Jahongir muhammad tarixiy-Zamonaviy Roman vashington: 2005-2006 birinchi bob 20 asrning oxiri


Download 0.85 Mb.
Pdf ko'rish
bet2/13
Sana22.10.2017
Hajmi0.85 Mb.
#18414
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13

qaytishi bilan Sobitxon qorining suhbatlari, Quroni Karimga sharhlari, savollarga javoblarini qayta qayta eshitar edi. 

Juma kunlari Akmalxon ularni machitga olib borib qo’yar va o’zining zarur ishi chiqib qolganini aytib, ketib qolardi. Ikki soatdan 

keyin kelib, yana ularni olib ketardi. Bir kuni esa, ular bilan birga Juma namozini o’qib, ularni Sobitxon qorining kulbasiga boshladi. 

Machitning katta ko’cha tomonida kichkingina hujrada yashar ekan u. Bitta xonada o’nlab magnitofonlar turibdi. Demak, kassetalar 

shu yerda yozilar ekan, deb tushundi Rustam. Hujra juda kichkina va juda g’arib edi. Hamma yoqda kitob. Burchakka esa joynamoz 

to’shalgan. Xona namiqqan bo’lib, zax bosgandek edi. Hatto yonayotgan chiroq ham bu zaxlik qo’ynida nursizlanib qolgandek go’yo. 

Ammo Sobitxon qorining tabassum bilan boqib turishi ravshanlik taratayotgandek tuyuldi va Rustam atrofga yaxshi qaray olmay, 

ko’zlarini unga tikdi. Keyin uning qarashlariga dosh berolmadi va boshini egib o’tirdi. Akmalxon esa ularni tanishtirdi. 

-Qori aka, mashi yigitlani go’shti sizga oid, suyagi bizga,-dedi u. 

Sobitxon qori jilmaydi-da ingichka ovozda: 

-Astag’furullo, hali go’shtxo’r bo’lmadik, go’shtlari o’zlariga oid,-dedi. 

-Domla doim odammi gribonidan ushlaysiz-a, qoyilman, endi maqol deb aytib yuborgan edim… 

-Yo, to’g’ri gap,- deya Akmalxonga madad bo’ldi Sobitxon qori. 

Ular qaytishar ekan, Akmalxon: 

-Bilasanlami, oilalari Namanganda, o’zlari mashetta, kecha-kunduz ashi hujrada o’tiradilar. Ba’zan Namanganga kechasi borib, yana 

ertalabga qaytib keladila. Bu odamga hamma ham shogird bo’lolmaydi. Shogird tushsalaring, ikki dunyolaring ham obod bo’ladi,-

dedi. 

Akmalxon Juma kunlari ularga taksi puli beradigan bo’ldi va ular taksi bilan namozga boradigan bo’lishdi. 



Bugun birinchi marta Rustam uyida yozib kelgan savolini jur’at qilib, Sobitxon qoriga uzatdi. U savolni avval ichida o’q’idi, keyin 

ovoz chiqarib o’qidi-da, unga yuzlandi: 

-Ukam, siz haqsiz… 

892 YIL OLDIN 

Tohir otasining tanasidan judo qilingan boshini chodirga kiraverishdagi tayoqqa ilingan holda ko’rib qoldi va ko’zlari qinidan chiqib 

ketdi. Yo’q, ko’zlari qinidan chiqmadi, ko’zlari bir parcha sovuq muzga aylandi. Boshining teppasidan sanchilgan chaqmoq bir 

zumda oyoq uchiga qadar yetib bordi va ortga qaytdi. Chaqmoqning tez harakati vujudini larzaga soldi, vujud titray boshladi, silkina 

boshladi, keyin birdan toshga aylandi. Hissiz, jonsiz tosh. Ammo bu tosh taqdirning qo’lidan tushib ketdi. Tohirning tizzalari bukilib, 

yerga yiqilib tushdi. 

U qancha yotganini bilmadi, o’ziga kelganida muzga aylangan ko’zlari eriy boshlagan va ko’z kosasi namlangan edi. Ko’zini ochishi 

bilan suvga aylangan muz tomchilarga aylanib, yuzlarini qitiqlay boshladi. Xuddi tomchilar uni uyg’oq tutishga harakat 

qilayotgandek, uni yana hushdan ketmaslikka intilyotgandek edi. 

Tohir hali nima bo’lganini anglab yetgan emas edi. U yuziga tomchilayotgan narsa qon ekanligi, dadasining boshidan oqayotgan qon 

tomchilari ekanligini ham bilmasdi. U ahyon-ayhonda yuziga urilayotgan qon tomchilarining zarbini yosh deb o’ylayotgan edi. Lekin 

nega tomchilar ko’zimdan emas, teppadan tomchilamoqda, degan savol uning esiga otasining kesilgan boshini soldi. Chinqirib 

yubordi, ammo tovushi chiqmadi. Chinqiriq ilonga aylanib vujudini ichdan o’ray boshladi. 

U xuddi tush ko’rayotgandek edi. Otasining boshi osilgan tomonga qarashga cho’chirdi va ko’zini chodirning boshqa tarafiga tikdi. 

Bu safar ko’ksini o’q teshib ketgandek bo’ldi. Teppada onasining, munis onaizorining, mushtipar volidasining tanidan kesilgan boshi 

osiqliq edi. U ko’kragiga qilich sanchilgadek og’ir og’riqdan yana hushini yo’qotdi. 

“Bolam, ko’zlaringni och!” 

“Yo’q, ochmayman, onajon, ochsam sizni ko’raman-da!” 

“Nahotki meni ko’rishdan qo’rqsang?” 

“Qorqaman, onajon, qo’rqaman!” 

“Ah, bolam-a!” 

“Onajon, nima bo’ldi, kim qildi bu ishni, biz kimga yomonlik qilgan edik?’ 

“Atrofda kim bor-ki, biz yomonlik qilaylik. Bu yerlarda bizdan boshqa hech kim yashamasa o’zi?” 

“Man endi nima qilaman, shu paytgacha otam-onam bor edilar, endi ular ham yo’q, men kim bilan yashayman. Kim uchun ov qilib 

kelaman, kim pishirgan ovqatni yeyman, kim bilan gaplashaman?” 



“Unday dema bolam, Zuhrani unutdingmi, u axir sening singling, senlar egizaksanlar. Uning uchun bo’lsa ham yashashing kerak. U 

bir o’zi bu hayhotdek darada qanday yashaydi? Uni bo’rilar chavaqlab ketmaydi-mi?!” 

”Mani ham o’zingiz bilan olib keting, Zuhra ham kelsin…” 

“Yo’q, sen qaytishing kerak, Zuhraga ham ota, ham ona bo’lishing kerak! Qayt, bolam, qayt”. 

Tohirning nafasi birdan bo’g’ziga tiqildi va ko’ksidan nimadir otilib chiqdi. Ko’ngli behuzur bo’ldi. Yuziga oqib tushayotgan qon 

tomchilari labining bir chetidan bo’g’ziga qadar yetib borib qotib qolayotgandi. U seskanib ketdi. Xirillagancha bo’g’zida qotgan 

qonni tupurib tashlashga intildi. Bo’lmadi. Yutib yuboraman dedi. Bo’lmadi. Qulog’iga uvillagan ovozlar eshitila boshladi. 

Onasining, otasining chinqiriqlari kelib quloq pardalarini teshib ketayotgandek bo’ldi. 

U “Zuhra!’ deya baqirmoqchi bo’ldi, ammo tovushi ichida qoldi, tashqariga chiqmadi. Teppasida og’ir bir narsani his qildi. 

Dukkullagan qadamlar sasi… Qandaydir pisir-xisrlar… Zuhraning ingrangani… Keyin yana katta tosh…Bu juda katta tosh edi va 

aylanib qirralari bilan vujudiga kirib ketayotgandi. Og’riq shunchalik kuchli ediki u o’zini yerning qa’riga kirib ketayotgandek his 

qildi. Shu payt bir qo’l uni sudrab tashqariga olib chiqdi. Tosh nariroqqa surilib ketgandek bo’ldi. 

“Tur bolam, tur!” 

Tohir ko’zlarini ochishga qo’rqar edi, shu bois Zuhra keladigan yo’lga qaradi. Ko’z oldi xiralashgandi. Xuddi atrofni qora zulmat 

bosib olgan va u hech narsani ko’rmayotgandi. U ko’zlarini ishqab yana o’sha tomonga qaradi, lekin hech narsani ko’ra olmadi. 

“Zuhra!” deya chaqirgisi keldi, ammo tovushi chiqmadi. Balki uni ham… 

“O, Zuhra, Zuhraginam, hali pataxgan sochlarining patini o’zi ocholmasdan ko’zlariga yosh olib yuradigan Zuhraginam! 

Tohir ot minganda orqasidan yugurib chang to’zonlarda qolib ketadigan Zuhraginam! 

Tohir uxlaganda bosh ustida o’tirib, hali uxlama, deb yolvoradigan Zuhraginam!” 

Xuddsi onasi Zuhradan ajralib qolganu tizzasiga urib yig’layotgandek edi. 

Tohirning vujudidagi chaqmoq momoqaldiroqqa aylangan va boshining ichiga kirib olgandi. Guldur-guldur sadolar boshining 

devorlariga urilib, keyin qulog’ining ichiga ko’char, bir zumdan keyin peshonasini ishg’ol etar, yana bir ozdan so’ng qovoqlari ustida 

gumburlab, chaqmoq urib hammayog’ini tilka pora qilib yuborayotgandi. 

“O’g’lim qayt. Kelma. Sen ham bizning izimizdan kelsang, kim qasos oladi?” 

“Dadajon, boya onam Zuhra uchun qayt dedilar, qaytdim, ammo Zuhrani topolmadim. Uni ham olib ketibsizlar, nega meni tashlab 

ketdingizlar? Yoki meni shuncha yomon ko’rasizlarmi?” 

“Yo’q o’g’lim, agar seni yomon ko’rsam har kun ertalab ot minishga o’rgatar edimmi? Qilich o’ynatishni Zuhraga emas, faqat senga 

o’rgatdim-ku!? Hali endi o’n ikki yoshga kirgan bo’lsang ham bo’rilar, ayiqlardan qo’rqmas pahlavon yigit bo’lmading-mi? Qaysi kun 

ajdardek ilonni bo’g’zidan bug’ib, o’ynatib yurgan sen emasmiding, pahlavon o’g’lim?” 

“Dadajon, meni pahlavon demang, men qo’rqoqman. Agar qo’rqoq bo’lmaganimda sizni himoya qilgan bo’lmasmidim? Zuhramni 

ko’z qorachig’imda asramasmidim?!” 

“Bilaman, o’g’lim, himoya qilgan bo’larding. Ammo bizni o’ldirganlar qo’rqoqlar. Ular bizni uyquda urdilar. Qilich bilan boshimizni 

kesdilar. Agar sen shu yerda bo’lganingda ularning qilichlarini sindirib yuborgan bo’larding, sening panjalaring qilichdan ham 

metin, bolam!” 

“Dadajon, qayerdasiz, qayyerdan turib gapirayapsiz?” 

“Bolam, biz jannatdamiz, onang ham shu yerda. Ishonchimiz senda. Sen biz uchun qasos olishing kerak!” 

“Kimdan qasos olaman, sizlarni kim o’ldirdi, nima uchun o’ldirdi? Bilmaymanku?! Qanday qasos olaman?” 

“Unday dema bolaman, bilmayman dema, seni yozishga, o’qishga o’rgatdim. Sahrolarda, qishloqlarda yashaganlar o’qish-yozishni 

bilmaydilar. Ammo sen mullo bo’lding. Tog’dagi toshlarni yozuv bilan to’ldirib yuborgan sen emasmi? Seni aqlli, barkamol qilib 

o’stirdim. O’n ikki yoshda butun dunyoning ilmini boshingga joylading. Endi qanday qilib bilmayman, topolmayman, deysan?!”. 

“Siz doim jannatga borishni istar edingiz, meni ham jannat ishqida tarbiyalar edingiz, onamni olib ketdingiz, nega meni do’zaxga 

tashlab ketdingiz? Qaysi gunohlarim uchun?! 

Men ham jannatga borishni istayman, sizlar bilan birga bo’lishni istayman, dada!” 

“Men onangga ham kelma deb yolvordim, seni tashlab kelsini istamadim” 

“O’zingiz butun umrimizni jannatga borish uchun bag’ishlashimiz kerak derdingiz-da. Nimaga endi o’zingiz borib, ularning borishini 

istamadingiz, nega mening borishimga qarshisiz?” 

“Men qarshi bo’lamanmi yoq’mi, ko’p narsa bizga bog’liq emas ekan. Men shuncha istamasam ham ular baribir keldilar. Men 

jannatga bu yo’l bilan kelishni istamas edim. Mehnat qilib bu haqni qozonishni istar edim. Ammo kimlardir meni bu orzuimdan 

ayirdilar”. 

“Ular esa sizning jannatga yo’lingizni yaqinlashtiribdilar-ku, nega men ulardan qasos olishim kerak?”. 

“Ular bizni bir-birimizdan ayirdilar, meni sendan, seni Zuhradan, onangdan ayirdilar. Biz ham sening dunyongda yashashimiz kerak 

edi. Umrimiz bitmasdan ular bizni qonga bo’yadilar, Boshim qayda, tanim qayda?!”. 

“Meni ham olib keting va yana hammamiz birlashamiz, Shu bilan ish bitadi, Boshning, tananing umri qisqa, ruhning umri daroz, 

demasmidingiz!” 

“Yo’q biz hozir birlasha olmaymiz, buning faqat bitta yo’li bor, u ham bo’lsa sen ularni topishing va qasos olishing kerak. Ana 

o’shandan keyin biz birlasha olamiz. Hozir sen bu yoqqa kelsang, bizni topolmaysan, meni esa faqat seni ogohlantirish uchun 



yuborishdi. Bolam, bizni o’ldirganlarni top, jazola, al qasosu minal haq!” 

“Qasos, qasos!” deya shivirlagandek bo’ldi kimdir uning quloqlariga. 

Birdan Tohirning vujudida nam paydo bo’ldi. Xuddi yomg’ir yog’ayotgandek. Sarrin bir nasim vujudi bo’ylab o’rmalayotgandek edi. 

Zuhraning bo’g’iq qichqirig’i quloqlari ostiga keldi… 

Tohirning otasi Abu Sayyid bu joylardan ancha uzoqda, Jayxun daryosiga yaqin Sumansoy qishlog’ida yashardi. Uning besh aka-

ukasi bor edi. Otasidan eshitishicha, ular ham bu yerga boshqa joydan ko’chib kelishgan ekan. Ular yashagan qishloqda asosan 

musulmonlar bo’lib, ikkiga ayrilgan edilar, ikki mazhabda edilar. 

Chol-kampirlardan tortib, yosh bolalarga qadar bir-biriga dushman nazari bilan qarar, masxara qilar, nafrat sochar edilar. Ammo 

ularning oilasi sayyidlardan bo’lgani uchun har ikki tomon ham biroz hurmat qilishardi. 

Bu joylarni tez-tez yangi yangi hukmdorlar bosib olardi. Biri hammaga soliq solsa, ikkinchisi hammani soliqdan ozod qilardi. Biri u 

mazhabni haq desa, ikkinchisi bu mazhabning tomonini olardi. Shunday qilib, Abu Sayyidning otasi ba’zan u mazhab, ba’zan esa bu 

mazhabning etagini tutishga majbur qolardi. Buning uchun bostirib kelgan askarlarning kimligiga qarashardi. Bu ham jon 

saqlashning bir yo’li, ammo tahlikali yo’li edi. 

Qishloqda ikkita machit bor edi. Biri u mazhabga qarasa, ikkinchisi bu mazhabniki. Har ikki tomon ham bu joylarni “Xudoning uyi” 

deyishardi, ammo vaqti-vaqti bilan Xudoning uyiga o’t ham qo’yib ketishardi. 

Bir kun qishloqda o’zaro jang chiqdi va Abu Sayyidning otasi va akalarini ham qatl qilishdi. U kelinchagini, mol mulkini olib 

qishloqdan qochib ketdi. Bir necha kunlik yo’ldan keyin bahaybat bir tog’ning etagiga chodir soldi. Bu yerning nomini bilmas edi. 

O’zi bu joyga Tillo dara deb nom qo’ydi. Chunki tog’dagi toshlar yaltirab turar edi. Ahyon-ahyonda bu joylarga birorta ovchi kelib 

qolmasa umuman odamning oyog’i yetmaydigan, borsa kelmas bir maskan edi. Qishda darani qalin qor bossa-da, ammo yozda 

salqin bo’lgani ularga yoqardi. 

Bu yerda tog’ hayvonlari ko’p edi. Shu bois kunlarini ovchilik bilan o’tkazishardi. Abu Sayyid hayotidan nolimasdi. Bolalarini 

barkamol qilib o’stirishga harakat qilardi, nizolardan uzoq bo’lishlarini istardi. U Xudo nizolarni istamaydi, nizolarni odamlar o’z 

manfaatlari uchun chiqaradilar, oddiy odamlar Xudoning nomini qo’llangan kimlargadir ishonib, ularning yo’lida qurbon bo’lib 

ketadilar, degan aqidani mahkam ushlagandi. Ammo bu gapni xotinidan boshqa hech kimga aytmagandi va o’zi bilan olib ketdi. 

Otasi ilmli bo’lgani uchun uning ham yozuv-chizuvdan xabari bor edi. U o’zi rivoyatlar, hikoyatlar to’qir, otasidan, machitda 

eshitganlarini, yoshligida xatm qilganlarini yodda tiklab bolalariga aytib berar edi. U Quronni yoddan bilardi va bolalariga ham ko’p 

narsani yodlatishga harakat qilardi. Ammo musulmonlar orasida chiqib turgan nizolar, o’z oilasining boshiga tushganlarni aytmas 

edi va xotinidan ham bu haqda ularga gapirmaslikni so’rardi. O’zlari yotadigan chodirga yaqin joyda qo’lbola machit qurgan va o’zi u 

yyerdan azon aytar va oilasiga imomlik qilardi. 

Bu joylarda ularni hech kim tanimas va ular ham hech kimni tanimaslikka harkat qilishardi. 

Ammo bir kun ikki ovchi qorbosti darasida qolgan ekan, ularni qutqarib uyiga olib keldi. Mehmon qildi, yedirib-ichirdi Ular pastdagi 

qishloqlarda necha yilki odamlarni o’ldirib ketish odat bo’lib qolganini hikoya qilib berdilar. Nega o’ldirishadi, nima uchun 

o’ldirishadi, hech kim bilmas emish. Tog’ning ortida esa Alamut degan joy bo’lib o’sha yerda Shayx Hasan degan odam qasr solibdi 

va u begunoh o’lganlar uchun qasos olayotgan emish. 

Ovchilar ketgandan keyin ko’p o’tmay bir otliq keldi va ularga hayvonlarni ovlab, tog’ning naryog’idagi Alamut qasriga yetkazib 

berish solig’ini qo’yib ketdi. 

Kunlari davom etdi. Soliqlarini vaqtida yetkazib turdilar. Endi kutilmaganda boshqa odamlarning boshiga kelgan qora kun ularga 

ham keldi. 

Tohir alahsirashdan to’xtab, hushiga qaytib, o’rnidan turganda Quyosh tog’ning ortiga, Alamut qasri tomonga botganki, ko’rinmas, 

osmon quyuq zulmatga o’rangandi. Ko’kdan sharillatib yomg’ir yog’a boshladi. Xuddi u yig’lay olmagani uchun ko’k yig’layotgandek 

edi. U hali nima bo’lganini to’la anglay olmadi. Ammo ota-onasini o’ldirib ketganlarini bilar va dahshatli manzara qo’ynida edi. 

U nega, kim o’ldirdi, nima uchun, degan savollarga javob topishga urinar edi. Topolmasdi. Marhumlarning boshlari va jasadlarini 

chodir-machitga olib kirdi va nima qilishini bilmay qoldi. Darvoqe, Zuhra qayda? Nega uning jasadi ham, boshi ham yo’q. Balki 

tirikdur? U har tomonga yugurdi, chinqirdi, ammo Zuhradan darak topolmadi. Yoki Zuhrani ham o’ldirib, jasadini olib ketishdimi? 

Nega olib ketishadi? Balki Zuhra qo’rqib qochib ketdimikan? Qayerga ketishi mumkin? Tohir butun darani, sharshara atrofini 

aylanib chiqdi, ammo Zuhraning izini topolmadi. Keyin yana ota-onasining jasadi yoniga qaytdi. 

Nima qilish kerak? Odam o’lganda nima qilishadi? Duo o’qishadi. O’qiyman desa tili aylanmadi. Pichirlab qo’ya qoldi. Otasi ko’mish 

marosimlari haqida gapirgan edi. Ammo bu yerda qabriston yo’q. Hammayoq tosh, yalanglik. U jasadlarni uch kun saqladi. Ana shu 

uch kunda o’zi ham butunlay boshqa odamga aylandi. U birdaniga har tomonlama ulg’ayib qolgandi. 

To’rtinchi kun ertalab qandaydir hayvonlarning tovushidan uyg’onib ketdi. Tashqariga chiqsa bir qancha yirtqich sirtlon chodir-

machitni bosgan edi. Nima qilishni bilmadi. Bir o’zi nima ham qilsin? Shunda esiga otasi gapirib bergan bir rivoyat tushdi. Unda 

ilgari odamlar o’lganlarni yoqib yuborishgani haqida gap borardi. U yugurgancha katta chodirga kirib, tayyorlab qo’yilgan 

masha’lalardan ikkitasini so’nib qolay degan cho’g’da yondirdi-da otasi qurgan chodir-machitga o’t qo’yib yubordi. Sirtlonlarning 

chiqib qochgani qochdi, qolgani jizg’anak bo’ldi. Birdan yodiga “Machit-Xudoning uyi” degan gap tushdi va Xudoning uyini yondirib 

yubordim deya yana tizzalab qoldi. Uning ahvolini tasvirlash qiyin. O’n ikki yoshli bir o’spirinning boshida qiyomat qoyim 

bo’lgandi… 



Tohir qurib qolgan ko’zlarini ishqalagancha otiga minib, bu joyni tark etdi. Tog’dan oshib Alamut qasri tomon inganda u yerda to’p-

to’p bo’lib turgan yuzlab yosh yigitchalarni ko’rdi. Ba’zilarining tinkasi qurib qolgan, ba’zilari ozib ketgan, ayrimlari esa nimalarnidir 

mashq qilishmoqda. Yana bir guruh esa oq soqolli kishini tinglamoqda. Dunyoda shuncha odam borligiga avval xursand bo’lsa, 

keyin cho’chidi ham. U hayrat bila tikilib turgan edi, o’rta yoshlardagi bir kishi unga peshvoz keldi. 

-Qani mashvaratga o’t bolam, bu shayx hazratlarining huzuriga olib boradigan birinchi pog’ona,-dedi u. 

Tohir qo’shilgan guruh Quroni Karimdan saboq olayotgan ekan… 

IKKINCHI BOB 

20 ASRNING OXIRI 

Qoraboy aka ichida bo’lgan mashina MXX viloyat boshqarmasining temir darvozasi yoniga kelganda xuddi uni kutib turgan kabi 

darvoza darhol lang ochildi va mashina g’izzillagancha ichkariga kirib ketdi. Qoraboy akani zax bir xonaga olib kirishdi. Qo’liga 

solingan kishanni yechmasdan tashlab ketishdi. U nima yuz berganini oz bo’lsada tushungan edi. 

Muxolifatning orasida yurgan ayg’oqchilarni aniqlagan va boshqalarni ehtiyot bo’lishga da’vat qilgandayoq boshiga shunday kun 

kelishini taxmin qilgandi. Ammo unutishdi. Har holda o’sha kezda yuz bergan yurak xuruji uni asrab qoldi. Mana endi kechagi 

voqeadan keyin yana ularning ko’ziga tikandek sanchildim, shekilli?! Bir-ikki po’pisa qilib, qo’yib yuborishsa kerak? G’alvirga 

ilinadigan biror narsa topolmasliklari aniq. Keyingi yillarda muxolifatga ham qo’shilganim yo’q. Darvoqe ular qamoqqa olinganimni 

eshitishgan va dunyoga jar solayotgan bo’lsalar kerak? Nima bo’lganda ham ilgari birga edik-ku?! Buni eshitib qolgan Toshkent 

“Qo’yib yuborlaring, yana bitta bosh og’rig’ini nima qilamiz” deyishi mumkin, deb o’ylardi u. 

Nima uchundir ko’ngli xotirjam edi. Uyini bosganlarida yuragi bir o’ynab ketdi, ammo keyin o’zini ushlab oldi. Yuragi joyidan 

qo’zg’alib bo’g’zida “gup”-“gup” uarayotganini nazarda tutmaganda ahvoli unchalik yomon emas edi. 

U xonaga razm soldi. Eshikka qarshi tomonda teppada bir tuynuk bor. Juda qalin temir panjara o’rnatilgan va ustidan yana simto’r 

tortilgan. Tashqaridagi daraxtning bir shoxini arang ko’rsa bo’lardi. Shundan taxmin qildiki, bu joy yerto’la ekan. Demak, mashina 

binoning ostiga kirib kelarkan-da! 

Devor beton va nam tortgan. Shu bois xonaning havosi qo’lansa edi. O’tiradigan, yotadigan joy yo’q. Hojatga qayerga borar ekan? 

U xayollarga g’arq bo’lib ketdi. Ishqilib Rustamga tegmasinlar. Ammo shu o’g’lidan umidi juda katta. Tug’ilganidan shu kunga qadar 

hech ozor bermadi. Esining tanibdiki otasining do’sti. Maktabda yaxshi o’qidi. Sakkizinchi sinfdaligidayoq shahar, viloyat 

olimpiadalarida g’olib chiqib, keyin respublikada ham adabiyot sinovida uchinchi bo’ldi. Uncha-buncha she’r ham yozardi. Ammo 

bir muddat siyosatga qiziqib ketdi. Bunga balki men sababchi bo’lgandirman? Balki O’zbek tiliga davlat tili maqomi berish uchun 

kurashgan paytlarimiz uni siyosat dunyosiga boshladimikan? Ko’p tashkilotchi emas, ammo odamlarni indamay eshitishni yaxshi 

ko’rardi. Keyin shundan xulosa chiqarardi. Xulosalari o’zi kabi o’ktam. Bir kun: 

-Bolam yaxshi o’qisang, kelajakda Tashqi ishlar vaziri bo’lishing mumkin,-dedi Qoraboy aka unga. 

-Nega endi aynan Tashqi ishlar vaziri,- deb so’radi Rustam. 

-Mamlakatni dunyoga tanitadigan odam Tashqi ishlar vazirida,-deb javob qildi u. 

-Ba’zan mamlakatni oddiy bir ishbilarmon ham dunyoga tanitishi mumkin… 

Juda qiziq, hamma yoshlar kasb tanlashda baland dorga osilsalar Rustam oliygohga borishni istamasdi, orzusi ishbilarmon bo’lish 

edi. Lekin Qoraboy akaning majburlashidan keyin instutga hujjatlarini topshirdi. Inshodan xursand bo’lib qaytdi. “Juda yaxshi 

bilgan mavzu tushdi. Boplab yozdim” deb kelgandi ammo yiqitishdi. Qoraboy aka rektorning yoniga bordi. 

-Bu bola respublika olimpiadasida g’olib chiqib, qanday qilib sizlardan o’tolmasligi mumkin?-dedi u rektorga. 

-Shu bolangizni o’qitish niyatingiz bor ekan, oldinroq kelish kerak edi. Yanagi yilga harakatni ertaroq boshlang, bilamiz iqtisodiy 

qiyinchilik mavjud, shu bois hozirdan harakat qilib borsangiz o’sha kezda og’ir tushmaydi! Birovni o’rtaga aralashtirib yurmang, 

to’ppa to’g’ri o’zimga keling, o’zim o’g’lingizni o’qitib beraman!-dedi rektor. 

Shundan keyin Rustamning ko’ngli cho’kib qoldi. Adolat anqoning urug’i ekan, degan xulosaga borib qolgandi. Keyin yana 

tadbirkorlik haqida gapirib yurdi. “Bir ish qilaylik” der edi. Pulni yaxshi ko’rib qoldimi desa, yo’q, pulga ham mehri unchalik emas. 

Qoraboy aka kasal bo’lib yotib qolgan kezlar faqat shuni esladi. Mehr qo’ygan o’g’limni o’q’ishga kirita olmadim, endi mustaqil 

bo’ldik, Sovet davridagi poraxo’rliklar qolib ketdi, deb o’ylagan edi. Qarasa yanada ochiq bo’libdi. Rektorning o’zi uyalmay sha’ma 

qilib turibdi. O’g’lining orzusi ushalishi uchun nima qilish kerakligini o’yladi. Haqiqatdan ham daraxt o’zi yoqtirgan joyda o’sadi 

deganlari to’g’ri ekan. Ish boshlashlari bilan Rustam yayrab ketdi va tezda tadbirkor bo’lib ko’zga tashlandi. Man endi eski 

do’stlarimga qiziqqonlik qilib, uning yo’lini to’smasam bolgani edi… 

Shu payt eshik ochilib uning xayoli bo’lindi. Ikki o’zbek yigiti uni yuqoriga boshlashdi. U Sovet davrida KGB haqida o’ylaganda faqat 

ko’z oldiga badbashara uruslar kelar edi. Hozir uni olib borayotgalar esa, kelishgan, istarasi issiq o’zbek yigitlari edi. Ularning 

o’q’imishli ekanliklari ham yuzlaridan bilinib turibdi. O’zimizdan ham chiqar ekan-ku, degan bir g’urur ham ko’nglining bir chetini 

qitiqlab o’tdi. 

Uni bir xonaga olib kirishdi. U yerda yana ikki kishi kutayotgan ekan. Kuzatib kelganlarga javob berishdi va Qoraboy akaning qo’lini 

yechib unga suv uzatishdi: 


-Endi gap bunday, oqsoqol,-dedi ulardan biri.-Agar qilgan hamma ishlaringizga darhol iqror bo’lib, biz aytgan takliflarni qabul qilib 

mana bu qog’ozni imzolasangiz ish oson kechadi. Siz ham qiynalmaysiz, biz ham. Bu safar adi-badi aytib o’tirishga, sizni sindirish 

uchun haftalar sarflashga vaqtimiz yo’q. Sizni tuzoqqa biz ilintirgan emas, o’zingiz ilindingiz. Xullas 24 soat vaqtimiz bor,-dedi 

ulardan biri eshik tomon yurar ekan. 

-Hali soqol qo’yganim yo’g’-ku qayoqdan oqsoqol bo’laman,-dedi u hazil aralash,- keyin nima ish qilibmanki, undan bo’yin tovlasam. 

Qanaqa tuzoqqa ilinibman, bunday ochiq gapirmaysizlarmi? 

-Soqol qo’yganingizda-ku ishimiz ancha oson kechgan va sizni oldinroq tanigan bo’lardik, ammo besoqol bo’lib yurganlardan 

cho’chish kerak ekan,- dedi chiqib ketishga shaylangan odam. 

Endi bu Qoraboy akaning hamiyatiga tegdi. Buning ustiga ular unga e’tibor qilmasdan ruschlab gaplasha boshladilar. Keyin unga 

ham ruscha muomala qila boshladilar. 

-Hov baraka topgurlar, biz mustaqilmiz, endi ona tilida gaplashaveraylik,-dedi u. 


Download 0.85 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling