10-bob. Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik
67-modda. Ta’lim tashkilotlarining xalqaro hamkorligi
Ta’lim tashkilotlari quyidagilar vositasida tegishli xorijiy mamlakatlarning ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi:
ta’lim muammolari yuzasidan ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish;
qo’shma fakulьtetlar, o’quv markazlari va ilmiy laboratoriyalar tashkil etish;
xalqaro darajadagi birgalikdagi ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot loyihalari va dasturlarini tayyorlash;
hamkorlikda fundamental hamda amaliy ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;
ilmiy-amaliy seminarlar, konferentsiyalar va simpoziumlar o’tkazish;
talabalar, magistrlar, doktorantlar, o’qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinishini amalga oshirish;
ikki tomonlama diplomlar (Double Diploma) dasturlarini joriy etish;
qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlar.
Ta’lim tashkilotlari qonunchilikka muvofiq xorijiy davlatlarning ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashni amalga oshirishi mumkin.
68-modda. Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik
Ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlik O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari:
xorijiy davlatlarning tegishli vakolatli organlari, ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi;
O’zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqarolarni xorijiy davlatlarning ta’lim muassasalariga o’qish uchun yuboradi;
pedagog xodimlar va ta’lim oluvchilar almashinuvini amalga oshiradi;
rahbar hamda pedagog xodimlarning xorijiy davlatlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etadi;
o’z xodimlari hamda mutaxassislarini xalqaro konferentsiyalarga va stajirovkalarga yuborish, ularning xalqaro loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishini qo’llab-quvvatlaydi.
Ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo’yicha boshqa tadbirlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |