Mesopotamiyaga xoldeylar hukmronligining boshlanishi.
Miloddan avvalgi XIII asr oxirlarida Bobil podsholigi kuchsizlanib qoladi. Bu vaziyatdan foydalangan Ossuriya va Elam podsholari Bobilga bir necha bor bostirib kirib mamlakatning ko`p yerlarini bosib oladilar. Isen shahri hokimlari, xususan Navuxodonosor I (1126–1105) elamliklarni Bobildan quvib chiqaradilar. Miloddan avvalgi IX asr boshlarida Fors qo`ltig`i sohilida yashagan Xoldey qabilalari Janubiy Mesopotamiyaga kelib joylashadilar. Shimoli-g`arbdan esa aramey qabilalari o`rta Mesopotamiyaga kelib o`rnashadilar. Xoldey hukmdori Marduqaplaiddin II Bobilni egallab, o`zini podsho deb e`lon qiladi. U elamliklar bilan ittifoq tuzib, ossurlarga qarshi kurash boshlaydi. Miloddan avvalgi 720-yili Elamning Der qal`asi yonida bo`lgan jangda elamliklar Ossur qo`shinlarini yengadilar. Miloddan avvalgi 710–709-yillarda esa Ossur podshosi Sargor II Bobilni egallaydi. Miloddan avvalgi 703-yilda Marduqaplaiddin ossurlarga zarba berib, Bobilni ozod qiladi. Ossurlar Bobilga yana bir necha bor hujum qiladilar. Miloddan avvalgi 648- yildagi bo`lgan jangda Bobil vayron etiladi. Shaharda vabo tarqab, ocharchilik boshlanadi. Aholining katta qismi qirilib ketadi. Ocharchilik kuchayib, odamlar bir-birlarining go`shtlarini yeydilar. Bobil ossurlarga tobe bo`lib qoladi.
Yangi Bobil podsholigi.
Ossurlarning jabr-zulmiga qarshi miloddan avvalgi 628-yili Xoldey hukmdori Nabopalasar boshchi-ligida qo`zg`olon ko`tariladi. U ossurlarni Bobildan haydab chiqarib, Yangi Bobil podsholigiga asos soladi. Bobildan quvilgan ossurlar Misr fir`avni Nexo bilan ittifoq tuzib, bobilliklarga qarshi kurashni davom ettiradilar.
Miloddan avvalgi 605-yilda Nabopalasar vafot etib, taxtga uning o`g`li Navuxodonosor II (605–562) o`tiradi. Miloddan avvalgi 605-yili Karxamish yaqinidagi bo`lgan jangda Bobil qo`shinlari Misr-Ossuriya qo`shinlari ustidan porloq g`alabaga erishadilar. Navuxodonosor II qo`shinlari Suriyani ishg`ol qilib, misrliklarni o`rtaer dengizining sharqiy sohilidan siqib chiqaradi.
Shu davrda quldorlikka asoslangan Yangi Bobil podsholigi kuchayib, Bobil shahri gullab-yashnaydi. U sharqning eng obod, ko`rkam va aholisi gavjum shaharlaridan biriga aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |