Jahon iqtisodiyotini globallashuvining harakatlantiruvchi kuchlari, belgilari va shakillari. Reja; Kirish
Jahon iqtisodiyotni globallashuvini harakatlantiruvchi kuchlari
Download 97.54 Kb.
|
Ik 419. Aminjonov Og\'abek
3.Jahon iqtisodiyotni globallashuvini harakatlantiruvchi kuchlari.
Xalqaro mehnat taqsimoti, xalqaro ishlab chiqarish kooperatsiyasi, tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy munosabatlarning boshqa shakllari rivojlanishi natijasida milliy iqtisodiyotlarning о‘zaro aloqasi va bir-biriga bog‘liqligi tobora kuchaymoqda. Hozirgi davrda tashqi omillarni hisobga olmasdan davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash mumkin emas. Ma’lumki, mamlakatlararo iqtisodiy bog‘liqlikning kuchayishi, tashqi iqtisodiy aloqalarning milliy iqtisodiyotlarga ta’sirining ortishi, katta-kichik davlatlarning xalqaro munosabatlardagi ishtirokining faollashuvi xо‘jalik faoliyatining baynalminallashuvidir. Iqtisodiyot baynalminallashuvining dastlabki bosqichi xalqaro iqtisodiy hamkorlik hisoblanadi va bunda tashqi savdoning roli g‘oyat muhimdir. Davlatlar о‘rtasidagi xalqaro xо‘jalik aloqalarining meyoriy-huquqiy ta’minlanishi, qayta ishlab chiqarish jarayonlarining milliy chegaralardan tashqariga chiqishi xalqaro iqtisodiy hamkorlikdir. Baynalminallashuvning keyingi bosqichi “xalqaro iqtisodiy integratsiya” bilan izohlanadi. Bu davr xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi, kapital harakati jо‘shqinligining kuchayishi, ilmiy-texnik rivojlanish umumbashariy xarakterga ega bо‘lganligi, milliy iqtisodiyotning ochiqligi va erkin savdo darajasi ortishi bilan izohlanadi. “Integratsiya” (integratio) sо‘zi lotin tilidan olingan bо‘lib, ma’lum bir qismlarning umumlashishi, yagona bir shaklga kelishi va birlashishini anglatadi. Iqtisodiy integratsiya jarayonlari ikki tomonlama, bir nechta mamlakatlar va hududlararo bо‘lishi mumkin. Hozirgi zamonda integratsion birlashmalarning asosiy masalalaridan biri ularning hududiy darajada rivojlanishini ta’minlash hisoblanadi. Bu masalada odatda davlatlararo boshqaruv tizimi joriy etilib, yakka umumiy mintaqaviy xо‘jalik majmui tashkil etiladi. Hozirgi bosqichda xalqaro aloqalar tizimining barcha jabhalarida izchil о‘zgarishlar sodir bо‘lmoqda. Uning aksariyati globallashuv jarayonlarining rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Mintaqalar doirasida ayrim mamlakatlar iqtisodiyotlarining о‘zaro yaqinlashib, bir-birini tо‘ldirishi hamda baynalminallashuv jarayonida yagona bir ishlab chiqarish va boshqarish tizimida faoliyat yuritishi mintaqaviy integratsiya deb ataladi. Xalqaro iqtisodiy integratsiya mehnat taqsimoti asosida ma’lum bir davlatlar xо‘jaliklarining birlashishi hamda о‘zaro aloqalarining samarali rivojlanishi oqibatida milliy iqtisodiyotlarga turli shakl va darajada ta’sir о‘tkazishi mumkin. Xalqaro iqtisodiy integratsiya xо‘jalik munosabatlari baynalminallashuvining yangi va shu bilan birga murakkab bosqichi bо‘lib, jahon iqtisodiyotining yuqori, samarali va kelajakka yо‘naltirilgan rivojlanish nuqtasi hisoblanadi. Bunda faqatgina milliy xо‘jaliklar birlashibgina qolmasdan, balki iqtisodiy muammolarning yechimi hamkorlikda hal etilishi ta’minlanadi. Shu о‘rinda aytish joizki, iqtisodiy integratsiya mamlakatlarni birgalikda faoliyat yuritishga yetaklovchi jarayon sifatida quyidagilarda namoyon bо‘ladi: ■ turli mamlakatlarning milliy xо‘jaliklari о‘rtasidagi hamkorlik hamda ularning tо‘liq yoki qisman umumiylashuvi; ■ mamlakatlar о‘rtasida tovar, xizmat, kapital va ishchi kuchi harakatidagi tо‘siqlarning qisman yoki tо‘liq bartaraf etilishi; ■ yagona bozor yaratish maqsadida ma’lum bir davlatlar bozorlarining bosqichma-bosqich birlashuvi; ■ turli mamlakatlarga taalluqli bо‘lgan xо‘jalik subyektlari о‘rtasidagi farqlarning birin-ketin bartaraf etilishi; ■ har bir hamkor davlatda iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi chet el subyektlarining kamsitilishiga yо‘l qо‘ymaslik. Globallashuv bu faqatgina inson va tovarlar harakatining kuchayishigina emas, balki kо‘p jihatdan bilimlar va ma’lumotlar almashuviga asoslanadi. Globallashuvga atroflicha ta’rif berilganda, aholining erkin migratsiyasi, tovar va xizmatlar, texnologiya va ma’lumotlarning milliy chegaralardan tо‘siqsiz erkin о‘tishi, xorijiy investitsiyalar hajmining kengayishi, hududiy va ixtisoslashgan bozorlarning о‘zaro integratsiyalashuvi, ekologik, demografik muammolarning umumbashariy masalaga aylanganligi tushuniladi. Aksariyat ekspertlar fikriga kо‘ra, hech bir jamiyatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va boshqa soha yoki harakatlarni globallashuvdan tashqarida, atroflicha kо‘rib chiqib bо‘lmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, jahon iqtisodiyotining globallashuvi jamiyat hayoti hamda faoliyatidagi turli soha va jabhalarni bir-biriga ta’sir etishi hamda bog‘liq bо‘lib qolishining kuchayayotganini anglatadi. Globallashuv jahon xо‘jaligida barcha hudud va sohalarni о‘z ichiga qamrab olib, milliy xо‘jaliklar rivojlanishidagi tashqi va ichki omillar muvozanatini birinchisining foydasiga hal etadi. Bugungi kunda ishlab chiqarish omillariga, asosan texnologiya va kapitalga doimiy talab mavjudligidan kelib chiqqan holda, hech qanday mamlakat о‘z milliy iqtisodining hajmi (yirik, о‘rta, kichik) va rivojlanganlik darajasidan (rivojlangan, rivojlanayotgan yoki о‘tish davridagi) qat’iy nazar о‘zini-о‘zi tо‘liq yoki yetarlicha ta’minlay oladi, deb ta’kidlab bо‘lmaydi. Jahon xо‘jaligi tizimidagi asosiy ishtirokchilarning hatti-harakati va olib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini hisobga olmasdan, hech bir mamlakat о‘zining iqtisodiy rivojlanish strategiyasini maqsadli shakllantirib, samarali amalga oshira olmaydi. Globallashuv tushunchasi kо‘pgina iqtisodiy adabiyotlarda uchraydi. Lekin hech birida ushbu terminga aniq va tо‘liq ta’rif berilmagan. Maxsus adabiyotlarda mualliflar ushbu tushunchani turlicha talqin qiladilar. Masalan, AQShdagi Kaliforniya universiteti sotsiologi, professor M.Kastels globallashuvni «yangi kapitalistik iqtisodiyot» deb ta’riflab, uning quyidagi asosiy kо‘rinishlariga e’tibor qaratgan: informatsiya (ma’lumot), bilim va informatsion texnologiya ishlab chiqarish darajasi hamda raqobat о‘sishining asosiy manbai sifatida. Ayrim tadqiqotchilar globallashuvni oddiy jarayon kо‘rinishida, tor ma’noda tasavvur qilishmoqda: dunyo bо‘yicha iste’molchilar hohishlari yaqinlashganligi va taklif etilayotgan mahsulot turlarini umumiylashganligi sababli jahon mahsulotlari milliy mahsulotlarni bozordan siqib chiqarmoqda. Mazkur kurs doirasida biz, jahon iqtisodiyotining globallashuvi deb, turli mintaqa, mamlakat tarmoq va sohalarda kechayotgan jarayonlarning bir-biriga bog‘liqlik darajasining kuchayishi tufayli bosqichma-bosqich jahon xо‘jaligining yagona tovar, xizmatlar, kapital, ish kuchi, ma’lumot va bilimlar bozoriga aylanib borayotganligini tushunamiz. Globallashuv jarayoni jahon iqtisodiyotidagi turli jabhalarni qamrab olmoqda, ya’ni: - tovarlar, xizmatlar, texnologiyalar, intelektual (aqliy) mulk obyektlarining milliy, xalqaro va jahon savdosi; - ishlab chiqarish omillarining xalqaro harakati (tabiiy resurslar ishchi kuchi, kapital va texnologiyalar); - xalqaro moliya-kredit va valyuta operatsiyalar kо‘lamining kengayishi (beg‘araz moliyalashtirish va yordam, xalqaro iqtisodiy munosabatlar subyektlariga kredit va zayomlar, qimmatbaho qog‘ozlar savdosi, maxsus moliya mexanizmi va vositalari); - ishlab-chiqarish, ilmiy-texnikaviy, texnologiya va informatsion hamkorlikning chuqurlashuvi; - о‘zaro tovar almashuvidan ishlab chiqarish baynalminallashuviga о‘tilishi ya’ni bir nechta mamlakatlarning ishlab chiqaruvchilari ma’lum bir tayyor mahsulot yaratishda turli shakl va bosqichda ishtirok etishlari va pirovard natijada ishlab chiqarish baynalminallashuvining institusional shakli sifatida transmilliy korporatsiyalarning vujudga kelishi; - kapital baynalminallashuvi, ya’ni mamlakatlar о‘rtasida xalqaro kapital harakatining jadallashuvi (bevosita xorijiy investitsiyalarning tashqi savdo va ishlab chiqarishga nisbatan tez sur’atlar bilan oshib borayotganligi), fond bozori rivojlanish darajasining о‘sishi; - xalqaro ixtisoslashuv va kooperatsiya doirasida texnologik bilimlar, ilmiy-texnika va ishlab chiqarish vositalari almashuvining kuchayishi; - xalqaro hamkorlikni samarali amalga oshirishni ta’minlovchi global moddiy, informatsiyaviy, tashkiliy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish; - xalqaro savdo tizimidagi an’anaviy odatlarni sifat va kо‘lam jihatdan о‘zgartirish va xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi asosida tovar almashuvining baynalminallashish darajasini kuchaytirish, xalqaro hamkorlikning eng asosiy yо‘nalishi sifatida moddiy ishlab chiqarishga nisbatan tez sur’atlar bilan о‘sib borayotgan xizmatlar sohasini rivojlantirish; - ishlab chiqarish va iste’mol jarayonlarining atrof muhitga ta’sirining kuchayishi va mazkur yо‘nalishda xalqaro hamkorlikning kengayishi; - va nihoyat, ishchi kuchi xalqaro migratsiyasi kо‘lamining haddan ziyod kengayishi. Rivojlanayotgan mamlakatlardan oqib kelayotgan ishchilar rivojlangan mamlakatlarda past yoki umuman malaka talab etmaydigan ishlarga jalb etilmoqdalar. Shu bilan birga yuqori malaka talab etmaydigan, kam ish haqi tо‘lanadigan ish о‘rinlarini tо‘ldirish uchun xorijiy ish kuchidan foydalanayotgan mamlakatlar immigratsiya miqdorini kerakli darajada ushlab turishga harakat qilmoqdalar. Hozirgi kunda telekommunikatsiya texnologiyalari sohasining rivojlanishi immigratsiya jarayonlariga yangi imkoniyatlarni ochib bermoqda. Masalan biron-bir Yevropa, Shimoliy Amerika yoki Yaponiya kompaniyasi osonlik bilan dunyoning istalgan mamlakatidagi kompyuter mutaxassisiga ma’lum bir dastur yaratish yuzasidan о‘z joyidan turib topshiriq bera olishi mumkin. Globallashuv va integratsiyalashuv - bu murakkab jarayon bо‘lib, quyidagi darajalarda kuzatilmoqda: - mintaqalar, mamlakatlar (makrodarajada); - tovar, kapital, mehnat va valyuta bozorlari (mezodarajada); - ma’lum kompaniya va korporatsiyalar (mikrodarajada). Mamlakatlar va mintaqaviy integratsion birlashmalar savdoni erkinlashtirish, investitsion va migratsion cheklovlarni olib tashlash hamda erkin savdo yoki umumiy bozor hududini barpo etish hisobiga о‘z chegaralaridan tashqarida iqtisodiy faollikka intilishlari globallashuvning makroiqtisodiy darajasida kо‘zga tashlanmoqda. Kompaniyalar о‘z faoliyatini kengaytirgan holda ichki bozordan tashqariga yо‘nalganligi orqali globallashuv mikroiqtisodiy darajada namoyon bо‘lmoqda. Aksariyat yirik transmilliy korporatsiyalar hozirgi davrda global sharoitda faoliyat yuritmoqdalar. Ular har qanday chegara va milliylikdan qat’iy nazar, har doim iste’molchilarning talabini qondirishga intiladilar. Shu tufayli ular iste’molchilar talabi yuqori bо‘lgan barcha bozorlarni egallab olmoqdalar. Globallashuv sharoitida kompaniyalar xalqaro darajadagi iste’molchilar, texnologiyalar, xarajatlar, strategik raqobatlar haqida bosh qotiradilar. Ular о‘zlarining maqsad va rejalari doirasida ishlab chiqarish va sotuv bо‘linmalarini turli mamlakatlarga joylashtirib, global sharoitda vaziyatni о‘zlari uchun yengillashtirmoqchi bо‘ladilar. Transmilliy kompaniyalar va firmalarni tashkil etish va rivojlantirish esa turli tо‘siqlarni yengib о‘tishga imkoniyat yaratadi (ya’ni, transfer narxlar, qayta ishlab chiqarishga qulay sharoit, milliy bozor muhitini yaxshi о‘rganish, qо‘shimcha daromad va boshqalar hisobiga). Hozirgi davrning dolzarb masalasi erkin va samarali tadbirkorlik faoliyatini olib borish, global tovar va xizmatlar, kapital, ishchi kuchi bozori ishtirokchisiga aylanish, mamlakatlarni yagona jahon iqtisodiy xо‘jaligi majmuiga birlashtirish uchun umumbashariy iqtisodiy, huquqiy, informatsion va madaniy muhitni yaratishdan iborat. Bu vaziyatda, globallashuv jarayonining asosiy subyektlari sifatida transmilliy korporatsiyalar ichki xо‘jalik faoliyatiga nisbatan о‘zlarining tashqi iqtisodiy faoliyatlariga alohida e’tibor qaratib va globallashuvning moddiy asosi va harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqdalar. Bugungi kunda turli mamlakatlarda xо‘jalik muhitining xilma-xilligi globallashuv jarayonlarining yanada avj olishiga tо‘sqinlik qilayotgan omillardan biridir. Kapital aylanmasining intensivlashuvi va savdo tizimining umumiylashuvi yagona iqtisodiy xо‘jalik muhitini vujudga keltiradi. Xalqaro iqtisodiy tizimini tashkil etuvchi 200 dan ortiq mamlakatlar milliy xо‘jaliklarining har biri о‘ziga xos xususiyatiga egaligi tufayli jahon yalpi ichki mahsuloti rivojlanish kо‘rsatkichlari barqaror emas. Texnologiyalar bilan ta’minlanganligi nuqtai nazaridan, mamlakatlar orasidagi farq oshib borayotganligi sababli jahon iqtisodiy muhiti xilma-xilligicha qolmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda texnologiyalarining 4-5-avlodi qо‘llanilsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda 2-3-avlodi, qoloq yoki о‘tish davridagi mamlakatlarda esa sanoatlashuv davrining boshidagi texnologiyalardan foydanilmoqda. Asosan rivojlangan mamlakatlar yuqori texnologiyalarga egaligi sababli ilmtalab tovar va xizmatlarni past va о‘rta darajada rivojlangan mamlakatlarga eksport qilib katta foyda olmoqdalar. Globallashuvning zamonaviy jahon iqtisodiyotidagi asosiy ziddiyatli jihati belgisi integratsiya va avtonomizatsiya jarayonlarning uyg‘unlashuvidir. «Neysbit paradoksi» muallifi fikriga kо‘ra, ushbu jarayon bir tomondan siyosiy mustaqillik va о‘zini о‘zi boshqarish, ikkinchi tomondan iqtisodiy uyushma va birlashmalar tashkil etilishiga olib kelmoqda («Chem vishe uroven globalizatsii ekonomiki, tem silneye yeye melchayshiye uchastniki». Paradoks Neysbita). Xulosa о‘rnida shuni ta’kidlash joizki, jamiyat qanchalik boy va baquvvat bо‘lsa, shunchalik uning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish darajasi yuqori bо‘ladi, qanchalik resurslar oqilona va maqsadli ishlatilsa, shunchalik integratsion aloqalarning imkoniyatlaridan foydalanish va global bozor sharoitiga moslashuv darajasi yuqori bо‘ladi. Download 97.54 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling