Ilmiy tadqiqot metodologiyasi
«Ochiq» va «yopiq» oqilonalik
Download 305.59 Kb.
|
Ilmiy tadqiqot metodologiyasi
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ong strukturasida oqilonalik.
«Ochiq» va «yopiq» oqilonalik. Oqilonalik g‘oyasi reflekssiz nazorat va ob’ektivlashtiruvchi modellashtirish tarzida «yopiq oqilonalik» rejimida shakllangan izchil mo‘ljallar asosida ayniqsa ko‘p ro‘yobga chiqariladi. SHuning uchun ham ba’zan oqilonalik muvaffaqiyatli maqsadga muvofiq yoki izchil faoliyat bilan bog‘liq deb ko‘rsatiladi. Tadqiqotchilar «yopiq» oqilonalikka tanqidiy yondashadilar. Alohida paradigmalarning «yopiq» oqilonalik rejimida faoliyat ko‘rsatuvchi asoslarni mutlaqlashtirish va dogmalashtirish hozirgi ongda oqilonalik g‘oyasini uning ma’naviy mezonlaridan, inson va dunyo munosabatlarini uyg‘unlashtirish bilan bog‘liq istiqbollardan mahrum etadi.
«YOpiq» oqilonalikda oqilona bo‘lgan narsalar «ochiq» oqilonalikda o‘zining bu xususiyatini yo‘qotadi. Masalan, ishlab chiqarish muammolarining echimlari ekologik muammolar nuqtai nazaridan doim ham oqilona bo‘lavermaydi. YOki fan nuqtai nazaridan oqilona bo‘lmagan faoliyat boshqa nuqtai nazardan, masalan, ilmiy daraja olish nuqtai nazaridan oqilona bo‘lishi mumkin. Ochiq oqilonalikning evristik g‘oyasi fanning tadrijiy rivojlanishini, tahlil apparati, haqiqatni izlash jarayonini tushuntirish va asoslash usullari muttasil takomillashib borganligini aks ettiradi. SHu bilan birga, hozirgi fanlar dunyoning ilmiy manzarasini yaratishda jiddiy yutuqlarga erishganiga qaramay, uchinchi mingyillik bo‘sag‘asida fan gravitatsiya, hayotning vujudga kelishi, ongning paydo bo‘lishini muvofiq tarzda tushuntirishga, maydon yagona nazariyasini yaratishga va bugungi kunda soxta deb qaralmayotgan parapsixologik yoki bioenergetik-axborot o‘zaro ta’sirlarini qoniqarli tarzda asoslashga muvaffaq bo‘lmadi, degan ovozlar ham yangramoqda. Hayot va tafakkurning paydo bo‘lishini hodisalar, o‘zaro ta’sirlar va elementlarning tasodifiy uyg‘unligi bilan tushuntirish mumkin emasligi ayon bo‘lib qoldi, mazkur farazni ehtimolliklar nazariyasi ham taqiqlaydi. Erning mavjudlik davri variantlarini ko‘rib chiqish darajasi etishmaydi. Ong strukturasida oqilonalik. Klassik fanda oqilonalik ongning oliy qobiliyati sifatida tushuniladi, tushunchalar va mantiqiy apparat bilan bog‘liq oqilona fikrlash esa ongning barcha strukturaviy xususiyatlaridan ustun qo‘yiladi. Bu holda oqilonalik boshqa tushunchalar olamiga tushib qoladi va ong, bilish, bilim bilan bir qatorda turib, ularning umumiy va uzviy belgisi deb hisoblanishga da’vogar bo‘ladi. Ong strukturasining oqilonaligi muammosi so‘nggi yillarda bilimning turli sohalariga sistemali-strukturaviy metod faol kirib kelishi munosabati bilan yuzaga keldi. Garchi XX asrda ongni «bevosita idrok etuvchi», tushunuvchi, «o‘zini va o‘z negizini biluvchi» deb ta’riflash odat tusini olgan bo‘lsa-da, ayni shu XX asr sistemali-strukturaviy tahlilni tilshunoslik, madaniyatshunoslik, etnografiya va sotsiologiyaga nisbatan tatbiq etdi. U tadqiqotchilik faoliyatining murakkab sohasi – inson ongiga ham kirib keldi va uni mumkin qadar oqilonalashtirdi. Ma’lumki, har qanday struktura elementlarning mavjudligini, ularning o‘zaro ta’siri, bir-birini bo‘ysundirishi va ierarxiyasini nazarda tutadi. Struktura (lotincha – tuzilish, joylashish, tartib) ob’ektning yaxlitligini va har xil tashqi va ichki o‘zgarishlar sharoitida o‘ziga o‘zi muvofiqligini ta’minlovchi uning barqaror aloqalari majmuini ifodalaydi. Oqilonalikning haqiqiy maqomini aniqlash va uning tuzilishini o‘rganish uchun ongni tahlil qilishga nisbatan sistemali-strukturaviy metoddan foydalanish ong «g‘isht va sement»dan iborat qurilma sifatida talqin qilinishini anglatmaydi. Empirik jihatdan ong hissiy va aqliy obrazlarning uzluksiz o‘zgaruvchi majmui sifatida namoyon bo‘ladi. Tadqiqotchilar ong tuzilishini o‘rganishga kirishar ekanlar, ular doim ajabtovur bir vaziyatga duch keladilar. Ong hissiy va o‘ta ta’sirchan ob’ekt sifatida o‘zini aniq-ravshan namoyon etadi, biroq, shunga qaramay, o‘zini bevosita tahlil qilish imkonini bermaydi. Bir tomondan, ongni uning moddiy substrati – bosh miyasiz va ongning mazmunini aks ettiruvchi materiyasiz tasavvur qilish mumkin emas. Boshqa tomondan, ongni substratning o‘zi – bosh miyaga ham, materiyaga ham bog‘lab bo‘lmaydi. Hatto eng mohir anatom ham nervni miyagacha kuzatib, tuyg‘ular va fikrga yo‘l ochuvchi dastlabki asosga yaqinlasha olmaydi. Ong tabiatini tushuntiruvchi kamida ikkita yondashuv mavjud. Birinchi yondashuv fransuz ratsionalist faylasufi Rene Dekart nomi bilan bog‘liq. U ongni insonning sezgilar, idrok, xotira, emotsiyalar, iroda, fikrlar, mulohazalar, tilni, shuningdek narsalarning obrazlarini o‘zida mujassamlashtiruvchi berk ichki dunyosi deb tushunishni taklif qilgan. Aytib o‘tilgan elementlar ong strukturasini tashkil etadi. Fikrlash jarayonining tadrijiyligi ong faoliyatining bosh shakli deb e’tirof etiladi. Dekartning «cogito ergo sum» (men fikrlayapman, demak, mavjudman» iborasi insonning barcha harakatlarini to uning mavjudligiga qadar ongga bo‘ysundiradi. Bu yondashuvga tayanib, fan ong ichiga «safar qilish»ni, ya’ni miya mexanizmlarini o‘rganishni taklif qiladi. Biroq neyrofiziologlar miya strukturalari va faoliyatini o‘rganish yo‘li bilan ong haqida to‘la axborot olish mumkinligiga shubha bilan qaraydilar. Ongning ijtimoiy tabiati, uning muayyan tarixiy va ijodiy xususiyati bilan bog‘liq ko‘p sonli muammolar yuzaga keladi. Ikkinchi yondashuv ongning mohiyatini uning o‘zidan emas, balki tashqi dunyo, ijtimoiy amaliyotdan qidirishni nazarda tutadi. Bu yondashuvga binoan ong obrazlari faoliyat jarayonida, insonga atrof borliqning ta’siri natijasida yuzaga keladi. Inson o‘zaro ta’sirga kirishuvchi narsalar doirasi qancha keng, sub’ektning o‘zi qancha faol bo‘lsa, tafakkur va ong shuncha barkamol bo‘ladi. Bu yondashuv xulosalari: «ongni borliq belgilaydi», «ong – moddiy dunyoning sub’ektiv obrazi», «ong – borliqning in’ikosi», «ong – kollektiv olingan bilim» - ong tashqi borliqqa bog‘liqligini, ongning ijtimoiy tabiatini tasdiqlaydi. SHu nuqtai nazardan ong shaxsiy va individual xossa, sir va jumboq sifatida emas, balki butun insoniyat qavmining universal va shakllanuvchi xususiyati sifatida namoyon bo‘ladi. Ong hodisasi oqilona anglab etiluvchi va oqilona belgilanuvchi hodisa sifatida talqin qilinadi. Zero o‘z borlig‘i usuliga ko‘ra ong miya xossasidir, bosh miyaning nerv jarayonlari ongning moddiy ifodachilari bo‘lib xizmat qiladi. Mazmun jihatidan ong ob’ektiv borliqning in’ikosi, tashqi dunyo va o‘zi haqidagi axborotning ifodachisi, harakatlarni oldindan fikran tuzuvchi va ularning natijalarini bashorat qiluvchidir. YUzaga kelish usuliga ko‘ra ong materiya harakati biologik va ijtimoiy shakllarining mahsulidir; insonning ijtimoiy-moddiy faoliyati ongning tarixiy shakllanish omilidir. Vazifasiga ko‘ra ong – inson xulq-atvori va faoliyatini boshqarish omili, borliqning nisbiy-izchil in’ikosi va uni asosli-ijodiy o‘zgartirish vositasi, mantiqiy fikrlash shakllarining shakllanish omilidir. Download 305.59 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling