Informatika fanini kasbga yo’naltirish jarayonida foydalaniladigan interaktiv usullarlarni ishlab chiqish
Faollashtirishga qaratilgan texnologiyalardan foydalanishga qo‘yilgan talablar
Download 26.81 Kb.
|
1 2
Bog'liq2-ma\'ruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- Informatika fanlarini o‘qitishda shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari.
Faollashtirishga qaratilgan texnologiyalardan foydalanishga qo‘yilgan talablarInformatika fanlarini o‘qitish jarayonida o‘quvchilar o‘quv-biluv faoliyatlarini faollashtirish texnologiyalarini tahlil qilish natijasida bu texnologiyalardan foylalanishda quyidagi talablar mavjudligini hisobga olish lozim deb topdik: o‘quvchilarda motivatsiyali faoliyatni shakllantirish: o‘quvchilarning bilish faoliyatini shakllantirish, individual qobiliyatlarini rivojlantirib borish; guruhdagi har bir o‘quvchining faol ta’lim jarayoniga ishtirokini ta’minlash; berilgan mustaqil ishlarni bajarishda o‘quvchilar faolligini ta’minlashga erishish va h.k. Informatika fanlarini o‘qitishda shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalari.Informatikani fanlarini o‘qitishda shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalaridan foydalanishda ta’lim oluvchilar o‘qituvchidan kam bo‘lmagan faollikka ega bo‘lib, o‘quv dasturini o‘zlashtirishda o‘quvchilarning shaxsiy qobiliyatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Pedagog o‘z faoliyati davomida inson shaxsining bir butunligi, individualligi, takrorlanmasligini hisobga olish bilan birga, o‘quvchi shaxsining hissiy, emotsional, estetik, ma’naviy, ijodiy imkoniyatlarini ham hisobga olishi lozim bo‘ladi. Shaxsga yo‘naltirilgan ta’limning maqsadi o‘quvchi shaxsning faolligiga erishish va quyidagi vazifalarni to‘liq bajara olishi uchun shart-sharoit yaratishdir: tanlash (mavjudlardan eng maqbulini) qobiliyati shakllantirish; o‘quvchining o‘z hayoti, faoliyati, qobiliyatini baholashga o‘rgatish; o‘quvchini o‘z hayot mazmunini qidirish, ijodkorlik (-Men kimman? - qo‘limdan nima keladi? - Kelajakda kim bo‘laman? -Qanday yashayman? va hokazo savollarga javob bera olish)ga o‘rgatish; o‘quvchi shaxsining avtonomligi: o‘zini tuta bilishi, o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, xatti-harakat, his- tuyg‘ulariga javobgarligi, o‘zining ongli qaror qabul qilishiga erishish. Informatika fanlarini o‘qitish jarayonida o‘qituvchi “axborot manbai”, “axborot yetkazuvchi”, “nazoratchi”, tashxislovchi bo‘lishi bilan birga “. o‘quvchining mustaqil bajarishiga yordamchi” bo‘lishi lozim. Shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyasi barcha o‘quvchilarning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘qitish, tarbiyalash va rivojlantirishda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim: o‘quvchilarning fiziologik, psixologik, yosh xususiyatlarini hisobga olish; o‘quv ehtiyojlari, o‘quvchilarga yetkaziladigan materiallarinig qiyinlik darajasini har xil bo‘lishiga erishish; o‘quvchilarni guruhlarga ajratishda bilim va qobiliyatini hisobga olish; bir xil, bir-biriga yaqin bilimli, xususiyatli o‘quvchilar guruhini shakllantirish; guruhdagi har bir o‘quvchiga individual, o‘ziga xos munosabatni shakllantirishga erishish va hk Pedagog tomonidan shaxsga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etish vositalariga quyidagilar kiradi: o‘quvchining subyektga xos xususiyatlari(mustaqillik, individuallik, qiziquvchanlik va h.k.)ni ochish, o‘qitishning turli usul va vositalaridan foydalanish; o‘quvchini baholashda oxirgi natijani hisobga olib (to‘g‘ri yoki yoki noto‘g‘ri) emas, topshiriqni bajarishdagi urinishlari, harakatlarini ham hisobga olish; didaktik materiallarni tayyorlash va tanlashda o‘quvchilar uchun eng qulaylarini tanlashga erishish; o‘quvchilarning o‘rganganlarini turli usullar(og‘zaki, amaliy bajarib, chizma, slaydlar ko‘rinishida, ma’ruza, referat, loyihalar shaklida va h.k.)dan foydalanib bayon etishlariga imkon yaratish; darsda pedagogik vaziyatni yaratish, topshiriqni bajarishda har bir o‘quvchining mustaqilligi, tashabbuskorligi, zukkoligini namoyon etishga undash; o‘quvchilarning tabiiy ravishda o‘z fikrlarini samimiy ifoda etishga erishish va h.k. Professor Y.V. Bondarskaya fikricha, shaxsga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etishda quyidagi talablarni hisobga olish lozim: dialoglilik, ijodiy faollik, individual rivojlanishni qo‘llab quvvatlash, unga yo‘naltirish, shaxsiy qarorlar qabul qilishda erkinlikni yaratish, mazmunni tanlash va bayon etishda erkinlik, ijodiy yondashuvga e’tibor qaratish va h.k. Yuqoridagi talablardan kelib chiqib, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim texnologiyalariga quyidagilarni kiritish mumkin: hamkorlikda o‘qitish texnologiyasi; O‘yinli texnologiyalar; Muammoli ta’lim texnologiyasi; SH.A.Amonashvilining inson-shaxs texnologiyasi; dasturlashtirilgan o‘qitish; modulli ta’lim texnologiyasi; o‘zini-o‘zi rivojlantirish texnologiyasi (Celevko G.K). Hamkorlikda o‘qitish texnologiyasi – o‘quv jarayonida talabalarning jamoada, kichik guruh va juftlikda bilimlarni birgalikda o‘zlashtirishlari, o‘zaro rivojlanishlari, “pedagog-talaba(lar)” munosabatining hamkorlikda tashkil etilishini ifodalovchi ta’lim bo‘lib, uning asosiy g‘oyasi o‘quv topshiriqlarini jamoada, kichik guruhlarda yoki juftlikda birgalikda, o‘zaro hamkorlikda bajarish sanaladi. Shuningdek, bu texnologiyaning asosiy g‘oyasi – biror – bir topshiriqni birgalikda bajarish emas, balki hamkorlikda o‘qish, o‘rganish, hisoblanadi. Hamkorlikda o‘qitish o‘quvchida ongli intizomni tarbiyalaydi, o‘z muvaffaqiyatini guruh muvaffaqiyati deb bilishga, topshiriqlarni hamguruhlari bilan puxta o‘zlashtirishga, o‘rtoqlariga hamkor bo‘lib, o‘zaro yordam uyushtirishga va nihoyat sitqidildan aqliy mehnat bilan shug‘ullanishiga zamin tayyorlab, o‘z safdoshlarini hamjihatlikda, hamkorlikda ishlashga da’vat etishga o‘rgatadi. O‘yinli ta’lim texnologiyasi. O‘yin inson faoliyatining bir turi bo‘lib, ta’lim jarayonini turli vaziyatlarda obyekt tomonidan turli harakatlarni bajarish orqali ko‘nikma, malakalarni hosil qilish maqsadida qo‘llaniladi. O‘yinning kompyuterli, sport, iqtisodiy, harbiy, ishbilarmonlik tadbirkorlik kabi turlarga ajratilib bevosita ta’lim jarayonida foydalanish mumkin. Informatika fanlarini o‘qitishda o‘yinli ta’lim texnologiyalaridan foydalanishga misol qilib biz, kompyuterning asosiy va qo‘shicha qurilmalari mavzusini tushuntirish jarayonida turli toifa(versiya)dagi kompyuterlarni ichki qurilmalarini terib joylashtirishni kichik guruhlarda o‘yinli tashkil etish, turli qiyinlikdagi masalalarni yechish dasturini tuzishni “Tezkor operator”, “Kim chaqqon dasturchi?”, “Kim tezkor dasturchi” kabi mavzularda guruhli o‘yinlarni tashkil etish, o‘rganilayotgan dastur menyulari nomini o‘quvchilarga bo‘lib berib, o‘quvchilar tomonidan menyular nomiga mos vazifalarni bajarilishini o‘yinli ijro etish va boshqa shakllarda ham tashkil etishimiz mumkin, bu informatika o‘qituvchisining ijodkorligiga va o‘z ustida ishlashiga bog‘liq bo‘ladi. Muammoli ta’lim texnologiyasi. Talabalarda ijodiy izlanish, kichik tadqiqotlarni amalga oshirish, muayyan farazlarni ilgari surish, natijalarni asoslash, ma’lum xulosalarga kelish kabi ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga xizmat qiladigan ta’lim muammoli ta’lim deb ataladi. Muammoli ta’lim turlari (M.N.Skatkin): Bilimlarni muammoli bayon qilish (muammoli ma’ruza). Muammoli topshiriqlarni hal qilish (muammoli amaliy mashg‘ulot). Kichik ilmiy tadqiqotlarni olib borish (muammoli tajriba). Muammoli vaziyat – talabalarning ma’lum topshiriqlarni bajarish (masalani yechish, savolga javob topish) jarayonida yuzaga kelgan ziddiyatni anglashi bilan bog‘liq ruhiy holati bo‘lib, u hal etilayotgan masala bilan bog‘liq yangi bilimlarni izlashni taqozo etadi. Muammoli vaziyatlarni hal qilish bosqichlari: Muammoli vaziyatni yaratish. Vaziyatni tahlil qilish asosida muammoni qo‘yish. Farazlarni ilgari surish. Yechimni tekshirish. SH.A.Amonashvilining inson-shaxs texnologiyasi. Shalva Aleksandrovich Amonashvili taniqli pedagog olim va amaliyotchi bo‘lib, u o‘zining eksperimental maktabida hamkorlik pedagogikasini, shaxsiy yondashuvni, til va matematika o‘qitishning ajoyib metodikasini ishlab chiqdi va hayotga tatbiq etdi. Sh.A.Amonashvilining asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat: bolaning shaxsiy xislatlarini namoyon qilish orqali unda olijanob insonning shakllanishi, rivojlanishi va tarbiyalanishiga imkon yaratish; bolaning qalbi va yuragini ulug‘lash orqali boladagi bilishga bo‘lgan kuchlarni rivojlantirish va shakllantirish; keng va chuqur bilim, hamda malaka olish uchun sharoit yaratish va ideal tarbiya – bu o‘z-o‘zini tarbiyalashga erishish. SH.A.Amonashvili o‘zining texnologiyasini amalga oshirish uchun insonparvarlik, shaxsiy yondashuv, muloqot mahorati, oila pedagogikasining qo‘shimcha imkoniyati kabi metodika va metodik usullardan foydalandi. SH.A.Amonashvili texnologiyasida bola faoliyatini baholash alohida ahamiyatga ega. Baholardan foydalanish o‘ta cheklangan bo‘lib, miqdoriy baholashdan ko‘ra sifatli baholashga urg‘u beradi, ya’ni tavsif, natijalar portfeli, o‘z-o‘zini baholash kabilar. Modulli ta’lim texnologiyasi. “Modul” lotincha so‘z bo‘lib “qism” yoki “bo‘lak” “blok” degan ma’noni bildiradi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarning eng kichik modullari asosiy tushuncha bo‘lib, ular go‘yo pedagogik texnologiyani hosil qiluvchi “g‘ishtcha”lar vazifasini bajarishi bilan asosiy ahamiyatga ega. Informatika o‘qituvchisini tayyorlashda modul texnologiyasi maqsadini ro‘yobga chiqarish uchun modul bosqichma-bosqich amalga oshirilib, har bir harakatga o‘quv elementi sifatida qaraladi. Modul texnologiyasi o‘quv elementi o‘z ichiga quyidagilarni qamrab oladi: Faoliyatning aniq elementlarini o‘rgatish bilan bog‘liq bo‘lgan nazariy va amaliy axborotlar: ma’ruza matni, amaliy va laboratoriya topshiriqlari; Ta’lim uchun zarur bo‘lgan faoliyatni ta’minlovchi materiallar haqidagi ma’lumotlar: darsliklar, o‘quv, uslubiy qo‘llanmalar, ko‘rsatmalar, slaydlar, umumiy holda o‘quv materiallari; O‘quv sharoitini nazorat qilish: turli darajadagi testlar, mustaqil ish topshiriqlari, loyihalar tuzish va boshqalar. Dasturlashtirilgan o‘qitish XX asrning 50-yillari boshida paydo bo‘ldi. U amerikalik psixolog B.Skinner nomi bilan bog‘liq. U materiallar o‘zlashtirilishini boshqarishning samaradorligini oshirishda, axborotlarni qismlab uzatishning muntazam programmasi asosiga qurish va uni nazorat qilishni tavsiya etdi. N.Krauder tarmoqlangan dasturni ishlab chiqdi, unda nazorat natijalariga ko‘ra ta’lim oluvchilarga mustaqil ishlar uchun turli xildagi materiallar tavsiya etiladi. G.K.Selevko dasturlashtirilgan o‘qitishga quyidagi ta’rifni beradi, ya’ni dasturlashtirilgan o‘qitish deganda o‘qitish uskunalari: EHM, programmalashtirilgan darslik, kinotrenajer va boshqalar yordamida programmalashtirilgan o‘quv materialining o‘zlashtirilishini boshqarishni tushunadi. Bugungi kunda elektron dasturiy vositalar yaratilib, ular yordamida o‘qitishning yo‘lga qo‘yilishi dasturlashtirilgan o‘qitishga misol bo‘la oladi. Nazorat savollari: Informatika fanlarini o‘qitishda o‘quv-biluv faoliyatini faollashtirish texnologiyalariga qo‘yiladigan psixologik-pedagogik talablarni mantiqiy ochib bering! Informatika fanlarini o‘qitishda faol o‘qitish vositasiga nimalar kiradi? Fikringizni bayon etib, izohlab bering! Informatika fanlarini o‘qitish texnologiyalari bir-biridan nimasi bilan farq qiladi, masalan o‘yinli texnolgiya hamkorlik texnologiyasidan, muammoli texnologiya modulli texnologiyadan va h.k. Informatika darslarida o‘quvchilar faolligini ta’minlash uchun qanday talablar bajarilishi kerak deb o‘ylaysiz? Informatikadan shaxsga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etishdan maqsad nima? Fikringizni izohlab bering! Shaxsga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etish vositalarini mazmunan ochib bering! Shaxsga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etishda o‘qituvchi qanday talablarni amalga oshirishi kerak? Informatika fanlarini o‘qitishda o‘quvchini o‘zini-o‘zi rivojlantirishiga qanday erishish mumkin? Javobingizni izohlab bering! Download 26.81 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling