Ixtisoslik terminlari ustida ishlash
XURUJ KUNLARI QILGAN BESHINCHI KENGASHIM
Download 30.46 Kb.
|
6-mavzu amaliy
- Bu sahifa navigatsiya:
- XURUJ VAQTIDA QILGAN OLTINCHI KENGASHIM
XURUJ KUNLARI QILGAN BESHINCHI KENGASHIM
Boxtarzamin va Qandahor tomon ketayotib, Hirmand daryosining bo‘yiga yetganimda to‘xtab bir yurt yasattirdim. Askarlarimni dam oldirish uchun bir necha kun o‘sha daryo bo‘yida turdim. Shu vaqt Garmsir viloyatining aholisi bilan sipohidan qariyb ming otliq turk va tojik ham menga (kelib) qo‘shildi. Shu tariqa Garmsir viloyati mening tasarrufimga kirdi. Shunda Seyistonga turktoz qilishga qaror qildim. Bu xabar Seyiston voliysiga yetgach, elchi orqali sovg‘a-salomlar yuborib, mendan yordam so‘radi: «Dushmanlarim menga zulm qilib, qo‘limdan yetti qal’amni tortib oldilar. Agar mendan dushman qo‘lini qisqa qilsalar, askarlariga olti oyliq oziq-ovqat yetkazib berardim». O‘zimcha kengashib ko‘rib, Seyiston tomonga lashkar tortishni ma’qul topdim. Dushmanlar egallab olgan yetti qal’adan beshtasini kuch va qahr bilan olganimni ko‘rib, Seyiston voliysining yuragiga qo‘rquv tushdi va kechagi dushmanlarini endi o‘ziga do‘st tutib, o‘zaro bunday kengash qildilar: «Agar Amir Temur bu yerlarda turib qolar ekan, Seyiston mulki qo‘limizdan ketishi aniqdir», deyishib, butun Seyistonning sipohi va raiyati barchasi birlashib, mening ustimga bostirib keldilar. Seyiston voliysi va’dasiga vafo qilmagani uchun ilojsiz qolib, ularga qarshi jangu jadalga kirishdim. Shu payt bir o‘q kelib tirsagimga qadaldi, yana bir o‘q oyog‘imga tegib yaraladi. (Shunday bo‘lsa ham) oxiri ular ustidan g‘alaba qozondim, (Lekin) o‘sha mamlakatning ob-havosini mizojimga muvofiq ko‘rmay, u yerdan ko‘chib, yana Garmsirga bordim. O‘sha viloyatda yaralarim bitguncha ikki oy turib qoldim. XURUJ VAQTIDA QILGAN OLTINCHI KENGASHIM U shundan iboratki, Garmsir tasarrufimga o‘tib, yaralarim tuzalgach, Balx sarhadidagi tog‘larda turib, o‘sha yerda qo‘shin to‘plab, Movarounnahr mulkini zabt etish uchun yurish qilmoqchi bo‘ldim. Kengash shunga to‘xtagach, bu yerdan otlanib chiqib (qarasam), men bilan faqat qirq otliq kishigina qolgan ekan. Lekin ularning barisi aslzoda, amirzoda, nasli pok yigitlar edi. Shundayin azamatlar bu og‘ir kunlarda nima uchundir mendek oltinu molsiz, oziq-ovqatsiz bir kishiga hamroh bo‘lib, itoat qilib yurganlari uchun Tangri taologa shukrlar aytdim. O‘zimcha: «Olloh taoloning men bilan qilarlik ulug‘ ishlari ko‘p bo‘lsa kerakkim, o‘zim kabi yigitlarni menga bo‘ysundirmish», — deb o‘yladim. (So‘ng) Balx tog‘lariga qarab yo‘lga tushdim. Ketayotganimizda Yildirim Qorachor no‘yon avlodidan bo‘lmish Siddiq Barlosga duch keldim. Meni izlab sargardon bo‘lib yurgan ekan, o‘n besh otlig‘i bilan kelib menga qo‘shildi. Uning kelganini yaxshilikka yo‘ydim. O‘sha kunlari ov go‘shtlari bilan kun kechirmoqda edik. Shu zaylda ilgarilab borarkanmiz, yiroqdan tepa ustida bir to‘p kishining qorasi ko‘rindi. Oldinga yurganimiz sari soatma-soat ularning soni ham ortib bordi. To‘xtadim. «Bular kim bo‘ldi ekan?» — deb ularning oldiga qorovullar yubordim, Ular borib: «Amir (Temur)ning sobiq navkari Qozonchi bahodir ekan va Jeta lashkaridan yuz otliq bilan ajralib chiqib, shundan beri amirni izlab, sargardon bo‘lib yurgan emish», — degan xabar olib keldilar. (Buni eshitib) yerga bosh qo‘yib Tangri taologa shukr qildim. Darhol Qozonchini huzurimga olib kelish uchun odam yubordim. U kelgach, tiz urib oyoqlarimni o‘pdi. Men ham uning ko‘nglini olib, mandilimni boshiga qo‘ydim. So‘ng bu yerdan yurib Darayi Arsaf degan joyga kelib tushdim. Ertasiga otlanib, darani aylana boshladim. Uning o‘rtasida bag‘oyat xushhavo bir tepalik bor ekan, o‘sha balandlikka chiqdim. Lashkarlar ul tepalikni qurshab joylashdilar. O‘sha kecha juma tuni edi, tong otguncha (xudodan madad so‘rab) uxlamay chiqdim. Tong otgach, bomdod namozini o‘tadim, so‘ng qo‘limni duoga ochgan edim, ko‘zlarim yoshlanib, yuragim bo‘shashdi, Tangri taologa yolvorib, meni bu sarsonlikdan qutqarishini tiladim. Duo tamom bo‘lganicha ham yo‘q ediki, uzoqdan bir to‘p odam ko‘rindi. Ular tepalikni yonlab o‘tib ketmoqda edilar. Otlanib, ularning kimligini bilish maqsadida orqalaridan bordim. (Qarasam) hammasi bo‘lib yetmish otliq ekan. Ulardan so‘radim: — Bahodirlar, kim bo‘lasizlar? Ular javob qildilar: — Amir Temurning navkarlarimiz. Uni izlab topolmay, kezib yuribmiz. Men dedim: — Men ham amirning navkarlaridan biridurmen. Yuringiz, sizlarni uning oldiga boshlab borayin. Ulardan biri otini choptirib borib gapimni o‘z sardorlariga yetkazibdi, «Biz Amir Temurning huzuriga olib boradigan yo‘lboshlovchini topdik», debdi. Ular otlarining jilovini burib, meni darhol huzurlariga keltirishni buyurdilar. Ular uch favj ekanlar. Birinchi favjning sardori — Tug‘luq Xoja Barlos, ikkinchisiniki — amir Sayfiddin, uchinchisiniki — Tutak bahodir ekan. Meni tanigan zahotlari o‘zlaridan ketayozib, otdan tushdilar. Tiz urib, uzangimni o‘pdilar. Men ham otdan tushib, har biri bilan quchoqlashib ko‘rishdim. Mandilimni Tug‘luq Xojaning boshiga qo‘ydim. Juda nozik ishlangan, oltin bilan ziynatlangan kamarimni esa amir Sayfiddinning beliga bog‘ladim. Choponimni Tutak bahodirga kiydirdim. Ularning ko‘ngli yumshab, bag‘oyat ta’sirlandilar. Men ham qattiq ta’sirlandim. Paytida jamoat bilan namozni ado etdik. So‘ngra otlanib, qarorgohga borib tushdik, majlis qurib, to‘y berdik. Ertasi kuni Sher Bahrom ham keldi. U ilgari yoshlik qilib, mendan ajrab, Hindiston zaminini havas qilib ketib qolgan edi. O‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, mendan kechirim so‘radi. Men uni quchog‘imga oldim va uzrini qabul etdim. Shu qadar unga mehribonlik ko‘rsatdimki, u xijolatdan butunlay forig‘ bo‘ldi. Download 30.46 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling