Islom teologiyasi va tarix falsafasi Reja: Arab-islom dunyoviy falsafasining vujudga kelishi


Download 404.14 Kb.
bet3/5
Sana21.04.2023
Hajmi404.14 Kb.
#1375492
1   2   3   4   5
Bog'liq
Islom teologiyasi va tarix falsafasi

Beruniyning tarix falsafasi
(973-1048)
Ulug‘ Sharq mutafakkiri Abu Rayxon Muxammad Ibn Axmad al-Beruniy Sharq tafakkur olamining o‘ziga xos yo‘nalishini ochib berdi va insoniyat tarixi, uning vujudga kelishi, taraqqiyoti xamda tanazzullari atrofidagi mavjud fikrlarga aniqlik kiritdi. Turli ziddiyatli qarashlarni butun moxiyati bilan o‘rganib, unga o‘ziga xos yondoshib mavjud qarashlarni keskin tarzda boyitib, uning o‘zanini o‘zgartirib yubordi. Aniqroq qilib aytganda, Beruniy olamning yaralishi, insonning vujudga kelishi, xalqlarning taraqqiyot bosqichlari, tarixiy voqealar, tabiiy xodisalar, ularning moxiyatini ilmiy asosda o‘rganish maktabini yaratdi. Ushbu maktab bugun moxiyat- e’tibori bilan dastlab Sharq, keyinchalik G‘arb falsafiy tafakkurining tamal toshini qo‘ydi.
Beruniyning 1030 yilda yozgan va «Xindiston» nomi bilan mashxur bo‘lgan «Taxqiq mo li-l-xind min ma’qula maqbula fi-l-aql av marzula», ya’ni «Xindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash» deb nomlangan asarida bayon etilgan betakror ilmiy g‘oyalar odam va olam xaqidagi tasavvurlarni keskin o‘zgartirib yubordi. Bu asar butun moxiyati bilan tarix falsafasining o‘ziga xos va noyob ko‘rinishidir. Unda insoniyat taraqqiyoti, uning omillari va moxiyati dunyoviy tafakkur orqali tadqiq etildi va kutilmagan xulosalar ilmiy asoslangan xolda o‘rtaga tashlandi.
Asarning o‘ziga xos tarixiy, ilmiy va falsafiy qadriyati shundaki, u xamon jaxon xalqlari tarixini o‘rganishda muxim manba bo‘lib xizmat qilmoqda va tarix falsafasi taraqqiyotida, tarixni falsafiy anglash jarayonida zabt etib bo‘lmas cho‘qqi darajasiga chiqdi. Darxaqiqat, bu asarga Mag‘ribu Mashriq olimlari, yirik mutaxassislari doimo qiziqish bilan qaraydilar. Uni juda katta extiros bilan o‘qiydilar. Shuning uchun xam taniqli olim V.R.Rozen «Sharq va G‘arbning qadimgi va o‘rta asrdagi butun ilmiy adabiyotida bunga teng keladigan asar yo‘q»1, degan edi.
Asar garchi «Xindiston» deb nomlansada, «xindlarning aqliga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarni aniqlash»ga bag‘ishlangan bo‘lsada, uni butun moxiyati bilan insoniyat o‘tmishining tarixiy-falsafiy talqinini, ilmiy-nazariy yechimlari va asoslagan xulosalarini nazarda tutib ushbu yo‘nalishda G‘arbu Sharqning butun dunyo dinlari qarashlari va dunyoviy tafakkur o‘lchovlarining sintezi sifatida yuzaga kelgan nodir asar deyish mumkin. Aslida xam shunday. Zotan, unda inson kelib chiqishining diniy va dunyoviy qarashlari, insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlari, davrlari, podsholiklar va payg‘ambarlarning dunyoga kelishi, ularning jamiyat taraqqiyotidagi ijtimoiy, ma’naviy, madaniy va axloqiy ta’sirlari, qarashlari va munosabatlari qiyosiy tarzda o‘rganiladi.
Beruniyning ushbu asari o‘z davrining mutloq yagona voqeligi emas edi. Chunki bu paytda podsholiklar va payg‘ambarlar xayotiga bag‘ishlangan turli-tuman xotiralar, afsonalar va rivoyatlarga asoslangan ma’naviy-ma’rifiy asarlar, sayoxatnomalar, badialar ko‘pdan ko‘p yozilgan edi. Beruniyning daxolik qudrati shundaki, u o‘zigacha yaratilgan va mavjud bo‘lgan manba va adabiyotlarning eng asosiylarini mumkin qadar chuqur o‘rganib, ularning xar biriga munosib baxo berib, eng asosli xulosalarni ilgari surdi. Bu xulosalar xozirga qadar ilmiy yangiligi, dolzarbligi, nazariy asoslanganligi, muxim konseptual axamiyatga egaligi va ulkan ijtimoiy moxiyat kasb etganligi bilan aloxida qadrli.
Tarixni o‘rganar ekan, insoniyat kelib chiqishi va uning rivojlanish dinamikasini taxlil qilar ekan, Beruniy xaqiqatga ishonmovchi kishilar bilan munozara qilib, ularni skeptitsizmda ayblaydi va bular «qat’iy xujjatlarni qabul etishda xuddi sherdan qo‘rqib qochgan eshaklardek qochadilar»2, - deydi.
Sharq tarix falsafasining o‘ziga xosligi shundaki, unda turli davrlarda xukm surgan podsholiklar va ularning sulolalari tarixiy davr sifatida qabul qilinadi va ana shu davrda yuz bergan barcha voqealar, ma’naviy-axloqiy mezonlar, madaniy va ijtimoiy taraqqiyot bevosita ana shu podsholiklar va ularning sulolalari yurgizgan siyosat asosida o‘rganiladi.
Beruniy xam ana shu tartibotdan unumli foydalangan. U o‘zining «Osor al-boqiya» deb nomlangan asarida turli davrlarda xukm surgan podsholiklar va sulolalarning ko‘pdan ko‘p jadvallarini kiritgan: Makedoniyalik batlimuslar (ptolemeylar), rum, xristian, qadimgi Eron, sosoniylar sulolasi podshoxlari, arab xalifalari (ummaviylar va abbosiylar) kabilarning o‘z davriga xos shajaraviy-tarixiy jadvalini yaratdi. Ular o‘ta aniq va ishonchli manbalardan olinganligi, podshoxlarning xukmronlik qilgan davrlari deyarli to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Ular boshqa tarixiy kitoblar bilan solishtirish natijasida to‘la isbot etilganligi bilan aloxida ajralib turadi. Beruniyning ushbu asari insoniyat tarixini o‘rganuvchi mutaxassislar, tarixchilar, sotsiologlar, faylasuflar, etnograflar va demograflar uchun muxim manba bo‘lib xizmat qilmoqda3.

Beruniyning tarix falsafasida antropogenez – inson va uning kelib chiqishi, rivojlanish jarayonlari, antroposofiya – insonning xis-tuyg‘ulari, xis etish imkoniyatlari va ta’sirlanish xolatlari yuqori darajada rivojlangan mistik ta’limot yo‘nalishi bilan uyg‘un xolda olib boriladi. Ana shunday xolatlardan kelib chiqqan qarashlarda, inson xayoti kishilik jamiyatining markazi, barcha mavjudot va borliq olamning birlamchi va bosh moxiyati darajasiga ko‘tariladi. Demak bunday qarashlarda antropotsentristik yo‘nalish ustivorlik qiladi. Umuman olganda, Beruniyning olamni tadqiq etish, uni o‘rganish, inson va kishilik jamiyati moxiyatini ilmiy-nazariy tadqiq etishda o‘z davriga xos bo‘lgan iloxiy va dunyoviy qarashlar uyg‘unligini ko‘rish mumkin.


Tarix Beruniy uchun fikr va tafakkur manbai. U xar doim turli fanlarning o‘z qonuniyatlari doirasida o‘zaro ta’siri, o‘zaro uzviyligi va uyg‘unligining noyob qirralarini kashf etadi. Natijada tarix xaqidagi tasavvur xoxlagan fan tadqiqotchisi uchun muxim manba bo‘lib xizmat qiladi. Deylik astronom o‘zi uchun, matematik o‘z qarashlariga mansub, etnograf yo antropolog insonning vujudga kelishi va shakllanishi, kishilik jamiyati qonuniyatlari va tajribalari xaqidagi asosli ilmiy xulosalarga ega bo‘ladi. Beruniyning qomusiy bilim imkoniyatlari va qirralari ana shu tarzda vujudga keladi.
Beruniy tarixiy tadqiqotni boshqa turdosh fanlar bilan bog‘liq xolda olib borganligi, turli fanlarning predmeti va o‘ziga xos tadqiqot yo‘nalishlari orqali tarixga yondoshganligi xaqida gapirar ekan, u quyidagi xulosaga keladi: «Maqsad gapni cho‘zish emas, balki o‘quvchini zeriktirmaslik. Chunki doimo bir narsaga qarayverish malollik va sabrsizlikka olib keladi. O‘quvchi fandan fanga o‘tib tursa, turli bog‘larda yurganga o‘xshaydi. Birini ko‘rib ulgurmay boshqasi boshlanadi, va u kishi «xar bir yangi narsada o‘ziga yarasha lazzat bor» deyilgandek ularni ko‘rishga qiziqadi va ko‘zdan kechirishni istaydi. Bir xil narsa charchatadi, xotiraga malol keltiradi»4.
Balki shundaydir. Balki Beruniy Sharqona takalluf bilan, «zeriktirmaslik», «malol keltirmaslik», «o‘quvchiga yengillik yaratish» orqali o‘zining nixoyatda keng va serqirra faoliyatiga kamtarlik bilan baxo bergandir. Balki o‘sha davr tafakkur chegaralari doirasida ilmiy tadqiqotga yondoshish va usullari xaqidagi tasavvurlaridir. Biroq bugungi fan taraqqiyoti yutuqlari nuqtai nazaridan qaraganda tarixga tarix sifatidagina qarash kamlik qilmoqda va Beruniy tajribasiga, uning tarixni taxlil etish usuliga extiyoj sezilmoqda. Tarix tom ma’nodagi inson va uning tafakkuri xaqidagi fanga aylanmoqda. Demak xar qanday tarixiy tadqiqot, xar qanday o‘tmish voqeliklari faqat tarixga yondoshish orqali moxiyatini ochmaydi. Unga falsafa, mantiq, sotsiologiya, etnografiya, antropologiya, astronomiya va xatto bugungi kun fanining noyob yutug‘i bo‘lgan gen injenerligi, matematika, fizika va boshqa tabiiy fanlarning ijtimoiy yo‘nalishlari orqali yondoshishni xam taqozo etadi.
Beruniy podsholiklar tarixi orqali o‘tmishni davrlashtirish tamoyilidan borar ekan, o‘z davrining podsholari, sanalari, ismlari, xukmronlik muddatlari va ularning axvollari xaqidagi xabarlar xar xil, turli mualliflar tomonidan turlicha bayon etilganligini ko‘rsatadi. Bunda u xar qaysi muallif o‘z qarashlari, shaxsiy manfaatlari va ma’lum podshoxga bo‘lgan munosabatlaridan kelib chiqib yondoshganligini aytadi. Natijada manfaatlar ustivorligi, qarashlarning xususiyligi, yoqtirganini maqtash, yoqtirmaganidan kamchilik izlash xolatlari yuzaga kelar ekan, bu tarix xaqiqatini buzadi, fanni chalg‘itadi. Ana shu jiddiy va prinsipial masalalardan kelib chiqib, fandagi ixtiloflarni birma-bir solishtirib o‘rganar ekan, Beruniy qarashlarini va mavjud ixtiloflarni atoqli olim Omonulla Fayzullaev quyidagilarga bo‘ladi:
I .Mualliflarda goxo ixtiloflar uchrab turadi: 1. Ardasherdan Yazdijargacha o‘tgan davr to‘rt xil berilgan. 2. Iskandardan Yazdijargacha bo‘lgan davr xaqida xam ixtilof bor. Farq, masalan 253, 125 yilgacha yetadi. 3. Muso ibn Iso Eron podshoxlarining xukmronlik muddatlarini orttirib yuborgan.
II. Diniy kitoblardagi ixtilof: 1. tavrotning 3 nusxasida Bani Isroilning Misrga kirishi xaqida 3 xil muddat ko‘rsatiladi. 2. tavrotning xar xil nusxalarida odam «paydo» bo‘lgan vaqt xar xil ko‘rsatilgan. Farq 349 yildan 582 yilgacha. 3. Dinlar orasidagi kelishmovchilik. Beruniy payg‘ambarlar tarixini tekshiruvchi sifatida xar xil dinlarning tarix xaqidagi da’volariga oid shubxalarni, dinlarning bir-birlarini ayblashlarini, xisobdagi ixtilofni ko‘rsatib berdi.
III. Ixtilofni topish va tuzatish: 1. Beruniy podshoxlarning podshoxlik davrlari xaqidagi tarixchilar gaplarining ixtilofini xisob yo‘li bilan topadi. 2. Iskandardan keyingi davr xaqidagi ixtilofni tuzatishni Beruniy o‘z zimmasiga oladi va uni bajaradi.
IV. Ixtilofga sabab: 1. Tarixda o‘xshash nomlar aralashtirilib yuborilgan. Masalan, eronliklar o‘xshash nomlarni adashtirib yuborganliklari sababli Ardasher bilan Yazdijard orasidagi 676 yillik davrni ko‘rsatmaganlar. 2. Ashkoniylar davrida xalq Iskandar tufayli notinch edi. Shu tufayli ular tarixlarda g‘ofil bo‘ldilar. 3. Mualliflar Eron podshoxlarini ularning Bobildagi amaldorlari bilan qo‘shib bayon etganlar.
V.Tarixshunosning xaqqoniyligi. Moniy yolg‘onni xarom deb e’tiqod qiluvchilardan bo‘lib, tarixni buzib ko‘rsatishga uning extiyoji xam bo‘lmagan deb rostgo‘y tarixshunoslarni maqtaydi Beruniy5.
Ana shu tarzda Beruniy turli munozarali, qarama-qarshi qarashlarga aniqliklar kiritish, kuzatish va umumlashtirish, ziddiyatlar, tabiiy xodisalardagi rivojlanish qonuniyatlari atrofida fikr yuritadi. Birinchi inson xaqidagi afsonalar, davriy xodisalar, tabiat voqeliklari, urf-odatlar, rasm-rusumlarni xar tomonlama jiddiy o‘rganadi. Natijada xar bir mintaqa xalqlarining o‘ziga xos xayot tarzi orqali o‘ziga xos tarix yaratayotganini isbotlaydi.
Beruniy uning kishilik jamiyati xaqidagi qarashlarida kishilik jamiyatining ilmiy-nazariy qonuniyatlari yaratiladi. Jumladan, jamiyatning ma’naviy qiyofasi va madaniy darajasi bevosita yaxshi va yomon odamlar ko‘pligi yo ozligi bilan belgilanishini ta’kidlaydi. Natijada ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik insonga xos xususiyat ekanligidan kelib chiqib, «faxrlanish – xaqiqatda yaxshi xulqlar va oliy fe’llarda oldin ketish, ilmu-xikmatni egallash va imkoniyat boricha mavjud (nopokliklardan tozalanishdir). Kimda shunday sifatlar topilsa, xukm uning foydasiga va kimda bular yetishmasa, xukm uning zarariga bo‘ladi»6 degan xulosaga keladi.

Download 404.14 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling