Adabiyotlarda iqtisodiy xavfsizlikning chegaraviy miqdorlari uchta guruhga ajratib ko’rsatiladi:17 birinchi guruhga ishlab chiqarish sohasi, uning tashqi dunyoga minimal darajada bog’liqlik sharoitida faoliyat yuritish qobiliyatini kiritadilar. Ushbu guruhga quyidagi chegaraviy miqdorlar kiritilgan: – YAIM umumiy hajmi – “katta yettilik” bo’yicha o’rtacha indikatorning 75 foiz miqdorida; – aholi jon boshiga YAIM hajmi – “katta yettilik” bo’yicha o’rtacha indikatorning 50 foiz miqdorida; – dunyo bo’yicha o’rtacha indikatorning 100 foiz miqdorida; – sanoat mahsuloti ishlab chiqarishi umumiy hajmida qayta ishlash sanoati ulushi – 70 foiz; – YAIMda investitsiyalar ulushi – 25 foiz; – sanoat ishlab chiqarishida mashinasozlik ulushi – 20 foiz; – aholining ichki iste’molida import ulushi – 30 foiz, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari – 25 foiz; – mahsulot ishlab chiqarishning umumiy hajmida yangi mahsulotlar ulushi – 6 foiz. Ikkinchi guruh ko’rsatkichlari tarkibiga aholi turmush darajasi va sifati bilan bog’liq chegaraviy miqdorlar kiritilgan: – aholining umumiy sonida yashash minimumidan past daromadga ega bo’lgan fuqarolar ulushi - 7 foiz; – umr ko’rish uzunligi – 70 yosh; – boy va kambag’allar daromadlari o’rtasidagi tafovut – 8 marta; – ishsizlik darajasi – 7 foiz. Uchinchi guruh ko’rsatkichlari moliyaviy holat bilan bog’liq bo’lib, ular quyidagilardan iborat: – YAIMga nisbatan ichki qarz miqdori – 30 foiz; – YAIMga nisbatan tashqi qarz miqdori – 25 foiz; – YAIMga nisbatan byudjet defitsiti – 5 foizgacha; – naqd xorijiy valyuta hajmining naqd milliy valyuta hajmiga nisbati 25 foiz; – YAIMga nisbatan pul massasi (M2) – 50 foiz. Mutaxassislarning fikriga ko’ra, chegaraviy ko’rsatkichlarning bir xil miqdorini belgilab qo’yish uslubiy jihatdan uncha to’g’ri bo’lmaydi. Masalan, birinchi guruh ko’rsatkichlarida keltirilganidek, investitsiyalar ulushi YAIMga nisbatan hisoblaganda 25 foizdan kam bo’lgan holatda iqtisodiyotga tahdid yuzaga keladi. Lekin, ayni paytda investitsiyalar ulushi 40 foiz bo’lganida ham tahdid yuzaga kelishi mumkin. Farq shundaki, birinchi holatda mehnat qurollarining moddiy va ma’naviy jihatdan eskirishi natijasi sifatida tahdid yuzaga kelsa, ikkinchi holat aholi turmush darajasi va sifatining pasayib ketishiga olib kelishi mumkin. SHundan kelib chiqib, iqtisodiy xavfsizlikning ayrim chegaraviy miqdorlarini qat’iy qilib emas, balki ma’lum doira chegarasida belgilash maqsadga muvofiq bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |