Joriy yilgi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tanlovida nasr yo‘nalishi bo‘yicha yozuvchi Isajon Sultonning "Ozod" romani g‘olib deb topildi


ISAJON SULTONNING IKKI ROMANI HAQIDA Saʼdullo Quronov, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori


Download 50.23 Kb.
bet3/3
Sana11.09.2023
Hajmi50.23 Kb.
#1675682
1   2   3
Bog'liq
Isajon Sulton

ISAJON SULTONNING IKKI ROMANI HAQIDA
Saʼdullo Quronov,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

OZOD” ROMANI HAQIDA OʻYLAR
Zamonaviy oʻzbek nasri tobora globallashib, butun insoniyat taqdiriga daxldor muammolarni badiiy talqin etib bormoqda. Oʻzbek yozuvchisi olam va odamni anglashda, uning maqsad va vazifalarini belgilashda sharqona badiiy-falsafiy konsepsiyani ilgari surmoqda. Shu maʼnoda, zamonaviy oʻzbek nasrini tadqiq etishda jahon adabiyotshunosligining yangicha talqin, tahlil metodlariga tayanish davrning talabidir.
Mustaqillik davri oʻzbek romanchiligi haqida soʻz borganda, qariyb oʻttiz yilga teng vaqt oraligʻidagi badiiy tafakkur namunalari nazarda tutiladi. Oʻtgan davr mobaynida turli mavzu va yoʻnalishdagi yuzlab romanlar dunyo yuzini koʻrdi. Ayniqsa, istiqlolning dastlabki oʻn yilligida tarixiy, ijtimoiy mavzusidagi romanlar koʻp yozildi. “Ulugʻ saltanat” (M.Ali), “Bozor” (X.Doʻstmuhammad), “Muvozanat” (U.Hamdam.) kabi romanlar bunga yorqin misol boʻladi. Soʻngi oʻn yillikda esa falsafiy-ramziy romanlarning koʻpayganini koʻrishimiz mumkin. Ayniqsa, “Shovqin” (E.Azam), “Goʻroʻgʻli” (N.Eshonqul), “Yoʻl” (U.Hamdam), “Boqiy darbadar”, “Ozod” (I.Sulton) kabi romanlar alohida eʼtiborga molik.
Yozuvchi Isajon Sultonning “Ozod” romani sharqona mumtoz falsafa va bugungi postmoderncha dunyoqarashni oʻzida sintez qilgan asardir. Romanni oʻqir ekansiz, musulmon sharqiga xos dunyoqarashning zamonaviy falsafiy ifodasiga duch kelasiz. Unda bugungi global dunyoda oʻzligini yoʻqota yozgan insoniyatning saodatga erish yoʻli xususida soʻz boradi. Tom maʼnoda, yozuvchi olam va odamning sharqona konsepsiyasini yangicha ifoda yoʻsinida bayon qiladi.
“Ozod” romani badiiy-ifodaviy jihatdan ham sharq adabiyoti bilan tutashadi. Zero, asar syujeti Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarlaridagi syujetga mohiyatan yaqin turadi. “Mantiq ut-tayr” asarida Semurgʻni izlab yoʻlga otlangan qushlar 7 vodiyni bosib oʻtadilar. Bu vodiylar tasavvufdagi Haqiqatga eltuvchi 7 bosqichning ramzidir. “Ozod” romanida ham baxtu saodatga yetkazuvchi sirli lolani izlab yoʻlga otlangan Ozod 7 ta maskanni bosib oʻtadi: “Yoʻl aniq: Uchyongʻoqdan oshib oʻtilsa, undan narida Tuz choʻliyu Oydinkoʻl bor. Oydinkoʻldan ham narida yaydoq biyobon, biyobon ortida esa toshloqlar yastanib yotadi. Keyin togʻu tosh boshlanib ketadi, yanayam ichkariroqda, ikki togʻ orasida sip-silliq baland qoyalar boʻy choʻzgan, oʻsha qoyalarning eng tepasiga chiqib borilsa bas” (1). Birgina shu misoldan anglash mumkinki, yozuvchi odam va olam mohiyatini idrok etish yoʻlida sharq mumtoz adabiyotiga, aniqrogʻi islom taʼlimotiga tayanadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Isajon Sulton Ator va Navoiy anʼanasiga tayanib asar voqealarini muayyan yoʻlda tasvirlaydi. Bu oʻrinda ijodkor uchun qahramon yetib borgan manzil emas, balki bosib oʻtilgan YOʻL badiiy-falsafiy qiymatga ega. Aytish mumkinki, mazkur asarlarni umumlashtiruvchi jihat ham muayyan sinovlari bilan insonni komillik sari eltuvchi YOʻL obrazidir.
Bugun jahon madaniyatiga sharqona dunyoqarash tobora kuchliroq taʼsir etib bormoqda. Mashhur rus olimi Yuriy Borev “Yangi davr – yangi paradigmalar demakdir” (2) deb yozadi. U insoniyat tarixidagi paradigmalarni tartibi bilan sanarkan, soʻnggi, modernizmdan keyingi (hozirgi) davrni “Sharq modeli” deb ataydi. Unga koʻra: “Sharq madaniyatlari olgʻa surayotgan paradigma jamiyat hayotining ideal va maqsadlarini koʻrsatmaydi, balki donishmandlik va purtadbirlik ila uning yoʻlini belgilab beradi” (3). Uning Sharq falsafasi haqidagi fikrlari Ator va Navoiyning yuqorida eslab oʻtilgan asarlarining (shu jumladan “Ozod” romanining) mazmun-mohiyatiga ham mos keladi. Bu asarlarning voqealarida anglangan manzil (ideal) tasviri emas, balki shu manzilga eltuvchi yoʻl va unga qadar yoʻlovchining toblanib borishi muhimroq.
Yuqoridagi kabi gʻoyalarni ilgari surgan asarlar sirasiga jahonga mashhur yozuvchi Paulo Koeloning “Alkimyogar” romanini ham qoʻshish mumkin. Zero, asar sharqona falsafani oʻzida mujassam etgani bilan ahamiyatli. “Alkimyogar”da ham yoʻlovchi obrazi tasvirlanadi. “Alkimyogar” romanining xazina izlab yoʻlga tushgan Santyago ismli qahramoni oʻz manziliga yaqinlashib borarkan, komillikka erisha boshlaydi. U manzilga yetib kelganda esa, izlagani oʻz yurtida ekanligini tushunib yetadi. Yaʼni xazina oʻzi bilgan xaroba binoning ostiga koʻmilgan edi. Ammo Santyago oʻz hayotining mazmuniga aylangan bu xazinani (aslida, xazina keng maʼnoda baxtni anglatadi) uzoq va mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtmasdan topa olmagan boʻlar edi. Xuddi shunga oʻxshash voqelik “Ozod” romanida ham aks etadi. Roman qahramoni ham baxtning timsoli lolani qidirib yoʻlga chiqarkan, manzilga qadar turli voqealaru sinovlarni boshdan kechiradi. Ahiyri, manzilga yetgan Ozod lolaning oʻziday nochor, uning oʻziday baxtga orzumand maxluqot ekanligi koʻrib bariga tushunadi: “Baxtu saodat nima ekanini endi-endi anglamoqdaman… yoʻlimda uchragan hamma narsa aslida xulosa chiqarishim va maʼnisini anglashim uchun ataylab yoʻllarimga sochib qoʻyilganini ham tushunyapman.” Shunda Ozod oʻzidagi mislsiz kuchni yurtiga qaytgandagina his qiladi. Ayni shu jihatlar, har roman syujetini Sharq mumtoz adabiyoti namunalariga borib tutashtiradi.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugun oʻzbek yozuvchisi ilgari surayotgan olam va odam konsepsiyasining asl ildizlari, ijtimoiy, falsafiy va tarixiy asoslarini belgilash zamonaviy adabiyotshunosligimizning dolzarb muammolaridan biridir.
1.Isajon Sulton. Ozod. –T.: “Sharq”, 2012. B. 7.
2. Yu.Borev. Inson va insoniyat hayotining oliy maqsadi va maʼnosi//Sharq yulduzi. 2011 y., №4. B.160.
3 Shu asar.

BOQIY DARBADAR” ROMANI HAQIDA OʻYLAR
Istiqlol davri oʻzbek nasrida Isajon Sulton ijodi alohida oʻrin egallaydi. Ayniqsa, yozuvchining “Boqiy darbadar” nomli romani badiiy-gʻoyaviy, ifodaviy jihatdan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu romanda umuminsoniyatga xos azaliy muammolar yangicha yoʻnalishlarda, Sharq va Gʻarb estetik tafakkuri anʼanalarining sintezi oʻlaroq oʻz badiiy yechimini topadi.
Bugun dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Yangi asr yuksak texnologik yutuqlarni taqdim etgani holda, insoniyat qarshisiga yana minglab muammolarni ham koʻndalang qoʻymoqda. Global isish natijasida ekologiya yil sayin oʻzgarib hayvonot va nabodot olamiga zarar yetmoqda. Siyosiy-ijtimoiy munosabatlar taranglashgan, demokratiya krizisga uchragan. Yadroviy qurollarning havfi kundan-kunga ortib bormoqda… Xoʻsh, shunday chigal vaziyatda inson qanday hayot kechirmogʻi lozim? Bu muammolarning muayyan yechimi bormi? Isajon Sulton oʻz romanlari bilan ana shu savollarga javob izlashga urinadi. Bugungi global dunyoda insonga yoʻl koʻrsatishga, uning hayotiy maqsad va vazifalarini eslatib qoʻyishga harakat qiladi. Shu maʼnoda yozuvchi oʻz romanlarida olam va odam munosabatlarining yangi modeli, yangicha konsepsiyasini ilgari suradi. Aslida, Isajon Sulton asarlaridagi oʻziga xoslik ham, uning nasrimizga kiritgan yangiligi ham shunda koʻrinadi.
“Boqiy darbadar” romani (“Sharq yulduzi” 2010 yil, 6-son) tom maʼnoda yozuvchining ijodiy salohiyatini, uning oʻziga xos yoʻnalishini belgilab berdi. Mutaxassislar asarni oʻzbek romanchiligidagi yangi hodisa deya baholadi. “Boqiy darbadar” ramziy-falsafiy roman boʻlib, yozuvchi atigi 80 sahifalik asarga bugungi dunyoning global muammolarini, jar yoqalab borayotgan insoniyatning mudhish qismatini sigʻdira olgan. Bu qadar keng qamrovli mavzuni kichik hajmli asarga jo etishda yozuvchiga postmodernizm yoʻnalishi juda qoʻl keladi. Adabiyotshunos D.Quronov bu haqida shunday yozadi: “Boqiy darbadar”da anʼanaviy eposga xos voqeaband syujet oʻrnida sirtdan bir-biriga bogʻlanmay turli makon va zamonda, goh reallik, gohi xayolotda kechuvchi voqealar tasvirlangan, markazida risoladagidek qahramon turmagan boʻlsa-da, ularni bir narsa – hayotning maʼnisiyu bashariyat taqdiri haqida oʻyga tolgan muallif shaxsi birlashtiradi, yaxlit butunlikka – romanga aylantiradi…”(1) D.Quronovning mazkur taʼrifidan soʻng aytish mumkinki, romanga postmodernizm yoʻnalishi kuchli taʼsir oʻtkazgan. Zero, olamni uzuq-yuluq turli fragmentlar bilan tasvirlashga urinish postmodernizmning asosiy qonuniyati hisoblandi.
Rus faylasufi P.Grechko “Hozirgi kunda “postmodernizm”day ommabop, mavhum va koʻp qirrali termin yoʻq”, deb yozgan edi. Shu maʼnoda oʻzbek adabiyoti namunalarini postmodernizm yoʻnalishi tamoyillari asosida tahlilga tortish baʼzi nazariy chalkashliklaru sunʼiy xulosalarni keltirib chiqarishi mumkinligini inkor etmaymiz. Ammo muammoning ikkinchi bir tarafidan aslo koʻz yumib boʻlmaydi: glaballashuv, ilm-fan taraqqiyotining yangi bosqichga koʻtarilishi, har qancha taraqqiy topmasin, tabiatning “oddiy” hodisalariga oydinlik kiritolmayotgan, na koinotning va na kichik zarra(molekula)ning cheku chegarasini topolmay tang boʻlayotgan inson salohiyati va uning oʻzgarib borayotgan maqsadlari, hayotiy maʼnosi, umuman, adabiy jarayon shakllanayotgan davr, yangi ijtimoiy munosabatlarning sanʼatga taʼsiri masalasi ham borki, bu milliy adabiyotimizda yaratilayotgan muayyan asarlarga yangicha bir nigoh bilan qarashga undayveradi. “Boqiy darbadar” romanida ham yozuvchi olamning yaxlit modelini turli diniy rivoyatlar, tarixiy maʼlumotlar, zamonaviy ilmiy qarashlar, texnologik yutuqlar, jahon falsafasiga doir yoʻnalishlar va qarashlarning oʻzaro kesishgan nuqtasida yaratishga urinadi. Eʼtiborli jihati, yozuvchi oʻz badiiy konsepsiyasini ilgari surishda Gʻarb adabiy anʼanalaridan toʻliq andaza olmaydi, balki Sharq va Gʻarb anʼanalarini oʻzaro sintez qiladi. Yaʼni muallif postmodernizmning shakliy xususiyatlariga murojaat etadi, xolos. Asarda postmodernizmga xos ifoda shakllari sharqona tafakkur xususiyatlari bilan payvandlanadi va mazmun-mohiyati bilan gʻarbcha dunyoqarashni inkor etadi. Agar Gʻarb postmodernizmi olamni bemaʼni deya hukm chiqarsa, Isajon Sulton romanida shu maʼnisizdek koʻrinayotgan dunyoda darbadarlikdan qochish kerakligi gʻoyasi olgʻa suriladi. Ahamiyatlisi, ijodkor mavjud sharoitning xaotik ifodasidan qochmaydi. Yaʼni roman qahramonlari oʻz mavjudligidagi haqiqatni turli yoʻllardan qidirarkan, muallif aniq bir hukm, Idealni koʻrsatishga ojiz ekanligini yashirmaydi. Lekin uning qahramonlari ana shu Idealni qidirishdan charchamaydi.
“Boqiy darbadar” romanida ketar yoʻlidan adashgan bashariyat qismati qalamga olingan boʻlib, unda oʻrgimchak toʻriday chirmashib ketgan oʻnlab yoʻllarda manzilga intilayotgan, hayotdan, yashashdan maʼni qidiriyayotgan qahramonlarni koʻrish mumkin. Tom maʼnoda asar “men kimman?”, “otim nima?” savollari tegrasiga qurilgandek tasavvur uygʻotadi. Zero, asardagi har bir qahramon shu savvollarga javob izlashga urinadi. Yozuvchi insoniyatning tobora tanazzulga yuz tutayotgani sababini oʻz Robbisidan yuz oʻgirayotganida, azaliy qadryat va aqidalariga bepisandlik qilayotganida koʻradi. U bu gʻoyani asarning markaziy qahramonlaridan biri – etikdoʻz misolida berishga urinadi. Asarning badiiy gʻoyasida etikdoʻz tom maʼnoda butun insoniyatning ramzi sanaladi. Zero, ming yillar oldin shu etikdoʻz Yaratganning suyukli bandasiga qoʻl koʻtarib tavqi lanatga uchraydi. Shu kundan boshlab bu lanatlangan inson chigal dunyoning boqiy darbadariga aylanadi. U oʻz manzili haqida biladi, ammo unga olib boruvchi yoʻllarni bilmaydi. Bani bashar esa kundan kunga oʻzi shundoq ham manzili mavhum yoʻllarni yanada koʻpaytirish, chigallashtirish bilan ovora. Bu ketishda u manzilidan butunlay adashadi… Xoʻsh unda yoʻlda adashmaslik uchun, saodat manziliga toʻgʻri borish uchun nima qilmoq kerak? Yozuvchi bu savolga professor Ziyoning oʻgʻli misolida javob axtarishga urinadi. Oʻgʻil barcha jumboqlarning yechimini Allohga imon keltirish, taqdiri azalga tan berishda koʻradi: “Kengligiga aql bovar qilmas ulkan kurrai zaminni muallaq suzdirib qoʻysayu qaynoq suvlarda, daraxt tanasining gʻovaklarida va hatto toshlarning ichida ham oʻzining qudratiga dalolat boʻlsin va inson bolasi koʻrsin uchun jonzotlarni yaratgan boʻlsa… shularni anglasamu oʻzimning haqirligimdan xabardor boʻlsam… qanday qoʻrqmasdan tura olay?” (2) Oʻgʻil inson oʻzligini anglashi uchun tevarak atrofga quloq tutishi kerakligini ham aytadi: “…Tevaragimiz ramzlarga va timsollarga toʻladir. Har bir oʻt-oʻlan aql qulogʻiga, siz nazarda tutgan tafakkur bois, baland ovoz bilan xitob qilib turmoqdadir. Toshlarning va jamiki maxluqlarning ham imon keltirib qichqirishini eshita olish uchun ilm va tafakkur kerak”. Yaʼni professorning oʻgʻli shu ilmlarni egallab abadiy darbadarlikka yuz tutgan odamlar safidan chiqishni orzu qiladi: “Men hozir dunyoning har bir mamlakatida, har bir goʻshasida, halol va imonli kishilar bilan bir qatorda, ana shunday darbadar insonlarni ham koʻrmoqdaman… Shunday darbadarlikka mubtalo boʻlmaslikning yoʻllarini izlamoqdaman”. Oʻgʻilning bu soʻzlarida asarning umumiy xulosasi jo boʻlganday, goʻyo. Chunki darbadarlikka mubtalo boʻlmaslikning yoʻllarini har bir inson izlashi, shu bilan oʻzini va dunyoni jar yoqasidan qaytarishga urinmogʻi lozim.
1. Quronov D. Oʻylashgan undovchi asar. Sharq yulduzi / 2010 y, 6-son. B.15.
2. Sulton I. Boqiy darbadar. Sharq yulduzi / 2010 yil, 6-son. B.40.
________________________________________________________________________
Download 50.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling