Ilk o`rta asrlarda samarqandning madaniy hayoti. Sug‘d hukmdorliklarining Samarqand atrofida birlashishi. Samarqand hukmdorlarining etnik mansubligi


Samarqandning Sug‘d konfederatsiyasi tarkibidagi maqomi


Download 35.15 Kb.
bet4/4
Sana06.05.2023
Hajmi35.15 Kb.
#1435230
1   2   3   4
Bog'liq
1-Seminar

Samarqandning Sug‘d konfederatsiyasi tarkibidagi maqomi
Hozirgacha Sug‘d konfederatsiyasi hukmdorliklarining umumiy soni xususida ikkilanishlar mavjud. Ba’zi tadqiqotchilar Markaziy Sug‘dda 11 ta ixshidlik bo‘lganligi va ularning Samarqand ixshidligiga bo‘ysunganligini keltirishadi. Aslida esa ixshidlik bitta bo‘lib, uning tarkibidagi ma’muriy birliklar «ixshidlik» hisoblanmaydi. «Ixshid» o‘ziga teng mavqedagi «ixshid» unvonli hukmdor ustidan hukmronlik qilishi mantiqan noto‘g‘ri bo‘lar edi. Bundan tashqari, konfederatsiya birlashgan hukmdorlik soni ham 11 ta emas. Sug‘d konfederatsiyasining 9 ta hukmdorligi bo‘lib (ixshidlik markazi Samarqand bilan birga), Afrosiyob devoriy suratlarida keltirilgan 11 ta tug‘ G‘arbiy turk xoqonligining xoqon, ya’ni «O‘n O‘q» va «yabg‘u-xoqon»ga tegishlidir. Afrosiyob devoriy suratlarining G‘arbiy devoridan joy olgan 9 tug‘ esa Sug‘d hukmdorliklariga oid bo‘lib, ular xitoy yilnomalari, sug‘diy hujjatlar va arabiy manbalarda uchraydigan Samarqand (konfederatsiya markazi), Kesh, Naxshab, Maymurg‘, Panch, Ishtixon, Kabudon, Kushoniya, Fay hukmdorliklari hisoblanadi.
Zarafshon tog‘ tizmasi janubda Samarqand va Qashqadaryo vohasini ajratib turgan tabiiy chegara hisoblangan. Bu tabiiy chegara Sug‘d konfederatsiyasining ma’muriy tizimining vujudga kelishiga ham ta’sir etgan omil ekanligi shubhasiz. Konfederatsiya markazi Samarqand hukmdorligi Darg‘om va Siyob kanallari orasida joylashgan bo‘lib, undan sharqda Panch, janubda Kesh va Naxshab, uning shimoli-g‘arbiy hududida Ishtixon, shimolda Kabudon hukmdorliklari joylashgan. Samarqandning janubiy-sharqida esa Maymurg‘ hukmdorligi joylashgan bo‘lib, konfederatsiya markazi bo‘lishiga sabablardan biri ham Samarqandning Sug‘d markazida joylashganligida bo‘lgan.
Xitoy yilnomalarida Kang iyeroglifi Samarqand toponimining qisqartirilgan xitoycha transkripsiyasi ekanligi keltiriladi. Ikkinchi iyeroglif guo «davlat» yoki «hukmdorlik» ma’nosini anglatadi. Qadimgi xitoyliklar Samarqanddan kelgan kishilarni shuning uchun ham hukmdorlik nomidan kelib chiqib Kan familiyasi bilan atashgan. Shunday tarzda «Kan» atamasi ham joy nomi, ham Samarqand sulolasi nomi sifatida Xitoy manbalari keltirilgan.
Samarqand to‘g‘risida Xitoy yilnomalarida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan. «Tan shu» yilnomasida bu haqda quyidagilar keltiriladi: «Samarqand (boshqa nomi «Samogyan» yoki «Limogyan») Yuan-vey sulolasi davrida «Sivangin» deb nomlangan. Undan janubga Shi (Kesh) hukmdorligigacha 150 li, shimoliy-g‘arbda G‘arbiy Sao (Kabudon)gacha 100 li atrofida, janubi-sharqda Mi (Maymurg‘)gacha 100 li, shimolda Markaziy Sao (Ishtixon)gacha 50 li. Nami (Zarafshon) daryosi uning markazidan oqib o‘tadi. Hukmdorning (xonadon) ismi Vin. U Yuechji xonadonidan kelib chiqqan. Dastlab bu xonadon Silyan tog‘larining (hozirgi Sinzyan (Xitoy)) shimoliy qismida Chjaovu shahrida istiqomat qilishgan. Turklardan mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng, ular janubga Piyozsimon (Pomir) tog‘larini aylanib o‘tishib, hozirgi yerlari (Sug‘d)ni egallashgan. U (Sug‘d) G‘arbiy hududlarning katta qismini itoatda tutgan. Ular quyidagilar: Mi (Maymurg‘), Shi (Kesh), Sao (Ishtixon), Xe (Kushoniya / Kattaqo‘rg‘on), Kichik An, Nashebo (Naxshab), Unaxe, Mu. Ibodatxonada Xu (sug‘diy) nizomi saqlanadi».
Yuqorida keltirilgan «turklardan mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng ...» ma’lumoti xitoyshunoslarning fikricha, «Bey-shi» va «Suy-shu» yilnomalarida «xunlardan mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng» shaklida keltiriladi. Bu yerda xitoylik mualliflar chalkashlikka yo‘l qo‘yishgan, ya’ni, Xunlar davrida (tax. milodiy III-IV asrlarda) bo‘lib o‘tgan voqeliklarni Turk xoqonligi tarixi bilan chalkashtirib qo‘ygan bo‘lishlari mumkin. Ehtimol, bu holat ular xunlar va turklarni bitta xalq deb bilganliklari yoki turklarni xunlardan kelib chiqqan, deb talqin qilganliklari bilan izohlanishi ham mumkin.
Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, VI asrning so‘nggi choragidan VII asrning o‘rtalarigacha Samarqandni Shifubi (Tayshebi) (VI asrning so‘nggi choragi), Kyuyemuchji (600 – 620), To‘nga (642) singari hukmdorlar boshqargan. Samarqand hukmdorlaridan Shifubi va Kyuyemuchji ismlari bizga yilnomalar orqali, To‘nga ismi tangalar orqali ma’lum. 645 yillarda Xitoyga elchi jo‘natgan Samarqand hukmdorining ismi M.Ishoqov tomonidan Vazurg shaklida talqin qilingan bo‘lsa, G‘.Boboyorov va A.Kubatinlar Tnuga yoki Tonuga (To‘nga) shaklida o‘qishni to‘g‘ri deb hisoblaydi. Bundan tashqari, ayni tadqiqotchilar Samarqanddagi O‘n O‘q sulolasiga Varxuman emas, balki undan oldin To‘nga asos solgan deb taxmin qilishadi. Lekin «sirtmoq» va «triskeles» shakllar tushirilgan tangalar sug‘diy tangalar katalogida ancha ko‘p bo‘lib, ulardagi sug‘diy iboralarni o‘qishda bugungi kunga qadar yakdillik yo‘q. Yozma manbalarda esa To‘nga haqida ma’lumot keltirilmagan.
Kyuymuchji ismli hukmdor to‘g‘risida xitoy yilnomalarida ma’lumot uchraydi. Xitoy yilnomalarida u to‘g‘risida quyidagicha ma’lumot keltiriladi: - «Chjen guan hukmronligining beshinchi yilining (631 y.) bahorida Kan hukmdori Guyumuchja (Kyuymuchji) Xitoydan o‘z himoyasiga olishini so‘raydi. Shunda Xitoy hukmdori «quruq obro‘ uchun xalqni xarob qilish nima kerak», 10 ming li uzoqlikka askarlarni yubormayman», deya javob bergan». Aftidan, mana shu voqeadan keyin Sug‘d hukmdorlari Turk xoqonligi bilan aloqalarni mustahkamlashga yanada qattiqroq kirishganlar va buning natijasi o‘laroq xoqonlar va Samarqand hukmdorlari o‘rtasida qarindoshlik aloqalari o‘rnatilgan.
Sug‘diy yozuvli bronza tangalar ham Sug‘dning ilk o‘rta asrlar tarixini tadqiq etishda birlamchi manbalar hisoblanib, ularda Sug‘d (Samarqand) hukmdorlarining nomlari keltirilgan.
Tangalarda ismi keltirilgan Sug‘dning birinchi hukmdori – Shishpir bo‘lib, ushbu ism so‘zma-so‘z «Din (zardushtiylik ?) targ‘ibotchisi» deb tarjima qilingan. V.A.Livshits ushbu ismni ikki qismga – «sochilmoq, erib ketmoq», – «din, dinga ishonmoq» deb izohlashga harakat qilgan. Mazkur hukmdor ismi Xitoy yilnomalarida («Tan shu») 642 yilda Xitoy imperatoriga jo‘natilgan elchilik munosabati bilan tilga olinadi. Shishpir 650 yoki 655 yilargacha taxtni boshqargan va Xitoy yilnomalariga ko‘ra, uning hukmronligi davrida Sug‘d konfederatsiyasining markazi Kesh bo‘lgan deb keltiriladi. Shishpir tomonidan zarb qilingan tangalar (tangalarda ushbu hukmdor ismi deb keltiriladi) ushbu hukmdorning Varxuman taxtga o‘tirganidan keyin ham Keshni idora etgan. Mazkur hukmdor davrida Sug‘dda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar xususida manbalarda ma’lumotlar saqlanmagan.
Shishpirdan so‘ng Samarqand taxtiga Afrosiyob devoriy suratlarida ismi – Avarxuman (yoki Varxuman) (655 – 675) deb talqin qilingan hukmdor chiqqan. Varxuman ismining ma’nosi sug‘dshunoslar tomonidan «ezgu fikr eltuvchi», deb talqin qilingan. Ushbu hukmdorning taxtga chiqishi va uning kelib chiqishi bo‘yicha turli fikrlar bildirilgan. Varxuman ismining tangalarda Varxuman hamda Afrosiyob devoriy suratlaridagi shakli esa Avarxuman ko‘rinishida keltiriladi. Uning davrida Sug‘dda sulola almashinuvi yuz berib, mamlakat boshqaruvida turkiy sulola vakillari hokimiyat tepasiga keladi. Afrosiyob devoriy suratlaridagi turkiy etnosga mansub kishilar Sug‘d ixshid – Varxuman saroyining xos mulozimlari bo‘lib, ular marosim egalari (mezbon) sifatida tasvirlangan. Varxuman hukmronlik qilgan yillar Sug‘dda konfederatsiya taraqqiy etgan davr hisoblanib, bu Afrosiyob devoriy suratlarida keltirilgan Sug‘dning mustaqil tashqi aloqalar o‘rnatganligi bilan bog‘liq ma’lumotlar asosida o‘z isbotiga ega.
Shishpir va Varxuman hukmronligi yillari orasida hech qanday uzilgan bo‘sh yil bo‘lmasa-da, ular oralig‘ida Vazurg («buyuk», «katta» ma’nolarini anglatadi) ismli hukmdor o‘tganligini numizmatik manbalar orqali bilish mumkin. Arxeologik tadqiqotlar natijasida 30 dan ortiq Vazurg nomidan zarb qilingan tanga pullar topilgan. Ammo Vazurg ismining o‘qilishi hanuzgacha taxminiy bo‘lib kelmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek, Vazurg ismi To‘nga deb ham talqin etilmoqda. Buni hokimiyat uchun kurash ketayotgan bir pallada To‘nga (Vazurg) o‘zining hokimiyatga da’vosini ko‘rsatish maqsadida tanga-pullar zarb qilgan deb izohlash to‘g‘ri bo‘ladi.
Sug‘d hukmdorlari to‘g‘risida numizmatik manbalar bilan birga Xitoy yilnomalarida keltirilgan ma’lumotlar qimmatli ahamiyatga ega. Yilnomalariga ko‘ra, Varxumandan keyin taxtga Dusoboti kelgan. Sug‘diycha («Kuchli qo‘shin sohibi») – Tukaspadak ismning xitoycha talaffuzi Dusaboti shaklida keltiriladi_. Dusoboti 695 – 696 yillarda Sug‘d konfederatsiyasini boshqargan.
Varxuman hukmronligi tugagandan (675 y.) keyin Tukaspadakkacha (695 y.) 20 yilga yaqin davr bo‘lib, bu orada Sug‘dni boshqargan hukmdor ismi yozma manbalar keltirilmagan.
Numizmat olima O.I. Smirnovaning ma’lumotlariga ko‘ra, Tukaspadak o‘zidan oldingi hukmdor – Varxuman mansub bo‘lgan suloladan bo‘lmasligi mumkin. Bunga sabab esa mazkur hukmdor tomonidan zarb qilingan tangalarda Varxuman tangalaridagi shaklning yo‘qligidir. Balki, Tukaspadak hukmdor avlodidan bo‘lmaganligi uchun ham tangalarda sulolaviy belgi o‘zgargandir. Yoki turkiy sulola vakillari hokimiyatdan chetlashtirilib, yana «Oqsoqollar kengashi» sug‘diylardan hukmdor tayinlagan.
Varxuman va Tukaspadak o‘rtasida 675 yildan 695 yillar oralig‘ida hukmronlik qilgan Samarqand hukmdorining ismi uning nomidan zarb etilgan tangalarda – hukmdor Urk Vartramuk deb keltirilgan bo‘lib, ushbu hukmdorning ismi yozma manbalar orqali ma’lum emas. Lekin uning nomidan zarb etilgan tangalardagi tamg‘alar sug‘diy hukmdorlar tangalaridagi tamg‘alarga o‘xshash. Afsuski Urk Vartramukning hukmronlik yillari xususida manbalarda ma’lumotlar uchramaydi.
O.I.Smirnovaning Xitoy manbalari asosida bergan ma’lumotida Samarqand taxtiga 698 yilda o‘tirgan hukmdor ismi, u zarb etgan tangalarda Nineshish deb keltirilgan bo‘lib, u Varxumanning o‘g‘li bo‘lgan. Ammo, Nineshish Varxumandan keyin taxtga chiqmagan. Buning sababi Nineshish voyaga yetmagan bo‘lib, hali taxtni boshqarishga erta edi. Shuning uchun ham lashkarboshilardan biri bo‘lgan Tukaspadak («Kuchli qo‘shin sohibi») homiyligida Samarqand taxti boshqarilgan.
Nineshishdan keyin Samarqand taxtiga Mastich (yoki Mastan) (tax. 698 – 700) o‘tirgan bo‘lib, uning nomidan zarb qilingan tangalarda mazkur hukmdorning «unash» urug‘idan ekanligi keltiriladi. Lekin ushbu hukmdor urug‘ining nomi «unash» tarzida emas, balki O‘n O‘q tarzida talqin qilingan hamda «O‘n O‘q (urug‘idan) hukmdor Mastich» deb qayta tiklangan. Varxuman tangalarida keltirilgan «sirtmoq» va «triskeles» shakllar Mastich tangalaridagi ushbu tamg‘alarga juda o‘xshash. O.I.Smirnova mazkur hukmdor ismini – hukmdor Mastan Navyan deb talqin etgan. Bu esa Varxuman va Mastichning bir urug‘dan ekanligi borasidagi fikrni yanada ko‘chaytiradi.
Xitoy yilnomalarida ta’kidlanishicha, Samarqand xalqiga Tuxun (700 – 710) ismli bir kishi hukmdor etib tayinlanadi. Uning ismi cug‘diy manbalarda (Tarxun) sifatida uchraydi. Ba’zi tadqiqotchilar Tarxun ismining «tarxon» unvoni bilan aloqador ekanligini ta’kidlashadi. Lekin Tarxun ismining arab manbalarida tarxon unvoni bilan chalkashtirilganligi o‘z isbotini topgan.
Tarxun arablarning O‘rta Osiyoga yurishlari davridagi voqealarda muhim rol o‘ynagan. Arab xalifaligi kuchlariga qarshi o‘n yil davomida (700 – 710) urush olib borgan. Tabariy asaridagi 85/704 yil voqealari bayonida Tarxunning Muso ibn Abdullohga qarshi kurashganligi haqida ma’lumot keltiriladi. U to‘g‘risida alohida ma’lumot esa 88/707 yilda Qutayba ibn Muslimning Buxoroni egallashi bayoni orqali keltiriladi. V.A.Livshits Tabariyning asarining birlamchi nashriga suyangan holda, Buxoroning Qutayba tomonidan egallanishi va kelishuv hamda shartnomasi 90/710 yilga to‘g‘ri keladi deb keltiradi. Buxoroning arablar tomonidan egallanishining tarixiy sanasi borasida manbalarda ba’zi qarama-qarshiliklar mavjud. Ushbu qarama-qarshiliklar hijriy yil sanasini milodiy yilga o‘girish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, har bir sug‘diy hukmdor taxtga kelgan yilida boshlab o‘zining erasini (Tarxun erasi, Devashtich erasi) boshlagan. Bu esa ilk o‘rta asrlar davridagi vaqt hisobi masalasini o‘rganishni murakkablashtiradi.
Masalan, Qutayba ibn Muslimning o‘z ukasi Abdurahmonni Samarqandga Tarxundan o‘lpon olish uchun jo‘natishi, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, Tarxun yaqin kishilari tomonidan taxtdan ag‘darilishi hamda o‘z joniga qasd qilgan (yoki o‘ldirilgan) bo‘lishi mumkinligi masalasida ham noaniqliklar ko‘p. Bu haqda Mug‘ tog‘i sug‘diy hujjatlarida keltirilgan podsho Tarxunning hukmronlik yillari bilan bog‘liq voqealar ham guvohlik beradi.
Manbalar va muammoga doir ilmiy adabiyotlar tahlili natijasida, Tarxunning arablarga qarshi sustkashlik siyosati natijasida mahalliy zodagonlardan iborat «Oqsoqollar kengashi» uni taxtdan mahrum etgan va u o‘z joniga qasd qilganligi ma’lum bo‘ladi. Bu esa Qutayba uchun qo‘l keldi va u o‘zini Tarxunning qasoskori deya e’lon qilib, Buxoro hukmdori bilan ittifoqchilikda Samarqandni qamal qiladi. Sug‘d konfederatsiyasining yangi ixshid G‘urak (710 – 738) shaharni mudofaa qilolmay arablar bilan sharmandali sulh imzolagan.
Samarqand hukmdorlari bo‘lmish aka-uka Tarxun va G‘urak munosabatlari o‘zgarib turgan. Tadqiqotchilarning fikrlariga ko‘ra, G‘urak 93/711 – 712 yilda Samarqand arablar tomonidan egallanganidayoq ularning hokimiyatini tan olgan. Lekin u arablar ta’sirini rasman tan olgan bo‘lsada, amalda Xitoydan yordam so‘raganligi to‘g‘risida maktub saqlanib qolgan. Bu holat G‘urakning xatosi sifatida tilga olinadi.
Tarxunga qadar Sug‘d taxtida sulolaviy (otadan o‘g‘ilga yoki akadan ukaga taxtning meros bo‘lib o‘tishi) boshqaruv mavjud bo‘lmagan. Tarxundan so‘ng taxtga G‘urakning (lug‘aviy ma’nosi «Kuchli», «Baquvvat» ma’nolarini anglatadi) chiqishi bu yerda sulolaviy boshqaruvni ta’minladi. Bu shaxs ismi Xitoy yilnomalarida Ulega, Sug‘d tangalarida Ug‘rak yoki Urak shaklida keltiriladi. Tarxundan so‘ng taxtga chiqqan G‘urak 710 – 738 yillarda hukmronlik qilgan.
712 yilda Samarqand Arab xalifaligi qo‘shini tomonidan egallangach, G‘urak «Samarqand shartnomasi»da keltirilgan bandlarni qabul qilib, so‘ngra Samarqand taxtida qolishni Qutayba ibn Muslimdan iltimos qiladi. Lekin unga Samarqandda qolishga ruxsat berilmaydi. Natijada, G‘urak hozirgi Ishtixon hududidagi qarorgohiga borib, o‘sha yerdan davlat ishlarini boshqaradi. 712 yil «Samarqand shartnomasi»da G‘urak ixshid emas, afshin deb keltirilgan. Sug‘diy manbalarda, jumladan, Mug‘ tog‘i arxivida afshin unvoni qayd etilmagan. G‘urakni ixshid emas, afshin deb keltirish orqali arablar uni podsho deb tan olmay, Devashtich bilan raqobatiga qasddan yo‘l ochgan bo‘lishlari ham mumkin.
Abu Xafs Umar ibn Muhammad an­Nasafiyning «al­Qand fi zikri ulamo Samarqand» («Samarqand ulamolari xotirasiga doir qanddek shirin kitob») nomli asarida G‘urak turkiy sulola vakili bo‘lganligi keltiriladi. Manbada G‘urakning avlodlaridan biri hadis roviysi bo‘lganligi haqida xabar berib, uning shajarasi quyidagi tartibda keltirilgan: Abuhusayn Ubaydulloh ibn al­Marzbon ibn Turkish Taqiy ibn Kasiyr ibn Tarxun ibn Banoyjur ibn G‘urak.
G‘urak hukmronligi davrida Sug‘d Xitoy bilan ittifoqchi bo‘lishga harakat qilgan. Arablarga (dashi) qarshi kurash olib borgan G‘urak 719 yilda Xitoyga elchi jo‘natib, arablar bosqinini bartaraf etish uchun yordam so‘ragan. Ammo Xitoydan Sug‘dga yordam kelganligi manbalarda keltirilmaydi. G‘urakning arablarga qarshi faoliyat olib borganligiga qaramay, uning 738 yilgacha taxt tepasida turganligi borasida manbalarda aniq ma’lumot yo‘q.
Sug‘d hukmdori G‘urakning 719 yilda Xitoy imperatoridan harbiy madad so‘rashi barobarida, u Turk xoqonligining yordamidan umidvor bo‘lgan. Ayni shu yilda Panch hukmdori Devashtichning Turk xoqoni huzuriga elchisi Fatufarnni yuborishi arablarning Sug‘ddagi hokimiyatining zaiflashib qolganligidan va mahalliy hukmdorlar bundan foydalanib qolishga harakat qilayotganligidan dalolat berardi.
«Tan shu» yilnomasida Ule­ga (G‘urak) Do­ge (Turg‘ar) (738 – 750) ismli o‘g‘lini Sao (Ishtixon)ga, Mochjo (Bek-cho‘r) ismli ikkinchi o‘g‘lini Mi (Maymurg‘) shahriga hokim etib tayinlagan. Bu Xitoy yilnomalarida keltirilgan Doge bo‘lishi mumkin. Turg‘ar tangalari xitoycha kvadrat shaklidagi teshikli bo‘lib, bu Sug‘dda Xitoy tangalariga taqlidan tanga zarb qilinganligidan darak beradi.
Sug‘d hukmdori sifatida tangalarda nomi uchraydigan yana bir hukmdor ismi tadqiqotchilar tomonidan Turak deya talqin qilingan. Uning hukmronlik yillari boshqa manbalarda ma’lumotlar keltirilmagan. Lekin Turak ismining aynan ushbu shaklda o‘qilishi yanglish bo‘lishi ham mumkin. Ushbu tangalardagi yozuvlar talqini natijasida Samarqand hukmdorlari VI asr oxiri – VII asr boshlariga taalluqli «Turon hukmdori» (I tip) yoki «Turon hukmdori Xoqon» (II tip) iboralari bilan tanga zarb qilganliklari aniqlangan. Ushbu sug‘diy yozuvli Samarqand tangalarining unvon va ikonografik jihatlari ularning xoqonlikka bevosita aloqadorligi bilan izohlanadi.
Bu davrda Samarqand markaz sifatida konfederatsiya hayotida muhim mavqega ega bo‘lib, bu yerda mamlakat qonunchiligini aks ettiruvchi «qonunlar majmuasi» saqlanadigan maxsus ibodatxona mavjud bo‘lgan. Ibodatxonada konfederatsiya hukmdorlari yilning belgilangan kunida birgalikda markazga sadoqatlarini ifodalash maqsadida diniy amallarni, qurbonlik marosimini birga bajarishgan. «Bey shi» va «Suy shu» yilnomalarining nashrlarida yozilishicha, «Kan (Samarqand)da ibodatxonada turadigan tuzuklar (majmuasi) bor. Biron bir jazoni belgilashda ushbu tuzuklar (majmuasi)ni olib, unga asoslangan holda hukm chiqaradilar». V.A.Livshits taxminiga ko‘ra, mazkur ibodatxona bilan sug‘diy nikoh hujjatlarida O‘ttegin va Dug‘dg‘uncha orasida nikoh shartnomasi tuzilgan joy sifatida qayd qilingan «Qonunlar uyi» bitta joydir. Ushbu qonunlar uyi mahkama hisoblanadigan bo‘lsa, uning Samarqand yaqinidagi Kofirqal’ada bo‘lganligi borasida fikrlar mavjud. Kofirqal’ada olib borilgan tadqiqotlar natijasida bu yerdagi muhrlarning tahlili bundan darak beradi. Shuningdek, Samarqandni Sug‘dning markazi bo‘lganligini hisobga oladigan bo‘lsak, qonunlar to‘plamining Samarqandda bo‘lganligi ehtimoli yuqori.
Samarqand ixshidlari tomonidan VII asr ikkinchi yarmidan to VIII asrning o‘rtalarigacha zarb qildirilgan xitoy taqlidi tangalaridagi sug‘diy bitikda Shishpir (640- yy.)‚ Varxuman (650- yy.)‚ Tukaspadak (690- yy.)‚ Mastich (698 – 700), Tarxun (700 – 710)‚ G‘urak (710 – 738)‚ Turg‘ar (738 – 750) kabi hukmdor ismlari o‘rin olgan bo‘lib, ular haqidagi ma’lumotlar asosan xitoy va arabiy manbalarda‚ qisman esa sug‘diy hujjatlar orqali bizgacha yetib kelgan. Ammo ushbu hukmdorlardan oldin (VI asrlar o‘rtalaridan VII asrning 40- yillarigacha) yoki keyin hukm surgan sug‘diy hukmdorlarning ismi tangalarda joy olganligi bugungi kunga qadar ma’lum emas.
Sug‘d markazi Samarqandga tobe hukmdorliklar ham ixshidiylar tomonidan boshqarilgan. Masalan, Maymurg‘ Samarqandga tobe bo‘lib, uni ixshidiylar xonadoni vakillari boshqargan. 720 – 740 yillarda Maymurg‘ G‘urakning kichik o‘g‘li Mochjo (Mangucho‘r, Banicho‘r) tomonidan boshqarilgan. Mochjo ismining turkiy – Bek­cho‘r yoki Banicho‘r bo‘lganligini va uning G‘urakning ikkinchi o‘g‘li ekanligi hamda u arablar tomonidan Toxariston hukmdori qilib tayinlangani to‘g‘risidagi ma’lumotga asoslangan holda aytish mumkinki, Banicho‘r, Toxariston hukmdori bo‘lishdan oldin Samarqand rustoqlaridan biri Maymurg‘da hokimlik qilgan.
Samarqand tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan yana bir masala shuki, VII asr oxiri – VIII asr boshlariga taalluqli‚ deb taxmin qilinuvchi tamg‘a va turkiy qiyofali ikki shaxs «hukmdor» hamda «malika» tasvirli tangalarda «xotun‚ malika» unvonli tangalar xoqonlik va konfederatsiya o‘rtasidagi nikoh rishtalari tufayli Samarqand hukmdorlari tomonidan zarb qilingan. Bu esa Samarqand hukmdorlarining Turk xoqoni sharafiga uning unvonini qo‘yib tanga zarb qilganligidan va ayni shu yo‘l orqali Sug‘dning konfederativ boshqaruvini saqlab qolganliklaridan dalolat beradi.
Keyinchalik esa Samarqand tangalarida hukmdor tasvirlari o‘rnini xitoycha o‘rtasi to‘rtburchak teshikli tangalar egallaydi. Bu esa xoqonlikning o‘z vassallari ustidan nazorati birmuncha zaiflashgan paytda Samarqand hukmdorlari mustaqil tangalarini Xitoy ta’sirida zarb qila boshlaganligini bildiradi.
Xulosa qilib aytganda, Xitoy yilnomalari va numizmatik materiallarni tahlil qilinganda VII asr ikkinchi yarmidan to shu asrning oxirigacha bo‘lgan vaqt mobaynida Samarqand hokimiyatida sulola almashinuvlari bo‘lib turganligi ma’lum bo‘ladi. Bu voqealar qisman yozma manbalarda va numizmatik materiallarda aks etgan bo‘lib‚ Samarqandning an’anaviy «sirtmoq» shaklidagi tamg‘asi bilan birgalikda boshqacha tamg‘alar o‘rin olganida ham ko‘zga tashalanadi.
Download 35.15 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling