Iminova nilufarning


Download 29.59 Kb.
Sana04.11.2020
Hajmi29.59 Kb.
#140397
Bog'liq
Iminova Nilufar - Mutaffakkir olim Mahmud az-Zamaxshariyning ibratli hayot yo’llari




O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI

ANDIJON VILOYAT XALQ TA’LIMI BOSHQARMASI

BALIQCHI TUMAN XALQ TA’LIMI BO’LIMIGA QARASHLI

28-UMUMIY O’RTA TA’LIM MAKTAB

TARIX VA HUQUQ FANI 1-TOIFALI O’QITUVCHISI

IMINOVA NILUFARNING

MUTAFFAKKIR OLIM MAHMUD AZ-ZAMAXSHARIYNING IBRATLI HAYOT YO’LLARI” MAVZUSIDA

ENG YAXSHI ILMIY MAQOLA”

KO’RIK-TANLOVI UCHUN TAYYORLAGAN

Mutaffakkir olim Mahmud az-Zamaxshariyning ibratli hayot yo’llari

Aksarimizning tabiatimizda erinchoqlik borki, ba'zan erta tongdan uyqu va halovatdan voz kechib, o‘qishga yoki ishga borishga erinamiz, ishlarimizni ko‘ngil xohishi tufayli emas, ichki bir majburiyat yuzasidan bajaramiz. Shunday paytlarda ulug‘ ajdodimiz Mahmud az-Zamaxshariyning hayot yo‘lini bir eslasak, ongimizda soat bong urganday bo‘lsa, ajab emas. Sababi, bu buyuk alloma barchamiz uchun ibratdir.

Ko‘hna Xorazm zaminida azaldan jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan. Abul Qosim Zamaxshariy ana shunday ulug‘ siymolardan biridir.

Mutafakkirning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy bo‘lib, 1075 yil 19 martda Xorazmning katta qishloqlaridan biri – Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi. Tilshunos, adib, tafsir va hadisshunos olim Zamaxshariy haqidagi maʼlumotlar, asosan, o‘rta asr arab manbalarida keltiriladi. Otasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lgan va aksar vaqtini Qurʼon tilovati-yu namoz o‘qish bilan o‘tkazib, Zamaxshardagi bir masjidda imomlik ham qilgan. Zamaxshariyning onasi ham taqvodor, dindor ayollardan hisoblangan.

Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari, ayniqsa, arab tili va adabiyotini, diniy ilmlarni, shuningdek, o‘sha davrda ilm axli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallaydi. Ustozi — til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Isfaxoniy (1113 yil Marvda vafot etgan) dan ilm o‘rganadi. Talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi. Bu yerda u shayx ul-islom Abumansur Nasr Horisiy, Abusa’d Shaqqoniy va Abulxattob ibn Abulbatr kabi olimlardan saboq oladi.

Alloma haqidagi manbalardan maʼlumki, uning bir oyog‘i yog‘ochdan bo‘lib, tarixchilar bu haqda: “Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi”, – deb yozganlar. Og‘ir illat tufayli u yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va shundan so‘ng otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand o‘sgan Mahmud otasidan o‘zini madrasaga o‘qishga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi.

Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, tolibi ilmlar orasida zo‘r isteʼdodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallashga kirishadi, o‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik sanʼatini ham mukammal egallab, o‘z tirikchiligini birqadar tuzatadi. So‘ng talabalik yoshiga yetgach, bilimini yana-da oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi.

Zamaxshariy Buxoroda o‘qishni tugatgach, bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, kotiblik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib eʼtibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi, maqsadlarining ushalishiga umid bog‘laydi.

1118 yili Zamaxshariy og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach esa hukmdorlar xizmati, mansab va mol-dunyodan mutlaqo voz kechadi, qolgan umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga, asarlar taʼlif etishga astoydil qaror qiladi.

Zamaxshariyning o‘z davri ilmlarini to‘liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo‘lgan.

Mana shunday ustozlardan biri – til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jarir Dabbiy Isfahoniydir. Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan. Bu o‘lkada moʻtaziliylar taʼlimotining joriy bo‘lishi ham mana shu Isfahoniy nomi bilan bog‘liqdir. Zamaxshariy Bag‘dodda shayxulislom Abu Mansur Nasr Xorisiy, Abu Saad Shaqqoniy, Abul Xattob ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan tahsil oldi. Makkada bo‘lganida esa nahv va fiqh bo‘yicha ilmni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn Muhammad ibn Abdulloh Yabiriy Andalusiy, shayx Sadid Xayyatiy, lug‘at ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn Xadar Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o‘rgandi.

Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Hijozda, ikki marta Makkada bo‘ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, bu mintaqa geografiyasiga oid xilma-xil maʼlumotlarni to‘pladi.  Adib ko‘p asarlarini Makkaligida yaratadi. O‘z hayotida chuqur iz qoldirgan Makkada Zamaxshariy besh yilcha yashaydi. Shu boisdan u Jorulloh (“Allohning qo‘shnisi”) degan sharafli laqabga muyassar bo‘ladi.

O‘z davrining yirik olimi darajasiga ko‘tarilgan Zamaxshariyning Xorazmda ham, Sharqning boshqa ko‘pgina shaharlarida ham ko‘pdan-ko‘p shogirdlari bo‘lgan, alloma ko‘p vaqtini o‘shalarga bag‘ishlardi. U qarindoshurug‘larining qiyin-qistovlariga qaramasdan, hayotida biror marta ham uylanmagan. Ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni farzand o‘stirishdan aʼlo deb hisoblagan. Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib Xorazmda bir necha yil yashaydi va 1144 yil 14 aprelda vafot etadi.

1333 yili Xorazmda sayohatda bo‘lgan mashhur arab sayyohi ibn Battuta (1304–1377) “Ar-Rihla” (“Sayohatnoma”) asarida Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganini yozadi.

Buyuk mutafakkir Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid elliqdan ortiq asarlar yaratgan, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.

Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid asarlar Zamaxshariy ijodida salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” (1121 yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan.

Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddin Abulmuzaffar Otsizga bag‘ishlab yozilgan “Muqaddamat ul-adab” asari alohida ahamiyatga egadir. Bu o‘rinda shuni taʼkidlash kerakki, xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan edi. Hukmdorlar, ayniqsa, xorazmshoh Otsiz olimlar, shoiru adiblarga hurmat bilan qarar, o‘zi ham isteʼdodli, maʼrifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Zamaxshariy “Muqaddamat ul-adab”ni uning nomiga bag‘ishlab yozgan. Asar besh katta qismga bo‘lingan bo‘lib, otlar, feʼllar, bog‘lovchilar, ot o‘zgartishlari va feʼl o‘zgarishlari haqida bahs yuritadi. Asar 1137 yillari yozib tugallangan.

Zamaxshariy o‘z asarida o‘sha davr arab tilining isteʼmolda bo‘lgan barcha so‘zlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta eʼtibor qilgan. Shu boisdan ham Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yo‘nalishdagi dastlabki asarlardan deyishga haqlimiz. “Muqaddamat ul-adab”ning arab, fors, turkiy-o‘zbekcha, mo‘g‘uliy so‘zlik kiritilgan qo‘lyozmalari mavjud.

Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-Sulaymon bilan do‘st edi. Ibn Vahhos o‘z mamlakatining geografiyasi bilan juda yaxshi tanish bo‘lgan. Zamaxshariy ibn Vahhos maʼlumotlariga tayanib, o‘zining Hijozga qilgan safaridan olgan shaxsiy kuzatishlari asosida yozgan “Kitob ul-jibol val-amkina val-miyoh” (“Tog‘lar, joylar va suvlar haqida kitob”) nomli asarida jug‘rofiy joylar, tog‘lar va dengizlarga doir qimmatbaho maʼlumotlar keltiradi.

 Az-Zamaxshariyning mazkur kitobi Arabiston yarimorolidagi shaharlar, qishloqlar, maqbaralar, machitlar, ziyoratgohlar, tog`lar, vodiylar, suv havzalari nomlarining izohi berilgan muhim toponimik qomus, desak xato bo`lmaydi. Asarning e’tiborli tomoni shundaki, muallif geografik nomlarni alifbo tartibida bergan, ularning ma’nosi, joylarga nega shunday nomlar qo`yilganligi va shunga bog`lik qator qiziqarli hikoyalarni keltiradi. Kitobda Falastin, Suriya, Iroq va Misr kabi malakatlarning nomi tilga olinib, ulardagi shaharlarga oid ma’lumotlar kiritilgan. Unda O`rta Osiyodagi ba’zi joy nomlari uchrasa-da, lekin ularning izohi yo`q. Shuning uchun mutaxassislar Az-Zamaxshariyning ushbu geo­grafik asari tugallanmagan yoki oxirigacha tahrir qilinmagan, deb hisoblaydilar.

Hozirgacha saqlanib qolgan asarlarining umumiy soni va ular­ning ahamiyatiga tayangan holda Az-Zamaxshariyni nafaqat islomshunos olim, balki sharq geografiyasining rivojiga o`zining o`lkan hissasini qo`shgan geograf va sayyoh-olim, deb aytish mumkin.

Zamaxshariy adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlari bo‘yicha ham mukammal asarlar yaratgan.

Olimning “Asos ul-balog‘a” (“Balog‘at asoslari”) asari, asosan, lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan. Unda arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so‘z boradi. Fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish ham kerak bo‘lgan. Bu asarda adabiyotning asosiy qismlari, frazeologik so‘z birikmalari, ularni amalda tatbiq etish yo‘llari chuqur tahlil qilingan.

“Atvoq uz-zahab fil-mavoiʼz val-xutab” (“O‘git va nasihatlarning oltin shodalari”) asari nasihatomuz maqolalar to‘plamidan iborat. Asar birinchi marta 1835 yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilinib, arabcha matni bilan nashr etilgan.

Zamaxshariyning “Rabiʼ ul-abror va nusus ul-axyor” (“Yaxshilar bahori va fozillar axbori”) asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, suhbatlarning eng saralari jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning nodir bir qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, O‘zR FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham qo‘lyozmalari mavjud.

Zamaxshariyning g‘oyatda keng tanilgan “Kashshof an haqoiq it-tanzil va uyun ilaqovil fi vujuh it-taʼvil” (“Qurʼon haqiqatlari va uni sharhlash orqali so‘zlar ko‘zlarini ochish”) asari Qurʼon tafsiriga bag‘ishlangan. “Kashshof” Zamaxshariy Makkada turgan paytida, uch yil davomida (1132– 1134) yozilgan.

Zamaxshariyning chuqur bilimi, dahosi va fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustoz ul-arab val-ajam” (“Arablar va ajamlar ustozi”), “Faxru Xvarazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar. Mashhur olimlar, shoirlar, adiblar davrasida u doimo peshvolardan biri bo‘lib, qizg‘in ilmiy bahslar, munozaralarda uning fikri inobatga olinadi.

Foydalanilgan adabiyotlar




  1. Buyuk yurt allomalari” Ubaydullo Uvatov. Alibek Rustamov.

  2. 100 Markaziy Osiyo mutafakkirlari” Тошкент ислом университети. «Yangi nashr», 2011y.

  3. www.ziyonet.uz

  4. www.ziyouz.com

  5. www.wikipedia.org

Download 29.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling