Shaxs ma’naviyatining shakllanishiga ijtimoiy muhit va davr ruxining ta’siri
Download 187.17 Kb. Pdf ko'rish
|
Shaxs ma’naviyatining shakllanishiga ijtimoiy muhit va davr ruxi
“Shaxs ma’naviyatining shakllanishiga ijtimoiy muhit va davr ruxining ta’siri” Shaxs deganda muayyan jamiyatning a’zosi tushuniladi. Odam shaxs bo‘lishi uchun ruhiy jihatdan taraqqiy etgan, o‘z xususiyati va sifatlari bilan boshqalardan farq qilishi lozim. Har bir odam shaxs sifatida turlicha namoyon bo‘ladi. U o‘zining xarakteri qiziqishi va qobiliyati aqliy rivojlanganlik darajasi, ehtiyoji, mehnat faoliyatiga munosabati bilan farqlanadi. Bular shaxsni o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, ana shu ruhiy xususiyatlari rivojlanib ma’lum bir bosqichga yetsagina u mukammal kamol topgan inson deyiladi. Shaxsning ijtimoiy voqe’likka, mehnatga, kishilarga, jamiyatga bo‘lgan munosabati turlicha,uning faollik darajasi va odob-axloq borasida yetukligi ham turlicha. Shaxs tarbiyasiga ta’sir etuvchi omillar. Fanda odamning shaxs sifatida rivojlanishiga biologik va ijtimoiy omillarning ta’siri o‘rtasidagi munosabatni belgilashga oid munozara ko‘pdan buyon davom etmoqda. Insonning shaxs sifatida rivojlanishida ijtimoiy hodisalarning ta’siri kuchli bo‘ladimi? Yoki tabiiy omillar etakchi o‘rin tutadimi? Balki tarbiyaning ta’siri yuqoridir? Ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat qanday? Fanda biologik yo‘nalish deb nomlangan nuqtai nazar etakchi o‘rinlardan birini egallab, uning vakillari Aristotel, Platonlar tabiiy-biologik omillarni yuqori qo‘yadi. Ular tug‘ma imkoniyatlar, taqdir, tole har kimning hayotdagi o‘rnini
belgilab bergan, deydilar. XVI asr falsafasida vujudga kelgan preformizm oqimi namoyandalari esa shaxs rivojlanishida naslning roliga katta baho berib, ijtimoiy muhit va tarbiyaning rolini inkor etadi. Xorij psixologiyasidagi yana bir oqim – bixeviorizm XX asr boshlarida yuzaga kelgan bo‘lib, uning namoyandalari, ong va aqliy qobiliyat nasldan-naslga o‘tib, insonga u tabiatan berilgan, deyiladi. Mazkur ta’limot vakili amerikalik olim E.Torndaykdir. Pragmatizm oqimi va uning vakillari D.D’yul, A.Kombe ham shaxs rivojlanishini biologik nuqtai nazardan asoslaydilar. Ular rivojlanishni faqat miqdoriy o‘zgarishdan iborat, deb qaraydilar. Naslning rolini absolyutlashtirib, uni inson taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega deb biladilar. Demak, bir guruh xorijiy olimlar rivojlanishni biologik (nasliy) omilga bog‘laydilar. Biologik oqimga qarshi falsafiy oqim vakillari rivojlanishni ijtimoiy omil
bilan belgilaydilar. Bu oqim vakillari bola shaxsining jismoniy, psixik rivojlanishi u yashaydigan muhitga bog‘liq, deb ko‘rsatadilar. Muhit deganda odam yashaydigan sharoitdagi barcha tashqi ta’sir tushuniladi. Shu nuqtai nazardan tarbiya tufayli bolani o‘zi yashaydigan ijtimoiy sharoitga moslashtirish mumkin, degan xulosa kelib chiqadi. Ular ijtimoiy muhitning rolini hal qiluvchi omil deb hisoblaydilar. Demak, odam bolasining shaxs sifatida rivojlanib, taraqqiy etib borishi, uning shaxs bo‘lib kamolga etishida nasl (biologik omil), ijtimoiy muhit (bola yashaydigan sharoit), shuningdek, maqsadga muvofiq amalga oshadigan tarbiya ham birdek ahamiyatga ega. Bu omillarning ta’sirini aniqlashda ilg‘or pedagogik olimlar, psixolog va faylasuflar ta’limotiga tayaniladi. Falsafada shaxsni jamiyat bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy hayotdagi murakkab voqelik deb qaraladi. Ular individning ma’naviy boyligi uning munosabatlariga bog‘liq, deb hisoblaydilar. Haqiqatdan ham, shaxs mehnat faoliyati zaminida rivojlanadi, kamolga etadi. Inson sharoitni, sharoit esa odamni yaratadi. Bu esa o‘z navbatida inson
faolligini namoyon etadi. Zero, shaxs ma’lum ijtimoiy tuzum mahsulidir. Jamiyat shaxs kamolotining muayyan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi yoki yo‘q qilishi mumkin. Faylasuflar shaxsni tabiatning bir bo‘lagi deb baholaydilar. Bu insondagi layoqat kurtaklari bo‘lib, uning rivojlanishi uchun tarbiya kerak, degan g‘oyani
ifodalaydi. Jamiyat taraqqiyoti shaxs rivojlanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratadi. Demak, shaxs bilan jamiyat o‘rtasida ham uzviy aloqa mavjud. Shunday qilib, odam shaxsining jamiyatdagi rivojlanishi tabiat, muhit, inson o‘rtasidagi murakkab aloqa ta’siri ostida ro‘y beradi, inson ularga faol ta’sir etadi va shu yo‘l bilan hayoti va o‘z tabiatini o‘zgartiradi. Fiziologiya va ruhshunoslik fanining ko‘rsatishicha, inson bolasi tayyor
qobiliyat bilan emas , balki biror - bir qobiliyatning ruyobga chiqishi va rivojlanishi manbai - layoqat bilan tug‘iladi. Layoqat o‘zicha rivojlana olmaydi, rivojlanishi uchun qulay muhit kerak. Muhit deganda kishiga ta’sir etadigan tashqi voqealarning yig‘indisini tushunamiz. Sa’diyning fikricha qobiliyatli va kam qobiliyatli bolalar bo‘ladi. Ammo qobiliyat o‘z-o‘zidan rivojlanmaydi. Uning rivojlanishi uchun bolani tarbiyalash kerak, tarbiya bo‘lmasa, boladagi bor qobiliyat ham yo‘qoladi. Uning kamol topishi uchun kamolatga asos bo‘ladigan qobiliyat negiz bo‘lishi kerak. Sa’diy o‘z fikrini isboti uchun “Guliston” asarida “Bir vazirning takasaltang o‘g‘li bor edi. Vazir o‘g‘lini bir donishmand huzuriga eltib: “Shuni tarbiya qil, shoyad aqli kirib, odam bo‘lsa” - deydi. Donishmand vazirzodani uzoq muddat tarbiya qildi , foydasi bo‘lmadi. Bolaning otasiga bir odam orqali: “O‘g‘ling odam bo‘lmadi, meni ham aqldan ozdirdi” - deb xabar qildi. U bu voqeadan shunday xulosa chiqaradi:” Qobiliyat bo‘lsa aslida, Tarbiya unga qiladi asar. Qancha urinsa bo‘lmas sayqali,Temir aslida bo‘lmas gavhari (143 bet) “Qobiliyatli odamni tarbiya qilmaslik - zulmkorlik va noqobil odamga tarbiya hayfdir. Tarbiyangni ayab unisini nobud qilma, tarbiyangni bunisiga zoe ketkazma”, - deb ta’kidlagan A.Navoiy. Bundan tarbiyaning natijasi odamni qobiyatlilik darajasiga bevosita bog‘liqligi asoslanayapti. Masalan, qobiliyati bo‘lmagan insonni aqlli mehnat qilishga yo‘llash ijobiy natija bermasligini ta’kidlash kerak. YOki biror kasblarni egallashga ham bu g‘oyani tadbiq etish mumkin.Bunga tabiiy muhit (geografik), ijtimoiy muhit, oila muhiti (mikromuhit) va boshqalar kiradi va ular bolaning rivojlanishiga alohida ta’sir ko‘rsatadi. Agar bola o‘z tug‘ma layoqatiga mos sharoitda o‘sib, zarur faoliyat bilan shug‘ullansa, layoqat erta ko‘rinib rivojlanishi, aksincha, bunday muhit bo‘lmasa, yo‘q bo‘lishi yoki “mudroq” ligicha qolib ketiishi mumkin. Demak, boladagi irsiy belgilarning o‘sishi, kamol topishi insonlar muhiti , yashash sharoiti va tarbiyaga bog‘liq desak bo‘ladi. Bunga tarixda misollar juda ko‘p. A.Navoiy onasidan-shoir, Eynshteyn-fizik, Ulug‘bek-astronom, Ibn Sino tabib bo‘lib tug‘ilmagan albatta. Inson bolasi, agar ijtimoiy muhitga emas,boshqa muhit, aytaylik hayvonlar muhitiga tushib qolsa , odamlarga xos sifatlar shakllanmasligi mumkin. Masalan: 1920 yili hindistonlik doktor Sing Kalkuttaning janubiy-Qarbidagi Midnapur shahri yaqinida bo‘ri uyasidan ikkita bo‘ri bolasi bilan ikkita qizchani topib olgan. Ularning biri 7-8 yoshda,ikkinchisi 2 yoshlar chamasida edi. Amala (kichigi) bir yildan so‘ng vafot etdi. Kamola esa 1930 yilgacha yashadi. Odob, axloq, xulqiy sifatlar- shaxsning barcha ruhiy sifatlari faqat muhit va tarbiyaning o‘zaro ta’siri asosida vujudga keladi. Shuning uchun irsiyat rivojlanishga ta’sir etadi, ammo hal qiluvchi omil bo‘la olmaydi. Abdulla Avloniyning fikricha, “Axloq – bu xulqlar majmuidir. Xulq esa kishida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ularning shakllanishi uchun ma’lum bir sharoit, tarbiya kerak. Kishilar tug‘ilishida yomon bo‘lib tug‘ilmaydilar, ularni muayyan sharoit yomon qiladi.”1 Buyuk muallimning ta’kidlashicha, axloq tarbiyasi xususiy ish emas, ijtimoiy ishdir. Har bir xalqning taraqqiy qilishi, davlatlarning qudratli bo‘lishi avlodlar tarbiyasiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Ijtimoiy pedagogikada bolaning mikromuhit orqali jamiyatga kirib borishi ko‘rib chiqiladi. Mikromuhitda insonning hayoti va munosabatlari o‘zaro ta’sir
xususiyatiga ega. Muhit – bu nafaqat ko‘cha, uy va buyumlar. Muhit – bu o‘ziga xos munosabat va qoidalar tizimiga ega bo‘lgan turli xil insonlar birligi. SHuning uchun , bir tomondan inson unga (muhitga) nimadir shaxsan o‘zinikini olib kiradima’lum bir darajada unga tasir qiladi, uni o‘zgartiradi, lekin shu bilan birga muhit ham insonga ta’sir ko‘rsatadi, unga o‘z talablarini qo‘yadi. Muhitning insonga bo‘lgan munosabati, uning o‘zini tutishi qanchalik muhitning ishonchiga to‘g‘ri kelishi bilan aniqlanadi. Insonning o‘zini tutishi ko‘p holda jamiyatda u qanday o‘rinni egallashi bilan belgilanadi. Inson jamiyatda bir vaqtda bir qancha o‘rinlarni egallashi mumkin. Masalan, ayol kishi o‘qituvchi, rafiqa, ona, qiz bo‘lishi mumkin. Har bir tutgan o‘rin insonga muayyan bir talablarni qo‘yadi va shu bilan birga unga qandaydir huquqlarni beradi. Jamiyatda insonning o‘zini tutishi muayyan bir huquq va majburiyatlar bilan tavsiflanadi, sotsiologiyada bu ijtimoiy maqom deb ataladi. Maqomlarning ba’zi birlari insonga tug‘ilishi bilan beriladi. Inson maqomi jinsi, millati, tug‘ilgan joyi, ism-sharifi va boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunday maqomlar tug‘ma yoki o‘zlashtirilgan deb ataladi. Boshqalari esa insonning o‘zi mustaqil ravishda jamiyatda shaxsiy harakatlariga ko‘ra erishgani bilan aniqlanadi. Masalan, pedagog, vrach, muhandis maqomini inson kerakli kasbiy ta’lim yurtida o‘qigani va diplom olgani uchun oladi. Bu holda erishilgan yoki olingan maqom haqida gap yuritiladi. Maqom insonning jamiyatda o‘zini tutishini aniqlaydi. Ma’lum bir vaziyatlarda shaxs o‘zini istaganicha emas , balki o‘z maqomiga ko‘ra tutadi. Atrofidagi insonlar undan bu vaziyatlarda muayyan intizomni kutadi, ya’ni inson muayyan bir rolni o‘ynashga majbur. Shuning uchun, inson maqomidan kelib chiqqan kutilayotgan intizom ijtimoiy rol deb ataladi. Inson hayoti davomida nafaqat jamiyat bilan kutilayotgan maqomlar, balki ijtimoiy me’yor va qadriyatlarga to‘g‘ri kelmaydigan maqomlar ham mavjud. SHuning uchun rivojlanish jarayonida bola pozitiv ijtimoiy yoki negativ rolni ham o‘zlashtirishi mumkin. Pozitiv rolli: oila a’zosi (ota va ona, buva va buvi, o‘g‘il yoki qiz , aka va singil, nevara va b.), jamoa a’zosi (o‘quvchi, o‘rtoq, do‘st, etakchi va b.), iste’molchi (insonga ovqat, kiyim, oyoq kiyim va b.), fuqaro (Vatanni sevish, ubilan faxrlanish, vatanparvar bo‘lish), mutaxassis (o‘qituvchi, vrach, iqtisodchi, muhandis va b.). Bola bilan ma’lum rolda o‘zini tutish mexanizmi unga ijtimoiy munosabatlarga muvaffaqiyatli kirishib ketishni ta’minlaydi, har bir u uchun yangi bo‘lgan vaziyatga moslashib ketish imkoniyatini beradi. Bu individni ijtimoiy muhit shart-sharoitiga moslashib ketishi jarayoni ijtimoiy moslashuv deb ataladi. Ijtimoiylashuv jarayonida insonning “hammadek” bo‘lish ob’ektiv ehtiyoji namoyon bo‘ladi. Biroq shu bilan parallel ravishda bolada boshqa ehtiyoj - o‘zini o‘z individualligini ko‘rsatish ehtiyoji shakllanadi. Bola uni ifodalash usul va vositalarini qidira boshlaydi, qaysidir ma’noda uni namoyon qiladi , natijada uning individuallashuvi sodir bo‘ladi. Bolaning individuallashuvi - u yoki bu ijtimoiy ahamiyatga ega shaxs xislat va xususiyatlari aynan shu insonga mansub shaklda namoyon etadi. Ijtimoiy o‘zini tutish esa boshqa insonlar intizomiga tashqi tomondan o‘xshashiga qaramay betakror, individuallik qirralarni egallaydi. Shunday qilib, bolaning ijtimoiy rivojlanishi ikki yo‘nalish bo‘yicha sodir bo‘ladi: ijtimoiylashuv (ijtimoiy madaniy tajribani egallash) va individuallashuv(mustaqil bo‘lish).Agar bolani mikromuhitga kiritishda ijtimoiylashuv va individuallashuv jarayonlari orasida muvozanat belgilansa, ya’ni bola, bir tomondan, mazkur jamiyatda o‘zlashtirilgan me’yor va qoidalarni o‘zlashtirsa, boshqa tomondan unga o‘ziga tegishli individualligini qo‘shsa, muhitda bolaning integratsiyasi sodir bo‘ladi. Agar bolaning guruhga moslashish jarayoni sodir bo‘lmasa, unda o‘ziga ishonmaslik, tortinchoqlik, tashabbussizlik sodir bo‘lishi , bu esa shaxsni jiddiy deformatsiyaga olib kelishi mumkin. Agar bola moslashuv fazasidan o‘ta olsa va atrofdagilarga o‘z individual farqlarini ko‘rsatishni boshlasa, atrofdagilar esa uning individualizmini jamiyat me’yorlariga to‘g‘ri
kelmaydi deb hisoblasa , unda bolada negativlik, gumonsirash, agressiya, o‘ziga yuqori baho berish holatlari ko‘rinadi. Ota-ona о‘z farzandidan hech narsani ayamaydi. Ularning tabiat ato etgan buyukliklari ham ana shunda. О‘zbek xalqi odob-axloqi bо‘yicha, keksalarning, ota-onaning oldidan salom bermasdan о‘tish gunoh hisoblanadi. Ota-onani qadrlash, ularning beо‘lchov, beminnat
xizmatiga bir umr sodiq bо‘lish, duolarini olish – bolalarning farzandlik burchidir. Bu milliy qadriyatlarimizning eng muhim talablaridan biridir. Buyuk bobomiz hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek ota-onani hurmat qilish «…farzandlar uchun majburiyatdir. Bu ikkisiga xizmatni birdek qil, xizmating qancha ortiq bо‘lsa ham kam deb bil. Otang oldida boshingni fido qilib, onang uchun butun jismingni sadaqa qilsang arziydi! Ikki dunyong obod bо‘lishni istasang, shu ikki odamning roziligini ol! Tunu kuningga nur berib turgan – birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh. Ularning sо‘zlaridan tashqari bir narsa yozma, ular chizgan chiziqdan tashqariga bir qadam ham bosma. Hamma xizmatni sen odob bilan bajar, «adab» sо‘zidagi «dol» kabi qomatingni ham qil». Tan olishimiz kerakki, shо‘rolar davrida keksalarni, ota-onalarni hurmat qilish haqidagi milliy qadriyatlarimiz biroz xira torta boshladi. Ba’zi yoshlarimizda о‘zlaridan kattalarni, nuroniy qariyalarni hurmat qilish, ularning nasihatlariga quloq solish singari yuksak ma’naviy fazilatlar yо‘qolib ketayotgani sezilmoqda. Ehtimol, boshqa millat kishilari bunga unchalik e’tibor berishmas, lekin biz, о‘zbeklar buni his qilmay ilojimiz yо‘q.
Keksalar uchun ajratilgan uylarda farzandlari tirik о‘ziga tо‘q bо‘lgan ota-onalar yashayotganligiga toqat qilib bо‘lmaydi. Gohi-gohada bо‘lsa ham, ota-onaga qо‘l kо‘tarish, undan ham og‘irroq jinoyat qilish hollari sodir bо‘lib turganligini eshitib turibmiz! Bu — oddiy nuqson emas, balki uchiga chiqkan tubanlik bag‘ritoshlik milliy qadriyatlarimizni oyoq-osti qilish, о‘z insoniyligini yо‘qotishdir. Milliy qadriyatlarimizga, о‘zbek xalqining sha’niga dog‘ tushuradigan bunday yaramas hodisalar zamini, ildizi, sababi nimada, degan savol paydo bо‘lishi tabiiy. SHо‘rolar davrida, avlod-ajdodlarimizning о‘gitlari, pand-nasihatlari, ajoyib an’analarimiz targ‘ib qilinish о‘rniga nuqul qoralandi, yomon otli qilindi, bid’at, xurofot, deb baholandi. Milliy tarbiya borasidagi merosimiz о‘rganilmadi, targ‘ib etilmadi. Ularning о‘rniga ta’lim- tarbiya borasida Yevropa, Rusiya modelini kо‘klarga kо‘tarib maqtab, targ‘ib qilib, yoshlarimizni о‘z milliy qadriyatlarimizdan bebahra qilib qо‘ydik. Ana shu tufayli diniy-axloqiy, oila, qо‘ni-qо‘shni, mahalla- ko`ylar ta’siri kabi ta’lim-tarbiyaning hayot sinovidan о‘tgan bebaho boyliklaridan judo bо‘la boshladik. Mustaqilligimiz tufayli bularga chek qо‘yildi, bunday salbiy illatlarni tugatish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Kattalarga izzat-ikrom, kichiklarga mehr-shafqat, ota-onalarga e’zoz, farzandlarga mehr-sadoqat kabi insonni inson sifatida ulug‘laydigan,
axloqiy, ma’naviy jihatdan gо‘zal va barkamol qiladigan qadriyatlarimiz odamlar, ayniqsa yoshlar qalbidan о‘rin ola boshlagani quvonchli bir holdir. Mustaqil О‘zbekiston Respublikasining asosiy qonuni – Konstitutsiyada farzandlarning jamiyat, oila, ota-onalari oldidagi insoniy burchlari va mas’uliyatlari nimalardan iboratligi milliy qadriyatlarimizdagi asosiy g‘oya va qoidalarga asoslanib belgilab berilgan. Uning 66-moddasida qayd qilinishicha, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar о‘z ota-onalari haqida g‘amhо‘rlik qilishga majburdirlar. Xullas, har bir farzandning о‘z ota-onasini e’zozlashi farzandlik burchi va jamiyat oldidagi mas’uliyati sanaladi. Ota-onani e’zozlashning quyidagi sharqona talablariga hammamiz amal qilishimiz ham farz, ham qarz, farzandlik burchimizdir. Ota-onaga taom berish, ozoda qilib kiyintirib qо‘yish, kasal bо‘lganda shifokorga kо‘rsatish, kerakli dori- darmonni keltirib berish, doimo hol-ahvol, sihat-salomatliklarini sо‘rab turish, ota-ona oldida «uh» tortmaslik gerdaymaslik lozim bо‘ladi. Ota- ona norizo bо‘lgan ishni qilmaslik, aroq ichma, yomonlarga qо‘shilma, desa uni qilmaslik va qо‘shilmaslik kerak bо‘ladi. Kо‘chada yurganda otadan oldin yurmaslik, otadan avval ovqatga, dasturxonga qо‘l uzatmaslik, otadan avval о‘tirmaslik, otadan kо‘ra poygakda o`tirish lozim. Otaning oldida oyoqni uzatib, yonboshlab olish bizning axloq- odobimizga kirmaydi. Ota-ona chaqirganda labbay deb javob qaytarish, nima ish qilayotgan bо‘lsa, hech ikkilanmasdan darrov ularga javob berish farzandlik burchi hisoblanadi. Shunda ota-ona о‘z farzandidan rozi bо‘ladi. Ota-onaning roziligini olgan farzand baraka topadi, ishi о‘ngidan kelaveradi, oldiga qо‘ygan maqsadiga erishadi. Ota-onasi norizo bо‘lgan farzand kechgacha yugursa ham, ishining barakasi bо‘lmaydi, biri ikkiga aylanmaydi. Turmushga chiqish, uylanishda ota-onaning roziligini, oq fotihasini olishda hikmat kо‘p. Yuqoridagilarning hammasi biz uchun bir hovuch oltin, xazina. Kelgusi hayotimiz uchun poydevor qо‘yish demakdir. Bu dunyo qaytar dunyo, nima eksang shuni o`rasan, siz ota-onangizga nima qilgan bо‘lsangiz, u sizga farzandlaringizdan qaytadi. Bu ham tabiat qonuni bо‘lsa neajab! Endi ota-onani hurmat qilishning ulug‘vorligi haqidagi ba’zi ibratli fikrlarni hadislardan keltirib о‘tamiz. «qaysi bir musulmon farzandi savob umidi bilan ertalab ota-onasini ziyorat qilsa, Olloh taolo unga jannatdan ikkita eshik ochadi. Agar ulardan bittasini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. Bola ota-onasidan qaysi birini xafa qilsa, uni rozi qilmaguncha, Olloh taolo undan rozi bо‘lmaydi»; «Kim ota-
onasini rozi qilsa, unga tubo (jannatdagi daraxt) nasib bо‘lib, Olloh taolo uning umrini ham ziyoda qiladi»; «Uch toifa kishilarning duosi, hech shubhasiz, Olloh taologa maqbuldir: mazlum kishining duosi, musofirning duosi va ota-onaning duosi»; «Ota-onalarning keksaygan vaqtda har ikkisini yoki biri bо‘lmaganda boshqasini rozi qilib, jannatiy bо‘lib olmagan farzand xor bо‘lsin, xor bо‘lsin, va yana xor bо‘lsin»; «Ota-onaga itoat qilish – tangriga itoat qilishdir. Uni oldida gunoh qilish tangri oldida gunoh ish qilish bilan barobardir» va boshqalar. Yuqorida farzandning ota-ona oldidagi burchi haqida fikr yuritdik. Ota- onaning ham farzand oldidagi burchi nihoyatda katta va mas’uliyatlidir. Farzandlarning kelajakda qanday ma’naviyat egasi bо‘lishi kо‘p jihatdan ota-ona, u bergan tarbiyaga bog‘lik. Har bir ota-ona farzandi oldida о‘z otalik, onalik burchini tо‘liq his etishi, unga javobgarligini ma’nan anglab yetishi kerak. Sobiq shо‘rolar davrida uzoq vaqt milliy va ma’naviy tarbiya chetga surib qo`yildi. Oqibatda bolalar tarbiyasida ota-ona mas’uliyati pasayib ketganligi hech kimga sir emas. Vaholanki bola, о‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida ota-ona beradigan tarbiya juda muhim ahamiyatga ega. Farzand tarbiyasi quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishini har bir ota- ona yaxshi bilishi foydadan holi bо‘lmaydi. Birinchisi – nasl tarbiyasi, ya’ni bola tarbiyasi. Bola tug‘ilmasdan oldin boshlanishi kerak. YA’ni bо‘lg‘usi ona va otaning sog‘ligi, farzand tarbiyalashga mas’ulligini hisobga olish lozim bо‘ladi. Bu – bola, farzand kо‘rishni istagan ota-onaning bо‘lajak farzandlari taqdiriga mas’uliyat bilan qarab, о‘zlarining salomatliklarini yaxshilashlarini nazarda tutadi. Ikkinchi bosqich – homiladorlik davridagi parvarish. Bu masala о‘ta muhim, о‘ta ahamiyatlidir. Rivojlangan mamlakatlarda homiladorlik davri tug‘ilajak inson taqdirining 60 foizini belgilashi kо‘zda tutiladi. Bu davrdagi chora-tadbirlar aksariyat ota-onalar tomonidan amalga oshiriladi. Uchinchi davr bola tug‘ilgandan to 6-7 yoshgacha bо‘lgan davr. Shu davrga kelib, bola ma’naviyatining asosiy kurtaklari shakllanib bо‘ladi. Sо‘ng ana shu ma’naviy kurtaklarni parvarishlash va yanada rivojlantirish davri boshlanadi. Ma’naviy barkamollik balki, beshikdagi allaning mazmunidan, bolani kiyintirish-u uni halol luqma bilan boqishdan boshlanishi mumkin. Hazrati Bahouddin Naqshband aytganlaridek insondagi yaxshi fe’llar, amollar halol luqmadandir.
Demak ota-ona farzandini halol luqma bilan boqsa, u farzand ma’nan pok va halol bо‘lib voyaga yetadi. Biz shо‘rolar zamonida buni unutayozdik, ahamiyat bermadik, boz ustiga tarbiyani ham tuzum о‘z manfaatlariga moslashtirib, uni о‘z qо‘liga oldi. Xulosa shuki, bola tarbiyasini dono xalqimiz aytganidek u hali tug`ilmasdan ota, ona va butun oila a’zolari hamjihatligida boshlashimiz lozim bо‘ladi. Olamda barcha narsa juft-juft bо‘lib yaratilgan. Juft bо‘lib yashash tabiat qonuni, taqozosi. Lekin oila bо‘lib yashash barcha maxluqotlar orasida faqat odam nasliga xosdir. Oila jamiyatning birinchi va birlamchi bо‘rini, zarrachasi. Jamiyat ana shu kichik zarralardan tashkil topadi. Er va xotin – ikki tirik vujudning, ikki olamning о‘zaro ittifoqidan paydo bо‘lgan uchinchi bir olam – bu oiladir. Agar oila tinch-totuv, ahil bо‘lsa, olam tinch va obod. Aks holda, turmush dо‘zaxga aylanadi, oila zindonning о‘zi bо‘ladi, buning jabrini esa er va xotinning о‘zigina emas, balki farzandlari, yaqinlari ham tortadi. Oila poklikka va soflikka, ikki tomonlama muhabbatga, sadoqat va vafodorlikka asoslanishi kerak. Bu farzandlar tarbiyasi uchun muhim omil hisoblanadi. Eng qadimgi odatimizga kо‘ra, о‘zbek oilasi ham tо‘ydan boshlanadi. Xalqimiz saxovatli xalq. Topganini el-yurt oldiga qо‘ysam, deydi. Xalqimizni tо‘ysevarlikda ayblab bо‘lmaydi. Agar ayblasak о‘z- о‘zimizni kamsitgan bо‘lamiz. To`y va ma’rakalarimizga о‘rinsiz tosh otish insofdan emas. Lekin tо‘y bahona soxta obrо‘ olishga intilish, kimosharga isrofgarchilikka yо‘l qо‘yishni oqlab bо‘lmaydi. Tо‘y va ma’rakalarda musobaqa emas, xayr-saxovat va ma’naviyat qadriyatlarini mustahkamlash ustuvor bо‘lgani yaxshi. О‘zbek oilasining tashqaridan sezilmaydigan о‘ziga xos ichki qonun- qoidalari, axloqiy, ma’naviy mezonlari bor. Quyida biz shulardan ba’zilari, turmush uchun zarurlari haqida tо‘xtab о‘tishni lozim topdik. Zero bu oila qurish oldida turgan yoshlar uchun foydadan holi bо‘lmas, degan niyatdamiz. Rizq-rо‘z tongda har bir odamga, oilaga ulashiladi. Kimki g‘aflat bosib, о‘rnida yotaversa, rizqidan quruq qoladi, deyiladi. Barvaqt turilsa, ish unumli, o`sha kun xayrli bо‘ladi…. Yuz-qо‘lni yuvmasdan hol-ahvol so`ralmaydi, yuz-qo`lni yuvgandan sо‘ng kichiklar kattalarga salom beradilar, ayollar nonushta tayyorlaydilar, qizlar-kelinlar hovli, eshik oldini supurib, suv sepib qо‘yadilar… Ish yoki о‘qishga oilaning tabarruk yoshlilaridan fotiha olib ketilishi axloq-odob doirasiga kiradi, qaytganda, avval ularga uchrashib, salom beriladi, hol-ahvol sо‘raladi… Oila odobiga kо‘ra katta yoshlilar bolalarga, balog‘atga yetgan farzandlar, kelinlar katta yoshlilarga ochiq-sochiq holda kо‘rinmaydilar, bachkana qiliq qilmaydilar, pardasiz sо‘zlarni aytmaydilar. Kо‘chaga uy kiyimida chiqilmaydi. O‘zbek oilasiiing fazilatlari kо‘p, qonunlarda belgilanmagan, ammo millatimizning qadriyatlariga aylangan tartib va talablari mavjud. Ularni farzandlarimiz о‘zlashtirishi ham farz, ham qarzdir. Shunday qilib, oila – jamiyatning asosiy bо‘g‘ini. Oilada singdirilgan tarbiya, Vatan, el-yurt, mustaqillik, ozodlik haqida berilgan tushuncha, tasavvur bolaning murg‘ak qalbila bir umr muhrlaiib qoladi. Oila mustahkam, tinch, farovon, sog‘lom bо‘lsagina, jamiyatda barqarorlik vujudga keladi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek «Oilaning jamiyatdagi о‘rni, tarbiyaviy-axloqiy ahamiyati, qadr-qimatini anglab yetmasdan, oilaga millat manfaati nuqtai nazaridan yondashmasdan turib, xalqchil mafkura yaratolmaymiz». YA’ni ma’naviy sohadagi vazifalarimizni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaymiz. Shuning uchun ham mamlakatimizda oilani mustahkamlashga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, asosiy qonunimizning «Oila» deb atalgan 14-bobida quyidagi qoyidalarni о‘qish mumkin: «63-modda» Oila jamiyatiing asosiy bо‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bо‘lish huquqiga ega… 64-modda. Ota-onalar о‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar… 65-modda. …Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi». Mustaqil Respublikamizda Oila munosabatlariga alohida ahamiyat berilayotganligipi Oliy Majlisning birinchi chaqiriq о‘n birinchi sessiyasida «Oila kodeksi»ning qabul qilinishida ham ko`rishimiz mumkin. Davlatimizning oilaning rolini oshirishga qaratilgan siyosati albatta farzandlarimizning ma’naviyati yuksaltirishida katta ahamiyatga ega bо‘ladi.
2. Adabiyot va san’at asarlari mustaqil respublikamiz fuqarolari ma’naviy dunyosini boyitish, ularni gо‘zal narsalarning hammasidan bahramand qilish kabi ajoyib xususiyatlarga ega. Ma’naviyat, yuksak badiiy, jozibali adabiyot va san’at asarlari kishilar qalbiga tezroq yо‘l topish, estetik hissiyotiga kuchli ta’sir qilish, hayotiy voqea- hodisalarni chuqur mushohada etishga da’vat etish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Shuning uchun adabiyot va san’at asarlarining kishilarni yuksak ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashdagi badiiy ta’sir etishdek vositalik xususiyatidan imkoni boricha kengroq foydalanish muhim ahamiyatga egadir. Adabiyot va san’at asarlarining kuchi uning xalqchil va tushunarliligida, kishilar ichki — ruhiy dunyosiga emosional ta’sir kо‘rsata olishidadir. Ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashda adabiyot va san’atning ana shu xususiyatini hisobga olish muhimdir. Ma’naviy tarbiyada о‘zbek xalqining boy ma’naviy merosidan keng foydalanish uning ta’sirchanligi, samaradorligini oshirishda muhim omil bо‘la oladi. Yoshlarimiz ma’naviy tarbiyasida Yusuf xos Xojib, Ahmad Yugnakiy, Ahmad Yassaviy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Mashrab, Muqumiy, Furqat, Abdulla Qodiriy, CHо‘lpon, Usmon Nosir kabi mumtoz shoir va yozuvchilarimiz asarlaridan foydalanishimiz ular qalbini, ruhiy dunyosini ma’naviy boyitishda katta ahamiyatga egadir. Ularning bizga qoldirgan boy badiiy-ma’naviy merosi о‘zining chuqur falsafiy mazmuni, axloqiy yо‘nalishi bilan ajralib turadi. Mumtoz san’atkorlarimiz asarlarida halollik va poklik, tо‘g‘rilik, birovning haqiga kо‘z olaytirmaslik, xiyonat qilmaslik, insonparvarlik, vatanparvalik, mehnatsevarlik, diyonatlilik, iymonlilik, halol luqma bilan kun kо‘rish, ota-onani hurmat qilish kabi inson uchun zarur ma’naviy xislatlar yuqori badiiy saviyada bayon etilgan. Ma’naviy tarbiyada Pirimqо‘l Qodirov, Odil Yoqubov, Sayd Ahmad, О‘tkir Hoshimov kabi yozuvchilarimiz; Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Oydin Hojiyeva, Omon Matchon kabi shoirlarimizning asarlaridan ham keng foydalanish, badiiy asarlar, ulardagi qahramonlarning fe’l-atvori, axloqi, ma’naviy dunyosi tо‘g‘risida suhbat, munozara о‘tkazish katta samara beradi. Ma’naviy tarbiyada kishilar ongi, ruhiyatiga ta’sir etishda teatr san’atining ham roli, о‘rni va ahamiyati, ta’sir etish doirasi imkoniyatlari cheksizdir. Biz teatr san’atini ikki tomoni charxlangan shamshirga о‘xshatishimiz mumkin. U bir tomoni bilan kishilar qalbiga yorug‘lik olib kirsa, uni yuksak ma’naviylik tomon yо‘llasa, ikkinchi tomoni bilan inson qalbidagi nodonlik, jaholat, ya’ni, ma’naviyatsizlikka va jaholatga qarshi kurashadi. Teatr san’ati boshqa san’at turlari kabi obrazli – badiiy tabiati bilan inson qalbiga emosional ta’sir kо‘rsatish, uning ruhiy dunyosiga chuqur
kirib borish, shu orqali ma’naviy dunyosini boyitish xususiyatiga ega. Mustaqillikni mustahkamlash, kishilarni yuksak ma’naviylik ruhida tarbiyalashda teatr san’atining ana shu xususiyatidan unumli foydalanish zamon talabi. Afsuski, kishilarimiz, shu jumladan yoshlarimizning teatr, kino san’ati yoki san’atning boshqa turlariga bо‘lgan qiziqishi unchalik yetarli darajada emasligi kishini ajablantiradi. Teatr voqeligimiz, kishilarimiz turmushi, intilishi, qiziqishi, xatti- harakatlarini hayajon bilan aks ettiradigan maydondir. U bir vaqtning о‘zida ham sо‘z, ham musiqa, ham xatti-harakat orqali inson qalbiga ta’sir etish xususiyatiga egaligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun teatr va kino san’atining bu xususiyatidan ma’naviy tarbiyada foydalanish katta samara berishi shubhasiz. Faqat ulardan samarali foydalanish lozim bо‘ladi. Bunday asarlarni kishilar qalbiga kirib borishida televideniye imkoniyatlaridan foydalanishga alohida ahamiyat berish talab etiladi. Kishilarimiz «Otalar sо‘zi – aqlnini kо‘zi» kabi kо‘rsatuvlarni sabrsizlik bilan kutganidek ma’naviy yuksaklikka chorlaydigan, ya’ni jasorat va olijanoblikni, ma’naviy gо‘zallik va axloqiy poklikni, ulug‘vorlik, nafosat va ma’naviy qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi badiiy yuksak adabiyot va san’at asarlariga muhtojdir. Chunki, ular ma’naviyatimizni yuksaltiribgina qolmasdan, shu bilan birga yoshlarimizga ilm egallashda, millat va vatanni taraqqiy ettirishda, fidoyilik kо‘rsatishda, zavq-shavq va ilhom bag‘ishlaydigan vositalarning asosiylaridan biri hisoblanadi. Tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda va yoshlarimiz ongiga milliy istiqlol g‘oyalarini singdirishda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining olib borayotgan amaliy ishlarini ham alohida ta’kidlash lozim bо‘ladi. Uning viloyatlardagi va Toshkent shahridagi bilimlarida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, talaba yoshlar bilan Respublikamizning kо‘zga kо‘ringan adabiyot va san’at arboblarining uchrashuvlarini tashkil qilish, kо‘zga kо‘ringan olimlar ishtirokida turli ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish kabi о‘ta muhim ishlarni amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu kengash tomonidan ma’naviyat, tarbiya va ta’lim masalalariga bag‘ishlangan ilmiy, ilmiy-ommabop risolalarni bosib chiqarayotgani va ularni yoshlar о‘rtasida keng targ‘ib qilayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Bu kengash о‘z faoliyati bilan mamlakatimizda tarbiya borasida olib borilayotgan umumiy ishga о‘z hissasini qо‘shib kelmoqda. Xulosa qilib aytganda, ma’naviy tarbiya bugungi kunning eng dolzarb masalasi. Bu ishga yurtimizning barcha ziyolilari – о‘qituvchilar, jurnalistlar, yozuvchilar, shifokorlar, artistlar, barcha rahbarlar birdek mas’uldirlar. Mamlakatimizda tarbiyani hozirgi zamon talablari darajasida olib borishda mavjud barcha imkoniyatlar va vositalardan samarali foydalanganimizdagina ma’naviyati yuksak yoshlarni tarbiyalashga erishish mumkin bо‘ladi.
Tayanch sо‘z va tushunchalar: Ota-ona — aziz va mo`’tabar zot; ota-ona farzandning suyanchig‘i, bitmas-tuganmas boyligi; birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh; ota- onani e’zozlash farzand burchi, jamiyat oldidagi mas’uliyat; ota rozi – xudo rozi; otalar sо‘zi – aqlning kо‘zi; ota-onaga itoat qilish – Tangriga itoat qilishdir; yaxshi fe’llar, a’mollar halol luqmadandir; oila jamiyatning asosiy bо‘g‘ini; adabiyot va san’at inson qalbiga, ruhiy dunyosiga chuqur kirib borishi va shu orqali uning ma’naviy dunyosini boyitish xususiyatiga ega.
Takrorlash uchun savollar: 1. Ota-onaning farzand oldidagi ulug‘ligi nimada? 2. Birisini oy deb bil, ikkinchisini quyosh iborasining mazmunini izohlang. 3. Ota-onaning farzandlar oldidagi burchi nimada deb bilasiz? 4. Farzandlarning ota-onalar oldidagi burchi nimada deb bilasiz? 5. Ota-ona va farzandlar mas’uliyati haqida О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida nimalar kо‘rsatilgan? 6. Ota rozi – xudo rozi iborasining mazmunini izohlang. 7. Farzand tarbiyasini qaysi davrda boshlanishi haqida nimalar bilasiz? 8. Yaxshi fe’llar, yaxshi a’mollar – halol luqmadandir? iborasining mazmunini izohlang. 9. О‘zbek oilasining ma’naviy-axloqiy jihatlari haqida nimalarni bilasiz? 10.
Kishilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda adabiyot va san’atning ahamiyati nimada deb bilasiz? 11. Qaysi yozuvchi va shoirlar asarlarida о‘zbek milliy ma’naviyatining о‘ziga xos jihatlari о‘z ifodasini topgan? Ular milliy ma’naviyatimizning rivojlanishida qanday ahamiyatga ega?
Adabiyotlar 1. Karimov I.A. О‘zbekistan buyuk kelajak sari. –T.: О‘zbekistan, 1998 y.
2. Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. –T.: Sharq, 1999 y. 3. Karimov I.A. Olloh qalbimizda, yuragimizda. //Xalq sо‘zi, 4 mart 1999 y. 4. Karimov I.A. Milliy istiqlol mafkurasi – xalq e’tiqodi va buyuk kelajakka ishonchdir. –T.: О‘zbekiston, 2000 y. 5. Davlat, jamiyat, oila va yoshlar muammolari. (Davlat, jamiyat, oila va yoshlar muammolari Respublika konferensiyasi materiallari). –T.: О‘zbekistan, 1997 y. 6. Aliyev A. Istiqlol va adabiy meros. T., О‘zbekiston, 1997 y. 7. Soifnazarov I., Soifnazarova F. Ma’naviyatimizning umrboqiy sarchT., Mehnat, 1997 y.
Download 187.17 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling