2-mavzu: blum taksonomiyasi. Uning nazariy-metodologik asoslari va ona tili va adabiyot darslarini o‘tishdagi ahamiyati reja


Download 107.5 Kb.
bet1/6
Sana31.03.2023
Hajmi107.5 Kb.
#1312700
  1   2   3   4   5   6
Bog'liq
2-ma\'ruza ma\'vzusi. Makt.dars.maz.


2-MAVZU: BLUM TAKSONOMIYASI. UNING NAZARIY-METODOLOGIK ASOSLARI VA ONA TILI VA ADABIYOT DARSLARINI O‘TISHDAGI AHAMIYATI
Reja:
1. Blum taksonomiyasi. O‘quvchi shaxsini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim.
2. Blum taksonomiyasi hamda ona tili va adabiy ta’lim. Adabiyot o‘qitish metodikasi fanida motivatsiya.
3. Blum taksonomiyasi asosida savol va topshiriqlar ishlab chiqish.
Tayanch tushunchalar: Benjamin Blum (Benjamin Bloom), Maks Englhart (Max Engleheart), Edvard Furst (Edward Furst), Uolter Hill (Walter Hill) va Devid Krasvol (David Krathvol), taksonomiya, bilish, tushunish, qo‘llash, tahlil, umumlashtirish, baholash, ta’lim va tarbiya, o‘quvchi-o‘qituvchi hamkorligi, o‘quvchi-o‘quvchi hamkorligi, “muvaffaqiyat muhiti”, motivatsiya, deduktiv metod, induktiv metod.
Blum taksonomiyasi. O‘quvchi shaxsini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim
Uzluksiz ta’limda ta’lim oluvchilarga belgilangan o‘quv dasturlari asosida bilim berish va o‘quv natijalarini baholashda Blum taksonomiyasi mezonlariga asoslaniladi. Amerikalik mashhur psixolog va pedagog Benjamin Blum tomonidan asos solingan savol va to‘shiriqlar tizimi – bilish faoliyati darajalariga asoslangan o‘quv maqsadlari taksonomiyasi zamonaviy ta’lim olamida yetarli darajada keng tarqalgan. O‘quv maqsadlari taksonomiyasi – o‘quvchilar o‘zlashtirishining ma’lum bir darajasidan darak beruvchi konkret harakatlari, mazmunan obyektlarni tabiiy o‘zaro bog‘liqlik asosida murakkablashib borishini ketma-ket joylashtirish orqali turkumlashtirilishi yoki tizimlashtirilishi. Taksonomiya – borliqning murakkab tuzilgan sohalarini tasniflash va sistemalashtirish nazariyasidir.
Interfaol usullarni qo‘llash natijasida o‘quvchilarning mustaqil fikrlash, tahlil qilish, xulosalar chiqarish, o‘z fikrini bayon qilish, uni asoslagan holda himoya qila bilish, sog‘lom muloqot, munozara, vaziyatni baholash ko‘nikmalari shakllanib, rivojlanib boradi. Bu masalada Benjamin Blumning bilish va emotsional sohalardagi pedagogik maqsadlarning taksonomiyasi o‘quvchini fanga qiziqtirish, bilish faoliyatini jadallashtirish, intellektual salohiyatini aniqlash uchun eng maqbul yo‘ldir. Blum tafakkurni bilish qobiliyatlari rivojlanishiga muvofiq ravishda oltita darajaga ajratdi. Bir necha bosqichli savollar tizimining asosiy maqsadlari: o‘quvchilarda ijodiy fikrlash ko‘nikmasini hosil qilishga yordam berish, muammolarini yechish va maqsadli obyektiv yechimlarini topish. Bu maqsadlarga qachon erishish mumkin, qachonki o‘qituvchi o‘quvchining chuqur o‘ylash jarayonini bosqichma- bosqich rag‘batlantirib borsa. Shuning uchun Blum fikrlash jarayonini sistemalashtirgan holda bir necha bosqichli savollar tizimini ishlab chiqqan. Blum taksonomiyasi bu – shunchaki tasniflash jadvali emas.

Blumga ko‘ra tafakkur bilish, tushunish, qo‘llash, tahlil, umumlashtirish, baholash darajalarida bo‘ladi. Ushbu darajalar quyidagi belgilar hamda har bir darajaga muvofiq fe’llar bilan ham ifodalanadi. Jumladan:
Bilish dastlabki tafakkur darajasi bo‘lib, bunda o‘quvchi atamalarni, aniq qoidalar, tushunchalar, faktlar, mezonlar, yo‘nalishlar, kategoriyalar, tasniflar, shuningdek, abstrakt bilimlar: tamoyillar, aksiomalar, teoremalar, umumlashma fikrlar, strukturalar va shu kabilarni biladi, eslaydi, takrorlaydi, asar voqea-hodisalarini bayon qila oladi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’l namunalari: qaytara bilish, mustahkamlay olish, axborotni yetkaza olish, aytib bera olish, yozish, ifodalay olish, taniy olish, gapirib berish, takrorlash.
Tushunish darajasidagi tafakkurga ega bo‘lganda esa, o‘quvchi faktlar, qoidalar, chizmalar, jadvallarni tushunadi, qayta tuza oladi, o‘zgartira oladi (so‘zdan raqamga yoki obrazga), mavjud ma’lumotlar asosida kelgusi oqibatlarni taxminiy tavsiflay oladi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: asoslash, almashtirish, belgilash, tushuntirish, tarjima qilish, qayta tuzish, yoritib berish, sharhlash oydinlashtirish.
Qo‘llash darajasidagi tafakkurda o‘quvchi olgan bilimlaridan faqat an’anaviy emas, noan’anaviy holatlarda ham foydalana oladi va ularni ma’lum bir model, formula, ko‘rsatma asosida to‘g‘ri qo‘llaydi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: joriy qilish, hisoblab chiqish, namoyish qilish, foydalanish, o‘rgatish, aniqlash, amalga oshirish, hisob-kitob qilish, tatbiq qilish, hal etish.
Tahlil darajasidagi tafakkurda o‘quvchi yaxlitning qismlarini va ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni ajrata oladi, mantiqiy fikrlash asosida xatolarni ko‘radi, faktlar va oqibatlar orasidagi farqlarni ajratadi, ma’lumotlarning ahamiyatini baholaydi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: keltirib chiqarish, ajratish, tabaqalashtirish, tasniflash, taxmin qilish, bashorat qilish, yoyish, taqsimlash, tekshirish, guruhlash.
Sintez. Umumlashtirish darajasidagi tafakkurda o‘quvchi ijodiy ish bajaradi, biror tajriba o‘tkazish rejasini tuzadi, bir nechta sohalardagi bilimlardan foydalanadi. Ayrim materiallar asosida butunning, yaxlitning obrazini, ko‘rinishini yaratadi. Bu bosqich tegishli natijalardan yangi jadval tuzishga urg‘u beruvchi ijodiy xarakterdagi faoliyatni taqozo etadi. Masalan: insho yozish, faoliyat rejasini ishlab chiqish. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: yangilik yaratish, umumlashtirish, birlashtirish, rejalashtirish, ishlab chiqish, tizimlashtirish, tuzish, loyihalash.
Baholash. Mazkur kategoriya yuqorida ko‘rsatilgan barcha kategoriyal bo‘yicha o‘quv natijalarga erishishni va aniq ifodalangan mezonlarga asoslanib baholash mulohazalarini taqozo etadi. Ichki va tashqi mezonlar asosida baholaydi, o‘quvchi mezonlarni ajrata oladi, ularga rioya qila oladi, mezonlarning xilma-xilligini ko‘radi, xulosalarning mavjud ma’lumotlarga mosligini baholaydi, faktlar va baholovchi fikrlar orasidagi farqlarni ajratadi. Bu tafakkur darajasiga muvofiq fe’llar namunalari: tashxislash, isbotlash, o‘lchash, nazorat qilish, asoslash, ma’qullash, baholash, tekshirish, solishtirish, qiyoslash.
Blum taksonomiyasi – ta’lim maqsadlariga ko‘ra tashkil etilgan biluv faoliyatning uch sohasini qamrab oluvchi ierarxik tizimdir: kognitiv (bilish), affektiv (emotsional-qadriyatli) va psixomotor. Taksonomiyaning kognitiv faoliyatni qamrab oluvchi birinchi qismi 1956-yilda B.Blum rahbarligida ishlab chiqilgan. L.Anderson va D.Kratvol 2001-yilda taksonomiyani qayta ishlab chiqdilar. Aniqlashtirilgan ushbu taksonomiyada avvalgi an’anaviy taksonomiyadagi xatolarni bartaraf etishga urinishdi. Unda bilish masalalarida “nima” (fikrlash mazmuni) va “qanday qilib?” savollari , ya’ni mavjud axborot va muammo yechimidagi amallar o‘rtasiga chiziq tortishdi.
O‘quvchilarning Blum taksonomiyasi bo‘yicha bilishga oid o‘quv maqsadiga erishganlik darajasini nazorat qilishda ular tomonidan muayyan mavzu bo‘yicha ma’lumot va axborotlarni o‘zlashtirganlik darajasini aniqlash maqsadga muvofiq. Buning uchun o‘quvchi mavzu bo‘yicha atamalar, qoidalar, tushunchalar, faktlar, mezonlar, yo‘nalishlar, kategoriyalar, eslashi, takrorlay olishi, asar voqealarini bayon qila olishi, ularga ta’rif berishi, ma’lumotlarni qayta ishlashlari, o‘z fikrini bayon qilishi, obyekt yoki voqeaning o‘ziga xos xususiyatlarini ajratib ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
O‘quvchilarning tushunishga oid o‘quv maqsadiga erishishi uchun atamalar, faktlar, qoidalar, sxema va jadvallarni tushunishi, qayta tuza olishi, almashtirishi, asoslashi, sharhlashi, asosiy g‘oyani ajratib ko‘rsatishi, anglashi lozim bo‘ladi.
Ta’lim va tarbiya jarayonida nazariya va amaliyot birligi juda muhim, shuning uchun o‘quvchilarning o‘zlashtirgan nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatini yaratish zarur. Buning uchun o‘qituvchi o‘quv to‘shiriqlarini tuzishda o‘quvchilarning o‘zlashtirgan nazariy bilim, tushuncha, tamoyil, usullarni tanish va notanish vaziyatlarda qo‘llashini nazarda tutishi lozim.
O‘quvchi shaxsiga yo‘naltirilgan ta’lim-o‘quvchi shaxsiy imkoniyatlariga moslashtirilgan pedagogik muhitni hamda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishni nazarda tutadi. Bu ta’lim texnologiyasida har bir o‘quvchini tushunish, hurmat qilish, unga ishonish katta ahamiyatga ega. O‘quvchi-o‘qituvchi hamda o‘quvchi- o‘quvchi hamkorligi ko‘zda tutilgan ijobiy natijalarni beradi. Bu texnologiyada kommunikativ metodlardan keng foydalaniladi, ularning ayrim asosiy belgilarini ko‘rib chiqamiz. O‘qituvchi tomonidan o‘quvchi shaxsiga yo‘naltirilgan ta’limni amalga oshirishning quyidagi asosiy mezonlari mavjud:
1. Har bir o‘quvchiga buyuk shaxsdek qarash, uni hurmat qilish, uni tushunish, qabul qilish.
2. Ta’limning shunday muhitini yaratish kerakki, unda o‘quvchi o‘zini shaxs deb sezsin, unga bo‘lgan e’tiborni tuysin.
3. Bolaga tazyiq o‘tkazmaslik hamda uning kamchiligini bo‘rttirmaslik, bilimlarni o‘zlashtirmasligi, o‘zini yomon tutishi sabablarini aniqlash va ularni bolaning shaxsiyatiga zarar yetkazmaydigan tarzda bartaraf etish.
4. Ta’limda «muvaffaqiyat muhitini» tashkil etish, bolaga o‘qishda muvaffaqiyat qozonishiga yordam berish, uning o‘z kuchi va iqtidoriga ishonchini orttirish. O‘quvchiga atrofdagilarning har biri o‘zi kabi ekanligini anglatish, unda jamoaga aloqadorlik hissini rivojlantirish.
5. O‘quvchining hurmati va ishonchini qozonish, o‘ziga ham shaxs nuqtayi nazaridan qarash.
O‘qituvchi har bir bola timsolida, avvalo, shaxsni ko‘rishi lozim. Har bir o‘quvchini shaxs sifatida qarashimiz hamda ularning fikrlarini hurmat qilishimiz lozim. O‘quvchi bilan muloqotda uning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda uning eng yaqin rivojlanish sohasi keng bo‘lgan belgilarni topish va asta-sekin yangi bilimlar bilan to‘ldirib borish orqali kutilgan natijaga erishiladi. Bunda bolalarga do‘stlik va o‘zaro hurmatda bo‘lish asosiy shart hisoblanadi.
Maktabda pedagogik jamoa yoki metod birlashmalar miqyosida o‘qituvchilarning o‘quvchi shaxsiga yo‘naltirilgan ta’limni amalga oshirishda o‘quvchi shaxsini o‘rganish yo‘nalishlari, muloqot usullari, darsda o‘quvchilarning bilim darajasi, qiziqishlari, fanlarni turlicha o‘zlashtirishlaridagi farqlarni hisobga olish, qulay muhit yaratish, o‘quvchilarning o‘zlashtirishlariga erishish va boshqa masalalar bo‘yicha nazariy, metodik va amaliy tajribalar bilan tanishish, o‘rganish, ommalashtirish maqsadida amaliy mashg‘ulotlarni vaqti-vaqti bilan o‘tkazib borish lozim.
Bolalar o‘rtasida hamkorlik va muloqotga rag‘bat bildirish, ya’ni darsda kichik guruh va juft bo‘lib ishlashlari, darsdan tashqari vaqtda o‘yin o‘ynashlariga sharoit yaratilgan bo‘lishi kerak. Bolalarda maktabga tegishlilik hissi, xavfsizlik va erkinlik hissi bo‘lishi. Turli madaniyatlar mavjudligini his qildirish. Bolaga erkin tanlash imkonini berish va mustaqil qaror qabul qilishga undash.
O‘quvchi shaxsiga yo‘naltirilgan ta’limda dars shakli. Shaxsga yo‘naltirilgan o‘quv vaziyatlari o‘quvchilarning bilish faoliyatini tashkil etish usul va metodlari bilan uzviy bog‘liq. Bunday o‘quv mashg‘ulotlarining shakllari turlicha. Ular orasidan alohida e’tibor dars jarayonida o‘qituvchi-o‘quvchi hamkorligining tadqiqot-izlanish metodlari hamda dialogli shakllariga qaratiladi, shuningdek, ko‘rgazmali, tasviriy, reproduktiv va boshqa metodlar ham qo‘llaniladi. Bunday mashg‘ulotlarning shakl va usullari bevosita shaxs faoliyatiga yondashuv konsepsiyasi va tamoyillariga mos kelib, ular bola ichki dunyosi, tafakkuri va shaxsiy hayotiy tajribasini maksimal darajada faollashtirishga xizmat qiladi. Bu o‘rinda o‘quv faoliyatiga rag‘bat uyg‘otish orqali o‘quvchilarni bilim egallashga yo‘naltirib, bunday shakl va usullarda tashkil etilgan ta’lim jarayoni o‘quvchilarning shaxsiy bilimi, tajribasi va hissiyotlarini rivojlantirishning asosiy manbalaridan biri bo‘lib qoladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Blum taksonomiyasi murakkablashgan savol va topshiriqlar tizimi bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchining rivojlanish darajasiga mos va uning mantiqiy, aqliy va shaxsiy o‘sishiga yordam beruvchi mashg‘ulotlarni rejalashtirish va o‘tkazishda muhim ahamiyatga ega.



Download 107.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling