Жалолиддин румий ичиндаги ичиндадур (1) Улуғбек Ҳамдам таржимаси Бисмиллаҳир-роҳманир роҳийм
JALOLIDDIN RUMIY ICHINDAGI ICHINDADUR (1)
Download 0.68 Mb.
|
ЖАЛОЛИДДИН РУМИЙ
JALOLIDDIN RUMIY
ICHINDAGI ICHINDADUR (1) Ulug‘bek Hamdam tarjimasi Bismillahir-rohmanir rohiym. Ey Parvardigor, xayrli nihoyasiga yetkazgin. Payg‘ambar Sallallohu alayhi Vasallam buyuradiki: Olimlarning yomoni amirlarni ziyorat qilgani, amirlarning yaxshisi olimlarni ziyorat etganidir. Faqirning eshigiga kelgan amir naqadar xush va amirning eshigiga borgan faqir naqadar noxushdir. Xalq bu hadisning zohiriy ma’nosinigina qabul qilgan, ya’ni bir olim yomon (olim) bo‘lmaslik uchun amirni yo‘qlamasligi lozim, amirni borib ko‘rish unga munosib emas, deb bilgan. Aslida fikrning haqiqiy ma’nosi xalq o‘ylaganday emas, balki shunday: Olimlarning yomoni amirdan yordam olgani va ular vositasida o‘z ahvolini yaxshilagani, kuchga kirganidir. Amirlar menga in’om beradilar, meni izzat-ikrom qiladilar va bir yaxshi joy ehson etadilar, degan tushuncha bilan va ularning qo‘rquvi ostida o‘qigan kimsa olimlarning eng yomonidir. Shu holida bu kimsa amirlar tarafidan isloh bo‘lgan, bilimsizliklardan biladigan ahvolga kelgan hisoblanadi. Olim bo‘lganda ham amirlar qo‘rquvidan va ularga yomonlik qilmaslikdan tarbiya ko‘rgan bir insonga aylangandir. Endi u istasa-istamasa, hamma vaqt bu yo‘lga uyg‘un tarzda harakat etmog‘i kerak bo‘ladi. Xullas, bu vajdan zohiran xoh u amirni ko‘rgani borsin, xoh amir uning huzuriga kelsin, baribir, u ziyorat qilgan, amir esa ziyorat qilingan bo‘ladi. Olim agar amirlar soyasida olim bo‘lishni o‘ylamasa, uning bilimi ibtido va intihoda Olloh uchun qilingan bo‘ladi. Uning tutgan yo‘li va ko‘rsatgan faoliyati savoblidir. Chunki yaratilishi shundaydir, baliq suvdan boshqa yerda yashay olmaganidek u ham bundan o‘zgasini qilolmaydi. Uning qo‘lidan kelgani shu. Bunday bir olim harakatlarini boshqarib yo‘lga solib turgan narsa aqldir. Hamma undan qo‘rqadi va insonlar ba’zan bilib, ba’zan bilmasdan u taratgan nurdan bahra oladilar. Xullas, bunday bir olim amir huzuriga borsa, zohiran u ziyorat qilgan, amir esa ziyorat qilingan bo‘ladi. Ammo amir olimdan hamma vaqt yuksalishga chorlovchi bir quvvat-yordam oladi, olimning esa amirga ehtiyoji yo‘q, chunki u badavlatdir, nur-sochayotgan quyosh kabidir. Ishi ta’masiz ko‘mak bermoq, ehson etmoqdir. U toshlardan la’l va yoqut qila oladi. Tarkibi tuproqdan iborat bo‘lgan tog‘lardan mis, oltin, kumush va temir ma’danlar yasaydi. Tuproqni tozalaydi, yoshartiradi. Daraxtlarni turli-tuman mevalar bilan boyitadi. Ish — ermagi bag‘ishlamoqdir, hadya qilmoqdir. Arabning «Biz bermoqni o‘rgandik, olmoqni o‘rganolmadik» maqolidagi singari olim ham beradi-yu, birovdan olmaydi. Nihoyat, bunday olimlar haqiqatda ziyorat etilgan, amirlar esa ziyorat etgan bo‘ladilar Aytilganlarga uncha uyg‘un bo‘lmasa ham xayolimga ushbu oyatni tafsir etmoq fikri keldi. Modomiki, xayolimga shunday fikr kelgan ekan, gapiray-da undan qutulay. Ulug‘ Tangri: «Ey Payg‘ambar, qo‘l ostingizdagi asirlarga aytingki: Ollohu Akbar ko‘nglingizda xayr (yaxshi niyatlar) borligini bilsa, sizdan olinganidan ham ko‘prog‘ini sizga beradi. Sizni yorlaqaydi, Olloh yorlaqaguvchi va kechirguvchidir», — deya buyuradi. Ushbu oyatning nozil bo‘lishi sababi shudir: Mustafo (Olloh marhamat qilsin) kofirlarni qirib o‘ldirgan, mollarini g‘animat (qilich haqi o‘laroq dushmandan olingan mol, pul, asir va h.k. — tarj.) sifatida olgan, bir qanchalarini esa asir qilib qo‘l oyoqlarini bog‘lagandi. Amakisi Abbos (Xudo undan rozi bo‘lsin) ham bularning biri edi. Asirlar bog‘langan, ojiz va tushkun holda yig‘lab siqtashar, butun umidlarini porakanda etuvchi qilich va o‘limni kutishardi. Mustafo ularga qarab kuldi. Bunga javoban: «Ana ko‘rdingmi, unda insonlik (ojizlik-tarj.) bor, menda ojizlik yo‘q, deya so‘zida turib olishi to‘g‘ri emasdi. U bizlarga qaramoqda va bizni arqonlar ichida o‘z asiri sifatida ko‘rish bilan go‘yo nafslariga yengilgan insonlarning o‘z dushmanlari ustidan g‘alaba qozonib, ularni mahv bo‘lganlarini ko‘rarak xursand bo‘lgani va xursandchilikdan o‘ynaganlari kabi u ham sevinmoqda, mamnun bo‘lmoqda, dedilar. Mustafo (Olloh marhamat qilsin) ularning ko‘ngillaridan kechgan bu o‘yni tushundi va buyurdi: «Xudo saqlasin! Men buning uchun kulmayapman. Balki sir ko‘zi bilan bir qavmni jahannamdan, olov yonib turgan qip-qizil o‘choqdan va kin bilan qoraygan mo‘ridan arqonu zanjirlar bilan torta-torta zo‘rlab jannatga, o‘lim yo‘q bir gul bog‘iga olib ketayotganim holda, ularning: «Bizni bu tahlikali joydan u ishonchli gul bog‘iga nega sudrayapsan?» deya baqirib badduo etganlarini ko‘rganimdan kulyapman. Shu bilan birga, siz hozir bunday bir qarashga (nuqtai nazarga) ega bo‘lmaganingiz tufayli aytganlarimni anglamaysiz va aniq-tiniq ko‘rolmaysiz». Ulug‘ Olloh buyuradi: Asirlarga bildiringki: Siz avval askar to‘pladingiz, o‘z mardligingizu pahlavonligingizga, quvvat va qudratingizga tamoman ishondingiz, o‘z-o‘zingizga: «Biz unday qilaylik, musulmonlarni bunday qiraylik, shunday yo‘q etaylik» dedingiz. O‘zingizdan qudratli bir qudrat sohibi mavjudligini esa ko‘rolmadingiz. Maqsadni ko‘zlab qancha ishladingiz, qancha tadbir oldingiz, ammo hammasi aksincha bo‘ldi. Endi ham qo‘rquv ichida qolganingiz holda tavba qilmayapsiz. Sizda umid yo‘q va tepangizda bir qudrat sohibi mavjudligini ko‘rmayapsiz. Kuch-qudratli va shavkatli bo‘lganingiz vaqtlar meni ko‘rishingiz lozim. Menga taslim bo‘lganingizni bilingizki, ishlaringiz qulaylashsin. Qo‘rqqan paytingizda mendan umidingizni uzmang. Sizni qo‘rquvdan qutqarmoqqa va xavfsizligingiz to‘la ishonch bilan ta’minlanganini sizga bildirmoqqa qudratim yetadi. «Olloh kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur»[1]. («O‘limni tirikdan va tirikni o‘likdan chiqaradi») oyati karimada buyurilganidek, oq sigirdan qora sigirni vujudga keltirgan, qora sigirdan ham oq sigirni paydo qiladi. Buning uchun asir bo‘lgan shu holingizda mening hozir va nozir bo‘lganimdan umidingizni uzmangki, men ham sizning qo‘lingizdan tutay. Chunki «Ollohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur»[2] deya buyurilgandir. Ulug‘ Olloh buyuradiki: Ey asirlar! Agar birinchi diningizdan qaytar, qo‘rquv va xavotir ichida qolgan vaqtingizda meni ko‘rar va barcha hollarda menga taslim bo‘lganingizni qabul etar bo‘lsangiz, men sizni bu qo‘rquvdan qutqaraman: talanganu ziyon ko‘rgan mollaringizning hammasini, balki ortig‘i bilan va yana-da yaxshilaridan sizga qaytarib beraman. Sizni yorlaqayman. Oxirat saodatiga, dunyo saodatiga yaqinlashtiraman. Abbos: «Tavba qildim, tutgan eski yo‘limdan qaytdim» dedi. Mustafo (Ollohning rahmat va barakoti bo‘lsin): «Xudo bu aytgan gaping uchun dalil ko‘rsatmog‘ingni istaydi» dedi. Bayt: Ishq davosida bo‘lmoq qulay, faqat buning dalili va shohidi bordir. Abbos: «Bismilloh, qanday dalil istaysan?» Payg‘ambar: «Qo‘lingda qolgan mollarni quvvatlanishlari uchun islom askarlariga tarqat. Agar musulmon bo‘lgan esang, islom va musulmonlikning yaxshiligini istamog‘ing lozim» — deb buyurishi bilan u «ey Rasululloh, mening nimam qoldi o‘zi? Hammasini talon-taroj qildilar, menga eski bir bo‘yra ham qoldirmadilar» — dedi. Bunga javoban Payg‘ambar (Olloh saloti bo‘lsin): «Ko‘rdingmi, tuzalmading, qanday bo‘lsang, o‘shandaysan, o‘zgarmading. Men senga qancha moling borligini va uni qayerda saqlayotganingni, kimga berganingni, qayerga ko‘mib berkitganingni aytayinmi?» deb buyurishi bilan Abbos: «Xudo saqlasin!» dedi. Payg‘ambar: «Molingdan shunchasini onangga bermadingmi? Shunchasini falon devorning tagiga ko‘mmadingmi? Va unga (onangga): Agar qaytsam menga topshirasan, qaytmasam bunchasini falon ish uchun sarflaysan, bunchasini falonchiga berasan, bunchasi esa seniki bo‘ladi» — deya batafsil vasiyat qilmaganmiding?» — deya buyurdi. Abbos bularni eshitishi bilan shahodat barmog‘ini ko‘tardi va sadoqat bilan iymon keltirdi-da, «Ey Payg‘ambar! Haqiqatan men seni ham eski maliklar Xoman, Shaddod va Namrudlar kabi faqat dunyoviy bir davlatning sohibi deb bilardim. Bularni buyurgan vaqtingda mazkur davlatni gizli, ilohiy va rabboniy bir davlat ekanligi anglashildi» — dedi. Mustafo (Ollohning rahmati va barakoti bo‘lsin): «To‘g‘ri gapirding: Bu safar ichingdagi shubha zunnorlarining uzilganini his qildim, sasi qulog‘imga keldi. Mening ruhim ichkarisida gizli bir qulog‘im bor. Kimki shubha, shirk va inkor zunnorini parchalasa, men shu gizli qulog‘im bilan u sasni eshitaman, chunki uzulganda chaqqan sas mening ruh qulog‘imga yetadi. Endi sen haqiqatan ham to‘g‘ri bo‘lding va iymon keltirding» — deb buyurdi. Mavlono buning tafsirida shunday dedi: Men buni Amir parvonaga (uning o‘zi uchun) aytdim: «Sen avval, musulmonlikning boshi bo‘lding va «Islomning abadiyligi va musulmonlarning ko‘payishi uchun fikrimni, tadbirimni, hatto o‘zimni fido qilayin» deding. O‘z fikringga ishonib, Xudoni ko‘rmay qolganing va barcha narsani Olloh Taolodan bilmaganing uchun, Tangri sening butun sa’y-harakatlaringni islomning kuchsizlanishiga sabab qildi. Sen tatar bilan birlashding. Holbuki, shu tarzda Shomliklar va Misrliklarni yo‘q qilmoq va islom viloyatlarini qirib tugatmoq ishiga yordam bergan bo‘lib chiqyapsan. Natijada islomning manguligiga sabab bo‘lgan narsa ushbu vaziyatda uning zaiflanishiga omil bo‘lmoqda. Shuning uchun bunday ahvolda yuzingni Aziz va Jalil bo‘lgan Ollohga o‘gir. O‘zingni yomon vaziyatdan qutqarmoq niyatida sadaqa ber. Undan (Ollohdan) umidingni uzma, Olloh seni unday bir toatdan bunday bir isyonga tushirib qo‘yibdi. Sen esa bu toatni «o‘zimdan» deb o‘ylading va shuning uchun ham gunokor bo‘lding. Endi bu gunohkorliging bilan ham umidingni uzma, yolbor. U sening toatingdan isyon yaratgani kabi isyoningdan ham toat yaratmoqqa qodirdir. Bu sabab senga nadomatlik hissini tuydiradi, ya’ni musulmonlarning ko‘payishi uchun g‘ayrat ko‘rsatmog‘ingni ta’minlaydi va islomning quvvati bo‘la olishing uchun sabablar yaratadi. Umidingni uzma, chunki kofir bo‘lganlardan boshqa hech kim Olloh rahmatidan umid uzmaydi. Maqsadim uning (parvonaning — tarj.) buni tushunishi, mushkul ahvolida sadaqa berib, Xudoga yolborishiga erishmak edi. Juda yuksak bir yerdan o‘ta tuban bir ahvolga tushib qolganiga qaramay, umidli bo‘lishi uchun unga shu gaplarni aytdim. Ulug‘ Tangri aldovchidir. U go‘zal shakllar ko‘rsatib aldaydi. Shakllar orasida yomonlari ham bor. Buni insonning «Menga chiroyli bir fikrlar va yaxshi bir ish yuz ochdi» deya o‘zini aldab, g‘ururlanishi uchun qiladi. Agar har bir ko‘ringan narsa ko‘ringani kabi bo‘lsaydi, juda o‘tkir va ziyrak ko‘zlar sohibi Payg‘ambar: «Narsani menga bo‘lgani kabi ko‘rsat» — deya faryod etmasdi. U bu bilan shunday demoqchi bo‘ladi: Ey Rabbim! Aslida xunuk bo‘lgan narsani go‘zal, go‘zal narsani esa xunuk qilib ko‘rsatyapsan: bizga hamma narsani qanday bo‘lsa, o‘shanday ko‘rsatginki, tuzoqqa tushmaylik va yo‘limizni hech vaqt yo‘qotmaylik. Endi sening fikring har na qadar go‘zal va porloq esa-da, unikidan yaxshiroq bo‘lolmaydi. O‘zingdagi har bir fikr va har bir tasavvurga ishonma, yolbor-da, qo‘rq. Chunonchi, hatto qo‘shinlar yuborgan shu onimizda ham ularga (qo‘shinlarga) ishonmasligimiz va talofotga uchrab, qo‘rquv va ojizlik domiga tushgan vaqtimizda esa Ollohdan umidimizni uzmasligimiz kerak. Payg‘ambar yuqoridagi oyatni (so‘zni) o‘z maqsadiga muvofiq ravishda aytdi. Mening ham aytmoqchi bo‘lgan narsam shu edi. FASL. Bittasi: «Mavlono hech narsa demayaptilar» — dedi. Men dedim: «Bu odamni mening xayolim huzurimga keltirdi va mening xayolim unga: «Qalaysan, qanday ahvoldasan?» deya bir so‘z so‘ylamadi. Gapirmasdan xayolim uni bu yoqqa tortdi. Agar mening haqiqatim uni so‘z aytishidan qaytarib boshqa bir joyga olib borsa, bunga nechun hayron bo‘lish kerak ekan? So‘z haqiqatning soyasi va parchasidir. Modomiki soya o‘ziga tortar ekan, u holda haqiqat yanada yaxshiroq jazb etadi. So‘z bahonadir. Bir insonni boshqa bir insonga tortgan narsa so‘z emas, balki ikkalovida mavjud bo‘lgan ruhiy birlikdan bir parchadir. Agar bir inson yuz ming mo‘’jiza va karomat ko‘rsa, ammo unda valiy va nabiyga uyg‘un bir bo‘lak bo‘lmasa, birlashmaydilar va buning foydasi ham yo‘q. Uni valiy va nabiyga bog‘lagan, ular sevgisini ko‘nglida orttirgan narsa o‘sha omuxta — o‘rtoq parchadir. Agar bir jism tarkibida ohanrabo bilan mushtarak bo‘lgan bir parcha bo‘lmasa, u jism hech qachon ohanrabo tarafiga ketmaydi, ya’ni tortilmaydi. Ular orasidagi bir xillik gizli bir narsadir, ko‘zga ko‘rinmaydi. Inson xayolidagi narsa uni o‘z orqasidan yetaklaydi. Masalan, bog‘ xayoli boqqa, do‘kon xayoli do‘konga olib boradi. Faqat bu xayollar haqiqatni yashiradi. Chunonchi, bir narsaning xayoli seni o‘ziga tortdi va sen u tomonga ketmoqdasan. Chunki xayol senga u narsani go‘zal qilib ko‘rsatgan. Biroq kelgach, pushaymon bo‘lasan va o‘zinga o‘zing: «Buni yaxshi deb o‘ylabman, aslida unday emas ekan» deysan. Shuning uchun ham xayollar ichiga kimdir yashiringan chodirlar o‘xshaydi. Qachonki, xayollar yo‘qolib haqiqat yuz ko‘rsatsa, pushaymonlik hissi ham seni tark etadi: seni (o‘ziga) tortgan haqiqat seni jalb etgan haqiqatdan boshqa narsa emasdir. «U kun yashirin narsalar oshkor bo‘ladi» (Qur’on). Aslida jalb etgan narsa bittadir. Faqat ko‘p ko‘rinadi. Axir ko‘rmayapsanmi, bir insonning turli-tuman yuzlarcha orzusi bordir: «Shilpildoq istayman, qatlama istayman, holva istayman, qovurilgan go‘sht istayman, meva istayman, xurmo istayman» der. Bu aytgan narsalarning asli bitta, u ham bo‘lsa, ochlikdir. Ochlik yolg‘iz bir narsadir. Inson ovqatning biridan yeb to‘ygach, «boshqasini istamayman!» deydi. Bundan anglashiladiki, o‘n va yuz sonlari yo‘q, faqat bir bordir. «Ularning hisobini (sonini) kofirlar uchun azob va mashaqqat ayladik» (Qur’on) deya buyurilgani kabi bu insonlar qarshisiga hisobdek og‘ir bir ish chiqadi. Masalan, bunga «Bir», narigilarga esa «yuz» deydilar, ya’ni valiy uchun «Bir» va xalq uchun «yuz ming» deydilar. Bu katta gunohdir. Valiyni Bir, boshqalarni Ko‘p ko‘rmoq ko‘rish va anglash yo‘lini yo‘qotmoqdir, ulkan fitnadir. Chunki siz ularni ko‘p, valiyni esa bir ko‘rmoqdasiz. «Ularning hisobini kofirlar uchun azob va mashaqqat ayladik» oyati shuning uchun buyurildi. Qaysi yuz, qaysi ellik va qaysi biri oltmish? Qo‘lsiz, oyoqsiz, aqlsiz va ruhsiz bir to‘p insonlar tilsim va simom kabi qaynab turibdilar. Endi sen ularga oltmish, yuz va yoxud ming, bunga esa bir de. Bu yanglish. Balki ular hechdirlar va bu bir deganing ming, yuz ming va yuzminglarcha Bir hisoblanadi. Xuddi «Bizning qavm aholisi oz, ammo hujum qilinganda ko‘payadi» deganlaridek. Podshoh bir askarga yuz kishilik maosh tayin etgandi. Bundan qolgan askarlar norizo bo‘ldilar. Podshoh o‘z-o‘ziga: «Bir kun kelar, sizga ko‘rsataman, o‘shanda buning sababini tushunasizlar», — derdi. Jang kuni keldi. Askarlarning hammasi qochdi, yolg‘iz u kishigina jang qildi. Podshoh: «Mana shuning uchun men unga ko‘p pul berdim», — dedi. Inson o‘zining farqlash xossasini har turli g‘arazdan tozalashi va dindan yordam qidirishi lozimdir. Din egasini taniydi. Faqat sen umringni farq etish xossasidan mahrum bo‘lgan kimsalar bilan kechirganing uchun bilmaysanki, uning yaxshini yomondan farq etish vasfi zaiflashgan va endi dinni, ya’ni insonning hamrohini taniy olmaydi. Sen tanani boqding, ammo unda farqlash xossasi yo‘qdir. Farq etish bir sifat. Axir ko‘rmayapsanmi, jinning qo‘l-oyog‘i bor, faqat farqlash xususiyati yo‘q. Farqlash sendagi latif bir ma’nodir va sen kechayu kunduz undan mahrum bo‘lgan narsani (ya’ni tanani — tarj.) boqishga harakat etmoqdasan. Uning bu bilan tirik ekanligini bahona qilmoqdasan, holbuki, bu ham u bilan tirikdir. Bu qanday ishki, sen farqlashdan tamoman mahrum bo‘lganni boqding, voyaga yetkazding va vaqtni vujudingni yedirib-ichirish bilan o‘tkazding-da, u latif ma’noga, ya’ni farq etish qudratiga parvosiz bo‘lding! Sening taxmin qilganingdek, bu (tana) u (ma’no) bilan tirikdir, u bu bilan emas. U — nur, ya’ni latif ma’no berguvchi, ko‘z, quloq va boshqa derzalardan, agar bular bo‘lmasa, yana boshqa tirqishlardan o‘zini ko‘rsatguvchi. Bu xuddi: «Quyoshni chiroq bilan ko‘rayapman» deb, quyosh qarshisiga chiroq keltirib quyishga o‘xshaydi. Aslida, chiroq bo‘lmasa ham quyosh o‘zini senga ko‘rsataveradi. Chiroqqa nima hojat? Ollohdan umidni uzmaslik kerak. Umid — ishonch yo‘lining boshi. Yo‘lda yurmasang ham doimo yo‘lning boshini ko‘zla. «Noto‘g‘ri ishlar qildim» dema, to‘g‘rilikni tut. O‘shanda hech qanday egrilik qolmaydi. To‘g‘rilik Musoning hassasi kabidir, egrilik esa sehrgarlarning sehriga o‘xshaydi. To‘g‘rilik o‘rtaga chiqishi bilan ularning hammasini yutadi. Agar bir yomonlik qilgan bo‘lsang, o‘zingga o‘zing qilgandirsan. Sening yomonliging o‘zgaga qanday ta’sir qiladi. SHE’R: (Qara, anavi tog‘ boshiga qo‘nib uchgan qush tog‘ning nimasini orttirdi va nimasini kamaytirdi?) Sen to‘g‘ri bo‘lsang, ularning hech qaysisi qolmaydi. Ehtiyot bo‘l, umid uzma! Shohlarga yaqin yurmoq shu nuqtai nazardan tahlikali emas, ya’ni xoh bugun, xoh ertaga bo‘lsin, ketajak bosh baribir ketadi. Ushbu jihatdan esa xavfli: Shohlarning nafsi kuchayib bir ajdarho singari bo‘ladi. Ularga yaqin bo‘lib, do‘stligini himoya qilib, mollarini qabul qilgan kimsa mutlaqo ularning ra’yiga ko‘ra gap aytadi. Ranjimasin deya, ularning nomaqbul o‘y-tushunchalarini yoqtiradi va gaplarini qaytarolmaydilar. Shuning uchun hamma vaqt bir xavf mavjuddir. Chunki ularning (podshohlarning) tarafi olinarkan, asl taraf senga yot — begona bo‘lib qoladi va buning dinga zarari bordir. Sen u tarafni himoya qilganingda, aziz bo‘lgan bu taraf sendan yuz o‘giradi va sen dunyo ahli bilan qanchalik chiqishsang, uning senga shunchalik g‘azabi keladi. «Olloh zolimlarga yordam bergan kimsaga o‘sha zolimni balo qilib qo‘yadi» (Hadis). Sening u tomonga qarab ketishingning oqibati ham shunday. Chunki, modomiki, sen u tarafni himoya etarkansan, natijada uni o‘z boshingga balo qilajakdir. Dengizga borib,undan faqatgina bir ko‘za suv olmoq bilan qanoatlanish — achinarli. Dengizdan olish mumkin bo‘lgan dur — javohirlar va boshqa qanchadan-qancha narsalar bo‘la turib, birgina suv olishning nima qimmati bor? Aqlli insonlar bu bilan qanday qilib maqtanadilar va nima degan odam bo‘ladilar? Olam — bir ko‘pik. Avliyolar bilimlari — dengiz. Dengizning duri qayerda? Bu olam xas-xashak bilan to‘lgan ko‘pikdir, faqat bu ko‘pik dengizning chayqalishidan, o‘ynoqlashidan va ko‘pirib qaynashidan poklanadi, soflanadi, go‘zallashadi. Xotinlaru o‘g‘illar, qop-qop oltinlaru kumushlar, nasl otlaru suruv-suruv mol-qo‘ylar, ekinlar va hokazo narsalar odamlar hirsini qitiqlaydi. Bularning hammasi dunyo zavqidir. Modomiki dunyo bezatilgan bo‘lsa, unda haqiqiy go‘zallik va yaxshilik yo‘qdir, bu go‘zallik unda muvaqqatdir va o‘zga bir yerdan kelgan, demakdir. Dunyo oltin qoplamali soxta pul kabidir. Ya’ni qiymatsiz ko‘pik bo‘lgan dunyo qalbdir (soxta, yolg‘onchidir — tarj.), ahamiyatsiz va qadrsizdir. Uning ust qismini biz oltin bilan suvadik. Mana shuning uchun ham insonlarni xotinlaru o‘g‘illar, qop-qop oltinlaru kumushlar, nasldor otlaru suruv-suruv mol-qo‘ylar, ekinlar va boshqa narsalar o‘ziga tortadi, deya buyurilgan. Inson Tangrining usturlabidir (teleskopidir — tarj.) Faqat bu usturlabni biladigan munajjim lozim. Dehqon yoki baqqolning usturlabi bo‘lgani bilan uni ishlatolmagandan keyin nima foydasi bor? Ular usturlabda ko‘ringan falaklar ahvolidan, harakatlaridan, burjlarning o‘zgarishlari-yu, ta’sirlaridan nimani ham tushunardilar? Ko‘rinadiki, usturlab munajjim uchun foydalidir. Chunki «O‘zini bilgan Xudosini ham biladi» (Hadis). Shu nuqtai nazardan, usturlab falakning qanday ko‘zgusi bo‘lsa, inson vujudi ham Ollohning shunday usturlabidir. Chunki Qur’onda inson to‘g‘risida: «Biz Odam o‘g‘illarini aziz qildik» deya buyurilgan. Ulug‘ Olloh insonni bilimli, ilmli va olim qilib yaratgani uchun inson o‘z borlig‘ining usturlabida vaqti-vaqti bilan Olloh tajallisini va benazir go‘zalligini porloq bir holda ko‘radi. Bu Jamol mazkur ko‘zguni hech qachon tark etmaydi. Aziz va Jalil bo‘lgan Tangrining hikmat, ma’rifat va karomat kiyimlarini kiydirib qo‘ygan qullari bordir. Xalqning bularni ko‘ra oladigan o‘tkir ko‘zlari yo‘q bo‘lsa ham Olloh Taolo ularni qizg‘anadi. Ular ham o‘zlarini xuddi Mutanabbining: «Xotinlar ipak kiyimlarni bezanmoq uchun emas, balki o‘z go‘zalliklarini qo‘rimoq uchun kiydilar» deganidek (hikmat, ma’rifat va karomat kiyimlari bilan) o‘raydilar. FASL. (Bittasi) : «Kecha-kunduz qalbim va jonim sizning yoningizda, xizmatingizda, Faqat Mo‘g‘ullarning ishi-yu tashvishi sabab sizni ziyorat etishga kelolmayapman», dedi. U: «Bu ishlar ham Haqqa tegishlidir. Chunki bular musulmonlik ishonchini ta’minlamoqda. Siz ular ko‘ngillarini tinchlantirish va bir qancha musulmonlarni huzur-la xotirjam toat-ibodat qilishi uchun o‘zingizni mol va joningiz bilan fido qildingiz.Bu ham xayrli ishdir. Ollohu Akbar sizga shunday bir xayrli ish qilmoq orzusini bergandir. Bunga javoban qiziqishingizning ortishi — Tangrining sizga bo‘lgan inoyatidan darak. Agar orzuingiz zaiflashadigan yoxud ozayadigan bo‘lsa, bu sizni Olloh inoyatidan mahrum bo‘layotganingizga bir ishorat, demakdir. Demak, Ulug‘ Olloh bunday buyuk va xayrli ishni inson vositasida qilinishini, uning savob ishlashini va darajasi yuksalishini istamayapti. Bu — issiq bir hammomga o‘xshaydi. Hammom issiqligi pechkada hosil bo‘ladi. O‘tin va tezak ko‘rinishdan har na qadar xunuk-da jirkanch bo‘lsa ham, hammomchi uchun inoyat hisoblanadi. Chunki ular tufayli hammomchining hammomi isiydi va shu tariqa xalqqa xizmat qiladi. Shu payt ahbob keldi, (Mavlono) uzr so‘radi va: «Agar siz uchun o‘rnimdan turmayotgan, siz bilan gaplashmayotgan va hol-ahvolingizni so‘ramayotgan bo‘lsam, buning sababi sizni hurmat qilganimdir. Chunki har bir narsaning hurmati o‘sha zamonga muvofiq bo‘ladi. Namoz qilayotib ota-onani, aka-ukani, opa-singilni so‘rab-surishtirmoq, shu yo‘sin e’tibor qilmoq to‘g‘ri emas. Namoz vaqtida do‘stlar va qarindosh-urug‘larga iltifot ko‘rsatmaslik, aslida, eng yaxshi iltifot va ko‘ngil olishdir. Chunki sen ular sabab ibodatdan, chuqur diniy holatdan ayrilmaysan, huzur-halovatingni buzmaysan va bu bilan ular ham gunohga botmagan bo‘ladilar. Mana shuning uchun ham insonni gunohga botirgan, azobga giriftor qilgan balodan chekinmoq iltifot va ko‘ngil olmoqdir. Chunki ularga jazo beruvchi narsadan qochilgandir» — deya buyurdi. Ulardan biri: «Olloh oldida namozdan-da yaxshiroq bo‘lgan narsa bormi?» deb so‘radi. U: «Hamnamoz bordir, ammo namoz faqatgina suratdan iborat emas. Bu namozning qolipidir. Axir namozning boshi na so‘nggi ma’lumu mavjuddir. Ibtidosi va intihosi bo‘lgan hamma narsa qolipdir. Takbir — namozning avvali, salom esa oxiridir. Xuddi shunday, shahodat ham faqat til bilan aytilgan narsa emas. Uning ham boshi va oxiri mavjud. Boshi va oxiri bo‘lgan hamma narsa surat va qolipdan iborat bo‘ladi. Uning ruhi beqiyos va benihoyadir, avval-oxiri yo‘qdir. Bu namozni nabiylar topgan va maydonga keltirgan. Nabiy: «Mening Olloh bilan shunday bir vaqtlarim bo‘ladiki, unga na Tangri tomonidan jo‘natilgan bir Payg‘ambar va na Tangriga eng yaqin bo‘lgan bir farishta sig‘adi» (Hadis) deya buyuradi. Demak, namozning mohiyati faqat yotib-turishdan iborat bo‘lmay, balki istig‘roq, ya’ni o‘zidan kechish ekanligini bildik. Chunki barcha suratlar ichkari kirolmay, tashqarida qoladilar, hatto Jabroilday purhikmat malak ham u yerga sig‘maydi. Olimlar sultoni, olamning qutubi bo‘lgan Mavlono Boho — ul Haq Va’d Din (Olloh uning ulug‘ ruhini muborak aylasin) haqida shunday bir hikoya rivoyat qilinadi. Bir kuni as’hobi uni istig‘roq holida uchratdilar. Namoz vaqti yaqinlashgani uchun muridlardan ba’zilari «Namoz vaqti bo‘ldi» dedi. Mavlono e’tibor bermadi. Muridlar namozga qo‘zg‘oldilar. Faqat ulardan ikkitasi shayxlariga ergashib, namozga turmadilar. Namoz qilayotganlardan Xojagiy ismli bir murid qalb ko‘zi orqali namoz o‘qiyotganlarning orqalari bilan, shayx va ikki muridning esa yuzlari bilan qiblaga yo‘nalib o‘tirganlarini ko‘rdi. Chunki shayx «men» va «biz» da’vosidan voz kechdi va uning «men»ligi fano topdi. Borlig‘idan hech nima qolmadi. «O‘lishdan avval o‘lingiz» (hadis) xikmati Olloh nurida halok bo‘ldi. Endi uning o‘zi Ollohning nuri bo‘ldi. Har kim orqasini Olloh nuriga va yuzini devorga o‘girsa, u orqasini muhaqqaq qiblaga o‘girgan bo‘ladi. Chunki u allaqachon qiblaning joni bo‘lgandir. Axir insonlar qiblasini Payg‘ambar tanlamaganmi va u (qibla) olamning qiblagohi bo‘lmaganmidi? U holda Payg‘ambarning o‘zi qibla bo‘lsa, yanada muvofiq bo‘ladi. Chunki qibla uning uchun qibla bo‘lgandir. Mustafo (Ollohning salot va salomi bo‘lsin) bir do‘stini «Seni chaqirdim, nega kelmading» deya koyidi. U: «Namoz qilayotgandim» dedi. Shunda Payg‘ambar: «Yaxshi, ammo men seni chaqirmadimmi?» deyishi bilan u: «Men bir bechoraman» deb javob berdi. Payg‘ambar unga buyurdiki: «Qudratli bo‘lgan vaqtingda ham o‘zingni ojiz his etgan paytingdagidek bechora ko‘rmog‘ing — yaxshi. Chunki sening quvvat va qudrating ustida bir qudrat bordir». Sen barcha hollarda Haqqa mahkumsan. Ikki bo‘lak emassanki, ba’zan chorasiz, ba’zan qudratli bo‘lsang. Uning qudratiga boq va o‘zingni har vaqt qo‘lsiz, oyoqsiz hamda bechora ko‘r. Zaif odamlarni qo‘ya turaylik, hatto arslonu qoplon, timsohu va hokazolar ham uning qarshisida hechdir va Tangridan qo‘rqib titraydilar. Yerlar, ko‘klar… hamma-hammasi ojizdir. Ularning barchasi u (tangri)ning hukmiga asirdirlar. U buyuk podshohdirki, ziyosi oyu quyoshning nuriga o‘xshamaydi. Uning ziyosini almashtirib bo‘lmaydi va u magar, pardasiz holida yuz ochsa, na ko‘k, na yer, na quyosh va na oy qoladi. Hikoya: Bir shoh darveshlardan biriga: «Ollohning huzurida Tangri tajallisi va yaqinligiga muyassar bo‘lganing onda meni xotirla!» dedi. Darvesh: «U huzurda go‘zallik quyoshining nuri borlig‘imga tegishi bilan men hatto o‘zimni ham eslay olmayman, seni qanday eslay?» javobini berdi. Ammo Ollohu Akbar bir qulini tanlab olib, uni o‘z borlig‘ida yo‘q etsa va buning etagini tutib, o‘z ehtiyojini tilagan har bir kishi orzusini Tangri ro‘yobga chiqargusi. Bunda Olloh huzurida uni yod etishlari shart emas. FASL. Bittasi: «Bu yerda bir narsani unutibman» dedi. Mavlono buyurdiki: Dunyoda bir narsa bor — unutilmas. Agar hamma narsani unutib, uni unutmasang, qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Masalan, bir podshoh muayyan ish uchun seni qishloqqa jo‘natdi. Sen tayinlangan ishni qilmay, boshqa yuz turli ishni ado etsang ham hech narsa bajarmagan bo‘lasan. Shuning uchun inson bu dunyoga bir ish uchun kelgan: g‘oya udir, agar uni qilmasa, hech bir ish qilmagan hisoblanadi. «Biz omonatni ko‘klarga, yerga va tog‘larga taklif etdik. Ular omonatni o‘z zimmalariga olishdan chekindilar, unga xiyonatdan qo‘rqib, andisha qildilar. Inson uni o‘z gardaniga oldi, chunki u juda zolim va johildir»[3]. Ko‘klar va yer o‘z zimmalariga ololmagan ishni inson oldi. Uning qo‘lidan kelayotgan ishlarga boqib, kishi hayratlanadi: Toshlarni la’l va yoqut, tog‘larni oltin va kumush konlariga aylantiradi. Yer yuzidagi o‘simliklarni harakatga keltirib tiriltiradi va Adan jannati holiga keltiradi. Yer ham urug‘ni o‘z bag‘riga oladi, hosil beradi, ayblarni berkitadi va yana tushuntirish qiyin bo‘lgan yuzminglarcha g‘alati narsalarni qabul qiladi, maydonga keltiradi. Xuddi shunday tog‘lar ham turli-tuman ma’danlar beradi. Shunga o‘xshash barcha ishlarni ado etganlari holda, qo‘llaridan bir ish kelmaydi. Bu ish esa yolg‘iz inson tomonidangina amalga oshiriladi. Shuning uchun ham Olloh: «Biz haqiqatan odam o‘g‘illarini sharaflantirdik» deya buyuradi. Ammo o‘sha ish na ko‘klarning, na tog‘larning va na yerning emas, balki faqat insonninggina qo‘lidan kelganiga ko‘ra inson juda yomon va bilimsizdir. Agar sen: «Qo‘limdan shuncha ish kelyapti, biroq u ishni qilolmayapman» desang, buning hech qanday qimmati yo‘q. Chunki insonni boshqa ishlar uchun yaratmadi. Bu shunga o‘xshaydi: «Sen shohlar xazinalarida bo‘ladigan qimmatbaho po‘latdan tayyorlangan hind qilichini «Men bu qilichni bekor yotmasligi uchun turli ishlarda ishlataman» deya keltirib, osh pichog‘i o‘rnida go‘sht to‘g‘rasang yohud oltin idishda sholg‘om pishirsang, yo javhar bilan bezatilgan pichoqni mix o‘rnida qoqib, unga oshqovoq ossang… uvol bo‘lmasmi, odamlar kulmasmi? Holbuki, qovoqning ishi bir pulli taxta yoki temir bir mix bilan ham bitadi. Shunga yuz dinorlik pichoqni ishlatish aql ishi emasku! Ulug‘ Olloh senga juda ulkan qiymat bergandir. «Olloh mo‘minlarning jonlari va mollarini o‘z yo‘lida vaqf etishlari muqobilida ularga jannat bergandir»[4]. She’r: (Sen qiymating va tushunchang bilan ikki olamga badalsan. Ammo nima qilayinki, o‘z bahongni bilmayotirsan). O‘zingni arzonga sotma, chunki qiymating yuksakdir. Ulug‘ Tangri buyuradi: Men sizni, vaqtingizni, nafsingizni, mollaringizni sotib oldim. Agar siz bularni men uchun harjlasangiz, menga bersangiz, buning muqobili o‘limsiz jannatdir. Mening oldimdagi sening ahamiyating shudir. Agar o‘zingni jahannam evaziga sotsang, o‘zingga zulm qilgan bo‘lasan. Xuddi yuz dinorlik pichoqni devorga qoqib, unga qovoq osgan odamdek. Sen: «O‘zimni yuksak ishlarga berayapman. Fiqh, hikmat, falakiyot, tib va boshqa ilmlarni o‘rganayapman» deya bahonalar ko‘rsatasan. Aslida, bularning barchasi o‘zing uchundir: fiqh qo‘lingdagi nonni birov tortib olmasligi, seni o‘ldirmasligi, ustingdagi kiyimingni yechib olmasligi va sog‘-salomat bo‘lishing uchundir. Falakiyot sohasidagi biliming esa falak ahvolidan xabardor bo‘lish va shunga qarab ish tushing uchundir. O‘ylab ko‘rsang, asling sen bo‘lib, bular sening oydinligingdir, nuri — ziyoingdir. Nurning bu qadar tafsiloti, ajoyibliklari, hollari va g‘aroyib olamlari bo‘lar ekan, boqchi, asos bo‘lgan sening qanday hollaring bo‘lishi kerak? Sening nuringda yuksalishlar, tushishlar, baxtli va baxtsiz hollar bo‘lishi barobarida, nazar solchi, asos bo‘lgan sening ziyolar olamingda qanday ko‘tarilishu pasayishlar, omadu omadsizliklar, zafaru foydalar bordir? Masalan, falon ruhning shunday xususiyati bor, undan bunday hollar ko‘rinadi va piston ishga yaraydi, deyishadi. «Men Tangri aytgandan kecholmayman, U meni yediradi va ichiradi» — deb buyurilganidek sening uchun yemoq va uxlamoqdan boshqa yana bir oziq bordir. Sen bu dunyoda shu oziqni unutgansan, o‘zgasi bilan mashg‘ulsan. Vujudingni kecha-kunduz moddiy oziq bilan boqasan. Bo‘lsa-bo‘lmasa, bu vujud sening otingdir. Dunyo — ot oxuri. Otning yemi uning egasining yemishi bo‘lolmaydi. Uning o‘z yemishi, ne’matlari bor. Ammo hayvonlik tuyg‘usi seni yenggani uchun va sen otlar oxurlarida, otlarning bosh tarafida qolganing uchun baqo olamining podshohlari va amirlari qatoridan joy ololmaysan. Qalbing muzaffar vujudning hukmiga bo‘ysunadi va sen ham uning asiri bo‘lib qolgansan. Xuddi shuning kabi: Majnun Layli yurtiga bormoq istaganidan hushi joyida bo‘lgan paytlar tuyasini u tomonga haydar edi, ammo xayoli Layliga ketganda o‘zi va tuyani unutardi. Shunda tuya qishloqdagi bo‘talog‘ini eslab, orqaga qayriladi. Qishloqqa kelishlari bilan Majnun ham o‘ziga keladi va biladiki, ikki kunlik yo‘li behuda ketibdi. Shu tarzda uch oy davomida yo‘lda qoladi. Nihoyat, «Bu tuya boshimning balosi» deb undan inib, piyoda yo‘lga tushadi. Bayt: (Tevamning orzusi orqada, meniki esa oldinda. Biz o‘z yo‘llarimiz tufayli ayrildik). Dedilarki: Said Burhoniddin Muhaqqiq so‘zlayotganda, bittasi keldi va: «Falonchidan sening madhingni eshitdim» dedi. U: «Ko‘raylik-chi, ul zot qanday odam ekan? Meni tanib maqtay oladigan ahvoldamikan? Meni agar so‘zlarimdan tanigan bo‘lsa, tanimagan demakdir. Chunki bu sas, bu og‘iz, bu lab… o‘tkinchi, bularning hammasi belgilardir. Ishlarim orqali tanigan bo‘lsa, yana shundaydir. Ammo zotimni tanigan bo‘lsa, u holda, meni tanibdi. Faqat shundagina u meni maqtay oladi va o‘z maqtovini menga tegishli ekanini bilaman», — dedi. Bunga o‘xshagan bir hikoya bor. Rivoyat qiladilarki, bir podshoh o‘g‘lini hunarmandlar to‘piga qo‘shib qo‘yibdi. Ular bolaga turli bilimlardan, jumladan, ilmu nujumdan dars berishibdi. Shoh o‘g‘li butunlay ahmoq bo‘lgani holda o‘ziga o‘rgatilgan narsalarni yaxshi egallab olibdi. Kunlardan bir kun podshoh uni imtihon qilmoq uchun hovuchiga uzugini berkitib, o‘g‘liga «Bunda ne bor?» debdi. Bola: «Qo‘lingdagi dumaloq, sariq va ichi bo‘sh narsadir» degach, hukmdor hayratda qolib: «Alomatlarini to‘g‘ri aytding, ismini ayt» deb buyuribdi. O‘g‘il: «G‘alvir bo‘lsa kerak» deb javob beribdi. Podshoh: «Olgan tahsiling sharofati bilan meni hayron etib, alomatlarni aniq aytding-u, lekin g‘alvirning hovuchga sig‘masligiga qanday qilib farosating yetmadi?» — debdi. Xuddi shunday, zamonamiz olimlari ham qilni qirq yoradilar, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan narsalarni juda yaxshi biladilar, ammo o‘ta muhim o‘zlari uchun qolgan barcha narsalardan yanada yaqin bo‘lganni, ya’ni o‘zlarini bilmaydilar. Hamma narsalar yaqin bo‘lgan borliq bu — ularning menligi. Ular biror bir ish to‘g‘risida bu — to‘g‘ri, bu — xato, bu — halol, bunisi — harom deb hukm chiqarishadi-yu, o‘z mohiyatlarining halol yo harom ekanligini bilmaslar. Shunday ekan, shoh o‘g‘li aytgan haligi alomatlar belgilardir, olovga tashlaganda ularning hech biri qolmas. Bunday alomatlarning hammasidan qutulmoq zotga xosdir. Insonga berilgan ish, so‘z va hokazolarning barchasi alomatdir. Ularning javhar bilan aloqasi yo‘q. Ular yo‘q bo‘lgandan keyin qolgan narsa javhardir. Biz nazarda tutgan olimlar alomati shundaydir. Ular belgilarini to‘g‘ri topib so‘ylaydilar-u, biroq g‘alvirni hovuchga sig‘adi deb turib oladilar. Chunki asosiy narsadan ularning xabari yo‘q. Men qushman, bulbulman, to‘timan. Agar menga boshqa xil sas chiqar desalar, buni qilolmayman. Chunki mening tilim shunday va bundan o‘zgasini so‘ylay olmayman. Qush saslarini o‘rgangan kimsa qush bo‘lmagani holda qushlarning dushmani, ovchisidir. O‘zini qush, deya o‘ylashlari uchun ular kabi ovoz chiqaradi, hushtak chaladi. Insonga bulardan boshqacha sas chiqar, desalar ham, u buni qila oladi. Chunki sas uniki emasdir, yasamadir. Xalqning kiyimligini o‘g‘irlagan o‘g‘ri har uydan bir kiyimlik ko‘rsatishni ham o‘rganib olgandir. FASL. Otabek: «Bu ne lutf! Mavlono tashrif buyurdi. To‘g‘risi, kutmagan edim. Hatto bunday sharafga munosib bo‘lish xayolimdan ham o‘tmagandi. Aslida men kecha-kunduz uning qarshisida qo‘l qovushtirib, muridlari orasida bo‘lishim lozim edi va men shunga ham hanuz loyiq emasman, bu qanday lutf!» (dedi). Bunga javoban Mavlono buyurdi: Bu sizning xizmatingizning ulug‘ligidandir. Darajangiz aziz, buyuk va muhimdir. Siz ham yuksak ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishingizga qaramay, himmatingiz baland bo‘lganidan o‘zingizni qusurli ko‘rayapsiz. O‘z ishlaringizdan qoniqmay, o‘zingiz uchun yana bir qancha narsalarni zarur hisoblayapsiz. Ko‘nglimiz ma’nan doim sizning himmatingiz yonida bo‘lishi barobar suratan ham sharaflanmoq istadik. Chunki suratning ham ulug‘ bir e’tibori bordir. E’tibor ne demak? U hatto o‘zlik va ma’no bilan teng. Miyasiz kallaning ishi hech narsaga yaramagani kabi qobiqsiz meva ham yetishmaydi. Chunonchi, bir danakni qobiqsiz holda yerga eksang, ko‘karmas. Qobig‘i bilan ekkaning vaqtda unadi va ulkan bir daraxtga aylanadi. Shu nuqtai nazardan vujudning ham buyuk bir asli, xizmati bor. Va shunday bo‘lishi tabiiy hamdir. Usiz bir ish maydonga kelmaydi. Xuddi shu asl ma’nodir. Ammo bu — ma’noli, ma’noni bilgan, anglagan kishilar uchun shundoqdir «Ikki rakat namoz dunyo va undagi narsalardan xayrlidir». Bu so‘z hamma uchun emas. Bu shunday kishilar uchunki, ularga dunyo moli qo‘lida bo‘lsa ham ikki rakat namozni qilmaslik o‘sha molni boy berishdan og‘irroq tuyuladi. Bir darveshga podshoh: «Ey zohid!» dedi. U esa: «Zohid sensan» deb javob qaytardi. Shoh: Men qanday zohid bo‘layin. Butun dunyo menikidir», — dedi. Bunga javoban: «Yo‘q, aksincha. Ko‘ryapsanki, butun dunyo, oxirat va jamiki mol-mulklar menikidir. Olamni men oldim. Sen esa faqatgina bir luqma va bir xirqa bilan qanoat etding», — dedi darvesh. «Yuzingni qay tarafga bursang, Olloh u yerdadir»[5]. U hamma joyda mavjud. Chehralar, doimiydir, o‘lmasdir. Oshiqlar ushbu chehraga o‘zlarini fido qilib, evaziga hech narsa istamaslar. Boshqalar esa hayvon singaridirlar. Buyurdiki: Sigirlar ham ne’matlarga monanddir va og‘ilxonada bo‘lganlari holda og‘il egasi hushlagan narsalardir. Agar sohib xohlasa, o‘z molini shohning og‘iliga olib borib qo‘yadi, ibtidoda bo‘lganidek, yo‘qlikdan borliqqa keltiradi. Borliq (vujud) og‘ilidan jamoa og‘iliga, jonsiz borliqlar og‘ilidan o‘simlik dunyosiga, undan hayvonlikka, hayvonlikdan insonlikka, insonlikdan malaklikka va shu so‘ngsiz tarzda ilgarilatadi. U senga bularni bir-biridan ustun og‘illar borligini qabul va e’tirof etmog‘ing uchun ko‘rsatgandir. Qur’onda: «Siz, albatta, bir holdan ikkinchi bir holga kelasiz. Shunday ekan, ularga nechun iymon keltirmaydilar»[6] deb amr etilganidek, buni sendan oldindagi tabaqalarga inonmog‘ing va ularni qabullamog‘ing uchun namoyish qildi. Bularning barchasi bir narsa, deya inkor etmog‘ing uchun emas. Ustod bilim va hunarini odamlarning o‘zlariga ishonishi uchun hamda hali ko‘rsatmagan bir qancha ma’rifatlari va ilmlari borligiga ham o‘zgalarni iqror qilish uchun ko‘rsatadi. Xuddi shunday, shoh ham hadyalar — to‘nlar beradi, ayblarni kechiradi, fuqaro ko‘nglini oladi. U bularni o‘ziga doimo umid bilan boqishlari va yana nimalardir kutib yashashlari uchun qiladi, yo‘qsa, shohning beradigani shundan iborat deb, ilinjlarini uzishlari uchun emas. Agar u fuqaroning shunday deyishini bilsa, mutlaqo lutf va in’om qilmasdi. Zohid oxarni (boshqasini, g‘ayrni — tarj.) ko‘rgan kishidir, dunyo ahli bo‘lsa, oxirni (so‘ngni) ko‘radi. Faqat Ollohning xos qullari va oriflar na oxarni, na oxirni ko‘rarlar. Ular nazarlari avvalga tushadi va har ishning avvalini biladilar. Masalan, bug‘doy ekilsa, bug‘doy bitishidan (o‘sishidan) voqifdirlar. Bular nodir kishilardir. Boshqalar o‘rtamiyona bo‘lganliklari uchun nazarlari so‘ngda. Ular og‘ilda qolganlari uchun hayvondirlar. Dard doimo insonga yo‘l ochadi Dunyodagi har ish uchun inson yuragida ishtiyoq, havas va dard bo‘lishi lozim. Aks holda, inson bu ishni qilmas. Dardsiz va zahmatsiz ish ham unga muyassar bo‘lmas. Dunyo va oxirat, tijorat va shohlik, ilm va boshqa ishlarda bo‘lsin, barchasida ahvol shundoq. Chunonchi, Maryam tug‘ish og‘rig‘i bo‘lmaguncha, baxt daraxtiga yaqinlashmadi. Qur’onda «Tug‘ish sanchig‘i uni bir xurmo daraxti to‘nkasiga suyanish uchun yo‘lladi» deya buyurilganidek, Maryamni daraxtga dard yaqinlashtirdi va quruq daraxt meva berar bir holga keldi. Vujud ham Maryam kabidir. Har birimizning Isomiz bor. Bizda ham o‘shanday dard paydo bo‘lsa, Isomiz tug‘iladi. Agar dard bo‘lmasa, Iso ham o‘z kelgan yo‘lidan qaytib ketadi, biz ham undan foydalanmoqdan mahrum bo‘lamiz. She’r: (Jon ichkarida och, tabiat esa tashqarisidan sarvat (boylik) va somon ichida. Shayton yeb-ichishdan oshqozon kasaliga duchor bo‘lgan. Jamshid nonushta ham qilmagan. Endi sening Masihing yer yuzida, (shu yerda ekansan) dardingga davo ista. Masih ko‘kka chiqishi bilan davo ham qo‘ldan ketadi). FASL. So‘z — idrok qilishda so‘zga muhtoj bo‘lganlar uchundir. So‘zsiz idrok etganning so‘zga qanday ehtiyoji qoladi? Idrok eta bilgan uchun ko‘klarning, yerning hammasi so‘zdir. Hafif bir sasni eshitganga baqirib-chaqirishning nima hojati bor? Dunyo ham Qur’ondagi «Bo‘l» (uning amri bo‘l demak edi. U hamon bo‘ldi»)[7] so‘zidan bino bo‘lgandir. Hikoya: Arabcha gaplashadigan bir shoir bir turk podshohi huzuriga keldi. Hukmdor fors tilini ham bilmasdi. Shoir uning sha’niga juda go‘zal bir she’r yozib keltirgandi. Shoh taxtda, qolgan amiru vazirlar o‘z o‘rinlarida o‘tirar edilar. Shoir qo‘zg‘oldi va she’rini o‘qib berdi. Shunda hukmdor she’r mazmuniga uyg‘un ravishda harakatlar qilib turdi. U yerdagilar «Shohimiz shuncha yildir, bizdan arabcha bilganini yashirgan ekan, agar o‘tgan davr mobaynida og‘zimizdan arabcha yomon gap chiqqan bo‘lsa, holimizga voy!», dedilar. Keyin hukmdorning xos qullaridan biriga «Shoh arabcha biladimi, yo‘qmi? Bilmasa, nechun munosib bo‘lgan o‘rinlarda muvofiq harakatlar qildi? Bizga xabarini ber» — deb, unga qimmatli narsalardan berdilar. Kunlardan bir kun xos qul bu masalani yechish fursatini topdi. Ov paytida shoh juda mamnun edi. Shundan foydalanib, hukmdordan yotig‘i bilan so‘ragan edi, podshoh shunday dedi: «Xudo haqki, men arabcha bilmayman. Ammo uning bu she’rni yozish maqsadini bilganim, ya’ni shoir meni maqtamoqchi bo‘lganini, she’r bir vosita ekanini anglaganim uchun iltifot ko‘rsatdim. Maqsad bo‘lmaganda she’r ham yozilmasdi». Shuning uchun maqsadga qaraydigan bo‘lsa, ikkilikka o‘rin qolmaydi. Ikkilik tafarruotda (bo‘linganlik, ayrilganlikda — tarj.). Asos birdir. Xuddi shunday, shayxlar ham agar ko‘rinishdan turli-tuman, ishlari va so‘zlari farqli — farqli bo‘lsada, maqsad e’tiborlari bilan birdir — Tangrini talab qilmoqdir. Masalan, bir saroyda shamol essa, gilamning chetini ko‘taradi, xas-hashakni osmonga uchiradi, hovuz suvini halqa-halqa etadi, daraxtni, uning shoxlariyu barglarini o‘ynatadi. Bu bir-biriga o‘xshamagan hollar maqsad, asos va haqiqat nuqtai nazaridan birdir. Chunki hammasining harakati bir shamoldandir. Bittasi: «Biz nuqsonlimiz!» dedi. Boshqasi esa: Kishida «qanday holdaman, nimalar qilayapman», deya o‘z-o‘zini tergash tuyg‘usining uyg‘onishi do‘stlik va inoyat dalilidir. Chunki «Sevgi bor joyda sitam ham bo‘ladi». Begonalarga emas, do‘stlarga sitam qilinadi. Ammo sitamda ham sitam bor. Sitam, undan mutaassir bo‘lganga, o‘zi uchun uning yaxshilik va sevgi ekanligini bilganga qilinadi. Shu bilan birga hech ta’sir qilmaydigani borki, bu sevgi alomati emas. Masalan, gilamni changdan tozalamoq uchun kaltaklashadi. Aqllilar bunga tanbeh berish, demaslar. Ammo bir sevgan kishisini yoxud bolasini ursalar, bunga sitam derlar. Sevgining isboti mana shunday joylarda maydonga keladi. Shuning uchun, modomiki, sen o‘zingda bir dard yoki pushaymonlik his etarkansan, bilgilki, bu senga Ollohning inoyati va sevgisidan bir dalildir. Agar sen og‘a-iningda bir qusur ko‘rsang, bu sendagi nuqsonning aksidan iboratdir. Odam ham xuddi shunday oynadir. «Mo‘min mo‘minning oynasidir» (Hadis). Sen o‘sha qusurni o‘zingdan uzoqlashtir. Chunki undan hosil bo‘lgan sendagi iztirob — o‘zingdan chiqqan g‘amdir. Undan xafa bo‘lganing zamon o‘zingdan ham injiysan. Dediki: Bir filni sug‘ormoq uchun suv bo‘yiga keltirdilar. U o‘z aksini suvda ko‘rib hurkidi. Lekin u boshqasidan qo‘rqdim, deb o‘ylar, o‘zidan cho‘chiganini esa bilmasdi. Inson o‘z kalligidan va chipqonidan irganmas. U yarali qo‘lini bemalol ovqatga uzatadi, yalaydi. Bundan uning ko‘ngli aynimaydi. Ammo birovning qo‘lida kichik bir chipqon yoxud yara ko‘rsa, bas, ovqat yeyishdan to‘xtaydi, jirkanadi. Insondagi yomon fe’llar ham kallar va chipqonlarga o‘xshaydi. O‘zida bo‘lganida hech irganmaydi, o‘zgada bo‘lsachi, jirkanadi, nafrat etadi. Sen undan hurkkaningdek, u ham sendan cho‘chisa, injisa, uni xush ko‘r. Sening xafa bo‘lishing uning aybidir. Chunki uni ko‘rishing sababli ta’bing tirriq bo‘lyapti-da. Shu bilan birga u ham (seni) xuddi shunday ko‘radi. Payg‘ambar alayhissalom «Mo‘min mo‘minning oynasidir» (hadis) deya buyuradi. Bu kofir kofirning oynasi bo‘lolmaydi, degani emas. Uning oynasi bor edi, faqat u bundan g‘ofildir. Siqilib, qayg‘urib irmoq bo‘yida o‘tirgan podshoh kayfiyatidan cho‘chigan amiru mulozimlar hukmdor masxaraboziga ul-bul va’da qilishib «shohni kuldir» deyishdi. Masxarabozning hukmdorni kuldirish uchun qilgan barcha sa’y-harakatlari zoye ketdi. Nihoyat, chiday olmay «suvda nimani ko‘rayapsiz?» deb so‘radi. Shoh «bir nomussizni» degach, masxaraboz «ey shohi jahon, bu qulingiz ham ko‘r emas» deb javob berdi. Darhaqiqat, bu — shundoq, ya’ni sen bir narsani ko‘rib jirkanganing zamon boshqalar ham ko‘r emaski, sening ko‘rganingni ko‘rmasa. Uning yoniga ikki «Men» sig‘maydi. Chunki sen ham «Men» deyapsan, U ham «Men». Yo sen o‘l, yo U o‘lsinki, ikkilik qolmasin. Ammo Uning o‘lishi mumkin emas. Bu na zohirda va na zehnda mumkin bo‘ladi. «Chunki u o‘lmagan bir tirikdir»[8]. U shunday lutfkordirki, imkon bo‘lganda edi, sen uchun o‘lardi. Biroq modomiki, Uning o‘limi imkonsiz ekan, u holda, ikkilikning yo‘q bo‘lishi uchun va Uning senda tajalli etmog‘i uchun sen o‘l. Ikkita tirik qushni bir-biriga bog‘lab qo‘ysang, ular bir xil qush bo‘lishlariga va ikki qanotlari to‘rt bo‘lishiga qaramay ucholmaslar. Chunki ikkilik mavjuddir. Holbuki, qushlarning bittasi o‘lik bo‘lsa, uchadi. Zero, ikkilik yo‘qdir. Quyoshda u lutf bordirki, ko‘rshapalakning oldida o‘ladi. biroq bunga imkon bo‘lmaganidan «Ey boyqush! Mening lutfim har kimga yetib borgan, senga ham ehson qilmoqchiman. Sen o‘l. Chunki bunga imkon bor. Shunday qilsang, mening ulug‘ligim ziyosidan nasibangni olasan. Boyqushlikdan chiqib, Yaqinlik Qofining Anqosi[9] bo‘lajaksan» deydi. O‘zini do‘st uchun fido qilmoq qudrati Olloh qullaridan birida bor edi. U Tangridan do‘st so‘radi. Lekin Aziz va Jalil bo‘lgan Olloh uning istagini qibul etmadi va bandaga «Sening uni ko‘rishingni xohlamayman» degan ovoz keldi. Ammo Tangri quli yolborib so‘rashdan to‘xtamadi «Ollohim, menda uning orzusini maydonga keltirding va bu istak mendan ketmayapti». Nihoyat, unga «Agar uning senga ko‘rinishini istasang, boshingni fido et. Sen yo‘q bo‘l, bu dunyoni tark ayla!» deya bir ovoz keldi. U «Ey Tangrim, men rozi!» dedida, do‘sti uchun boshini qurbon qildi. Shundan keyingina maqsadi hosil bo‘ldi. Butun dunyo umriga bir kuni teng qulning lutfi shunday bo‘lgach, bunday lutfni yaratgan Ollohning lutfi bo‘lmasmi? Bu senga imkonsiz ko‘rinadi, lekin uning fano bo‘lmog‘i mumkin emas, bas, hech bo‘lmasa, sen fano bo‘l, yo‘q bo‘l! Yoqimsiz kimsalarning biri kelib ulug‘ kishilarning bosh tarafiga o‘tirdi. Bunga javoban Mavlono dedi: Bular uchun chiroqning ustida yo tagida o‘tirishning hech farqi yo‘q. Chiroq esa o‘zi uchun balandda bo‘lishni istamaydi. Bordi-yu, istasa, bundan boshqalarning foydalanishini ko‘zlaydi. Kimsalar esa uning ziyosidan zavq oladilar. Chiroq xoh pastda, xoh balandda bo‘lsin, baribir o‘sha chiroqdir. Abadiy quyoshdir. Ulug‘ zotlar yuksaklik,maqom va mavqe istasalar, demakki, xalqning ularni ko‘ra oladigan ko‘zlari yo‘qdir. Ularning maqsadlari bunday moddiy va dunyoviy tuzoq bilan ahlini ovlamoqdir. Shu tarzda ular bunday yuksakliklarni uhroviy (oxiratga tegishli — tarj.) yuksaklikka yo‘l topmoq uchun istaydilar. Masalan, Mustafo (Olloh rahmati bo‘lsin) Makka va boshqa joylarni o‘z ehtiyoji yo‘lida zabt etgani yo‘q, balki har kimga hayot bag‘ishlamoq, ular qalbini nurlantirmoq uchun fath etgan. «Bu qo‘l bermoqqa o‘rgangan, olmoqqa emas» (Hadis), deya buyurilgani kabi ular xalqqa berish maqsadida uni (xalqni) aldaydilar. Yo‘qsa, ulardan bir narsa undirish uchun emas. Ba’zilari zavolli qushlarni sotmoq va yoxud yemoq uchun tuzoq qo‘yadilar. Bunga hiyla deyishadi. Ammo podshoh o‘z javharlaridan xabarsiz, qiymatsiz va tajribasiz bir qirg‘iyni tutadi. Bundan maqsad qushni bilagiga o‘rgatmoq, unga tarbiya berib sharaflantirmoqdir. Ammo bunga hiyla deyilmaydi. Zohiran bu ish makrga o‘xshasa ham, aslida esa to‘g‘rilik va ehsondir. Toshni la’l holiga keltirmoq o‘lik bir tuxumni inson aylamoq bilan baravar. Aql egalari buni shunday biladilar. Agar qirg‘iy o‘zini nega tutganlarini bilsaydi, tuzoqqa hojat qolmasdi. Uning o‘zi tuzoqni izlardi, kishi bilagiga uchib borib qo‘nardi. Xalq ulug‘lar aytgan so‘zlarning zohirigagina nazar solib «Biz bunday gaplarni ko‘p eshitdik, ichimizu tashimiz ular bilan to‘la!» deydi. Ular aytadilarki: Qalblarimiz qulflidir. «Yo‘q, Olloh ularni kofirliklari sababli la’natga duchor qildi, ular juda oz iymon keltirishadi»[10], oyatida amr etilgani singari kofirlar: «Bizning qalblarimiz bunday so‘zlarning g‘ilofidir va biz ulardan limmo-lim to‘lganmiz», deyishadi. Ollohu akbar ularga javob sifatida buyuradiki: Aslo! Ular bular bilan emas, balki xayol, vasvasa, shubha va shirk bilan, hatto la’nat bilan to‘ladir. Chunki «Olloh ularni kofirliklari sababli la’natga duchor qildi»[11]. Koshki, ular bunday aljiramasalar edi. Hech bo‘lmasa, haqiqatni qabul qilmoqqa loyiq bo‘lsalarda, afsuski, shunga ham loyiq emaslar. Ulug‘ Olloh kofirlarning quloqlari, ko‘zlari va qalblarini boshqa bir rang ko‘rishlari uchun muhrlagandir. Shuning uchun ham ular haqida «Olloh ularning yuragiga muhr urdi. Ularning quloqlari va ko‘zlari pardalidir»[12] deya amr etiladi. Ularning qalblari, yaqin kishilari, ular bilan maqtanganlar butun umrlari davomida bu hikmatning bo‘yini ham ololmagandirlar. Olloh hikmati bir ko‘za kabidirki, ba’zilarga suvi bilan ko‘rsatildi. Ular suvdan qonib-qonib ichdilar. Lekin boshqalarga suvsiz ko‘za berildiki, ular qanday qilib shukr qiladilar. Ollohdan suv to‘la ko‘zani olgan kishi shukrona aytishi lozim. Ulug‘ Tangri Olamni tuproq va suvdan yaratganida «Uni qirq kunda tamomladi» (Hadis), uning qolipini barpo qildi. Odam shu ko‘yi yer yuzida qirq kun qoldi. La’nat bo‘lsin Iblisgaki, yerga tushdi va uning qolipiga kirib, tomirlarida aylandi, kuzatdi va qon-la to‘la tomirni, yog‘ni, to‘rt xiltini ko‘rib: «Oh, mening arshning poyida ko‘rganim va paydo bo‘lishi kerak bo‘lgan Iblisning shu ekanligi g‘alati emasmi? Shoyad bu bo‘lmasa! Iblis agar bor bo‘lsa, mutlaqo shudir», — dedi va chiqib ketdi. FASL. Otabekning o‘g‘li keldi. Mavlono buyuradiki, sening otang doimo Xudo bilan band edi. Uning iymoni g‘olib kelgandi, bu — so‘zidan ma’lum edi. Bir kun Otabek dedi: Rum kofirlari «Tatarga qiz berib, dinni birlashtiraylik, yangi din — musulmonlik yo‘q bo‘lsin» deyishyapti. Men: «Din qachon bir bo‘libdiki, endi bir bo‘lsin. Har doim ikki uchta din bo‘lgan va ular o‘rtasida urushlar, qon to‘kishlar bo‘lgan» dedim. Buni eshitib, Mavlono buyurdiki: Siz qanday qilib dinni bir qilasiz? Bu faqat qiyomatda mumkin. Bu yer dunyodir va shuning uchun ham dinning bir bo‘lishi mumkin emas. Chunki bu yerda ularning turli-tuman istagi va tilagi bordir. Din dunyoda birlasholmaydi, faqat qiyomatda bir bo‘ladi. Qiyomatda ularning hammasi birlashadi, bir quloq, bir til holiga keladi. Insonda bir qancha narsalar mavjud. Masalan, sichqon, qush… Qush qafasni yuqoriga tortsa, sichqon tubanga sudraydi. Insonda ular kabi yana minglarcha yirtqich hayvonlar topiladi. Qush qushligini, sichqon sichqonligini tashlab, birlashsalar, muddo hosil bo‘ladi. Chunki bu narsa va yuqori va na tubandir. Istalgan narsa hosil bo‘lgach, yuqori ham, tuban ham qolmas. Agar kishi biror narsasini yo‘qotsa, o‘ngni, so‘lni, orqani, oldini… hamma joyni izlaydi. Agar qidirganini topsa, na o‘ngni va na chapni izlaydi. Bularning barchasi bir bo‘ladi. Qiyomat kuni nazarlar birlashadi, tillar, quloqlar, tuyg‘ular bir bo‘ladi. Masalan, o‘n kishining mushtarak bir bog‘i yoki do‘koni bo‘lsa, ular qayg‘usi, so‘zi bir bo‘ladi, bir narsa bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Chunki istagan narsalari — bir. Qiyomat kunida hammaning ishi Ollohga tushadi. Ya’ni barcha Olloh bilan band bo‘ladi va unda birlashadi. Xuddi shunday, dunyoda hamma bir ish bilan shug‘ullanadi. Kim ayol sevgisi bilan, kim mol to‘plamoq, kim ilm olmoq bilan band. Ular bularning biridan zavq oladi, xushlanadi. Ular: «Mening darmonim, saodatim va huzurim shundadir», — deydi hamda unga inonadi. Bu Ollohning bir rahmatidir. Chunki inson sevgan narsasiga intiladi, uni qidiradi, ammo topolmay orqaga qaytadi. Biroz fursatdan keyin o‘ziga o‘zi: «Bu zavq va rahmat izlanishga arziydi, lekin men qidirmadim, boshqatdan ishga kirishay» — deydi va unnaydi. Ammo yana topolmaydi. Bu hol Olloh rahmati pardasiz ravishda yuz ko‘rsatgunga qadar davom etadiyu Rahmat yuz ochgandan keyin kishi tutgan yo‘li yanglish ekanini anglaydi. Biroq Ollohning shunday qullari borki, ular qiyomatdan avval asl g‘oyaga yetadilar. Ular hozirdan oxirni ko‘radilar. Ali (Xudo undan rozi bo‘lsin): «Parda ko‘tarilsa ham mening xabarim ortmayapti», — dedi. Ya’ni g‘ilofni o‘rtadan olsalar va qiyomat ko‘rinsa ham mening xabarim bo‘lmayapti, demakdir. Bu shunga o‘xshaydi: Farz qilaylikki, qorong‘u kechada bir uyda ko‘pchilik namoz qildi. Ammo kunduz bo‘lishi bilan ular qiblani aniqlashib yuzlarini o‘sha tomonga buradilar. Shunda kechasi ham qiblaga qarab namoz o‘qigan kishi yuzini buradimi? Yo‘q, albatta. Aksincha. qolganlar yuzlarini unga tomon o‘girishadi. Kechasi shu odam singari o‘tirganlar uchun esa qiyomat ko‘ringan va hozir bo‘lgandir. «Hech qanday narsa yo‘qki, uning xazinalari bizning oldimizda bo‘lmasin. Biz uni faqat muayyan miqdorda yuboramiz»[13] deya amr qilinganidek, so‘zning nihoyasi yo‘q. Biroq talabgorning talabi miqdorida inadi. Hikmat ham yomg‘irga o‘xshaydi va u o‘z ma’danida so‘ngsizdir. Faqat ehtiyojga ko‘ra yog‘adi. Ular har bir mavsumning muhtojlik darajasiga qarab oz yoxud ko‘p bo‘ladi. Uning manbasi bitmas-tuganmasdir. Masalan, attor shakar yoki dorini qog‘ozga o‘raydi. Lekin shakar qog‘ozga o‘ralgandan iborat emas. Shakar va dori xazinalari sonsiz-sanoqsizdir, so‘ngsizdir. Nihoyasizlik, so‘ngsizlik qog‘ozga qanday sig‘adi? Qur’on Muhammadga (Ollohning salomi va saloti bo‘lsin) nechuk kalima-kalima inadi, sura-sura tushmaydi, deya g‘iybat qilishardi. Bunga javoban Mustafo: «Bu nodonlar nima deyishyapti? Axir, hammasi birdan tushsa, men erib yo‘q bo‘lib ketardim», — dedi. Chunki u ozdan ko‘pni, bir narsadan bir qancha narsalarni, bir satrdan bir daftardagi (ma’no) ni anglay olardi. Deylik odamlar orasida qandaydir voqea gapirilmoqda. Ulardan biri ana shu voqeaga guvoh bo‘lgani uchun bir so‘zdanoq o‘sha vaziyatni tushunadi. Qolganlar esa hikoyaning eshitganlari qadarini anglaydilar. Vaziyatdan xabardor bo‘lgan haligi yolg‘iz kishigina hikoya bilan bog‘liq yana juda ko‘p narsalarni biladi. Yana eski mavzuga qaytaylik: Attor do‘koniga borishing bilan, u yerda shakarning juda ko‘p ekanini ko‘rasan. Biroq attor sening pulingga yarasha shakar beradi. Yoki shakar so‘rab kelganingda qopingga qaraydilar va shunga ko‘ra o‘lchaydilar. Ammo odam shakar olishga tuya qatorlarida (ko‘p qoplar olib) kelsa, boshqa o‘lchov asboblarini chiqarishga buyuradilar. Xuddi shunday, odam borki, dengizlarga qonmas, odam bo‘ladiki, bir tomchi suv bilan kifoyalanadi, ortiqchasi unga zarar keltiradi. Bu faqat ma’no olamida, ya’ni ilm va hikmatda emas, balki hamma narsada shunday. Dunyodagi mol-mulklar, oltinlar, qimmatbaho toshlar konlari so‘ngsiz o‘lchovdadir. Biroq ular insonga bahosi miqdorida keladi. Ortiqchasini esa ko‘tarolmay, aqldan ozadi. Oshiqlardan Majnun, Farhod kabilarni ko‘rmayapsanmi? Ularga tahammullarining ustida shahvat berilgani uchun bir ayolning ishqida tog‘u cho‘llarga chiqib ketdilar. Fir’avnga qarasangchi, ortiqcha mol-mulkka ega bo‘lgani uchun xudolikka da’vo qildi. «Yaxshi yoki yomon hech qanday narsa yo‘qki, uning bizda va bizning xazinamizda so‘ngsiz dafinalari bo‘lmasin, ammo biz tahammul nisbatida yuboramiz»[14] — deya buyurilgani singari ishga yaroqlisi ham shudir. Ha, bu odamning ishonchi bor, lekin u ishonchning nima ekanligini bilmaydi. Nonga inongan, ammo nega inonishini bilmagan bola ham shunday. Masalan, suvsizlikdan qurigan daraxt suvsizlikning nima ekanligini bilmaydi. Bir odam keldi. Dediki: Qayerda eding? Juda sog‘ingandik,nega uzoqqa ketding? U: «Tasodifan shunday bo‘ldi», — dedi. Biz xuddi shu tasodifning bo‘lmasligini duo qilayotgandik. Ayriliqni maydonga keltirgan tasodif bo‘lmasligi kerak bo‘lgan tasodifdir. Ha, hammasi Ollohdan va Unga ko‘ra hammasi yaxshidir. To‘g‘ri, hammasi Olloh nazdida mukammaldir, yaxshidir, ammo bizning nazarimizda bunday emas. Chunki ifloslik, namozsizlik, namoz, kufr, islom, shirk va tavhid Olloh nazdida yaxshi. Bizningcha esa o‘g‘rilik, axloqsizlik, kufr va shirk yomon, tavhid, namoz va hayrat yaxshidir. (Ammo bularning barchasi haq nazdida yaxshi). Chunonchi, o‘lkasida zindon, osmon, zarbof to‘n, mol-mulk, raiyat, to‘y, nog‘ora va bayroq bo‘lgan bir podshoh uchun bularning hammasi yaxshi. Zarbof to‘n saltanat kamoli uchun qanday bir alomat bo‘lsa, dorga tortmoq, o‘ldirmoq va zindon ham shunday bir omildir. Shoh nazarida bularning hammasi kamoldir. Biroq xalq nazdida zarbof to‘n bilan dor og‘ochi qanday qilib bir narsa bo‘lsin? FASL. Biri: «Namozdan afzalroq nima bor?» deb so‘radi. 1. Aytganimizdek, namozning joni (ruhi) o‘qilgan namozdan yaxshiroqdir. 2. Iymon namozdan ustundir. Chunki namoz kunda besh mahal, iymon esa hamma vaqt farzdir. Namoz uzrli sabab bilan qoldirilib, fursat bo‘lishi bilan ado etilishi mumkin. Iymon uchun hech qanday uzrli sabab bilan buzilib, keyinroq bajarish ruxsati yo‘q. Namozsiz iymonning foydasi bo‘ladi. Biroq iymonsiz namozning foydasi yo‘q. Xuddi munofiqlarning namozi singari. Namoz har dinda turlicha, iymon esa o‘zgarmaydi. Ahvoli, qiblasi va bu kabi narsalari ham o‘zgarmaydi. Bu farqli jihatlar haqida aytilgan so‘zdan kelib chiqayotgan ma’no tinglovchi talab qiladigan darajada zohir o‘ladi. Tinglovchi xamir qorayotgan kishi oldidagi unga o‘xshaydi. Suz esa suvga. Unga muayyan bir me’yorda suv qo‘shiladi. She’r: (Ko‘zim o‘zga birovga boqayapti, men nima qilay? O‘z-o‘zingdan shikoyat etki, ko‘zimning nuri sensan.) Ko‘zim boshqaga qarayapti, ya’ni sendan o‘zga bir tinglovchini qidirayapti. Men ne etay? Uning ziyosi sen. Ko‘zim nurining sening kabi yuz ming dona (misli) bo‘lishi uchun sening o‘zing bilan bo‘lmasliging va o‘zingdin qutilmog‘ing lozim. Hikoya: Juda ozg‘in, burishgan, kichkina bir odam bor edi. Boshqalar nazdida u haqir bir chumchuqqa o‘xshardi. Bu odam shu qadar bechorahol va xunuk ediki, har qanday boshqa xunuk kishi uni ko‘rishi bilan Tangriga shukr aytardi. Shunga qaramay, bu odam katta gapirardi. Shoh devonida xodim edi. Va doimo o‘sha yerdagi bir vazirning joniga tegardi. Bir kun vazir: «Ey devon ahli! Men bu odamning qaddini ko‘tardim, boqdim, o‘stirdim. U bizning nonimiz va ne’matlarimiz bilan odam bo‘ldi. Biroq nonko‘rlik qilib menga yomon so‘zlar aytmoqda!» — dedi. Xunuk odam vazirning yuziga sachradi: «Ey devon ahli, davlatning ulug‘lari, arkoni! Vazir haq gapni gapiryapti, uning noni va ne’matini yeb o‘sganim uchun shunday haqir va kulgili bo‘ldim. Agar boshqa bir zotning noni suvi bilan o‘ssaydim, yuzim, bo‘yim, qadrim bundan yaxshiroq bo‘lardi. U meni tuproqdan olib turg‘azdi. «Biz sizga yaqin bo‘lgan azobni ravo ko‘ryapmiz. U kun har inson qo‘lining nima qilganini ko‘radi va ishonmagan: koshki, tuproq bo‘lsaydim, der»[15] oyatida buyurilgani kabi qani endi o‘zga bir zot meni tuproqdan olib turg‘azgan bo‘lsaydi. O‘shanda bunchalik kulgili bo‘lmasdim», — dedi. Olloh odami tomonidan yetishtirilgan bir muridning ruhi top-toza bo‘lib, buzg‘unchi va ikkiyuzlamachi kimsa tomonidan yetishtirilgan kishi mana shu xunuk odam yanglig‘ ojiz, haqir va qayg‘uli bo‘lajak. U doimo taraddudlanib yashaydi, tuyg‘ulari nuqsonli, o‘zi esa yaxshi ishlamaydi. Olloh mo‘minlarning yoridir. Ularni zulmatdan yorug‘likka chiqaradi. Kofirlarning yordamchisi Tog‘utdir. Ularni yorug‘likdan zulmatga kiritadi. Bular olovdagi kimsalardirki, doimo uning ichida qolurlar. Toza suv ichidagi har narsani ko‘rsatgani kabi inson ruhi tabiati bilan birga bilim va ko‘zga ko‘rinmagan barcha narsalarni ko‘rsatadi. Osti va ustidagi barcha narsalarga bir narsa qo‘shmay, ayirmay ko‘rsatish xususiyati suvning yaratilishida mavjud. Biroq suvga tuproq yoki boshqa rang aralashsa, bu xususiyat yo‘qoladi. Ulug‘ Olloh nabiy va valiy zotlar jo‘natdi. Ular ana shu ulkan, toza suvlarga o‘xshaydi. Ollohning bundan maqsadi har bir iflos, kichik suvning o‘tkinchi rangidan va kiridan qutilishi, qutilgandan keyin esa o‘zini pokiza ko‘rishi bilan «men ilgari shunday toza ekanman!» deya xotirlashi, kirlangan, iflos rangini foniy ekanligini bilishga qaratilgan. Qur’onda «Sog‘lomlikdan keyin buzadilar. Olloh bitishmoqni amr etgan narsani parchalaydilar»[16] deyiladi. Nabiylar bilan valiylar ularga eski hollarini eslariga soladi. Uning javhariga yangi narsa qo‘shmaslar. Endi u ulkan suvni tanib: «Men undanman, unikiman», degan har bir kirlangan(kichik) suv unga (katta suvga) aralashgandir. Ulkan suvni tanimagan, o‘zidan ayri ko‘rgan va uni boshqa jinsdan, deya bilgan iflos suv dengizga qorishmaslik uchun bunday ranglar va kirliklarga sig‘indi. Qur’onda «Bir sura nozil bo‘lishi bilan ular bir-birlariga boqadilar va: «Ajabo, bizni bir ko‘rgan bormi?» deydilar va keyin ketadilar. Ular tushunmaydilarki, bir qavmdan bo‘lganlari uchun Olloh ham ular qalblarini qaytarib qo‘ydi»[17] oyatida buyurilganidek, katta suv kichik suvning jinsidandir. Uning nafsidan, uning javharidandir. Buni inkor etish suvning nafsidan emas. Biroq suvning yomon bir o‘rtog‘i borki, uning aksi suvga uradi. U Kichik suvning Katta suvdan yohud dengizdan) hurkishi o‘z nafsidan yoki o‘sha yomon o‘rtoqning aksidan kelayotganini bilmaydi. Bu ham ikki narsani bir-biriga favqulodda qorishganligidan maydonga keladi. Masalan, tuproq yegan bir odam: «Mening bu tuproqqa bo‘lgan maylim tabiatimdanmi, yo‘qsa, tabiatim bilan qo‘shilgan bir kasallikdanmi?» deya buning sababini aniq bilmaydi. Da’voni isbot qilish uchun keltirilgan har bayt, har hadis va oyat ikki shohid kabidir. Bu ikkala shohid har da’vo uchun guvohlik qiladi. FASL. Unga «U sizni ko‘rishni istamoqda va koshki Xudovandigorni[18] ko‘rsam, demoqda» dedik. Mavlono buyurdiki, u hozir Xudovandigorni ko‘rolmaydi. Chunki uning «Xudovandigorni ko‘rayin!» deya orzu qilishi Xudovandigorni ko‘rishiga mone bo‘lgan bir parda. Hozir uni pardasiz, niqobsiz ko‘rib bo‘lmaydi. Xuddi shunday, inson xalqning ota-onasiga, yor-birodarlariga hamda yerlar va ko‘klarga, bog‘lar va tog‘larga, qo‘shiqlarga, bilimlarga, ishlarga, ovqatga, sharobga va hokazolarga bo‘lgan orzu, sevgi va shafqatining hammasi, aslida, Tangrini sevmoq va bilmoq ekanini biladi. Bularning barchasi niqob (parda)dir. Odamlar bu dunyodan ko‘chib, Shohni niqobsiz ko‘rishlari bilan bularning hammasini pardalardan iboratligi va istaganlarining barchasi, aslida, bir narsa ekanligini ko‘rar va anglarlar. Shu tarzda. Ularning butun qiyinchiliklari hal etiladi va ichlaridagi har turli so‘roqlar va mushkulotlarning javobini oladilar. Istagan, orzu qilgan narsalarini ro‘yi rost ko‘radilar. Olloh har bir savolga alohida-alohida tushuntirish bermaydi, balki yagona javob bilan butun so‘roqlarni bartaraf etadi. Shu ravishda barcha mushkullar hal bo‘ladi. Masalan, qish kelishi bilan hamma odamlar issiq kiyimlarga o‘ranadilar, daraxtlar ham sovuq urmaslik uchun bori yo‘g‘ini ichiga olib saqlaydi. Bahorning kelishi ularning butun so‘roqlariga javob bo‘ladi. Tangri bu pardalarni bir savobga tayanib yaratmishdir. Agar Olloh jamoli niqobsiz ko‘rinsa, biz unga qarashga tahammul (toqat) etolmaymiz va undan nasibamizni ololmaymiz. Biz ana shu niqoblar vositasi bilan yordam ko‘rayapmiz, yaxshini yomondan ayiryapmiz, isinyapmiz. Daraxtlar va bog‘lar ham uning sharofati bilan meva sohibi bo‘lmoqdalar. Oltin, kumush, la’l va yoqut ma’danlari ham uning ta’siri bilan maydonga chiqadi. Vositalar bilan bizga shuncha foyda keltirgan quyosh yana biroz yaqinlashadigan bo‘lsa, foyda berish u yoqda tursin, hammayoqni kuydirib yo‘q etadi. Ulug‘ Tangri ham toqqa parda ortidan tajalli etadi, shuning uchun tog‘ yam-yashil bo‘ladi, gullarga to‘ladi, bezanadi. Holbuki, pardasiz tajalli etsa, tog‘ ost-ust bo‘ladi. Shunga ko‘ra, Olloh amr etdiki: «Ey Muso! Men seni mumtoz qildim. Senga berganimni ol va muyassar bo‘lgan ne’matingga shukr qilganlardan bo‘l»[19]. Biri: «Qishda ham o‘sha quyosh mavjud emasmi?» — deb so‘radi. Mavlono javob berdi: Bizning bu yerdagi maqsadimiz bir misol bermoqdir. U yerda na tuya va na qo‘y bor. Aql uni jahd bilan anglay olmaydi, shu bilan birga jahd qilishdan voz kechmaydi ham. Agar voz kechsa, aql hisoblanmaydi. Aql anglash va tushunish qobiliyatiga molik bo‘lmaganiga qaramay, Tangrini kecha-kunduz anglash va singdirishda mushohada qilishdan, g‘ayrat ko‘rsatishdan muztarib bo‘lgan va beqaror qolgan narsadir. Aql — parvona, sevgili esa sham kabidir. Parvona o‘zini shamga urishi bilan yonadi, biroq haqiqiy parvona yonguncha sham ziyosidan ayrilmaydi. Agar parvonadek bir hayvon bo‘lsayu, u ham sham nuridan shikoyat etmay, o‘zini unga ursa, parvona bo‘ladi. Agar parvona o‘zini sham ziyosiga ursa-yu, lekin yonmasa, demak, bu sham sham emasdir. Xuddi shunday, xalq bilan qiziqmagan, aksincha, undan noligan, uning uchun jonini kuydirmagan inson inson emasdir. U haqni anglab. his etsa ham, u tushunib, idrok etgan Haq — Haq emas. Inson ishlamoqdan, g‘ayrat ko‘rsatmoqdan qochmagan, Olloh ulug‘ligi atrofida tinimsiz, huzursiz aylangan kishidir. Haq esa insonni yoqadi, yo‘q qiladi va U hech bir aqlga sig‘maydi, hech bir aql bilan anglashilmaydi. FASL. Parvona dediki, Xudovandigor menga yuzini ko‘rsatmasdan oldin Mavlono Bahouddin uzr so‘radi va Mavlono: «Bizning ziyoratimizga kelmasin va rohatsiz bo‘lmasin. Chunki bizning bir qancha hollarimiz bordir. Bir holda gaplashamiz, boshqa bir holda sukut saqlaymiz, bir holda odamlar bilan qiziqsak, yana bir holda yolg‘iz qolamiz, bir holda esa hayrat va istig‘roq ichra yashaymiz. Hosho! (Xudo saqlasin! — tarj.) Amir shunday hollarning birida ekanimizda kelsa, biz undan hol-ahvol so‘ray olmaymiz, holimiz imkon bermaydi. Shuning uchun do‘stlar bilan gurunglashishga, ularga foydamiz tegishga holimiz bo‘lgan payt o‘zimiz borib, ularni yo‘qlashimiz yana-da xayrliroqdir, deb qaror berdi» — dedi. Mavlono Bahouddinga Amir: «Mavlono men bilan mashg‘ul bo‘lsin, men bilan gaplashsin, deb emas, balki(qabuliga) musharraf bo‘lib, qullari va muridlari qatoridan joy olish uchun kelyapman. Chunonchi, bir kuni Mavlono mashg‘ul edi, menga yuzini ko‘rsatmadi. Kechgacha meni kuttirgandan keyin meni haydadi. Mavlono buni menga musulmonlar va yaxshi odamlar eshigimga kelganlarida, ularni kuttirib, so‘ngra tezda izlariga qaytarsam, xuddi ana shunday og‘ir bir harakat bo‘lishini bilishim uchun qildi. Boshqalarga nisbatan bunday qilmasligim uchun uning alamini torttirdi. U meni shu bilan tarbiya etdi», — deya javob berdi. Bunga javoban Mavlono buyurdi: Yo‘q, sizni kuttirgandan keyin haydashimiz, sizga nisbatan bo‘lgan inoyatimizdan edi. Hikoya qilishardiki, Ulug‘ Olloh «Ey mening qulim! Sening ehtiyojing va tilagingni tezdagina ado etardim. Biroq sening yolborishing va nolang menga yoqdi. Men ularni ko‘proq eshitishim uchun istagingni kechroq bajaraman» deya amr etdi. Masalan, bir odamning uyi eshigiga ikki faqir keldi. Ularning biri yoqimli va xushro‘y, ikkinchisi esa xunuk va sevimsiz edi. Uy egasi xizmatchisiga: «Anavi xunugiga bir burda non ber va u tezda ketsin, sevimlisiga esa «Hali non pishirmadik. Kutib turing, degin», depti. Odamlar biz bu dunyo uyida birga edik deyishlari va bir-birlari bilan go‘zal bir tarzda kelishib, bog‘lanishlari kerak. Inson do‘stini tez yo‘qotadi. Chunonchi, kishi bittasi bilan do‘st tutinadi, do‘st uning ko‘ziga Yusuf bo‘lib ko‘rinadi. Shunga qaramay, o‘zining bir tuban harakati bilan sening nazaringdan qoladi. Yusuf kabi bo‘lgan yuzi qora bo‘ladi. Ertaga yana bir sabab bilan bu zot boshqa kimsaga aylansa, sen uning zotini yaxshi bilmaganing uchun uni qanday qilib taniysan? Xullasi kalom, insonda o‘tkinchi bo‘lgan yaxshi va yomon sifatlardan oshib, uning o‘zligiga bormoq va uni obdon tanimoq lozim. Odamlarning bir-birlariga bergan vasflari ularning asliy vasflari emas. Shunday hikoya aytib berishgandi: Bir odam «Men falonchini yaxshi bilaman, uning butun sifatlarini sizga aytib beraman» dedi. Unga «Eshitaylikchi!» dedilar. Shunda ul kishi «U mening cho‘ponim edi, ikkita qora ho‘kizi ham bo‘lardi» deb javob berdi. Xuddi shunday, xalq ham «Falon do‘stni ko‘rdik, uni taniymiz» deydi. Darhaqiqat, ularning odamlar to‘g‘risida bergan ta’riflari haligi zotning birov haqida «Uni taniyman, ikki qora ho‘kizi bor» deyishga o‘xshaydi. Holbuki, bu tavsif kishining alomati bo‘lolmaydi va bu alomat hech bir ishga yaramaydi. Odamning yaxshi va yomonligini bir chetga qo‘yib, uning shaxsiyatining asliga e’tibor bermoq kerakki, ko‘ramiz ul zotning qanday o‘zligi va javhari bordir. Ko‘rmoq va bilmoq mana shunaqa bo‘ladi. Men xalqning «Avliyolar va oshiqlar makoni bo‘lmagan, surati nomavjud, hech bir xususiyatsiz olamga qanday oshiq bo‘ladilar, undan yordam va dastak oladilar, uning ta’siri ostida qoladilar?» deyishlariga hayronman. Birovni sevib qolgan kishi undan ko‘mak, sevinch va tashvish, bilim va tushuncha olgani holda, bundan hayratlanmaydilaru «Avliyo va oshiqlar qanday qilib olami lo makonga oshiq bo‘ladilar va undan yordam ko‘radilar?» deya hayron bo‘ladilar. Bir faylasuf bu ma’naviyatni inkor qilardi. Bir kun u kasalga chalindi. Qo‘l-oyoqdan qoldi. Nihoyat, ruhoniy bir hakim uni yo‘qladi va «Nima istaysan?» deb so‘radi. Faylasuf «Sog‘liq», deb javob berdi. Ruhoniy hakim esa «Sog‘liqning shaklini, vasflarini qanday ekanini tushuntirki, men topib keltiray» dedi.Faylasuf «Uning xususiyati, shaklu shamoyili yo‘q», degach, hakim «Modomiki, u xususiyatsiz bir narsa ekan, qanday qilib uni talab qilasan? Yaxshisi, sen uni menga tushuntir, nima o‘zi sog‘liq?» deb qistadi. Kasal shunday javob berdi: «Shuni bilamanki, sog‘liq kelishi bilan quvvatga kiraman, to‘lishaman, rangim ham qizarib, o‘zim yosh va nash’ali bo‘laman». Hakimning «Men sendan sog‘liqning o‘zini, zotini so‘rayapman» degan xitobiga betob: «Bilmayman, u xususiyatsiz» dedi. Hakim «Agar musulmon bo‘lib, mazhabingdan qaytsang, seni davolayman, senga sog‘liq baxsh etaman», dedi. Mustafodan (Ollohning salom va saloti bo‘lsin) «Bu ma’nolar xususiyatsiz (xossasiz) bo‘lishlari bilan birga, suratlari vositasida ulardan foydalanmoq mumkinmi?» deya so‘rashganida, ul zot «Mana yer bilan osmonning surati. Bu surat vositasida sen u kulliy ma’nodan fikr ol, foydalan» deb buyurdi. Falakning aylanishi bilan koinot uzra tasarrufni, bulutlarning rosa vaqtida yomg‘ir yog‘dirishini va yozu qish zamonlari almashishini ko‘rayapsan. Bularning hammasi bir hikmat va savobga tayanadi. Jonsiz bo‘lgan bulut vaqtida yomg‘ir yog‘dirishni qayerdan bilsin? O‘simlikka qara, bir o‘ringa o‘nni berayotgan tuproqqa boq! Bularni bir zot qilayapti. Sen xuddi ana shu asllikni ko‘r. Bu olam vositasida mazkur ishlarni bajarganni talab et va undan yordam so‘ra. Inson suratidan uning ma’nosini qanday anglayotgan bo‘lsang, odam surati vositasi yordamida Uning ma’nosidan ham xabardor bo‘l. Payg‘ambar sarhush bo‘lib, o‘zidan ketgan paytlarida «Olloh aytdi», derdi. Zohiran uning tili shunday so‘ylar edi. Aslida u (til — tarj.) orada yo‘q edi, so‘zlarni Tangrining o‘zi so‘ylardi. Chunki u (payg‘ambar — tarj.) avvallari bunday so‘zlarni bilmas edi. Endi u qachonki, bu so‘zlarni aytishi bilan o‘zining ilgarigi emasligini anglar va bularning barchasi Ollohning tasarrufidan iborat ekanligini bilardi. Mustafo (S.A.V.) o‘zining vujudga kelishidan ming yillar oldin yashagan va o‘lib ketgan insonlardan, payg‘ambarlardan, oxir zamongacha dunyoning nima bo‘lishidan, arsh va kursidan xabar bergandi. Uning borlig‘i o‘tmishga tegishli edi, muhaqqaqqi, bu xabarlarni keyin vujudga kelgan borlig‘i bermayotgan edi. Keyin paydo bo‘lgan (hodis) narsa eskidan mavjud bo‘lgandan (qadimdan) qanday xabar bera oladi? Ko‘rinadiki, bularni u (payg‘ambar — tarj.) so‘ylamagan, balki Olloh so‘ylagandir. Chunki Qur’on «U orzu bilan ham so‘z so‘zlamaydi. So‘zi vahiydan boshqa narsa emas»[20], deya buyurgan. Olloh har qanday sas va harfdan pokiza. Uning so‘zi sas va harfdan tashqaridadir. Faqat so‘zini o‘zi istagan har harf, har sas va har tildan chiqaradi. Masalan, yo‘llar ustida va karvonsaroylarda har bir hovuz boshida toshdan odam yoki qush yasab qo‘yganlar. Ularning og‘zidan suv chiqib, hovuzga quyiladi. Aqlli odamlarning hammasi suvning tosh odam yohud tosh qush og‘zidan chiqmayotganini, balki boshqa yoqdan kelayotganini biladilar. Insonni tanimoqchi bo‘lsang, uni gapga sol so‘zidan uning kim ekanligini bilib olasan. Chunonchi, birov kissavur bo‘lsayu unga «Insonning so‘zidan bilishadi» deyishsa, u mirshab tanib qolmasligi uchun hech gapirmaydi. Quyidagi hikoya ham shunga o‘xshaydi: Kichkina bir bola cho‘lda onasiga «Ona, tunda menga shaytondek qo‘rqinchli sharpa ko‘rinyapti, qo‘rqyapman», dedi. Ona bolasiga «Qo‘rqma, sharpa ko‘zingga ko‘rinishi bilan unga qarab jasorat bilan otilki, buning xayol ekanini bilasan» dedi. Shunda bola «Oh onajonim, agar u sharpaga ham onasi shunday nasihat qilgan bo‘lsa, men nima qilaman? Agar unga «Gapirma, ko‘rinmaysan!» degan bo‘lsa, men uni qanday taniyman?» dedi. Ona «Uning oldida gapirma, o‘zingni unga ot va kut, balki og‘zidan biror so‘z chiqar. Agar uning og‘zidan hech so‘z chiqmasa, istar-istamas sening og‘zingdan bir so‘z chiqadi. Yoki sening qalbingda bir tushuncha yohud so‘z paydo bo‘ladi. Xuddi ana shu tushuncha yoki so‘z orqali uning (sharpaning — tarj.) ahvolidan xabardor bo‘lasan. Chunki u senda bir fikr tug‘ilishiga sabab bo‘lgandir. Sening ichingda vujudga kelgan o‘sha so‘z va fikr uning tushuncha va ahvolining aksidir» deb javob berdi. Shayx Muammad Sarroziy (Olloh rahmat qilsin) muridlari davrasida o‘tirgandi. Muridlardan birining ko‘ngli kalla kabobi tusadi. Shayx «Darhol bunga kalla kabobi keltiring», dedi. Boshqalar «Uning kabob istaganini qayerdan bildingiz?» deb so‘radilar. Shunda shayx «O‘ttiz yillar men uchun kerak bo‘lgan narsa qolmagan. Men lozim narsalarning barchasidan o‘zimni tozalaganman, poklaganman. Nihoyat, men oyna kabi toza va porloq bo‘ldim. Endi esa mening ko‘nglim kalla kabobini istadi va bu menga tegishli emas edi, balki falonchi istagi mening oynamda aks etardi. Chunki oynaning o‘zi sof va shaklsizdir. Unda biror shakl ko‘rinsa, demakki, bu o‘zganing shaklidir», dedi. Bir aziz kishi maqsadning hosil bo‘lishi uchun chilla o‘tirdi. Unga «Bunday bir yuksak orzu chilla bilan hosil bo‘lmaydi. Undan chiq, ulug‘ bir zotning nazari senga tushsin va shu tarzda orzuingga yetishasan» deya g‘oyibdan bir ovoz keldi. U «Ulug‘ zotni qayerdan topayin», deyishi bilan «Masjiddan» degan sas keldi. Aziz kishi «Ko‘p odamlar orasidan uni qanday taniyman» degach, sas «Boraver, u seni taniydi. Seni tanishining belgisi — qo‘lingdagi ko‘zaning tushishi va sening o‘zingdan kechishingdir. Shu vaqtda uning senga qaraganini tushunasan», dedi. Aziz o‘shanday qildi. Ko‘zani to‘ldirdi va masjiddagi jamoatga suv tarqata boshladi. U odamlarga suv berib yurarkan, ilkisdan o‘zida bir hol paydo bo‘lganini bildi va «oh» deya yiqildi. Ko‘za qo‘lidan tushdi. Sarhush holda masjidning bir burchagida qoldi. Hamma ketib bo‘lgandi. O‘ziga kelganda, ko‘rdiki, u yerda qolgan odam uning bir o‘zi, ulug‘ zot ham yo‘q edi. Ammo maqsadiga erishgandi. Ollohning shunday qullari borki, Tangri ularni qizg‘angani va juda buyuk bo‘lganlari tufayli ko‘rinmaydilar, biroq ular toliblarni (haqiqatni izlaganlarni) maqsadlariga yetishtiradilar. Xuddi shunday, buyuk podshohlar ham nodir va nozik bo‘ladilar. Biz undan so‘radikki, sizning yoningizga kelishayaptimi? U «Bizning yonimiz ham, oldimiz ham qolmadi. Zotan anchadan beri yo‘q edi. Agar kelishayotgan bo‘lsa, o‘sha inonilgan, tasavvur etilgan mavhum borliqqa kelishmoqda». Isoga (Ollohning salomi bo‘lsin) «Sening uyingga kelayapmiz» dedilar. U Bizning bu dunyoda uyimiz qayerda va qachon uyimiz bo‘lgan?» deya javob berdi. HIKOYA. Rivoyat qiladilarki, Iso alayhissalom qirda kezib yurardi. Shu payt shiddatli yomg‘ir yog‘a boshladi va u bir qoraquloqning uyasiga kirib, yomg‘irning tinishini kutdi. Vahiy keldiki, qoraquloqning uyasidan chiq, chunki bolalari sen tufayli tinchlanolmayotir. Iso «Ey Ollohim! Qoraquloqning bu dunyoda jon saqlaydigan joyi bor, meniki esa yo‘q (Hadis). Qoraquloq bolalarining uyasi bo‘lgani holda, Maryam o‘g‘lining na boshpanasi, na uyi va na maqomi bor» deb faryod etdi. Xudovandigor buyurdiki qoraquloq bolalari uyining mavjudligi ularni tashqariga surib tashlashga sabab bo‘lolmaydi. Sening esa bunday bir uydan ketganing bor. Uying bo‘lmasa ham undan ketmoqlikning lutfi va senga tegishli shunday mukofotga sazovor bo‘lmoq sharafi seni tashqarida qoldirmoqda. Bu esa yuz minglarcha yeru ko‘kka, dunyo va oxiratga, arshu kursiga badaldi, balki yana ham ko‘proqdir, ulardan afzalroqdir. Shunday ekan nechun qo‘rqasan? Buyurdiki, amir keldi va biz unga tezdagina ko‘rinolmadik. Bundan u xafa bo‘lmasligi lozim. Chunki ushbu ziyoratdan maqsad — bizning nafsimizni yuksaltirmoqmi yoki o‘zining? Agar nafsimizni yuksaltirmoq g‘arazi bilan kelgan bo‘lsa, yanada ko‘proq o‘tirib, kutmog‘i kerak. Shu yo‘sinda bizlarni yanada aziz tutgan bo‘ladi. Agar uning maqsadi savob qozonmoq esa, kutgani va kutib zahmat chekkani uchun savobi yana ortadi. Shuning uchun amir nima niyat bilan kelgan bo‘lsa ham, maqsadi ortig‘i bilan hosil bo‘lganidan sevinmog‘i kerak. FASL. «Bu qalblar bir-birlarini ko‘rmoqdalar» so‘zi har kimning dilida mavjud bo‘lgan bir narsadir. Mazkur hikoya ular uchun kashf qilinmagan. Yo‘qsa «Modomiki, qalb shohidlik bermoqda, so‘zga ne hojat, so‘zning shohidligiga ehtiyoj bormidi?» deyisharmidi? Amir Noib «To‘g‘ri, qalb shohidlik beradi, biroq ko‘ngilning o‘ziga xos zavqlanishi bor, shu bilan birga, quloq, ko‘z va tilning ham alohida xushlanish xususiyati bor. Shunga ko‘ra, foydalaridan istifoda etmoq uchun ularning har biriga ehtiyoj mavjuddir», dedi. Mavlono buyurdiki, agar ko‘ngil istig‘roq (g‘arq bo‘lish, tolish — tarj.) holida esa, hamma narsa u bilan mahv bo‘ladi va tilga ehtiyoj qolmaydi. Layli rahmoniy emas, balki jismoniy va nafsiy edi. Tuproq va suvdan maydonga kelgandi. Faqat uning ishqida shunday bir istig‘roq mavjud bo‘lganidan Majnunni shu qadar rom etdi va botirdiki, endi Laylini ko‘rish uchun ko‘zga, so‘zini eshitmoq uchun sasga muhtoj emasdi. Axir, Laylini o‘zidan ayro ko‘rmas edi-da… She’r: (Sening xayoling mening ko‘zimdadir. Isming tilimda. Zikring dilimdadir. Shunday ekan, qayerga maktub yozay?) Jismoniy bo‘lgan bir kimsada shunday bir qudrat bormiki, o‘zini bundan ortiq ko‘rsin hamda ko‘rish, eshitish, hidlash, ta’m bilish va hokazo barcha tuyg‘ulari unda g‘arq bo‘lsin? Lazzatlarning hammasini bir yerga to‘plasin va tayyor holda ko‘rsin. Agar aytilgan a’zolardan biri qanday zavq olsa, qolgan a’zolarning barchasi shu zavq va lazzatga g‘arq bo‘ladilar hamda o‘zga bir lazzat istamaslar. Agar tuyg‘ulardan birontasi bundan boshqa lazzat istasa, demak, bu — haligi yagona a’zoning tamomila boshqa lazzat olganidan yoxud undan mutlaqo bahramand bo‘lolmaganidan dalolat beradi. Har holda, u (tuyg‘u) lzzatga arq bo‘lmaganidan qolgan tuyular boshqa lazzat qidiradi va turli-tumanlikni xohlaydi. Har bir tuyg‘u boshqa-boshqa lazzat olmoqchi bo‘ladi. Insondagi tuyg‘ular ma’no nuqtai nazaridan yagona va ja’m, ko‘rinishidan esa ayri-ayridir. Bir a’zoda istig‘roq hosil bo‘lishi bilan boshqa tuyg‘ular ham unga g‘arq bo‘ladilar. Masalan, pashsha uchganda butun a’zolari — qanotlari, boshi bilan harakat etadi. Ammo asalga botib qolganda esa, uning barcha a’zolari — parchalari birlashadi va harakat etolmay qoladi. Istig‘roq shunday holdirki, bu holda bo‘lgan kishi shu orada yo‘q bo‘ladi va uning hech bir harakati, g‘ayrati, ishi o‘zidan maydonga kelmaydi. U butunlay suvga botib, yo‘q bo‘ladi. Undan ko‘rilgan har bir harakat va ish o‘ziniki bo‘lmay, suvga tegishlidir. Agar hanuz qo‘l-oyog‘ini u yon bu yon urib tursa, yohud «Voy, botdim!» deya baqirib-chaqirsa, bu holga istig‘roq deyilmas. «Men Haqman» (Anal — Haq) deyishni odamlar buyuklikni da’vo qilish hisoblaydilar. «Men Haqning quliman» degan kishi ikki borliqni — o‘z va Tangri borlig‘ini istibotlagan bo‘ladi. Holbuki, «Men Haqman» degan o‘z borlig‘ini yo‘q qilgani uchun «Anal Haq» demoqda. Yaxni Men yo‘qman, barchasi Udir. Tangridan boshqa borliq yo‘qdir. Men mutlaqo yo‘qlikman, hechman. Bu so‘zda kamtarlik ko‘proq emasmi? Ammo xalq buning ma’nosini tushunmayapti. Agar inson Ollohga faqat Olloh rizosi uchun qullik qilsa, uning qulligi ayondir. Olloh uchun bo‘lsa-da, o‘zini, o‘z ishini va Tangrini ko‘radi. Bunday kishi suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lolmaydi. Suvga g‘arq bo‘lgan zot harakatsiz kishidir, uning harakati suvning harakati hisoblanadi. Mana shundagina u chinakamiga suvga botgan bo‘ladi. Arslon jayronni quvdi. Ular ikkita borliq edi. Ammo arslon o‘ljasiga yetib, uni panjalariga orasiga olganda, jayronning hushi boshidan uchdi, borlig‘i yo‘q bo‘ldi, o‘zini yo‘qotdi. Bu onda yolg‘iz arslonning borlig‘i mavjuddir. Jayronning borlig‘i esa yo‘q bo‘lgandir. Istig‘roq Ulug‘ Tangrining avliyoni o‘zidan qo‘rqitishi va bu qo‘rquvning Haqdan, ishonchning Haqdan, sevinch va xurramlikning Haqdan, ovqat va uyquning Haqdan ekanligini unga kashf qildirmog‘idir. Ollohu akbar unga ko‘zi ochiqligida, bedorligida maxsus bir shakl ko‘rsatadi: bu yo arslon, yo qoplon va yo olov shaklidir. Tangri bularni unga bu olamdan emas, balki g‘ayb olamining shakllari ekanligini bildirish uchun ko‘rsatadi. Xuddi shunday, o‘z suratini ham ulug‘ go‘zallik ichra-bog‘lar, bo‘stonlar, nahrlar, hurlar, qo‘shiqlar, oziq-ovqatlar, sharoblar, xilatlar, buroqlar, shaharlar, uylar va boshqa turli-tuman ajoyibliklar holida namoyish etadi. Avliyo bularni haqiqatan ham ushbu olamdan emasligini biladi. Tangri bularni uning ko‘ziga ko‘rsatib, tasavvur ettiradi va shu tarzda qo‘rquvning Ollohdan bo‘lganligi haqiqati hosil bo‘ladi. Ishonch Tangridandir. Butun orom va mushohadalar Undandir. Xuddi shuning uchun ham avliyoning (Ollohdan-tarj.) qo‘rquvi halqning qo‘rquviga o‘xshamaydi. Chunki bularning barchasidan ko‘ringan narsa Ollohdir, biroq buni qayd qilib bo‘lmas. Hammasini o‘zidan hosil bo‘lganini Tangri unga (avliyoga-tarj.) ochiq-oydin ko‘rsatgan. Faylasuf ham bundan xabardor. Biroq u dalil orqali biladi. Dalil doimiy emas, undan tug‘ilgan go‘zallikning, zavqning umri ham qisqadir. Sen (faylasufga-tarj.) dalil ko‘rsatguningcha, u o‘zini mamnun va pokiza his etadi. Dalilni namoyish qilganingdan keyin esa, uning ahvoli o‘zgaradi, biroz oldingi harorat va mamnunlikdan asar ham qolmaydi. Masalan, kishi dalil orqali bir uyning quruvchisi bo‘lganligini anglaydi. Yana bir dalil bilan esa uyni qurgan ustaning ko‘zlari ko‘r emas, ochiq bo‘lganligini, quvvatli bo‘lib, ojiz bo‘lmaganini, yo‘q emas, bor, o‘lik emas, tirik bo‘lganligini va bu uy qurilmasdan avval (quruvchining-tarj.) mavjud ekanligining shohidi bo‘ladi. Biroq bularni bilgani holda, dalil davomli bo‘lmagani uchun tezdagina hammasini unutadi. Lekin oriflar uy quruvchisini taniganlari, unga xizmat qilganlari va uni aynal-yaqin ila ko‘rganlari uchun, birgalikda yeb-ichganlari, munosabatda bo‘lganlaridan u (usta) (oriflarning-tarj.) ko‘z o‘ngilaridan ketmas, tasavvurlaridan yo‘qolmas. Shuning uchun ham bunday kishi Haqqa yaqin bo‘ladi. Gunoh endi uning uchun gunoh hisoblanmaydi, ayb ayb sanalmaydi. Chunki u Ollohda yo‘q bo‘lmishdir. Bir podshoh qullariga «mehmon kelyapti, qulingizga qadah oling» deya buyurdi va o‘ziga eng yaqin bo‘lgan quliga ham «Bir qadah ol!» amrini berdi. Bu esa ul shohning yuzini ko‘rishi bilan o‘zidan kechdi, boshi aylandi va qadah qo‘lidan tushib, sindi. Ahvolni ko‘rgan o‘zga qullar «Demak, shunlay qilsa bo‘lar ekan» deb, bilganlari holda, qadahlarni yerga otdilar. Shoh «Nega bunday qildingiz?» deya ularni koyidi. Ular «Eng yaqiningiz bo‘lgan qul ham shunday qildi-ku!» dedilar. Hukmdor «Ey ahmoqlar! Buni men qildim, u qilmadi», deb javob qaytardi. Qilingan bu harakatlarning hammasi zohiran gunoh edi. Biroq o‘sha birgina qulning harakati toat edi. Bu harakat hatto butun gunohlaru savoblardan afzalroq edi. Maqsad — o‘sha qul, qolgan qullar esa shohning buyrug‘i edi. Shuning uchun ham barcha qullar shohning o‘sha qulining buyruqlari sanalardi. Chunki bu qul shohning o‘zidir, qullik unda suratdan boshqa narsa emas va u podshohning go‘zalligi bilan to‘ladir. Ulug‘ Tangri «Sen bo‘lmasayding, falaklarni yaratmasdim» deya amr etadi. Ya’ni falaklarni o‘zim uchun yaratdim. Boshqacha aytganda, «Men Haqman!» demakdir. Ulug‘larning so‘zlari agar yuz turli bo‘lsa ham, modomiki, Haq va yo‘l tanhodir, demak, so‘z ham ikkita bo‘lolmaydi. Ikkita so‘z zohiran har na qadar bir-biriga mos va uyg‘un ko‘rinsa-da, ma’no nuqtai nazaridan (ular) birdir. Ayriliq-ko‘rinishda. Ma’no e’tibori bilan ularning hammasi birlashgandir. Masalan, bir amir chodir tikishni buyursa, (xizmatkorlarining) biri ip tayyorlaydi, boshqasi mix qoqadi, biri bo‘z to‘qisa, yana biri tikadi… Bu harakatning barchasi ko‘rinishdan turli-tuman va boshqa-boshqa ishlar bo‘lsa ham ma’no jihatidan birdir. Chunki ularning hammasi bir ish qilmoqdalar, demakdir. Dunyoga ham diqqat bilan qarasang, shu holni ko‘rasan. Hamma narsa Tangriga qulligini bajo keltiradi. Ollohga qarshi chiqqan fosihu shayton. Unga itoat qilgan solihu malak… barchasining Tangriga qullik vazifasini ado etayotganliklari ko‘rinadi. Masalan, bir podshoh o‘z qullari orasidan qaysi biri sabotli-yu, qay biri sabotsiz, qaysi vafodoru qay biri vafosiz, so‘zida turgan kimu turmagan kim ekanligini bilish uchun turli vositalar bilan ularni sinamoqchi bo‘ldi. Buning uchun, ya’ni sabrlini sabrsizdan farqlamoq uchun vasvasali va hayajonli kimsaga ehtiyoj bordir. Agar (bular) bo‘lmasa, uning sabri qanday bilinadi? Tangri sabotlidan sabotsizni ayirmoq uchun bir shamol yubordi. Bu bilan pashshani bog‘dan, daraxtlardan uzoqlashtirmoq istadi. Shu tarzda pashsha ketib, sobit bo‘lganlar qoldi. Bir malik odamlaridan qaysi biri xoinu, qay biri sodiq ekanini sinab bilmoq uchun joriyasiga «O‘zingga oro ber va qullarimning oldiga bor!» deya buyurdi. Ko‘rinishdan joriyaning bu harakati gunohga o‘xshasa ham aslida bunday emas, chunki u shohning buyrug‘ini ado etayapti, xolos. Tangrining bu kishilari Tangriga qullikning (yaxshi) yoki yomon darajada bajarayotganliklarini, Ollohning toati bilan mashg‘ulliklarini dalilsiz, hatto pardasiz holda ko‘rdilar. Bu xususda Qur’onda «Yetti osmon, yer va ulardagi bor jonzot Ollohni, poklar. Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamdu sano aytish bilan U zotni poklar. Lekin sizlar (ey insonlar), ularning tasbeh aytishlarini — poklashlarini anglamassizlar. Darhaqiqat U haliym va mag‘firatli bo‘lgan zotdir»[21], deya amr etilgan. Shuning uchun ularga bu dunyo qiyomat hisoblanadi. Chunki qiyomatning ma’nosi har kimning Tangriga qullikni ado etishi va (yohud)o‘zga ish bilan mashg‘ul bo‘lishidan iboratdir. Ular bu ma’noni «Parda ko‘tarilsa-da, bilimim ortmas» so‘zida bo‘lgani kabi shu olamda ko‘rmoqdalar. «Olim» kalimasining ma’nosi lug‘atda orifdan ustun va ma’noli demakdir. Chunki Tangriga Olim deyiladi. Biroq orif demoq joiz emas, Orif deganda oldin bilmay, keyin o‘rgangan degan ma’no tushuniladi va shuning uchun bu Ollohga nisbatan aytilmasligi kerak. Shunga qaramay, urf-odat nuqtai nazaridan (so‘zning) ishlatilishiga ko‘ra ma’nosi ko‘pdir. Chunki orif urf-odat bo‘yicha olamni dalilsiz holda ko‘zi bilan ko‘rgan va kuzatgandir. Olimning (esa) yuz zohiddan afzal ekanini gapirishadi. Chunki zohid ilm bilan zohid bo‘lgan. Ilmsiz zuhd bo‘lmaydi. Zuhd nimadir? Dunyodan yuz o‘girmoq, toat va oxiratga tavajjuh (yuzlanish-tarj.) etmoqdir. Buning uchun inson dunyoni, uning chirkinligini, vafosizligini vva oxirat go‘zalligini, uning doimiy va boqiy ekanligini bilishi kerak. Chunonchi, «Nima qilay, qanday toat bilan mashg‘ul bo‘lay?» deya jahd etish ham boshdan oyoq ilmdir. Shunday ekan, ilmsiz zuhd bo‘lmaydi. Shu e’tibor-la, zohid ham olim, ham zohiddir. Va «Bir olim yuz zohiddan afzaldir» fikri ayni haqiqatdir. Bu ilm va zuhddan boshqa yana bir ilm bordirki, Tangrining zotiga tegishlidir. Mazkur ikkinchi ilm zuhd va ilmning samarasidir. Bunga sohib bo‘lgan olim yuz zohiddan emas, balki yuz ming zohiddan ham ustundir. Olloh buni istaganiga (bandasiga-tarj.) beradi.Bu shunga o‘xshaydi. Masalan, bir odam bitta ko‘chat o‘tqazdi va u katta bo‘lib meva berdi. Shu mevali yolg‘iz daraxt meva bermagan yuzta daraxtdan yaxshiroqdir. Yana bir misol: Ka’baga yetgan bir hoji Ka’ba sari otlangan, biroq hali yetib kelmagan va yo‘llarda harakatlanayotgan, Ka’baga muyassar bo‘lishlari gumon bo‘lgan hojilardan afzalroqdir. Chunki Ka’ba jamoliga musharraf bo‘lishlik haqiqatan ham o‘sha birgina hojiga nasib etmish. Bor haqiqat yuz dona shubhadan a’lodir. Amin-i Noib «Erishmaganning ham umidi bor» dedi. Mavlono buyurdiki, umidli bilan erishgan o‘rtasida qo‘rquvi ishonch va orasidagi qadar farq mavjud. Bu tafovutni so‘ylashga nima hojat bor? Uni hamma biladi. Bahs mavzusi bo‘lgan narsa ishonchdir. Ishonchdan ishonchga ham farq bor. Chunonchi, Muhammadning (Ollohning salom va saloti bo‘lsin) o‘zga nabilardan ustunligi ishonch bilan bog‘liqdir. Chunki barcha payg‘ambarlar ishonchda sobit, qo‘rquvdan esa ozod edilar. Biroq Qur’onda «(Ey Muhammad), Parvardigoringizning rahmati (bo‘lmish payg‘ambarlik)ni o‘shalar taqsimlaydilarmi? (Yo‘q, aslo undoq emas!) Ularning hayoti — dunyodagi maishat-tirikchiliklarini ham ularning o‘rtalarida Biz O‘zimiz taqsimlaganmiz va ba’zilari ba’zilarini qo‘l ostiga olib (ishlatish) uchun ayrimlarini ayrimlaridan baland daraja — martabalarga ko‘tarib qo‘yganmiz. Parvardigoringizning rahmati — payg‘ambarlik esa ular to‘playdigan narsa (mol-dunyo) laridan yaxshiroqdir»[22], deya amr qilinganidek, ishonchda ham bir qancha darajalar bor. Ammo qurquv va uning darajalari to‘g‘risida bir alomat ko‘rsatish mumkinu ishonch darajalarining alomati yo‘qdir. Odamlar Olloh yo‘lida nimani fido qilmoqdalar, deya qo‘rquv olamiga nazar solinsa, kim jonini, kim molini, kim jismini bag‘ishlagani, birovning ro‘za tutgani va yana boshqasining tutmagani ma’lum bo‘ladi. Kimdir o‘n rakat, kimdir yuz rakat namoz o‘qiydi. Shunga ko‘ra, bularning manzillarini tasavvur qilish mumkin. Ularni ko‘rsatsa ham bo‘ladi. Bu go‘yo Ko‘nyodan Qaysarigacha bo‘lgan masofada Kaymaz, O‘bro‘k va Sulton kabi manzillarning ma’lum bo‘lishiga o‘xshaydi. Biroq Antalyadan Iskandariyagacha bo‘lgan uzunlikdagi dengiz yo‘lida esa manzillar alomati yo‘qdir. Buni faqat kema darg‘alari biladilar, ammo qora xalqqa hech narsa aytmaydilar. Aytgan bilan ular tushunmaydilar. Amir «Bunday aytishning ham muayyan foydasi bordir. Ular ozginasini bilsalar ham anglaydilar va taxmin etadilar» dedi. Mavlono buyurdiki, Faraz qilaylikki, bir odam kunduz bo‘lishini kutib, kechasi mijja qoqmadi. Kunduzga qanday borilishini bilmasa ham, u baribir niyatiga yetishadi. Yohud kechasi karvonning orqasiga qo‘shilgan kishi qayerdan o‘tganini, qayerga borganini va qanday yo‘l bosganini bilmasa ham, tong otishi bilan ushbu harakatning samarasini ko‘radi. Chunki u muayyan manzilga kelgan bo‘ladi. Nihoyat, kimda kim Olloh uchun ikki ko‘zini berkitsa, uning chekkan zahmati behuda ketmagay va «Bas, kim (hayoti — dunyodalik paytida) zarra misqolichalik yaxshilik qilsa, (qiyomat, kunida o‘shani ko‘rur»)[23]. Faqat insonning ichi qorong‘u va pardali bo‘lgani uchun qancha ilgarilaganini hozir ko‘rolmasa ham oxirida mutlaqo anglaydi. «Dunyo oxiratning dalasidir» (Hadis), deya buyurilganiday, inson bu yerda (dunyoda — tarj.) nima eksa, u yerda (oxiratda — tarj.) o‘shani o‘radi. Iso alayhissalom ko‘p kulardi, Yahyo alayhissalom esa ko‘p yig‘lardi. Yahyo Isoga «Sen Tangrining nozik hiylalaridan uzoq bo‘lganing uchun kulayapsanmi?» dedi. Bunga javoban Iso «Sen (esa) Tangrining inja, latif va ajoyib lutflaridan xabaring bo‘lmagani uchun yig‘layapsanmi?» dedi. Hodisadan voqif bir avliyo Ollohdan «Bulardan qay birining maqomi yuksakroqdir?» deb so‘ragach, «Menga nisbatan yaxshi niyatda bo‘lgani afzalroqdir» (Qudsiy hadis) javobini oldi.»Men qulim xayol qilgan joydaman» (Qudsiy hadis), ya’ni men bandamning taxmini bor yerdaman. Har bir qulimning ichida mening bir xayolim va suratim bordir. U meni qanday tahayyul etsa, men o‘sha xayoldaman. Ey mening qullarim! Xayollaringizni poklangizki, u yer mening maqomim va yerimdir, demakdir. Men Tangri bor bo‘lgan shu xayolning bandasiman. Haq mavjud bo‘lmagan haqiqatdan siqilaman. Endi sen o‘zingni sina, kulmoq va yig‘lamoq, ro‘za va namoz, yolg‘izlik va birgalik… hamda bunga o‘xshash narsalarning qay biri senga foydali? Qaysi yo‘ldan borsang, ahvoling tezroq yaxshilanadi? O‘ylab ko‘r va sening ilgarilashingni qaysi ish ta’min etsa, sen o‘shani qil. Muftilar har qancha fatvo bersalar ham sen olimning fatvosiga quloq os. Sening ichingda bir ma’no bor. Sen uni ko‘rsatginki, uyg‘un bo‘lganini tanlab olsin. Masalan, xastaning oldiga kelgan hakim ishni, avvalo, kasalning ich hakimidan so‘rashdan boshlaydi. Sening ichindagi ich hakim mizojingdir. U narsani yo qabul etadi yoki yo‘q. Shuning uchun ham, tashqaridan kelgan hakim undan «Falon narsani yeganda, o‘zingni qanday his qilding?» kabi so‘roqqa javob oladi. Va shunga ko‘ra tashhis qo‘yadi. Bunga asos bo‘lgan narsa o‘sha ich kiyim — inson mijozidir. Mabodo, bu hakimning faoliyati buzilsa, shakarni achchiq, sirkani shirin, deydi. Shuning uchun betob o‘z mijoziga (ich hakimiga) yordam berish va uni avvalgi holatiga keltirish uchun chet hakimga muhtoj bo‘ladi. Keyinroq esa u yana o‘zini o‘z hakimiga ko‘rsatadi va undan yo‘l-yo‘riq oladi. Xuddi shunday, insonning ham muayan ma’naviy bir mijozi mavjuddirki, agar u zaiflashsa, ichki tuyg‘ularning aytgan va ko‘rgan narsalari aksincha bo‘ladi. Avliyolar mana shu mijozning yaxshilanishi va quvvat olishi uchun yordam qilgan hakimlardir. Chunki hatto Payg‘ambar alayhissalom ham «Narsalarni menga bo‘lgani kabi ko‘rsat» (Hadis), deya Tangriga yolborgandi. Download 0.68 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling