12.12.2022
Ispaniya (España), Ispaniya Qirolligi (Reino de España) — Yevropaning janubi-gʻarbida, Pireney yarim orolda joylashgan davlat. Oʻrta dengizdagi Balear (shu jumladan Pitius), Atlantika okeanidagi Kanar orollari, Afrikaning shimoliy qirgʻogʻidagi Seuta va Melilya shaharlari va unga yondosh Veles-de-la-Gomera, Alusemas, Chafarinas orollari ham Ispaniyaga qaraydi. Maydoni 504,75 ming km2. Aholisi 47,27 mln. kishi (2012). Maʼmuriy jihatdan oʻz hukumati va parlamentiga ega boʻlgan 17 muxtor regionga, ular, oʻz navbatida, 50 viloyat (provincia)ra boʻlinadi. Poytaxti — Madrid shahri
Qisqa faktlar Reino de España, Poytaxt ...
Davlat tuzumi
Ispaniya — parlamentli monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1978-yil 6-dekabrdagi milliy referendumda maʼqullangan, oʻsha yili 29-dekabrdan kuchga kirgan;
Tabiati
Ispaniya subtropik mintaqada. Qirgʻoq chizigʻining uzunligi orollar bilan birga 5 ming km dan koʻproq. Ispaniya hududining aksar qismi plato, oʻrtacha balandlikdagi tizmalar, yassitogʻliklar va pasttekisliklardan iborat. Platolarning balandligi shimoli-gʻarbda 800– 1000 m, janubi-sharqda 500–600 m. Ular oʻrtasida janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa yoʻnalgan Markaziy Kordilyera togʻ tizmalari bor. Ispaniyaning shimoli-gʻarbida Galisiya massivi va Leon togʻlari, Biskay qoʻltigʻi sohilida Kantabriya togʻlari bor. Ular sharqda Pireney togʻlariga ulanib ketadi. Janubiy va janubi-sharqida Andalusiya togʻlari, janubi-gʻarbida Andalusiya pasttekisligi bor. Syerra-Nevada tizmasidagi Mulasen togʻi (3478 m) Ispaniyadagi eng baland togʻdir. Ispaniyada uran, mis, simob, qoʻrgʻoshin, temir, volfram, qalay, oltin, kumush, margimush, marganets konlari bor. Toshkoʻmir, kaliy tuzi, kaolin, apatit ham qazib olinadi.
Iqlimi shimoliy va shimoli-gʻarbida moʻtadil okean iqlimi, qish yumshoq, yoz iliq. Yillik oʻrtacha yogʻin 1000–2000 mm. Sohilda yanvarning oʻrtacha temperaturasi 7— 9°, iyulniki 18—20°. Mamlakatning qolgan qismida Oʻrta dengizga xos subtropik iqlim, yoz quruq, issiq, qish yumshoq, seryogʻin. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi Meseta platosida 4—5°, janubida 12—13°, iyulniki 23—29°. Ispaniyaning markazi, sharqi va janubi-sharqida yogʻin kam (300–500 mm).
Daryolari, asosan, yomgʻirdan toʻyinadi, yozda juda sayozlanib qoladi. Faqat shimoliy va shimoli-gʻarbidagi daryolar yil boʻyi sersuv. Yirik daryolari: Taxo, Ebro, Gvadalkvivir, Duero, Gvadiana va boshqa. Ulardan energiya olishda va sugʻorishda foydalaniladi. Ispaniyaning shimoliy va shimoli-gʻarbidagi togʻ-oʻrmon qoʻngʻir tuproqlarda qora qayin, dub, kashtan oʻrmonlari, tog yon bagʻirlaridagi togʻ podzol tuproqlarida qaragʻay oʻrmonlari bor. Pireney togʻlarida 2000 m dan balandda oʻtloq mintaqalari joylashgan. Ispaniyaning qolgan qismida doim yashil dublar, qaragʻay, sarv, kashtan, zarang, lipa va boshqa usadi. Ispaniyaning eng chekka janubida palmazorlar uchraydi. Hayvonlardan tulki, suvsar, qoʻngʻir ayiq, boʻrsiq, tog echkisi, serna, viverra, quyon, tipratikan bor. Gibraltar atrofida makaka maymun (Yevropada faqat shu yerda) uchraydi. Qushlarning 400 ga yaqin turi bor. Sudralib yuruvchilar koʻp. Tunets, sardina, treska baliklari va dengiz jonivorlari ovlanadi. Noyabr hayvonlar va tabiiy landshaftni saqlash maqsadida bir necha milliy bogʻ va qoʻriqxonalar tashkil etilgan. Milliy bogʻlari: Ayguestortes-i-Lago-SanMaurisio, Kovadonza, Ordesa va boshqa.
Aholisining 3/4 qismi ispanlar, qolganlari — katalonlar, galisiylar, basklar va boshqa. Rasmiy til — ispan tili. Koʻpchilik dindorlar — katoliklar. Aholining 78,4% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Madrid, Barselona, Valensiya, Sevilya, Saragosa, Bilbao, Malaga.
Do'stlaringiz bilan baham: |