Umumiy va umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar korxonada ishlab chiqarish rivojlanishining yo’nalishi va darajasini aks ettiradi. Bunday ko’rsatkichlar qatoriga ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi, mehnat, tannarx va jamg’armalar bo’yicha ko’rsatkichlarni kiritish mumkin.
Xususiy ko’rsatkichlar umumlashtiruvchi ko’rsatkichlar asosini tashkil qiluvchi alohida elementlarni, masalan, material, yoqilg’i, energiya va shu kabilarning mahsulot tannarxidagi salmog’ini tavsiflaydi. Shuningdek, bu ko’rsatkichlar asosiy ko’rsatkichlar darajasiga ta’sir o’tkazuvchi alohida omillarni ham tavsiflab beradi. Masalan, yordam ko’rsatuvchi ishchilar salmog’ining mehnat, ishlab chiqarishi darajasiga ta’siri; asbob-uskunalarni ish bilan ta’minlash koeffitsientining ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi va korxona ishlab chiqarish dasturining bajarilishiga ta’siri; xom ashyo va materiallardan foydalanish koeffitsientining mahsulot tannarxi pasayishiga ta’siri va hokazolar.
Umumlashtiruvchi hamda xususiy ko’rsatkichlar ikkita kategoriyaga - miqdor (absolyut) va sifat (nisbiy) kategoriyalariga bo’linishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |