Kitob o‘qigan, o‘zini ustida ishlagan odamda qanot bo‘ladi. U befarq bo‘lmaydi. Uning kuchi bilimida bo‘ladi. Shuning uchun hech kimni pisand qilmaydi. “Kattalar”ga xushomad qilmaydi. Uning bilimi bor, ilmi bor


Download 113.99 Kb.
Sana07.01.2023
Hajmi113.99 Kb.
#1082672
Bog'liq
KITOB O‘QIGAN INSONNING QANOTI BOR


KITOB O‘QIGAN INSONNING QANOTI BOR!

Kitob o‘qigan, o‘zini ustida ishlagan odamda qanot bo‘ladi. U befarq bo‘lmaydi. Uning kuchi bilimida bo‘ladi. Shuning uchun hech kimni pisand qilmaydi. “Kattalar”ga xushomad qilmaydi. Uning bilimi bor, ilmi bor. Mana nima uchun kitob o‘qinglar deymiz. Kitob o‘qisangiz savol berishni bilasiz”.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan kitob mutolaasi muhimligi, yoshlar, rahbarlar orasida bu fazilatni targ‘ib qilish haqida ko‘p bora ta’kidlanmoqda. Amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy izchil islohotlar jarayonida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aslida ham, kitob va kitobxonlik insonlar ong-tafakkurini teranlashtirib, qalbiga eng go‘zal ezgu niyatlarni joylaydigan, ularni yaxshiliklar olamiga yetaklaydigan ma’naviyat sarchashmasidir. Shuning uchun har doim kitob o‘qishga ehtiyojimiz bor.
Ba’zan odam moddiy manfaatlar, zamon yangiliklari, internet tizimi ichra kuni va tuni qanday o‘tganini ham bilmay qoladi. Bunday yashash tarzidan zerikadi. Nimanidir sog‘inganday, izlab topa olmayotganday bo‘laveradi. Yuragi siqilib, go‘yoki o‘ziga sig‘maydi. Ko‘ngil bir og‘iz shirin so‘z, bir taskin, malham istaydi.
Shunday paytda biz, albatta, kitob varaqlashga tushamiz. Ko‘nglimizga yoqqan she’rmi, hikoyami – xoh u qatra bo‘lsin yoki salmoqli qissa va romanmi – tuyqus o‘qiy boshlaymiz, o‘qiyveramiz. Nafaqat o‘qiymiz, balki asardagi voqealar rivojiga kirib ketamiz va o‘sha yerda yashaymiz...
Nihoyat ko‘ngil orom olib, qalb taskin topganday bo‘ladi. Shundagina adabiyotning kuchini, uning zaruratini chuqur his qilamiz. Zero, yaxshi kitob insonning ko‘ngil ko‘zgusini poklaydi, shirin xayollar surishga, eng asosiysi, odamlarni tushunishga, kechirishga, ezulik sari intilib yashashga undaydi.
Kitoblar qalbimizni ilitadi, ko‘nglimizni yoritadi, baxtli va saodatli, nurli kunlarga boshlaydi. Dunyoni faqatgina a ilm bilan zabt etish mumkin ekanligi haqidagi asl haqiqat bugun hech kimga sir emas. Ilmni mustahkam egallashning yo‘li esa bitta, ya’ni – kitob o‘qish.
Mamlakatimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, aholining kitobxonlik ko‘nikmasini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini internet tarmoqlariga joylashtirish va keng targ‘ib qilish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, kelajak avlod uchun, bolalar adabiyotini rivojlantirish, o‘quv adabiyotlari va darsliklarning saviyasini ko‘tarish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’naviy, huquqiy va moddiy asoslar yaratildi.
Bu o‘rinda nashriyotlar tomonidan “Bolalar adabiyoti” ruknida jahon adiblari va o‘zbek yozuvchilarining sara asarlari bosqichma-bosqich nashr qilinayotgani tahsinga loyiq. Chunki ushbu kitoblar muntazam ravishda o‘quvchilar qo‘liga yetib bormoqda.
Bolalar adabiyoti haqida so‘z borar ekan, 2 aprel – Xalqaro bolalar kitobi kuni sifatida har yili nishonlanishini ta’kidlash zarur. Ushbu sana 1967 yilda Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi tashabbusi bilan ta’sis etilgan. Bunda 1805 yil 2 aprelda tug‘ilgan daniyalik mashhur bolalar yozuvchisi Hans Kristian Andersenning tavallud sanasi asos qilib olingan.
Shu munosabat bilan jahon miqyosida ko‘plab yangi bolalar adabiyoti nashrlari chop etiladi. Yirik kitob yarmarkalari o‘tkazilishi ham an’ana tusiga kirgan. Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan “Bolalar kitoblari kuni” festivalida bolalar yozuvchilari va rassomlari ushbu adabiy sohadagi asosiy mukofot – Hans Kristian Andersen nomidagi Xalqaro mukofotga sazovor bo‘ladilar.
O‘zbekistonda ham bu kun keng nishonlanadi. Joriy yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Respublika bolalar kutubxonasi, O‘zbekiston noshirlari va kitob savdosi milliy assotsiatsiyasi ishtirokida Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashida O‘zbekiston Respublikasining Milliy sho‘basi tashkil etilgani ayni sanaga munosib tuhfa bo‘ldi.
Bunday Milliy sho‘balar Xalqaro bolalar kitobi kunining xalqaro tashkilotchisi yo homiysi bo‘lish imkoniyatiga ega. Tashkilotchi davlat — Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan tanlov asosida aniqlanadi.
Tashkilotchi mavzuni belgilash, butun dunyo bolalariga murojaat yozish uchun mezbon mamlakatning taniqli muallifini va maxsus afishani loyihalash uchun taniqli rassomni taklif qilish huquqidan foydalanadi. Ushbu materiallar kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda bolalarga sifatli kitoblar yetkazib berish borasida ham bir qancha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Natijada bolalar ko‘ngliga tez va oson kirib boradigan kitoblar kun sayin ko‘paymoqda.
Yangi O‘zbekiston bolalariga atalgan kitoblar hayot maydonining eng yuksak cho‘qqisiga chorlab turadigan porloq mash’alaga o‘xshaydi. Ularning har bir sahifasi farzandlarimizni izlanishga, intilishga, yangiliklar yaratishga chorlab va hamisha ilhomlantirib turadi.
Download 113.99 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling