Iqtisodiyоt” fanidan O’quv-uslubiy majmua farg’ona-2022
Download 2.53 Mb.
|
IQTISODIYOT Chiqarishga
Ma’naviy ehtiyojlar moddiy ko’rinishga ega bo’lmagan kishilarning bilim va dam olish, madaniy saviyasini oshirish, malaka-mahoratga ega bo’lish, har xil xizmatlardan bahramand bo’lish kabi ko’plab ehtiyojlarni o’z ichiga oladi. Ehtiyojlar yakka tarzda va birgalikda qondirilishi mumkin. Bu esa ehtiyojning tabiatiga va uni qondiruvchi obe’ktlar xususiyatiga bog’liq. Shunday buyum va xizmat turlari borki, ulardan faqat birgalikda foydalanish mumkin. Masalan, ta’lim olish binolari, kasalxonalardan, dam olish joylaridan bahramand bo’lish, sport o’yinlari va ko’ngilochar tomoshalarni birgalikda ko’rish kabilar shular jumlasidandir.
Jamiyat ehtiyojlariga bir qator omillar ta’sir ko’rsatadi. Bular quyidagilar: a) jamiyatning iqtisodiy taraqqiyot darajasi. Iqtisodiyoti rivojlanishdan orqada qolgan mamlakatlarda ehtiyojlar doirasi tor bo’lsa, aksincha, iqtisodiyoti yuqori darajada rivojlangan mamlakatlarda uning doirasi keng va xilma-xil bo’ladi; b) jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy tuzum. Agar jamiyatdagi tuzum bozor iqtisodiyoti yoki kapitalistik tartiblar asosida qurilgan bo’lsa, undagi ijtimoiy guruhlar boylar va kambag’allar, mulkdor va mulksizlarga bo’linib, ularga mansub kishilar ehtiyojlari o’rtasida katta farq mavjud bo’ladi. Yuqori daromad oluvchilar juda sifatli, noyob mahsulotlar va xizmatlarga ehtiyoj bildirsa, kambag’allarning ehtiyojlari o’z hayotini saqlash uchun juda zarur mahsulotlar va xizmatlar bilangina cheklanadi; v) tabiiy—geografik sharoitlar. Ular ham ehtiyojlarning miqdori va turiga ta’sir qiluvchi omillardir. Nisbatan sovuq iqlim sharoitida, issiq iqlim sharoitiga qaraganda hayot kechirish uchun oqsil va yog’ga boy oziq-ovqat, issiq kiyim—kechak, uy va transport vositalariga ko’proq ehtiyoj bo’ladi; g) tarixiy-milliy an’analar va urf-odatlar ham ehtiyojlarga ta’sir ko’rsatadi. Masalan, tarixan shakllangan milliy va diniy marosimlar, urf-odatlar, Navro’z bayrami, ro’za va hayitlar o’ziga xos ehtiyojlarni yuzaga keltiradi. d) aholi sonining o’sishi, uning tarkibidagi o’zgarishlar ham ehtiyojlarga ta’sir etuvchi asosiy omillardan hisoblanadi. e) xalqaro, davlatlar, millatlar va mintaqalar o’rtasidagi aloqalar, ayniqsa, ular o’rtasidagi mahsulot va axborot ayirboshlash yangi ehtiyojlarning keng tarqalishiga olib keladi. Alohida kishilarning ehtiyojlari ularning yoshi, jinsi, oilaviy ahvoli, kasbi, mehnatning tabiati kabi omillarga bog’liq. Masalan, keksa kishilar yoshlardan farq qilib, engil hazm bo’ladigan ovqatga, dori-darmonga, shovqin-suronsiz yashash muhitiga ko’proq ehtiyoj sezadilar. Ko’p bolali oilalarda bolalar kiyimi, o’yinchoqlarga ehtiyoj yuqori bo’lsa, farzandsiz oilalarda bunday ehtiyojlar bo’lmaydi. Alohida kishilar ehtiyojlariga kuchli ta’sir qiluvchi omillar shundan iboratki, murakkab, og’ir va engil mehnat turlari bilan shug’ullanuvchi kishilar ehtiyojlari bir-biridan tubdan farq qiladi. Ijtimoiy-iqtisodiy, shu jumladan, moddiy ehtiyojlarni to’liq qondirish mumkin emas. Jamiyatda har bir ma’lum davrda ko’plab qondirilmagan ehtiyojlar bo’ladi. Vaqt o’tishi bilan yangi buyumlarning paydo bo’lishi, keng reklamaning ta’siri va savdoning rag’batlantirishi natijasida ehtiyojlar o’zgaradi va ko’payib boradi. Shunday ekan, jamiyatning, ya’ni uni tashkil qiluvchi shaxslar, muassasa va korxonalar ehtiyojlarining cheksizligi, ularning to’xtovsiz yangilanib va o’sib borishi tabiiydir. Bu ehtiyojlarning to’xtovsiz o’sib borishi iqtisodiy qonunda o’z ifodasini topadi. Bunday qonun nafaqat ehtiyojlarning miqdoran o’sib borishini, balki ularning tarkiban yangilanib turishini, eskilarining o’rniga yangilarining kelishini bildiradi. Ehtiyojlarning o’sib borishi qonuni ishlab chiqarish bilan ehtiyojlar o’rtasidagi uzviy, to’g’ridan-to’g’ri bog’liqlikni aks ettiradi. Ishlab chiqarish ehtiyojlarni qondirishga qaratiladi va uning rivojlanishi yangi ehtiyojlarni yuzaga keltiradi. Ishlab chiqarish baynalminal tus olishi bilan ishlab chiqarish va ehtiyoj o’rtasidagi bog’liqlik xalqaro miqyosda aks etadi. Ma’lum bir mamlakatda paydo bo’lgan ehtiyoj boshqalariga tarqalib, xalqaro xususiyatga ega bo’ladi. Masalan, kompyuter bir mamlakatda paydo bo’lib, tez orada unga ehtiyoj dunyo miqyosida tarqaldi. Xalqaro aloqalar rivojlanib borgani sari ehtiyojlarning milliy xususiyatlari bilan bir qatorda uning millatlararo, baynalminal belgilari rivoj topib boradi. Ehtiyojlarning o’zi ham bir-birini taqozo qiladi. Bir ehtiyoj o’z orqasidan boshqa bir ehtiyojni keltirib chiqaradi. Masalan, kompyuter texnikasiga ehtiyojning paydo bo’lishi, o’z navbatida uni ishlatishni o’rganish, unga xizmat ko’rsatish, dastur tuzish kabi ehtiyojlarni keltirib chiqaradi. Ehtiyojlarning o’sib borishi bir tekis, uzluksiz bo’lmaydi. Uning o’sishiga qarshi ta’sir qiluvchi omillar ham mavjud bo’ladi. Ishlab chiqarish holati, jamiyatdagi hukmron munosabatlar, favqulodda yuz beradigan holatlar (urushlar, iqtisodiy tizim almashishi) va zilzila, suv toshqini, yong’in kabi tabiiy ofatlar ehtiyojlarning o’sib borishiga qarshi ta’sir ko’rsatuvchi omillardir. Shunday qilib, ehtiyojlarning o’sib borishi qonuni mavjud ehtiyojlarning miqdoran o’sib borishida, mutlaqo yangi ehtiyojlarning paydo bo’lishida, muayyan ehtiyojlar doirasida turli ehtiyojlar nisbatining o’zgarishida va bir ehtiyojning boshqasi bilan almashinishida namoyon bo’ladi. Download 2.53 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling