Ko’rish (inspectio). Anamnez ma’lumotlari yig’ilganidan so’ng hayvonni
umumiy klinik tekshirish, qaysiki ko’zdan kechirish boshlanadi. Ko’rik kunduzi
tabiiy yoki sun’iy yorug’likdan foydalanib o’tkaziladi. Bu ish muayyan tartibda
o’tkaziladi, avval hayvonning boshi, bo’yni, so’ngra ko’krak qafasi, tana qismi,
qorni, yelini, yorg’oq, prepusiya, chanog’i, oyoqlari qarab chiqiladi. Tananing juft
qismlari taqqoslab ko’zdan kechiriladi, bu patologik uchoqda tashqi klinik belgilar
kamroq kuzatilganda asqotadi. Hayvon harakatlanganda va tinch turgan holatida
ko’zdan kechiriladi. Uning holatiga (holsizlanish, qo’zg’alish), tana vaziyati, teri
va shilliq pardalar ko’rinishiga va boshqa ayrim bir organ kasalliklaridan xabar
beruvchi (oqsash, ko’rish qobiliyatining yo’qolishi) yoki mahalliy o’zgarishlarga
(dermatit, ekzema, o’sma, ko’z shox pardasining xiralashishi, qalinlashishi)
e’tibor berish kerak.
Ko’rik asosida zararlangan organ yoki shikastlangan tuqimaning o’lchami,
shakli, rangi va yuzasining holati (quruq, ho’l, tekis, g’adir-budir, qon bilan
qoplanganligi, yiring, qora-qutir) oqsash (uning turlari) va boshqalar aniqlanadi.
Kasal hayvonlar diqqat bilan kuzatilsa, kasallikning kechishi va klinik
manzarasini bilib olish hamda diagnoz qo’yish va samarali davolash vositalarini
belgilash mumkin bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |