Punktuatsiyaga ma’noni asos qilib olish. Bu oqim vakillari (masalan, S.I.Abakumov, A. B.Shapirova va boshqalar) punktuatsion qoidalarni belgilashda ko‘proq semantikaga – gapning ma’nosiga, mazmuniga e’tibor beradilar. Tinish belgilarnning qo‘llanishini ma’noga bog‘lab izohlaydilar.
Punktuatsiyaga grammatik qurilishni asos qilib olish. Ular (masalan, S.Bulich, N. Grech, Sh.Shoabdurahmonov va boshqalar) tinish belgilarnning qo‘llanishini aniqlashda ko‘proq gapning sintaktik qurilishga diqqat qilib, tinish belgilarnning ishlatilishni gap strukturasiga bog‘lab izohlaydilar.
Punktuatsiyaga intonatsiyani asos qilib olish. Bu oqim tarafdorlari (L.V.Shcherba, A. M. Peshkovskiy, Q.Rustamov va boshqalar) punktuatsion qonun-qoidalarni gapning ohangi, intonatsiyasi bilan bog‘lab tushuntiradilar.
Punktuatsiya asoslarini bunday belgilash bir yoqlama bo‘lib, masalaning mohiyatini to‘liq aks ettira olmaydi. Chunki intonatsiya ham, nutqning sintaktik strukturasi ham, gapning mazmuni ham alohida-alohida olinganda, ya’ni bir-biridan ajratilgan holda, punktuatsiya uchun asos bo‘la olmaydi, chunki bular bir narsaning uch tomoni – bir hodisaning uch xususiyatidir.
Punktuatsiya asoslarini belgilashda nutq mazmuni, strukturasi va intonasion xususiyatlari bir butun holatda olib qaralishi zarur.
Punktuatsiya asosi deyilganda mazkur tildagi punktuatsion qoidalarning tafsiloti va tinish belgilarnning qo‘llanishi nimalarga bog‘liqligi, ya’ni ma’lum tayanch (fundament) zaminida muayyan til punktuatsiyasining sistemalashuvi tushunilishi lozim.
O‘zbek punktuatsiyasi, avvalo, o‘zbekcha nutqning grammatik qurilishiga asoslanadi, ya’ni o‘zbek tilining grammatik strukturasi o‘zbek punktuatsiyasi uchun negiz, yetakchi asos bo‘lib xizmat qiladi va u o‘zbek punktuatsiyasining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Grammatik qurilish nutqning mazmun, intonasion va tuzilnsh jihatlarining bir butunligi (yaxlitligi)dir: bunda (nutqdagi semantik-grammatik munosabatning, butunligi, dialektik birligi – mazmun va shakl birligi tushuniladi. Shu yaxlitlik zaminida konkret fikr-maqsad ifodalanadi. Gapdagi mazmun uning ichki tomonini, grammatik holat esa uning tashqi tomonini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |