Inspeksiya boshlig‘i I. Xolmatov toshkent sh


Sanoat xavfsizligi talablari


Download 100.32 Kb.
bet4/7
Sana05.05.2023
Hajmi100.32 Kb.
#1430035
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
158 14.08.2009

Sanoat xavfsizligi talablari — bu qonun hujjatlarida, shuningdek texnik hujjatlarda nazarda tutilgan shartlar, taqiqlar, cheklovlar va boshqa majburiy talablar bo‘lib, ularga rioya etilishi sanoat xavfsizligini ta’minlaydi (O‘zbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasi).
Xavf-xatar saviyasi — odamlar va mol-mulk uchun ularning atrof-muhitidagi xavfning kattaligini belgilovchi ko‘rsatkich.
Avariya tufayli yetkazilgan zarar — inson faoliyatining ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalaridagi yo‘qotishlar (zararlar), xavfli ishlab chiqarish obyektida sodir bo‘lgan avariya natijasida atrof-muhitga yetkazilgan va pul ekvivalentida hisoblanadigan zarar.
II bob. Umumiy qoidalar
2. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariya xavflarini tahlil qilish (keyingi o‘rinlarda — xavf tahlili) sanoat xavfsizligini boshqarish tizimining muhim elementi hisoblanadi. Uning yordamida ko‘rsatilgan tizimni takomillashtirish hamda avariyaviylik va travmatizm darajasini pasaytirishga erishish mumkin. Xavf tahlili xavf-xatarlarni identifikatsiyalash va yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisalar xavfini baholash uchun barcha mavjud ma’lumotlardan sistematik foydalanishni o‘z ichiga oladi.
3. Xavf tahlili natijalaridan xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligini deklaratsiyalashda, sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazishda, xavfsizlikni ta’minlashga doir texnik yechimlarni asoslashda, sug‘urtalashda, xavfsizlikni “qiymat xavfsizlik — foyda” mezonlari bo‘yicha iqtisodiy tahlil qilishda, xo‘jalik faoliyatining atrof-muhitga ta’sirini baholashda va xavfsizlik tahlili bilan bog‘liq boshqa jarayonlarda foydalaniladi.
4. Ushbu Uslubiy ko‘rsatmalar konkret xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavf tahlilini o‘tkazish bo‘yicha uslubiy hujjatlar (sohaviy uslubiy ko‘rsatmalar, tavsiyalar, rahbarlik hujjatlari, uslubiy hujjatlar va h.)ni ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
5. Ushbu Uslubiy ko‘rsatmalarda xavf tahlilini o‘tkazish zaruriyati, uning davriyligi, shuningdek maqbul xavfning konkret darajalari va mezonlari belgilanmaydi. Xavf tahliliga qo‘yiladigan konkret talablarga, zarur hollarda, xavfli ishlab chiqarish obyektlarining o‘ziga xos jihatlarini aks ettiruvchi me’yoriy hujjatlar orqali aniqlik kiritilishi mumkin.
6. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalar xavfi tahlilining asosiy vazifalari qaror qabul qiladigan shaxslarga quyidagilarni taqdim etishdan iborat:
obyektning sanoat xavfsizligi holati to‘g‘risida obyektiv ma’lumot,
xavfsizlik nuqtai nazaridan eng xavfli, “zaif” joylar to‘g‘risida ma’lumotlar,
xavfni kamaytirish bo‘yicha asoslangan tavsiyalar.
III bob. Xavf tahlilini o‘tkazish tartibi
1-§. Xavf tahlilining asosiy bosqichlari
7. Xavf tahlilini o‘tkazish jarayoni quyidagi asosiy bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
ishlarni rejalashtirish va tashkil etish;
xavf-xatarlarni identifikatsiyalash;
xavfni baholash;
xavfni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
8. Xavf tahlilining mazmuni va uning har qaysi bosqichiga qo‘yiladigan talablar mazkur bobning 2-5 § larida belgilab berilgan.
9. Xavf tahlilining har qaysi bosqichi mazkur hujjatning V bobida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.
2-§. Ishlarni rejalashtirish va tashkil etish
10. Ishlarni rejalashtirish bosqichida quyidagilar bajarilishi lozim:
tahlil qilinadigan xavfli ishlab chiqarish obyektini belgilab olish va uning umumiy tavsifini berish;
xavf tahlilini o‘tkazish zaruriyatini keltirib chiqargan sabablar va muammolarni tavsiflash;
xavf tahlilini o‘tkazish uchun ijrochilar guruhini belgilash;
xavfli ishlab chiqarish obyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlar manbalarini belgilash va tavsiflash;
xavf tahlilining chuqur, to‘liq va mukammal o‘tkazilishini belgilovchi dastlabki ma’lumotlar, moliyaviy resurslar va boshqa holatlarning cheklanganligini ko‘rsatish;
o‘tkaziladigan xavf tahlilining maqsad va vazifalarini aniq belgilash;
xavf tahlilida qo‘llaniladigan usullarni asoslash;
maqbul xavf mezonlarini belgilash.
11. Xavf tahlili sifatini ta’minlash uchun xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalarning yuzaga kelishi va rivojlanishi qonuniyatlariga doir bilimlardan foydalanish lozim. Agar o‘xshash xavfli ishlab chiqarish obyekti yoki xavfli ishlab chiqarish obyektida foydalaniladigan o‘xshash texnik qurilmalar uchun xavf tahlili natijalari mavjud bo‘lsa, ulardan dastlabki ma’lumot sifatida foydalanish mumkin. Lekin bunda obyektlar va jarayonlar bir-biriga aynan o‘xshashligi, mavjud farqlar esa tahlil natijalariga sezilarli ta’sir qilmasligi ko‘rsatilishi lozim.
12. Xavf tahlilining maqsad va vazifalari xavfli ishlab chiqarish faoliyati obyektining turli bosqichlarida farq qilishi va aniqlashtirilishi mumkin.
a) xavfli ishlab chiqarish obyektini joylashtirish (investitsiyalarni asoslash yoki loyihaoldi ishlarini bajarish) yoki loyihalash bosqichida xavf tahlilining maqsadi, odatda, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
xavf-xatarlarni aniqlash va shikastlovchi avariya omillarining xodimlarga, aholiga va atrof-muhitga ta’sirini hisobga olgan holda xavfni miqdoriy aprior baholash;
taklif etilgan qarorlarning maqbulligini tahlil qilish va joyning xususiyatlari, boshqa obyektlarning joylashishi va iqtisodiy samaradorlikni hisobga olgan holda xavfli ishlab chiqarish obyektini, foydalaniladigan texnik qurilmalarni, xavfli ishlab chiqarish obyekti bino va inshootlarini joylashtirishning optimal variantlarini tanlashda natijalarning hisobga olinishini ta’minlash;
yo‘riqnomalar, texnologik reglament va xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyalarni lokallashtirish rejalarini ishlab chiqish uchun ma’lumotlar bilan ta’minlash;
xavfli ishlab chiqarish obyektini joylashtirish yoki texnik yechimlar bo‘yicha muqobil takliflarni baholash.
b) Xavfli ishlab chiqarish obyektini foydalanishga kiritish (foydalanishdan chiqarish) bosqichida quyidagilar xavf tahlilining maqsadi bo‘lishi mumkin:
xavf-xatarlarni aniqlash va avariya oqibatlarini baholash, xavfli ishlab chiqarish obyektining oldingi faoliyat bosqichlarida xavfga berilgan baholarni aniqlashtirish;
foydalanish sharoitlarining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini tekshirish,
foydalanishga kiritish (foydalanishdan chiqarish) bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqish va ularni aniqlashtirish.
v) Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish yoki uni rekonstruksiya qilish bosqichida quyidagilar xavf tahlilining maqsadi bo‘lishi mumkin:
foydalanish sharoitlarining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini tekshirish;
asosiy xavf-xatarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlashtirish (shu jumladan sanoat xavfsizligini deklaratsiyalashda);
nazorat organlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnomalarni, xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyalarni lokallashtirish rejalarini takomillashtirish;
tashkiliy tuzilmalar, amaliy ish usullari va texnik xizmat ko‘rsatishdagi o‘zgarishlarning sanoat xavfsizligini boshqarish tizimini takomillashtirishga nisbatan samarasini baholash.
13. Xavf tahlili usullarini tanlashda tahlilning maqsadi, vazifalari, o‘rganilayotgan obyektlarning murakkablik darajasi, zarur ma’lumotlarning mavjudligi va tahlilni o‘tkazish uchun jalb qilinadigan mutaxassislarning malakasi hisobga olinishi lozim. “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi yoki sanoat xavfsizligi sohasida qonunchilik asosida alohida vakolatga ega boshqa ijro etuvchi tomonidan tasdiqlangan uslubiy materiallar foydalanishda ustuvor hisoblanadi.
Boshqaruv tizimlarining asosini tashkil etadigan, xavf-xatarni aniqlash imkonini beruvchi sifatiy usullarga e’tiborni qaratgan holda, konkret obyektlar va qurilmalar uchun xavf tahlili usullarini ishlab chiqilishi lozim. Zamonaviy xavfsizlikni boshqarish tizimlarini yaratishda miqdoriy xavf tahlili ham talab etiladi (4-ilova). Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligiga doir tadbirlarning samaradorligini baholashni ehtimollik tavsiflarisiz amalga oshirib bo‘lmaydi.
14. Rejalashtirish bosqichida qabul qilinishi kerak bo‘lgan boshqaruv qarorlari, shuningdek buning uchun talab etiladigan dastlabki va tayyor ma’lumotlar belgilab olinadi.
15. Qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonini tanlash yoki belgilashga qo‘yiladigan asosiy talab — bu uning asoslanganligi va aniqligidir. Bunda qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlari me’yoriy hujjatlarda berilgan bo‘lishi, xavf tahlilini rejalashtirish bosqichida va (yoki) tahlil natijalarini olish jarayonida belgilanishi mumkin. Qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlari muayyan xavfsizlik talablari va xavfning miqdoriy ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan shartlar yig‘indisidan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim. Xavfning maqbullik sharti muayyan xavfsizlik talablarini, shu jumladan miqdoriy mezonlarni, bajarish shartlari ko‘rinishida ifodalanishi mumkin.
Quyidagilar qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlarini belgilash uchun asos hisoblanadi:
sanoat xavfsizligi me’yorlari va qoidalari yoki tahlil qilinayotgan sohaga doir xavfsizlik bo‘yicha boshqa hujjatlar;
sodir bo‘lgan avariyalar, noxush hodisalar va ularning oqibatlari to‘g‘risida ma’lumotlar;
amaliy faoliyat tajribasi;
xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishdan ko‘riladigan ijtimoiy-iqtisodiy foyda.
3-§. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash
16. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash bosqichining asosiy vazifalari — barcha xavf manbalarini, ularning sodir bo‘lish yo‘llari (ssenariylari)ni aniqlash va puxta tavsiflash. Bu tahlilning muhim bosqichi hisoblanadi. Chunki bu bosqichda aniqlanmagan xavf-xatarlar keyinchalik o‘rganilmaydi va nazardan chetda qoladi.
17. Identifikatsiyalash chog‘ida texnologik tizimdagi qaysi elementlar, texnik qurilmalar, texnologik bloklar yoki jarayonlar jiddiy tahlil qilinishi zarurligi va qaysilari xavfsizlik nuqtai nazaridan kamroq ahamiyatga egaligi aniqlanishi lozim.
18. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash uchun mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarning IV bobida ko‘rsatilgan usullardan foydalanish tavsiya etiladi.
19. Quyidagilar xavf-xatarlarni identifikatsiyalash natijasi hisoblanadi:
ko‘ngilsiz hodisalar ro‘yxati (noo‘rin foydalanish, tabiiy va texnogen omillar va h.),
xavf manbalari, xavf omillari, nomaqbul hodisalarning yuzaga kelish va rivojlanish sharoitlari (masalan, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyalar ssenariysi);
xavf-xatar va xavfni dastlabki baholash*.
* Masalan, xavf-xatarni identifikatsiyalashda, zarur hollarda, qo‘llaniladigan moddalarning xavflilik ko‘rsatkichlari, alohida avariya ssenariylari uchun oqibatlar bahosi va h. lar keltirilishi mumkin.
20. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash ishlari kelgusidagi faoliyat yo‘nalishini belgilash bilan yakunlanadi. Quyidagilar kelgusida bajariladigan xatti-harakat variantlari bo‘lishi mumkin:
xavf-xatarlarning jiddiy emasligi yoki olingan dastlabki baholarning yetarliligi sababli tahlilni davom ettirishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror**;
** Bunday hollarda xavf-xatarni identifikatsiyalash deyilganda xavf-xatarlar tahlili yoki ularni baholash tushuniladi.
xavf-xatarlar tahlili va xavfni baholashni yanada batafsil o‘tkazish to‘g‘risida qaror;
xavf-xatarlarni kamaytirishga doir dastlabki tavsiyalarni ishlab chiqish.
4-§. Xavfni baholash
21. Xavfni baholash bosqichining asosiy vazifalari:
xavfni baholashda hisoblash-tahlil qilish usulini qo‘llash bilan O‘zbekiston Respublikasidagi me’yoriy hujjatlariga zid bo‘lmagan, barcha rasmiy hujjatlardagi bor hisoblash usullaridan foydalanishga ruxsat beriladi;
barcha ko‘ngilsiz hodisalar va ularning omillarining yuzaga kelish chastotasini aniqlash;
ko‘ngilsiz hodisalar oqibatlarini baholash;
xavf baholarini umumlashtirish.
22. Ko‘ngilsiz hodisalarning yuzaga kelish chastotasini aniqlash uchun quyidagilardan foydalanish tavsiya etiladi:
texnologik tizimning avariyaga moyilligi va ishonchliligi bo‘yicha xavfli ishlab chiqarish obyekti spetsifikasiga yoki faoliyat turiga taalluqli statistik ma’lumotlar;
“hodisalar daraxti”, “buzilishlar daraxti”ni mantiqiy tahlil qilish usullari, inson-mashina tizimida avariyalarni yuzaga kelishining imitatsiya modellari;
ushbu soha mutaxassislarining fikrlarini hisobga olish yo‘li bilan olinadigan ekspert baholari.
23. Oqibatlarni baholash insonlar, mulk va/yoki atrof-muhitga ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan ta’sirlar tahlilini o‘z ichiga oladi. Oqibatlarni baholash uchun ko‘ngilsiz hodisalar (ishlamay qolishlar, texnik qurilmalar, bino va inshootlarning buzilishi, yong‘inlar, portlashlar, zaharli moddalar chiqindilari va h.)ning fizik ta’sirlari baholanishi, xavf yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan obyektlar aniqlanishi lozim. Avariyalar oqibatlarini tahlil qilishda avariya jarayonlari modellari va o‘rganilayotgan obyektlarning buzilish, shikastlanish mezonlaridan foydalanish, qo‘llanilayotgan modellarning cheklanganligini inobatga olish lozim. Shuningdek, imkon qadar oqibatlar ko‘lami va ularni yuzaga kelish chastotasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash lozim.
24. Avariyalar xavfiga berilgan umumlashtirilgan baho (yoki xavf darajasi) xavfli ishlab chiqarish obyektida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha ko‘ngilsiz hodisalarning xavf ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda sanoat xavfsizligi holatini aks ettirishi va quyidagilarning natijalariga asoslanishi kerak:
barcha ko‘ngilsiz hodisalar (avariya ssenariylari)ning o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda ularning xavf ko‘rsatkichlarini integrallashtirish;
olingan natijalarning noaniqligi va aniqligini tahlil qilish;
foydalanish sharoitlarining sanoat xavfsizligi talablari va qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlariga muvofiqligini tahlil qilish.
Xavf baholarini umumlashtirishda, imkon qadar, olingan natijalarning noaniqligi va aniqligi tahlil qilinishi lozim. Xavfni baholash bilan bog‘liq ko‘plab noaniqliklar mavjud. Odatda, uskunalarning ishonchliligi va insonlarning xatolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘liq bo‘lmasligi, qabul qilinayotgan farazlar va foydalanilayotgan avariyaviy jarayon modellariga yo‘l qo‘yish noaniqliklarning asosiy manbalari hisoblanadi. Xavfni baholash natijalarini to‘g‘ri talqin qilish uchun noaniqliklarning xususiyatini va ularning sabablarini to‘g‘ri tushunish lozim. Noaniqliklarning manbalari identifikatsiyalanishi (masalan, “inson omili”), baholanishi va natijalarda ko‘rsatilishi lozim.
5-§. Xavfni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish
25. Xavfni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish xavf tahlilining yakunlovchi bosqichi hisoblanadi. Tavsiyalarda xavfni baholash natijalari bo‘yicha asoslangan xavfni kamaytirish choralari ko‘rsatiladi.
26. Xavfni kamaytirishga doir chora-tadbirlar texnik va (yoki) tashkiliy xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Chora-tadbir turini tanlashda xavfga ta’sir ko‘rsatish choralarining amaliyligi va ishonchliligiga berilgan umumiy baho, shuningdek ularni amalga oshirish uchun sarf-xarajatlar ko‘lami hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
27. Tashkiliy choralar xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bosqichida xavfni kamaytirish bo‘yicha yirik texnik choralar qabul qilishda cheklagan imkoniyatlarning o‘rnini bosishi mumkin.
28. Xavfni kamaytirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishda, resurslarning cheklanishi mumkinligidan kelib chiqqan holda, birinchi navbatda sodda va eng kam sarf-xarajat talab etiladigan tavsiyalar, shuningdek istiqboldagi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi nazarda tutilishi lozim.
29. Ko‘p hollarda xavfsizlikni ta’minlashga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar, odatda, avariyalarni oldini olish chora-tadbirlari hisoblanadi. Tatbiq etish rejalashtirilayotgan xavfsizlik chora-tadbirlarini tanlashda quyidagilar ustuvorlikka ega:
a) avariya vaziyatlarining yuzaga kelish ehtimolini kamaytirishga doir chora-tadbirlar. Ularga quyidagilar kiradi:
noxush hodisalarning yuzaga kelish ehtimolini kamaytirishga doir chora-tadbirlar,
noxush hodisalarning avariya vaziyatini yuzaga keltirish ehtimolini kamaytirishga doir chora-tadbirlar;
b) avariya oqibatlarini yumshatishga doir chora-tadbirlar. Ular, o‘z navbatida, quyidagi ustuvor chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
xavfli obyektni loyihalashda ko‘zda tutiladigan chora-tadbirlar (masalan, tutib turuvchi konstruksiyalarni, qulf armaturani tanlash);
avariyadan himoyalash va nazorat tizimlariga taalluqli chora-tadbirlar (masalan, gaz analizatorlaridan foydalanish),
foydalanuvchi tashkilotning avariya oqibatlarini lokallashtirish va bartaraf etishga tayyorligi bilan bog‘liq chora-tadbirlar.
30. Xavfni kamaytirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarni asoslash va ularning samaradorligini baholash zarur bo‘lganda ularni optimallashtirishning ikkita muqobil maqsadi ko‘zda tutilishi tavsiya etiladi:
1) berilgan vositalar yordamida xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish xavfini maksimal kamayishini ta’minlash;
2) minimal sarf-xarajatlar bilan xavfni qabul qilsa bo‘ladigan darajagacha kamaytirishni ta’minlash.
ajratilgan vositalar yoki resurslarning cheklanganligi sharoitida xavfni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning bajarishdagi ustuvorligini aniqlash uchun quyidagilar bajarilishi lozim:
belgilangan moliyalashtirish hajmlari doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlar majmuini aniqlash;
bu chora-tadbirlarni “samaradorlik-xarajatlar” ko‘rsatkichi bo‘yicha ajratish;
taklif etilayotgan chora-tadbirlarni asoslash va ularning samaradorligini baholash.
IV bob. Xavf tahlilini o‘tkazish usullari
31. Xavf tahlilini o‘tkazish usullarini tanlashda obyektning faoliyat bosqichlari (loyihalash, foydalanish va h.), tahlil maqsadlari, qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlari, tahlil qilinadigan xavfli ishlab chiqarish obyektining turi va xavf-xatarning xususiyatlari, tahlilni o‘tkazish uchun resurslarning mavjudligi, bajaruvchilarning tajribasi va malakasi, zarur ma’lumotlarning mavjudligi va boshqa omillar hisobga olinishi lozim.
Masalan, xavf-xatarlarni identifikatsiyalash va xavfni dastlabki baholash bosqichida* xavfni tahlil qilish va baholashning puxta o‘ylangan tartibi, maxsus yordamchi vositalar (anketalar, blanklar, so‘rovnomalar, yo‘riqnomalar) va bajaruvchilarning amaliy tajribasiga tayanadigan sifat usullaridan foydalanish tavsiya etiladi.
* Bu bosqich xavf-xatarlar tahlili deb nomlanishi mumkin.
Amaliyotdan ma’lumki, murakkab miqdoriy usullardan foydalanish ko‘p hollarda murakkab texnik tizimlar uchun aniqligi uncha yuqori bo‘lmagan xavf ko‘rsatkichlari qiymatini beradi. Shuning uchun xavfni to‘liq miqdoriy baholash xavf-xatar manbalari yoki xavfsizlik chora-tadbirlarining turli variantlarini (masalan, obyektni joylashtirishda) taqqoslash uchun obyektning xavfsizlik darajasi to‘g‘risida xulosa tayyorlashga nisbatan samarali hisoblanadi. Shu bilan birga, xavfni miqdoriy baholash usullari barcha holatlarda juda foydali, ba’zi hollarda esa, jumladan, turli xususiyatdagi xavf-xatarlarni taqqoslash, yirik avariyalar oqibatlarini baholash va natijalar chiqarishning yagona yo‘li hisoblanadi.
Zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash xavf tahlilini o‘tkazishning muhim shartidir. Statistik ma’lumotlarning yetarli emasligi tufayli amaliyotda miqdoriy tahlilning soddalashtirilgan usullariga asoslangan ekspert baholash va xavfni ajratish usullaridan foydalanish tavsiya etiladi. Bu yondashuvlarda ko‘rib chiqilayotgan hodisalar yoki elementlar, odatda, xavf ehtimoli kattaligi, oqibatlarning og‘irlik darajasi bo‘yicha bir nechta, masalan, xavf darajasi yuqori, oraliq, past yoki sezilarsiz bo‘lgan guruhlar (yoki toifalar, darajalar)ga ajratiladi. Bunday yondashuvda yuqori xavf darajasi (obyektning spetsifikasiga qarab) qabul qilib bo‘lmaydigan (yoki maxsus ko‘rib chiqish talab etiladigan) daraja hisoblanadi, oraliq xavf darajasi xavf darajasini kamaytirish bo‘yicha ishlar dasturi bajarilishini talab etadi, past darajani qabul qilsa bo‘ladi, sezilarsiz xavf darajasi esa umuman ko‘rib chiqilmasligi mumkin (2-ilova).
32. Xavf tahlili usullarini tanlash va qo‘llashda quyidagi talablarga rioya qilinishi tavsiya etiladi:
usul ilmiy asoslangan bo‘lishi va ko‘rib chiqilayotgan xavf-xatarlarga to‘g‘ri kelishi kerak;
usul xavf-xatarlarni yuzaga kelish shaklini yaxshi tushunish va xavfni kamaytirish yo‘llarini belgilash imkonini beruvchi natijalarni berishi kerak;
usul takroriy qo‘llaniladigan va tekshiriladigan bo‘lishi kerak.
33. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash bosqichida quyidagi xavf tahlili usullarining bir yoki bir nechtasidan foydalanish tavsiya etiladi:
“Agar........., nima bo‘ladi?”;
tekshiruv varaqasi;
xavf-xatar va ishlash imkoniyati tahlili;
buzilish turi va oqibatlari tahlili;
“buzilishlar daraxti” tahlili;
“hodisalar daraxti” tahlili;
mos ekvivalent usullar.
Xavf tahlili usullari to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar va ularni qo‘llashga doir tavsiyalar 2, 3-ilovalarda keltirilgan.
V bob. Xavf tahlili natijalarini rasmiylashtirishga qo‘yilgan talablar
34. Xavf tahlili natijalari asoslangan bo‘lishi va bajarilgan hisob-kitoblar va xulosalarni dastlabki tahlilda ishtirok etmagan mutaxassislar tomonidan tekshirish va takrorlash imkoniyatidan kelib chiqqan holda rasmiylashtirilishi kerak.
35. Xavf tahlili jarayoni hujjatlashtirilishi lozim. Tahlil natijalarini o‘z ichiga olgan hisobot hajmi va shakli o‘tkazilgan xavf tahlilining maqsadlariga bog‘liq. Hisobotda quyidagilar kiritilishi tavsiya etiladi (agar me’yoriy huquqiy hujjatlarda, masalan, sanoat xavfsizligi deklaratsiyalarini rasmiylashtirishga doir hujjatlarda, boshqa talablar belgilanmagan bo‘lsa):
titul varag‘i;
lavozimi, ilmiy unvoni, ishlaydigan tashkiloti ko‘rsatilgan bajaruvchilar ro‘yxati;
annotatsiya;
mundarija;
o‘tkazilgan xavf tahlilining vazifalari va maqsadlari;
tahlil qilinadigan xavfli ishlab chiqarish obyekti tavsifi;
tahlil uslubi, dastlabki taxminlar va xavf tahlili doirasini belgilab beruvchi chegaralar;
qo‘llaniladigan tahlil usullari, avariya jarayonlari modellarining tavsifi va ulardan foydalanish asoslari;
dastlabki ma’lumotlar va ularning manbalari, shu jumladan uskunalarning avariyaga moyilligi va ishonchliligiga doir ma’lumotlar;
xavf-xatarlarni identifikatsiyalash natijalari;
xavfni baholash natijalari;
xavfni baholash natijalarining noaniqliklari tahlili;
xavfga berilgan baholarni umumlashtirish, shu jumladan eng “zaif joylar”ni ko‘rsatgan holda;
xavfni kamaytirishga doir tavsiyalar;
xulosa;
foydalanilgan ma’lumotlar ro‘yxati.
VI bob. Yakuniy qoida
36. Ushbu Uslubiy ko‘rsatmalar O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmalarining Markaziy Kengashi, “O‘zGEOTEXLITI” ilmiy-tekshirish va loyiha instituti va “O‘zkimyosanoat” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksi, Kimyo sanoati va geologiya xodimlari Kasaba uyushmalarining Markaziy Kengashi raisi G. XAKIMOVA
“O‘zGEOTEXLITI” direktori U. ABDULLAYEV
“O‘zkimyosanoat” DAK Boshqaruvi raisi G‘. IBRAGIMOV
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarga
1-ILOVA
XAVF KO‘RSATKIChLARI
Avariyalar xavfini har tomonlama baholash avariyalarni yuzaga kelish sabablari (texnik qurilmalarning buzilishi, xodimlarning xatolari, tashqi ta’sirlar) va ularning rivojlanish sharoitlari, ishlab chiqarish xodimlari va aholining shikastlanishi, foydalanuvchi tashkilot mulkiga va uchinchi shaxslarga, atrof-muhitga yetkaziladigan zarar tahliliga asoslanadi. “O‘lchanadigan” kattalik to‘g‘risida gap borayotganligini ta’kidlash uchun xavf darajasi tushunchasi ishlatiladi. Foydalanish jarayoni ko‘plab xavf-xatarlar bilan bog‘liq bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish obyektida avariyalar xavfi darajasi tegishli xavf ko‘rsatkichlarini hisobga olish asosida aniqlanadi. Umumiy holatda xavf ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilayotgan ko‘ngilsiz hodisalar oqibatlarining ehtimoli (yoki chastotasi) va og‘irlik darajasi majmui (kombinatsiyasi) ko‘rinishida ifodalanadi.
Quyida xavf asosiy miqdor ko‘rsatkichlarining qisqacha tavsiflari berilgan.
1. Texnik qurilmalarning buzilib qolishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni tahlil qilishda texnik xavf ajratiladi. Texnik xavf ko‘rsatkichlari tegishli ishonchlilik nazariyasi usullari yordamida aniqlanadi.
2. Xavf-xatarlarning eng ko‘p ishlatiladigan tavsiflaridan biri individual xavf hisoblanadi. Individual xavf — o‘rganilayotgan xavf-xatar omillari ta’siri natijasida alohida individuum (inson)ning shikastlanish chastotasi. Umumiy holatda miqdor (son) jihatdan individual xavf muayyan vaqt mobaynida jabrlangan insonlar sonining xavf ostida bo‘lganlarning umumiy soniga nisbati bilan ifodalanadi. Obyekt atrofidagi hudud bo‘ylab xavfning taqsimlanishini hisoblash (“xavfni xaritalash”)da individual xavf potensial hududiy xavf (quyiga qaralsin) va insonning xavfli omillar ta’siri hududida bo‘lishi ehtimoli bilan aniqlanadi. Individual xavf ko‘pincha individuumning malakasi va uning xavfli vaziyatda xatti-harakatlarga tayyorligi va himoyalanganligi bilan belgilanadi. Individual xavf, odatda, har bir kishi uchun emas, balki turli xavfli hududlarda taxminan bir xil vaqt mobaynida bo‘ladigan va bir xil himoya vositalaridan foydalanadigan kishilar guruhi uchun aniqlanishi lozim. Individual xavfni obyekt xodimlari va tutash hudud aholisi uchun, yoki, zarur hollarda, tor doiradagi guruhlar, masalan, turli ixtisosdagi ishchilar uchun alohida-alohida baholash tavsiya etiladi.
3. Xavfning obyekt va yaqin atrofdagi hudud bo‘yicha taqsimlanishini ifodalovchi boshqa kompleks xavf ko‘rsatkichi potensial hududiy xavf hisoblanadi. Potensial hududiy xavf — bu hududning ko‘rib chiqilayotgan nuqtasida shikastlovchi omillarning yuzaga kelish chastotasidir. Potensial hududiy, yoki potensial xavf ta’sir obyekti (masalan, inson)ning shu joyda bo‘lishiga bog‘liq emas. Obyektning ta’sir doirasida bo‘lishi shartli ehtimoli 1 ga teng deb olinadi (ya’ni ko‘rib chiqilayotgan butun vaqt mobaynida ushbu joyda inson bo‘ladi). Potensial xavf xavfli obyekt odam ko‘p joyda yoki odamsiz sahroda joylashganligiga qaramaydi va keng interval doirasida o‘zgarishi mumkin. Potensial xavf, nomidan kelib chiqqan holda, ushbu joyda joylashgan konkret ta’sir obyektlari (retsipiyentlar) uchun mumkin bo‘lgan maksimal xavf potensialini ifodalaydi. Odatda, potensial xavf yirik avariyalarda ijtimoiy va individual xavflarni baholash uchun foydalaniladigan oraliq xavf o‘lchovi hisoblanadi. O‘rganilayotgan hududda potensial xavf va aholining taqsimlanishi aholi uchun ijtimoiy xavfni miqdoriy baholash imkonini beradi. Buning uchun har bir ssenariyda har qaysi xavf-xatar manbasidan shikastlanganlar soni aniqlanishi va shundan keyin u yoki bu darajada jabrlangan insonlar soni belgilangani (N)ga nisbatan ko‘p bo‘lgan hodisalar chastotasi (F)ning ushbu belgilangan insonlar soniga bog‘liqligi aniqlanishi kerak (ijtimoiy xavf).
4. Ijtimoiy xavf avariyalarning ko‘lami va ehtimoli (chastotasi)ni tavsiflaydi va yo‘qotishlar (zarar)ni taqsimlash funksiyasi yordamida aniqlanadi. Ushbu funksiya F/N-egri chizig‘i (Farmer egri chizig‘i) deb ataladi. Umumiy holatlarda, tahlil vazifalaridan kelib chiqqan holda, N ostida jabrlanganlarning umumiy soni ham, o‘lar holatda jarohatlanganlar soni ham yoki oqibatlarning boshqa og‘irlik ko‘rsatkichi ham tushuniladi. Shunday ekan, qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezoni alohida hodisa uchun son bilan emas, balki turli avariyalar ssenariylari uchun ularning ehtimolligini hisobga olgan holda tuzilgan egri chiziq yordamida aniqlanadi. Hozirgi vaqtda xavfning qabul qilsa bo‘lishini aniqlash uchun ikkita egri chiziqdan foydalanish usuli keng tarqalgan. Bunda logarifmik koordinatalarda qabul qilsa bo‘ladigan va qabul qilib bo‘lmaydigan o‘lar holatda jarohatlanish xavflarning F/N-egri chiziqlari belgilangan. Ushbu egri chiziqlar o‘rtasidagi soha oraliq xavf darajasi sifatida belgilanadi va uni kamaytirish masalasi ishlab chiqarish spetsifikasi va hududiy sharoitlardan kelib chiqqan holda hal qilinishi lozim.
5. Obyekt xavfining boshqa miqdoriy integral o‘lchovi — bu jamoaviy xavfdir. Jamoaviy xavf muayyan vaqt mobaynida obyektda avariyalar natijasida taxmin qilinayotgan jabrlanganlar sonini belgilab beradi.
6. Sanoat xavfsizligini iqtisodiy tartibga solish va sug‘urtalash maqsadlari uchun qiymat yoki natural ko‘rsatkichlardagi statistik taxmin qilinayotgan zarar xavfning muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi (zararning matematik taxmini yoki muayyan davr ichida zarar yetkazilishi ehtimollarining ushbu zararlarning tegishli o‘lchamlariga ko‘paytmalari yig‘indisi).
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarga
2-ILOVA
XAVF TAHLILI USULLARI TAVSIFI
Quyida xavf tahlilini o‘tkazishda tavsiya etiladigan asosiy usullarning qisqacha tavsifi berilgan.
1. “Tekshiruv varaqasi” va “Agar....., nima bo‘ladi?” usullari yoki ularning kombinatsiyasi obyektdan foydalanish sharoitlari yoki loyihaning sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini o‘rganishga asoslangan xavf-xatarlarni sifatiy baholash usullari guruhiga kiradi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi savol va javoblar hamda ularni ta’minlashga doir ko‘rsatmalar tekshiruv varaqasining natijasi hisoblanadi. Tekshiruv varaqasi “Agar....., nima bo‘ladi?” usulidan dastlabki ma’lumotlarni va xavfsizlik qoidalarining buzilishlari oqibatlari to‘g‘risida natijalarni ko‘proq taqdim etilishi bilan farq qiladi.
Bu usullar ancha sodda (ayniqsa ularni tahlilni o‘tkazish va natijalarni taqdim etishni yengillashtiruvchi yordamchi shakllar, birxillashtirilgan blankalar bilan ta’minlashda), ko‘p mehnat talab qilmaydi (natijalar bitta mutaxassis tomonidan bir kun ichida olinishi mumkin) va tanish texnologiyali obyektlar xavfsizligini tekshirishda samarali hisoblanadi.
2. “Buzilish turi va oqibatlari tahlili” (BTOT) ko‘rib chiqilayotgan texnik tizim* xavfining sifatiy tahlili uchun qo‘llaniladi. Ushbu usulning muhim jihati shundaki, bunda har bir apparat (qurilma, blok, buyum) yoki tizim (element)ning tarkibiy qismi u qanday nosoz holga kelganligi (buzilish turi va sababi) va buzilish texnik tizimga qanday ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
* Texnik tizim deyilganda tahlil maqsadidan kelib chiqqan holda texnik qurilmalar yig‘indisi ham, alohida texnik qurilmalar yoki ularning elementlari ham tushuniladi.
Buzilish turi va oqibatlari tahlilini miqdoriy buzilish turi, oqibatlari va kritikligi tahlili (BTOKT)gacha kengaytirish mumkin. Bu holda har qaysi buzilish turi kritiklikning ikki tarkibiy qismi — oqibatlarning ehtimoli (yoki chastotasi) va og‘irlik darajasini hisobga olgan holda ajratiladi. Kritiklik parametrlarining belgilanishi tavsiyalar ishlab chiqish va xavfsizlik chora-tadbirlarining ustuvorligini belgilash uchun kerak bo‘ladi.
Tahlil natijalari uskunalar ro‘yxati, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan buzilishlar turi va sabablari, chastotalari, oqibatlari, kritikligi, nosozliklarni aniqlash vositalari (signalizatorlar, nazorat asboblari va h.) va xavfni kamaytirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan jadvallar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Buzilishlarni sodir bo‘lish oqibatlarining ehtimoli-og‘irlik darajasi mezonlari bo‘yicha tasniflash tizimi har qaysi obyekt yoki texnik qurilma uchun ularning spetsifikasini hisobga olgan holda konkretlashtirilishi lozim.
Quyida (1-jadval) misol sifatida buzilishlarning sodir bo‘lish ehtimoli va oqibatlarining og‘irlik darajasi bo‘yicha kritiklik ko‘rsatkichlari (indekslari) va mezonlari keltirilgan. Tahlil uchun buzilishlar zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan to‘rtta guruh ajratilgan: xodimlar, aholi, mulk (uskunalar, inshootlar, binolar, mahsulot va h.), atrof-muhit.
1-jadvalda mezonlarning quyidagi variantlari qo‘llanilgan:
oqibatlarning og‘irlik darajasi bo‘yicha buzilish mezonlari:
halokatga olib keluvchi buzilish — insonlarning o‘limiga, mulkka jiddiy ziyon etishiga olib keladi, atrof-muhitga o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi,
kritik (nokritik) buzilish — insonlarning hayotiga xavf tug‘diradi (xavf tug‘dirmaydi), mulkka, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi (zarar yetkazmaydi),
uncha katta bo‘lmagan oqibatlarga olib keluvchi buzilish — oqibatlariga ko‘ra yuqorida sanab o‘tilgan uchta toifaning hech biriga taalluqli bo‘lmagan buzilish.
Buzilishlarning toifalari (kritikligi):
“A” — miqdoriy xavf tahlili o‘tkazilishi shart yoki maxsus xavfsizlikni ta’minlash choralari talab etiladi;
“V” — miqdoriy xavf tahlili o‘tkazilishi maqsadga muvofiq yoki muayyan xavfsizlik choralari qabul qilinishi talab etiladi;
“S” — sifatiy xavf tahlili o‘tkazilishi yoki ba’zi xavfsizlik choralari qabul qilinishi tavsiya etiladi;
“D” — tahlil va maxsus (qo‘shimcha) xavfsizlik choralari qabul qilinishi talab etilmaydi.
BTOT, BTOKT usullari, odatda, murakkab texnik tizimlar loyihalari yoki texnik yechimlarni tahlil qilish uchun qo‘llaniladi. 3 — 7 kishidan tashkil topgan turli ixtisosdagi mutaxassislar (masalan, texnologiya, kimyoviy jarayonlar bo‘yicha mutaxassis, muhandis-mexanik) guruhi tomonidan bir necha kun, hafta mobaynida bajariladi.
1 -jadval
“Sodir bo‘lish ehtimoli- oqibatlarning og‘irlik darajasi” matritsasi


Download 100.32 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling