Iqtisodiyot nazariyasi ” fanidan kurs ishi mavzu: O‘zbekistonda milliy valyutaning muomalaga kiritilishi
Milliy valyuta muomalaga kiritilishida banklarning roli
Download 364 Kb.
|
Kurs ishi EK-54 Eshmuradov D
Milliy valyuta muomalaga kiritilishida banklarning roli
Milliy valyuta tizimi bir qator bosqichlarni bosib oʻtgan. Markaziy bank tomonidan 1991-1993-yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda koʻp izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganildi. 1993-yilning 15-noyabridan boshlab toʻlov vositasi sifatida “Soʻm-kupon” muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida maʼlum tajribaga ega boʻlish uchun “Soʻm-kupon” oʻtish valyutasi sifatida xizmat qildi. Ushbu yoʻnalishda yetarli tajriba toʻplangach, 1994-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi “soʻm” muomalaga kiritildi. Dastlabki muomalaga chiqarilgan banknot va tangalar xorijiy davlatlarda tayyorlangan. 1995-1996-yillarda banknot va tangalarni tayyorlashning toʻliq siklini joriy etish maqsadida Markaziy bank qoshida “Davlat belgisi” korxonasi va uning tarkibida Qogʻoz fabrikasi, Bosma fabrika va Zarbxona tashkil etildi va oʻzimizda “pul ishlab chiqarish” yoʻlga qoʻyildi. Bu korxona hozirda “Davlat belgisi” DUK deb yuritiladi. Milliy valyutamiz – soʻm mamlakatda mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ish haqi va ijtimoiy toʻlovlar soʻmda toʻlana boshladi. Shu tariqa davlatning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi. 2017 yilda boshlangan iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor mexanizmlari rolini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi o‘rta muddatli istiqbolda bank tizimi va pul-kredit siyosatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ushbu yo‘nalishdagi muhim qarorlardan biri milliy valyuta almashuv kursining bozor mexanizmlari asosida shakllanish tamoyillarini joriy etish orqali ichki valyuta bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirilishi bilan bog‘liq amaliy qadamlar bo‘ldi. Valyuta kursi shakllanishida tamomila yangi yondashuvdan foydalanilishi, o‘z navbatida, Markaziy bankning asosiy e’tiborini ichki bozordagi narxlar barqarorligiga qaratish asnosida pul-kredit siyosatini takomillashtirish imkoniyatini beradi. Ayni vaqtda valyuta bozorini liberallashtirish borasidagi islohotlarning muvafaqqiyatli amalga oshirilishi ko‘p jihatdan pul-kredit siyosatini takomillashtirish, tijorat banklari faoliyatini mustahkamlash hamda bank tizimini rivojlantirish choralari samaradorligi bilan chambarchas bog‘liq. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilinishidan ko‘p o‘tmay O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul-kredit siyosatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi va Pul-kredit siyosatini 2017-2021 yillarda rivojlantirish va inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar Kompleksi tasdiqlandi. Bu boradagi keyingi muhim qadamlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi bo‘ldi. Mazkur farmonda narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasi Markaziy bankning bosh maqsadi etib belgilanib, Markaziy bankning mustaqilligi va institutsional rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar nazarda tutilgan. Qayd etish lozimki, iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yondashuvlarining qayta ko‘rib chiqilishi davrida shakllanayotgan yangi voqeliklarda pul-kredit sohasidagi o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan to‘g‘ri qabul qilinishi va qo‘llab-quvvatlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatini rivojlantirish va amalga oshirish Konsepsiyasi kommunikatsiyalar kanalining jamoatchilik fikrini shakllantirish hamda inflyatsion targetlash rejimini amaliyotga joriy etishdagi yetakchi roli inobatga olingan holda ishlab chiqilgan. Ushbu Konsepsiyaning maqsadi inflyatsion targetlashga o‘tishning konseptual asoslarini hamda ushbu pul-kredit siyosati rejimini amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etish uchun zaruriy sharoitlar yaratish bo‘yicha o‘rta muddatli rejalarni keng jamoatchilikka yetkazish va batafsil tushuntirishga qaratilgan. Mamlakatda ichki narxlar barqarorligi ta’minlanishi makroiqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikning kafolati bo‘lib, iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va rivojlantirish dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda zaruriy sharoit hisoblanadi. Bunda inflyatsiyaning past va barqaror ko‘rsatkichlari muvozanatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ishlab chiqarish raqobatbardoshligi va aholini yashash darajasini oshirishning muhim omili sanaladi. Shu nuqtai nazardan, narxlar o‘sish sur’atlarining pasayishi va barqarorlashishi davlat iqtisodiy siyosatining asosiy maqsadlaridan biri bo‘lishi kerak. Inflyatsiyaning past va barqaror darajasi aholi hamda yuridik shaxslar omonatlarini uzoq muddatli investitsiyalarga aylanishi uchun kerakli sharoit yaratadi hamda ichki bozordagi narxlar nomutanosibligini kamaytirib mavjud iqtisodiy resurslarning samarali taqsimlanishiga xizmat qiladi. Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarning markaziy banklari tajribalari hamda xalqaro moliya institutlari izlanishlari natijalari pul-kredit siyosatini amalga oshirishda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadining shak-shubhasiz ustuvorligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, pul-kredit siyosatini amalga oshirish tartibi va ketma-ketligi turli mamlakatlarda iqtisodiyotning xususiyatlari hamda tarkibiy tuzilishiga qarab farqlanadi. Amaldagi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, Markaziy bankning bosh maqsadi milliy valyuta barqarorligini ta’minlash hisoblanadi. Bunda “milliy valyuta barqarorligi” tushunchasini ikki xil, ya’ni almashuv kursining xorijiy valyutalarga nisbatan barqarorligi yoki uning ichki xarid qobiliyati barqarorligi deb talqin qilish mumkin. Almashuv kursining erkin shakllanishi sharoitida milliy valyutaning barqarorligi uning ichki harid qobiliyatini saqlash orqali erishiladi. Bunda, erkin suzib yuruvchi almashuv kursi iqtisodiyotni ichki barqarorlashtiruvchi funksiyasini bajaradi. Boshqacha qilib aytganda, to‘lov balansi bilan bog‘liq tashqi shok va qiyinchiliklar kuzatilganda almashuv kursining mos ravishda o‘zgarishi ekportyorlar va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Ayni paytda Markaziy bank pul-kredit siyosatining asosiy maqsadini ikki xil tushunilishini oldini olish va uning faoliyati asosiy yo‘nalishini aniq belgilab olish maqsadida qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan. Ta’kidlash lozimki, narxlar barqarorligi deyilganda nol darajadagi yoki salbiy inflyatsiya ko‘rsatkichlari nazarda tutilmaydi. Narxlar barqarorligi deyilganda narxlarning turg‘un holatda turishi emas, balki ularning past darajada o‘sishi tushuniladi. Bir qarashda narxlarning turg‘un turishi maqbul ko‘rinsa-da, narxlarning past va barqaror o‘zgarishi iqtisodiyotning samarali faoliyati uchun eng qulay sharoit hisoblanadi. Ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash vazifasi pul-kredit siyosatini amalga oshirishning aniq strategiyasi va batafsil rejasi bo‘lishini hamda maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish uchun samarali instrumentlar va mexanizmlarni talab etadi. Valyuta kursini targetlash rejimi milliy valyuta ayirboshlash kursini past va barqaror inflyatsiya darajasiga ega rivojlangan davlatlar valyutasiga bog‘lashni nazarda tutadi. Shuningdek, valyuta kursini targetlashning milliy valyuta ayirboshlash kursi tebranishi mumkin bo‘lgan gorizontal va shartli koridorlarni o‘rnatish hamda real ayirboshlash kursini asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalari savatchasiga nisbatan targetlash kabi turlari ham mavjud. Valyuta kursini targetlash rejimi iqtisodiyoti eksport, ayniqsa, xom-ashyo tovarlari eksportiga bog‘liq bo‘lgan, shuningdek, iste’mol savatida import tovarlari yuqori ulushni tashkil qilgan mamlakatlarda faol qo‘llaniladi. Mazkur rejim iqtisodiy inqiroz kuzatilgan davrlarda inflyatsiya darajasini tez va samarali pasaytirish imkonini beradi. Bunda pul-kredit siyosati faqatgina ayirboshlash kursining maqsadli darajasini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Jumladan, valyuta kursi qadrsizlanganda qat’iy pul-kredit siyosati, valyutaning qadri maqsadli darajadan ko‘proq oshganda yumshoq pul-kredit siyosati yuritiladi. Valyuta kursini targetlash rejimi aniqligi va oddiyligi sababli aholi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlari va bozorning boshqa ishtirokchilari tomonidan oson tushuniladi. Mazkur rejimning yana bir ijobiy tomoni moliyaviy institutlar yaxshi rivojlanmagan sharoitlarda ham u o‘zining samaradorligini saqlab qoladi. Bunday vaziyatda valyuta kursiga pul-kredit siyosati choralari va valyuta intervensiyalari orqali ta’sir ko‘rsatiladi. Shu bilan birga, kapital oqimlari kuchli bo‘lgan davrlarda ushbu rejimni samarali qo‘llash imkoniyati cheklanadi va iqtisodiy inqiroz davrida markaziy bankning valyuta kursini barqarorlashtirish borasidagi vazifasini qiyinlashtiradi. Valyuta kursini targetlash rejimini qo‘llanishi quyidagi shart sharoitlar bilan chambarchas bog‘liq: valyuta kursining maqsadli ko‘rsatkich doirasida bo‘lishini ta’minlashda markaziy banklarning imkoniyati oltin-valyuta zaxiralarining hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Zaxiralarning yetarlicha bo‘lmasligi valyuta kursining kadrsizlanishiga olib keladi, bu esa keyingi davrlarda ham devalvatsion va inflyatsion kutilmalarni oshiradi. Bu, o‘z navbatida, import narxlarining oshishiga hamda ichki valyuta bozorida cheklovlarning o‘rnatilishi natijasida iqtisodiyotda xufyona valyuta bozori va turli ayirboshlash kurslarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi; milliy valyuta ayirboshlash kursining bir necha marta rejali devalvatsiyasi amalga oshirilganda, devalvatsion va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi oqibatida inflyatsiya darajasi oshishi xatari yuzaga keladi; nominal ayirboshlash kursi qat’iy belgilanadigan sharoitda real ayirboshlash kursining oshishi to‘lov balansining yomonlashishiga va iqtisodiyotda devalvatsion xatarlarning ortishiga olib keladi; narxlar darajasi va ayirboshlash kursiga bo‘lgan bosimning kuchayishi markaziy banklarning moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi imkoniyatiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Mazkur sharoitda barqarorlikni ta’minlashga foiz stavkalarining oshirilishi orqali erishiladi. Bu esa o‘z navbatida, iqtisodiyotning real sektori rivojlanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari tajribasi ayirboshlash kursini targetlash oltin-valyuta zaxiralarining sezilarli darajada kamayishi, kursning sun’iy ravishda ushlab turish oqibatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligining pasayishi, eksport sektori rivojlanishining sekinlashishi va iqtisodiyotning tashqi omillarga ta’sirchanligining oshishi kabi qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ichki valyuta bozorini yanada liberallashtirish va kurs siyosatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar Inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish bozor mexanizmlari asosida erkin shakllanadigan suzib yuruvchi valyuta kursining amal qilishini talab etadi. Bunda, Markaziy bankning valyuta siyosati va intervensiya strategiyasining aniq belgilab olinishi, shaffoflikning ta’minlanishi hamda qabul qilinayotgan qarorlarni valyuta bozori ishtirokchilari tomonidan to‘liq tushunilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan, ichki valyuta bozorini erkinlashtirishda milliy valyuta ayirboshlash kursining shakllanishida bozor sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning davom ettirilishi Markaziy bankning mazkur yo‘nalishdagi ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi. Ushbu maqsadda Markaziy bankning valyuta kurslari shakllanish jarayoniga aralashuvini kamaytirib borish, valyuta intervensiyasi strategiyasini erkin suzib yuruvchi valyuta kursi tamoyillari asosida takomillashtirish hamda iqtisodiyot sub’ektlari va valyuta bozori ishtirokchilarini yangi sharoitlarda ishlashga tayyorlab borish ko‘zda tutilmoqda. O‘rta muddatli davrda Markaziy bank intervensiyalarining valyuta kursi shakllanishiga yuqori darajada ta’sir ko‘rsatishining oldini olish maqsadida keyingi davrlarda amalga oshiriladigan intervensiyalar neytral xususiyatga ega bo‘ladi. Xalqaro amaliyotda valyuta bozorida almashuv kursining erkin o‘rnatilishida markaziy bankning minimal ishtiroki talab etiladi. Bunda faqatgina inqirozli vaziyatlar yuzaga kelgandagina valyuta kursining keskin tebranishlarini oldini olish va valyuta bozorini barqarorlashtirish maqsadida Markaziy bank intervensiyani amalga oshiradi. Biroq O‘zbekiston sharoitida Markaziy bankning valyuta bozorida muntazam ishtirok etish zaruriyati Markaziy bank tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan monetar oltin va boshqa qimmatbaho metallarni bevosita sotib olinishi bilan izohlanadi. Qimmatbaho metallarning bevosita Markaziy bank tomonidan sotib olinishi milliy valyutadagi mablag‘larning to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiyotga tushishiga va inflyatsion xatarlar oshishiga olib keladi. Ayni vaqtda qimmatbaho metallarni sotishdan tushadigan valyuta mablag‘lari esa ichki valyuta bozoriga tushmaydi. Markaziy bank tomonidan qimmatbaho metallarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilishining salbiy ta’sirini oldini olish va valyuta bozori muvozanatliligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank valyuta bozorida tegishli miqdorlarda xorijiy valyutaning muntazam sotuvini amalga oshirib boradi. Xalqaro amaliyotda ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallarni xarid qilish va valyuta tushumlarini ichki valyuta bozorida sotish borasidagi to‘laqonli va samarali vositachilik funksiyasini Markaziy bank tomonidan bajarilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervensiya hisoblanmaydi. Bunda Markaziy bank tomonidan xorijiy valyutaning sotilishi faqatgina vositachilik xususiyatiga ega bo‘lib, Markaziy bankning valyuta bozoridagi faol ishtiroki almashuv kursini boshqarish maqsadini ko‘zlamaydi hamda klassik ma’nodagi intervensiya deb hisoblanmaydi. Bugungi kunda aholining inflyatsion kutilmalari ko‘p jihatdan valyuta bozoridagi almashuv kursining dinamikasi bilan bog‘liqligini inobatga olgan holda, qisqa muddatli davrda milliy valyuta kursining barqarorligini ta’minlash pul-kredit siyosatining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bunda, almashuv kursi barqarorligini ta’minlash vazifasi bevosita markaziy bankning to‘g‘ridan-to‘g‘ri intervensiyalari hisobiga emas, balki quyidagi choralarni bosqichma-bosqich ravishda amalga oshirish orqali ta’minlanadi: qisqa muddatli davrda valyuta kursi o‘zgarishi tebranishlari kengligini bosqichma-bosqich oshirish yo‘li bilan valyuta bozoridagi talab va taklif muvozanatiga erishish hamda valyuta bozorini ta’minlanganlik darajasini oshirish; pul-kredit siyosatining foiz va boshqa instrumentlarini ustuvor ravishda qo‘llash hamda bank tizimida tegishli hajmdagi likvidlikni saqlab turish orqali valyutaga bo‘lgan talabga ta’sir ko‘rsatish. Ushbu maqsadlarga erishish uchun Markaziy bank “xalqaro valyuta zaxiralarining neytralligi” tamoyiliga amal qiladi, ya’ni ishlab chiqaruvchilardan qimmatbaho metallarni xarid qilish natijasida bank tizimiga tushgan milliy valyutadagi mablag‘larning sterilizatsiyasini amalga oshiradi. Shu bilan birga, iqtisodiyotda mavjud yuqori inflyatsion bosimning milliy valyuta kursi barqarorligiga salbiy ta’sirini inobatga olib, kelajakda valyuta kursining barqarorligini ta’minlash ko‘p jihatdan inflyatsiya darajasini pasaytirishga bog‘liq bo‘ladi. Real almashuv kursining muvozanatli darajasini ta’minlash uchun valyuta kursining dinamikasi ichki bozordagi hamda asosiy savdo hamkor mamlakatlardagi narxlar darajasining o‘zgarishini o‘zida aks ettirishi kerak. Ushbu jihatlar hamda valyuta bozorining joriy rivojlanganlik darajasini inobatga olgan holda, Markaziy bank intervensiya siyosatida dastlabki bosqichlarda asosiy e’tibor fundamental omillar emas, balki qisqa muddatli davrda valyuta bozorida talab va taklifning nomuvofiqligi natijasida yuzaga keladigan valyuta kursidagi keskin tebranishlarning oldini olishga qaratiladi. O‘rta muddatli istiqbolda ichki valyuta bozorini rivojlantirish vazifasiga valyutani tartibga solish va valyuta kursi shakllanishini liberallashtirish, jumladan, almashuv kursi tebranishi chegaralarini oshirish vositasida erishiladi. Bu, o‘z navbatida, valyuta bozorining rivojlanish va ta’minlanganlik darajasini oshirishga hamda valyutaga bo‘lgan talab va taklifning muvozanatiga erishish uchun bozor mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Valyuta svopi, valyuta opsionlari, fyucherslar va shu kabi instrumentlarni amaliyotga joriy qilinishi valyuta bozorini rivojlantirish va valyuta almashuv kursi barqarorligini ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi. Download 364 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling