Jahon adabiyoti tarixi
Download 2.24 Mb.
|
Jeyms Joys(1882-1941) haqli ravishda Prust va Kafka singari XX asr modernistik adabiyotining “ota”laridan biridir. Akademik D.S.Lixachev u haqda: “... Joys adabiy hodisa, endi u takrorlanmaydi, u mutlaqo benazir”, degan fikrni aytgan bo‘lsa, buyuk psixolog olim Karl Yung: “Jeyms uslubining sira aql bovar qilmas ko‘pqiyofaligi, odamga gipnozday ta'sir ko‘rsatadi... Kitobxon o‘quvchi og‘zini ochgancha qoladi”, deydi, taniqli adabiyotshunos, Joys asarlari tarjimoni I.G‘afurov: “Joysni o‘qish kishiga cheksiz bir maroq bag‘ishlaydi. Joysni mutolaa qilishga kirishgan kitobxon ahdida qattiq turib, kitobni oxirigacha o‘qishi kerak”, deb yozadi.27
Joys Irlandiya poytaxti Dublinda dunyoga keldi. Iuzit kollejlarida ta'lim olgan Joys 1899 yili Dublin universitetiga o‘qishga kiradi va tillar hamda falsafa bilan shug‘ullanadi. Bo‘lajak yozuvchining yoshlik yillari Irlandiyaning o‘z mustaqilligi uchun kurashishi yillariga to‘g‘ri keladi. Mamlakatdagi milliy ozodlik harakati “Irlandiya uyg‘onishi” nomini oldi. Joys voqealarga befarq bo‘lmasa-da, ushbu harakatning ishtirokchisi bo‘lishdan o‘zini tiydi. Universitetni tamomlagach, Irlandiyani tark etib, Shveytsariyada, 1920-1939 yillarda esa Fransiyada yashab, ingliz tilidan dars berib kun kechirdi. Ko‘p yillar ko‘z kasalligidan shikoyat qilib yurgan yozuvchi hayotining so‘nggi yillari umuman ko‘rsay qoldi va 1941 yili Syurixda vafot etdi. Adabiyotga XIX asr oxiri XX asr boshlarida kirib kelgan Joys realistik an'analardan voz kechdi va o‘z iste'dodini an'anaviy romanlardan o‘zgacha, hech bir badiiy asarga o‘xshamaydigan asar yaratishga sarfladi. Bunday asar Joys nomini dunyoga tanitgan “Uliss” romani(1922) edi. Ushbu roman Joysning ko‘p yillik izlanishlari, yoshlik yillaridagi maqolalari, hikoyalari va “Mo‘yqalam sohibining yoshlikdagi surati”(1914) deb ataluvchi romanini yaratish orqali shakllangan qarashlari hamda ijodiy tamoyillarining mevasidir. Joys ijodining dastlabki davri 1899-1914 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda uning bir qancha badiiy-tanqidiy maqolalari, xususan, “Drama va hayot”(1900), “Ibsen yangi dramasi”(1901), “Oskar Uayld”, “Sulaymon shoiri”(1909), “Bernard Shouning senzor bilan kurashi”(1909) va boshqalar yozildi. Bundan tashqari “Kamer musiqasi” she'riy to‘plami, “Dublinliklar” hikoyalar to‘plami(1903-1905 yillarda yozilib, 1914 yilda chop etilgan), “Mo‘yqalam sohibining yoshlikdagi surati”(1904-1914 yillarda yozilib, 1916 yilda nashr etilgan) romani ham mana shu davrda yozilgan. Joys yoshligidan teatrga muhabbat qo‘ydi. Ibsen va Gauptman dramalaridan tashqari Nitsshe va Shopengauer falsafasi, simvolizm estetikasi(P.Verlen va M.Meterlinkdan tarjimalar qilgan) va Angliyadagi estetizm harakatining ta'siri uning maqolalari hamda badiiy asarlari yo‘nalishini belgilab berdi. “Drama va hayot” maqolasini yozuvchining badiiy manifesti deyish mumkin. Bunda dramaga “san'atning oliy shakli” deb baho beriladi. Joys haqiqiy ijodkorning vazifasiga hayotiy inson xarakterlarini yaratish kirmasligi haqida yozadi. Shuning uchun ham u Shekspir asarlariga haqiqiy drama emas, balki “dialogdan tuzilgan adabiyot”, deb baho beradi. Joys ko‘proq simvolizm va shartlilikka asoslangan M.Meterlink pyesalarini yoqlab chiqadi. Uning fikricha, haqiqiy san'at asosiy qonuniyatlarni, ularning asl mohiyatini ochiq-oydin, qattiq tartibda ko‘rsatishi kerak. Ushbu qonuniyatlarning kimlar orqali namoyish etilishi ikkinchi o‘rindagi masaladir. Individual ko‘rinishlar, ya'ni ma'lum shaxs bilan bog‘liq bo‘lgan va muhit hamda davr ta'sirida shakllangan jihatlar haqiqiy ijodkor e'tibori uchun loyiq emas. Jeyms Bernard Shouga “tug‘ma” va'zxon deb baho berib, uning pyesalarini “dialoglardan iborat romanga yaqin bo‘lgan yangi dramatik shakl” deb ataydi. U dramani janr nuqtai nazaridan tahlil qilmaydi. Chunki janridan qat'iy nazar, har qanday asar ham “tuyg‘ular aloqalarining asosiy qonuniyatlarini” yetkazib bergan taqdirda dramaga, ya'ni san'atning oliy formasiga aylanishi mumkin. Joys ijodining birinchi davridagi so‘nggi asari – “Mo‘yqalam sohibining yoshlikdagi surati” romani bo‘lib, u avtobiografik xarakterga ega. Asarda Stiven Dedalus ismli ijodkor tafakkurining shakllanish jarayoni haqida so‘z boradi. Asar qahramoni go‘zallik yaratish ishtiyoqida o‘z vatanini ham tark etadi. U ijodkor hayotining mazmuni mufassal estetik shakllarni yaratishda, asosiy vazifasi esa o‘z xayolotlarini aks ettirshda deb biladi. Joys ijodining keyingi davrida “Uliss” va tugallanmagan “Finnegan ta'ziyasi” romanlarini yaratildi. XX asrning eng mashhur asari, “ong oqimi” uslubi birinchi marta tugal ko‘rinishda qo‘llanilgan “Uliss” 1914-1921 yillarda yozilgan bo‘lib, romandan parchalar 1918-1920-yillarda AQShda “Litl rivyu” jurnalida chop etildi. Asar 700 sahifani, 260 ming so‘zni tashkil etadi, lug‘at boyligi 30 ming so‘zdan iborat. “Uliss” zamonaviy “Odisseya” sifatida o‘ylangan bo‘lib, uning bosh mavzusini jahongashtalik, darbadarlik tashkil qiladi. Homerning dostoni Joys asariga nomini, tashqi tuzilmasini taqdim etadi. Bosh qahramonlar va ba'zi ikkinchi darajali qahramonlar ham Gomer qahramonlariga “egizak”: Blum – Odissey, Stiven – Telemax, Molli – Penelopa, Mayls Krou – Eol, Gerti – Nivsikaya, Bella Koen – Sirseya. Biroq Joys qahramonning harakatlarini emas, “tafakkur oqimi”ni qog‘ozga tushiradi. “Uliss”da, va umuman Joys nasrida an'anaviy syujet, kompozitsion qurilishlar, xronologik mutanosiblik asosida hikoya qilinuvchi voqea-hodisalar silsilasi, an'anaviy tasvir usullarini uchratmaymiz. Aksincha, uning nasri o‘ta murakkab bo‘lib, bu yuksak iqtidor sohibining fikrlash tarzi, tafakkuri mevasidir. “Uliss”dagi voqealar aniq – 1904 yilning 16 iyun payshanba – Blumsdey – Blum kunida sodir bo‘ladi. Bu kun “Ivning telegraf” gazetasi reklama bo‘limi xodimi Leopold Blumning bir kuni tarzida qayta jonlantiriladi. Roman markazida uch asosiy qahramonning – Leopold Blum, uning xotini qovoqxona qo‘shiqchisi Merion, an'anaviy tarix muallimi Stiven Dedalusning bir kunlik hayoti, xususan, ertalab soat sakkizdan tungi uchgacha kechgan tashqi va ichki hayoti tasvirlanadi. Ularning ma'lum paytdagi holati, mashg‘uloti, uchrashuvlari tafsilotlari katta ahamiyat kasb etmaydi, yozuvchi diqqat markazida har birining ong oqimi, ichki monolog va dialoglari turadi. Joys “Uliss”da umuman insonlar hayotini aks ettirishni maqsad qilib olgan. Shuning uchun asar qahramonlari aniq shaxslar bo‘lsa-da, muallif ularga universallik, umumiylik baxsh etadi. Lekin nima uchue Joys aynan 1904-yilning 16-iyunini asarga asos qilib oldi, degan savol tug‘iladi. Tadqiqotchi Richard Keynning ta'kidlashicha, shu kuni Joys bo‘lajak qallig‘i Nora Barnaklga ko‘ngil qo‘ygan edi. Onasining o‘limi bilan bog‘liq xotiralar va qayg‘u-iztiroblarga ma'lum ma'noda shu muhabbat malham bo‘lgan. Roman 18 epizoddan tashkil topgan. Mazkur epizodlar romanda uch qismga bo‘lingan bo‘lib, yozuvchi dastlabki 1-3 epizodlarni “Telemaxnoma”, 4-5 epizodlarni “Odissey” va 16-18 epizodlarni “NOSTOS” deb atagan. Joys o‘z asarini Homerning dostoni asosiga qurgan bo‘lsa-da, ushbu ikki asar o‘rtasida faqat ramziy o‘xshashlikkina mavjud. Joys kitobxon ko‘z o‘ngida olam va inson haqidagi o‘z tasavvurlari modelini yaratgan ijodkor sifatida gavdalanadi. Yozuvchi inson tabiatiga xos azaliylikni ochmoqsi bo‘ladi. Inson tabiatining o‘zgarmasligi Joysga Blum, Dedalus, Merionni Homer dostoni va qadimgi Rim afsonalari bilan taqqoslash imkonini beradi. “Uliss”ning qurilishi mozaikani eslatadi. Joys g‘oyat sinchkovlik bilan fakt to‘plab, tabiiy aniqlik bilan yon daftarini to‘ldirib borgan edi. Romanning har bir epizodi ko‘plab parchalar yig‘indisidir. Yozuvchi kino san'atiga xos montaj vositasidan unumli foydalangan. Irland yozuvchisi qahramonlarning ichki monologlarini aniqlik bilan ifodalay oladi. Bunda u fikrning uzilishi va birvarakayiga turli fikrlar oqimi rivojlanishi usullaridan samarali foydalanadi. Masalan, Blum magazin vitrinasi oldidan o‘tayotib ipakdan to‘qilgan mato – poplin, Angliyaga gugenotlar tomonidan olib kelinganini eslaydi. Shu bilan birga uning ichki monologida paralelel ravishda ikki mavzu – Meyerberning “Gugenotlar” operasidagi xor va poplin haqidagi o‘ylari o‘tadi: “Tarara. Ajoyib xor. Tara. Yomg‘ir suvida yuvish. Meyerber. Tara bom. Bom-bom”. Umuman, Joys butun hayotini “Uliss”ni o‘qishga, o‘rganishga, anglashga sarf etadigan fidoyi o‘quvchini orzu qilgan. Chunki asar murakkab, mavhum va shu bilan birga jozibador hamda sirli. Akademik D.S.Lixachevning iborasi bilan aytganda, “Joysning maktabi bo‘lmasligi mumkin, biroq uning butun dunyo madaniyati va adabiyotida tutgan mavqyei beqiyos”28. Download 2.24 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling