagi qarindoshlik rishtalarining bog‘lanishi natijasida Sug‘dda ham qarindoshlik boshqaruviga amal qilina boshlangan.
Samarqandda ixshidlardan keyingi boshqaruv pog‘onasida yirik yer egalari bo‘lgan «ozodlar» – «ozodkor», ya’ni erkin yer-mulk egalari turgan. Ushbu ma’lumotlar Sug‘d konfederatsiya va uning tarkibidagi hukmdorliklar uchun xos bo‘lib, bularni sug‘diy hujjatlar ham tasdiqlaydi. «Ozodlar» doimiy ravishda ixshidlar xizmatida bo‘lib, ular soliqlardan ozod etilgan.
Bu masalada Mug‘ tog‘i sug‘diy hujjatlariga murojaat qiladigan bo‘lsak, Sug‘dda aslzodalar toifasi quyidagicha ekanligi ma’lum bo‘ladi. Tadqiqotchi A.Kubatin ixshid unvoni asosida G‘arbiy Turk xoqonligining yuqori unvonlaridan biri bo‘lgan – shad unvoni o‘zlashganligini keltiradi_. Ixshid unvoni esa nafaqat Sug‘d konfederatsiyasi hukmdorlariga nisbatan, balki Farg‘ona hukmdorlariga nisbatan ham ishlatilganligi o‘rta asr manbalarida tilga olinadi. Sug‘diy hujjatlarda Farg‘ona hukmdorlariga nisbatan ham bu unvon qo‘llanilgan.
Shu o‘rinda arabiy manbalarda Sug‘d konfederatsiyasi boshqaruviga daxldor – afshin unvoni uchraydi. Arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim (86 – 96 / 705 – 715) va Sug‘d ixshidi G‘urak (710 – 738) o‘rtasida tuzilgan «Samarqand shartnomasi»da (712 y.) G‘urak «Sug‘d afshini, ixshidning o‘g‘li» deb keltiriladi. Afshin unvoni sug‘diy manbalarda uchramaydi. Shunday ekan, uni oliy sug‘diy unvonlar bilan solishtirish ancha qiyinchilik tug‘diradi. Ushbu unvon arabiy tilli manbalarda ko‘proq Ustrushona hukmdorlarining bosh unvoni sifatida qayd etilgan. Ustrushona taxminan Sug‘d konfederatsiyasining hukmdorliklari maqomidagi ma’muriy birlik bo‘lib, uning bosh unvoni konfederatsiya bosh unvonidan past bo‘lgan. Ehtimol, ushbu unvonni «ixshid» yoki «xvabu»ga nisbatan past darajada ekanligini bilgan arablar G‘urakka «afshin» deb murojaat qilish orqali uning Devashtich (708 – 722) bilan aloqalariga rahna solishni rejalashtirib, o‘z maqsadlariga erishmoqchi bo‘lishgan. Yoki haqiqatdan ham, G‘urak Ustrushona afshinlari avlodidan bo‘lishi ham mumkin.
Bu unvon Sug‘d konfederatsiya hukmdorlari bilan aloqali ravishda milodiy III asrga oid Kulto‘ba bitiklarida Samarqand hukmdori, Kesh hukmdori, Naxshab hukmdori shaklida uchraydi. Lekin mazkur unvon Chochda bo‘lmagan. Manbalarda ushbu hukmdorlarning dashtlik ko‘chmanchilarga qarshi kurashganliklari haqida gap boradi. Sug‘d tarkibidagi mahalliy hukmdorlar (viloyat hokimlari) mana shu unvon bilan atalgan.
Xullosa qilib aytganda, Samarqand tarixining ilk o‘rta asrlar ijtimoiy, ma’muriy tizimga xos markaziy lavozimlari amalda qo‘llanilgan, bu davlat huquq tizimining meyorlari shakllanganligidan dalolat beradi.

Download 35.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling