Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish


Korrupsiyaga qarshi kurash tarixi


Download 95.85 Kb.
bet6/17
Sana18.06.2023
Hajmi95.85 Kb.
#1559799
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Bog'liq
Namuna BMI

1.2. Korrupsiyaga qarshi kurash tarixi

Korrupsiya jinoyati ham insoniyatning vujudga kelishi kabi uzoq tarixga borib taqaladi. Faqatgina u tarixiy jarayonlarda o’ziga xos ko’rinishda namoyon bo’lgan. Qadimgi yunon faylasufi Aristotelning quyidagi fikrlarini buning yaqqol misoli bo’la oladi: “Har qanday davlat tuzumida eng muhimi – bu qonunlar va tartib-qoidalar vositasida ishni shunday tashkil etishki, mansabdor shaxslar qing’ir yo’l bilan boylik orttira olmasin”. Pora olish va berish Qadimgi Rimda amal qilgan 12 jadval qonunlarida tilga olingan. Ibtidoiy va ilk sinfiy jamiyatlarda kohinga, qabila oqsoqoliga yoki harbiy boshliqqa muayyan imtiyozni qo’lga kiritish uchun haq to’lash tabiiy bir hol sifatida qaralgan. Davlat apparatining murakkablashuvi va professionallashuviga qarab vaziyat o’zgarib borgan. Oliy martabali amaldorlar quyi turuvchi “xizmatchilar” faqat tayinlangan maosh bilan qanoatlanishlarini talab qilganlar. Quyi daraja amaldorlar esa, aksincha, o’z xizmat vazifalarini bajarganlik uchun arzgo’ylardan yashirincha qo’shimcha haq olishni (yoki talab qilishni) ma’qul ko’rganlar.


Korrupsiya haqidagi eng qadimgi qaydlardan biriga qadimgi Bobilning mixxatda yozilgan bitiklarida duch kelingan. Miloddan avvalgi uchinchi ming yillikning o’rtalariga taalluqli bo’lgan matnlarda aytilishicha, shumer podshosi Urukagin o’sha zamonlardayoq qonunga xilof haq olishga ruju qo’ygan sudyalar va amaldorlarning qonunbuzarliklariga chek qo’yish muammosini yechish yo’llarini izlagan1.
Professional davlat amaldorlari hali mavjud bo’lmagan antik jamiyatlar tarixining ilk bosqichlarida (qadimgi yunon shahar-davlatlari, Rim davlatlari) korrupsiya deyarli bo’lmagan. Bu hodisa antik davr tanazzulga yuz tutgan bosqichdagina vujudga kelgan. Bu davrda korrupsiya domiga ilingan davlat amaldorlari haqida: “U boy viloyatga kambag’al bo’lib kelib, kambag’al viloyatdan boy bo’lib ketdi” deyishgan. Ayni shu davrda rim huquqida "corrumpire" degan maxsus atama paydo bo’lgan, u “buzish”, “pora evaziga og’dirish” iboralarining sinonimi hisoblangan va mansab mavqeyini suiiste’mol qilishning har qanday ko’rinishlarini ifodalashga xizmat qilgan.
Markaziy hukumat hokimiyati zaif bo’lgan joylarda (masalan, ilk o’rta asr davrida Yevropada) xizmat mavqeyidan aholidan o’z cho’ntagiga haq undirish uchun foydalanish aksariyat hollarda umum e’tirof etilgan me’yorga aylangan.
Davlat markazlashgani sari u fuqarolarning mustaqilligini qattiqroq cheklagan va shu tariqa quyi va oliy bo’g’in amaldorlariga qattiq nazoratdan qutulishni istagan fuqarolar foydasiga qonunni xufiyona buzishga turtki bergan. Korrupsiya domiga ilingan amaldorlarni boshqalarga dars bo’lsin uchun olomon ko’z o’ngida jazolashlar odatda hech qanday samara bermagan, chunki amaldan chetlatilganlar (lavozimidan olinganlar yoki qatl etilganlar) o’rnini yangi poraxo’rlar egallagan. Markaziy hokimiyat amaldorlar faoliyati ustidan yalpi nazorat o’rnatish uchun odatda zarur kuch va vositalarga ega bo’lmagani bois, u korrupsiyaning o’ta xavfli ko’rinishlarinigina jazolash bilan kifoyalangan.
O’rta asrlarda O’zbekiston hududida joylashgan davlatlarda qabul qilingan odat huquqi me’yorlari zamirida asosan islom madaniyati prinsiplari yotuvchi qonunchilik an’analari bilan belgilangan. Xususan, Amir Temur davlatida amaldorlar ishini tartibga solish maqsadida vaqti-vaqti bilan so’roq, tekshirish, taftish, tergov o’tkazib turilgan. O’z amalini suiiste’mol qilish, poraxo’rlik, doimiy ravishda ichkilik ichish, maishiy buzuqlik kabi qilmishlar og’ir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Amir Temurning o’g’li Mironshoh, nevaralari Pirmuhammad va Halil Sultonlar yuqorida zikr etilgan me’yorlarni buzganlik uchun xalq oldida jazoga tortilganlar1.
O’sha davrda O’zbekiston hududidagi feodal jamiyatlarda hozirgi talqindagi korrupsiya uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Shunga qaramay, O’zbekiston Rossiya tomonidan istilo qilingan davrgacha korrupsiya qonuniylashtirilgan institutsional shakllarda namoyon bo’lgan, xususan hukmron davralarning vakillariga u yoki bu tarzda haq berish feodal majburiyat xususiyatini kasb etgan.
Hokimiyat markazlashtirilmagani, yagona davlat amaldorlari apparati mavjud emasligi, davlat boshqaruvi feodal hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilishi birlashgan holda O’zbekiston hududida joylashgan davlatlar huquqida poraxo’rlik, xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish va hokazolar, ya’ni korrupsiya uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yorlar hech bo’lmasa rasman paydo bo’lishi imkoniyatini ham istisno etgan.
O’zbekistonda huquq tizimi shakllanishining navbatdagi bosqichi uning hududida joylashgan davlatlar Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilingan davr bilan bog’liq. Bu bosqich mazkur hududda korrupsiyaning ijtimoiy-huquqiy mohiyati o’zgarishiga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatdi. Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan davrda Turkiston general-gubernatorligida rusiyzabon aholi uchun fuqarolik ishlari bo’yicha sudlar, o’zbeklar va tojiklar uchun qozi sudlari, qirg’izlar, qoraqalpoqlar va turkmanlar uchun biy sudlari mavjud bo’lgan. Fuqarolik ishlari bo’yicha sudlarning sudyalari asosan yuristlar bo’lgan, qozi lavozimiga tegishli ma’lumotga ega, islom huquqini yaxshi biladigan ulamolar, biy lavozimiga - odat huquqi bilimdonlari tayinlangan.
Turkistonda rus mustamlakachilari hukm surgan davrda bu yerda korrupsiya yanada kuchaygan. Shu ma’noda aholi tomonidan advokat Ubaydulla Asadullaxo’jaev nomiga yozilgan ariza diqqatga sazovor. Unda shunday deyiladi: “Hozirgi Andijon tumani boshlig’i Brjezitskiy davrida avvallari ham mavjud bo’lgan poraxo’rlik, tovlamachilik va zo’ravonlik nihoyatda kuchayib ketdi. Qonun-qoidaga aylangan bu tizimning xususiyatlari quyidagicha:
1) Aholidan o’lpon olish va poraxo’rlikka mahalliy amaldorlar: ellikboshi, mingboshilar va hozirgi bosh oqsoqol Shermat Alimqulov (qo’qonlik amiri lashkar Alimqulning o’g’li Shermuhammad) kabi ma’muriyat vakillarini jalb etishgan;
2) Soliq-o’lpon undirish va pora olish ma’muriyat vakillari tomonidan bevosita emas, balki bilvosita vositachilar orqali amalga oshirilmoqda. Xususan, nohiya boshlig’ining tilmochi Yusufjon hoji hamda pristavlarning tarjimonlari vositachilik qilishadi. Bu usul shunday ustalik va izchillik bilan olib boriladiki, natijada aholi amaldorlarning qonunga xilof ishlari yuzasidan qilgan shikoyatlari hech qachon adolatli hal bo’lmasligiga ko’nikib ketishgan”1.
Xalq Komissarlar Sovetining 1918 yil 8 maydagi “Poraxo’rlik to’g’risida”gi dekreti sobiq sovet huquqida korrupsiyaga qarshi kurash sohasida qabul qilingan birinchi rasmiy hujjat hisoblanadi”. Mazkur dekretga muvofiq davlat yoki jamoat xizmatida bo’lgan, o’z vakolatlari jumlasiga kiruvchi harakatlarni bajargani uchun yoki boshqa idora mansabdor shaxsining vazifasi hisoblanuvchi harakatlarni bajarishda ko’maklashgani uchun pora olishda aybdor shaxslar javobgarlikka tortilgan.
Bunday jinoyatlarga qarshi kurashda asosiy jazo chorasi sifatida otib o’ldirish qo’llanilgan. Shu vaqtda oziq-ovqat o’ta tanqis bo’lganligi uchun mansabdorlik jinoyatlari doirasi kengaytirilib, mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatlarida hatto oddiy ishchi va kolxozchilar ham ayblanganlar. Adliya Xalq Komissariatining 1921 yil 26 fevraldagi “Mansabdor shaxsning oziq-ovqat ishlarida javobgarligini kuchaytirish to’g’risida”gi Qarorida bunday ishlarda jinoyat sodir etgan har qanday shaxs ishchi-dehqon davlatining dushmani hisoblanishi ta’kidlanadi. Ommaviy qatag’onlar jarayonida mansabdor shaxs tushunchasi yanada kengaytirilib, shaxsning g’ayriqonuniy qaror qabul qilishi ham uni xalq dushmani deb e’lon qilish uchun asos bo’lgan. Bu usul mazkur jamiyat uchun juda qulay bo’lib, u tarixan takomillashtirilgan va uzoq vaqtgacha amalda qo’llanilgan.
O’z navbatida sho’ro davrida O’zbekistonda korrupsiya jinoyatchiligining tarixiy rivojlanishini bir necha bosqichga bo’lish mumkin:
1) Rossiya tomonidan amalda O’zbekiston hukumatining fikrini e’tiborga olinmay, uning sobiq SSSR tarkibiga kiritilishi (1924 yil);
2) 1937-1939 yillarda o’zbek xalqining asl ziyolilariga nisbatan qatag’on siyosatining olib borilishi;
3) o’tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida “o’zbeklar ishi” yoki “paxta ishi” nomi bilan O’zbekistonlik mehnatkashlarga nisbatan olib borilgan siyosat zamirida hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, poraxo’rlik, talon-toroj kabi korrupsiya jinoyatchiligi yotadi.
1926 yilda O’zSSR JK qabul qilinishi bilan respublika tarixida korrupsiya jinoyatlarining yangi tizimi vujudga keldi. SSSR Oliy Soveti Prezidiumining 1953 yil 27 martdagi “Amnistiya to’g’risida”gi Farmoniga binoan mansabdor shaxslarga davlatning huquqiy ta’sir choralarini yengillashtirish nazarda tutildi. Farmonning asosiy maqsadi ijtimoiy xavflilik darajasi uncha katta bo’lmagan mansab vakolati bilan bog’liq huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik o’rniga intizomiy yoki ma’muriy jazo qo’llash, ayrim yengilroq mansabdorlik jinoyatlari uchun belgilangan jazo choralarini yengillashtirishdan iborat edi (Farmonning 8-moddasi). Farmonda mansabdor shaxslar doirasi qonunda belgilanganiga nisbatan qisqartirilmadi.
Korrupsiya –– bu jamiyatni turli yo’llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to’sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.
Ta’kidlab o’tish o’rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag’al bo’lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo’yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo’lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti. Biz quyida korrupsiyaning tarixiy ildizlariga va unga qarshi kurashish xususida quyidagilarni qo’shimcha sifatida keltirib o’ta olamiz. Korrupsiya (lot. corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o’zlarining shaxsiy manfaatlarini ko’zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Ko’p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko’plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.
Korrupsiyaning tarixiy o’zaklari juda juda qadimga borib taqalib, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo’lish uchun qabila sardorlariga sovg’alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. O’sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilingan. Biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markazlashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to’siq ekanligini ko’rsatdi. Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo’rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma’lum. Chunki bu holat davlatning obro’siga juda qattiq putur yetkazardi. Dunyoning yetakchi dinlarida ham birinchi navbatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo’rligi qattiq qoralanadi. Jumladan, Injilda “Sovg’alarni qabul qilma, chunki sovg’a ko’rni ko’radigan qiladi va haqiqatni o’zgartiradi” deyilgan bo’lsa, Qur’oni Karimda “Boshqalarning mulkini nohaq yo’l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo’lgan narsalarni olish uchun o’z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan.
XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib jamiyat davlat boshqaruv apparatining ish sifatiga tobora ko’proq ta’sir ko’rsata boshladi. Bu o’sha davrda qabul qilingan bir qator qonun hujjatlarida o’z aksini topgan. Jumladan, 1787 yilda qabul qilingan AQSh Konstitutsiyasida pora olish AQSh prezidentini impichmentga tortish mumkin bo’lgan ikki jinoyatning biri sifatida ko’rsatib o’tilgan. Siyosiy partiyalarning vujudga kelishi va ularning mamlakat hayotidagi o’rnining oshib borishi XIX-XX asrlarda rivojlangan davlatlarda korrupsiyaning dunyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan ancha kamayishiga olib keldi.
Yuqorida keltirib o’tganlarimizdan ko’rinib turibdiki, korrupsiya balosi tarixan mavjud bo’lgan va taraqqiyotga asosiy g’ov bo’lib kelgan eng yomon jinoyatlar qatorida turadi. O’z oldiga kuchli huquqiy davlat qurishni maqsad qilgan tarixiy davlatlar ham, bugungi davlatlar ham faqatgina shu illatni mamlakat boshqaruviga aralashuviga chek qo’ysalargina erisha oladilar. Buni tarix ham bugungi kun siyosati ham isbotlab turibdi.



Download 95.85 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling