Korxonalar faoliyatini tashkil etish shartlari, zarur hujjatlar


Download 150.8 Kb.
bet1/8
Sana16.06.2023
Hajmi150.8 Kb.
#1502311
  1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
KORXONALAR FAOLIYATINI TASHKIL ETISH SHARTLARI, ZARUR HUJJATLAR


KORXONALAR FAOLIYATINI TASHKIL ETISH SHARTLARI, ZARUR HUJJATLAR
Reja:



  1. Korxonani tashkil qilish tamoyillari.

  2. Ta’sis hujjatlari.

  3. Korxonalarning davlat tomonidan ro‘yxatga olinishi va unga inqiroz sharoitida engilliklar kiritilishi.

  4. Korxonalarni tugatish va qayta tashkil qilish.

Korxonalar mulk egasi (egalari) yoki u (ular) tayinlagan vakillik organi, mehnat jamoasi yoki muassislar guruhining qarori bo‘yicha belgilangan qonun-qoidalarga asosan tashkil qilinishi mumkin. Yangi korxonani tashkil qilish quyidagi tashkiliy tamoyillar asosida amalga oshiriladi:  korxonani tashkil qilish fikrining paydo bo‘lishi;  korxona muassislarini tanlash;  taklif qilinayotgan mahsulotga bozordagi talabni o‘rganish;  korxona Nizom jamg‘armasini tuzish uchun moliya manbalarini aniqlash;  korxonaning ta’sis hujjatlari va biznes-rejasini tayyorlash;  davlat ro‘yxatidan o‘tish;  muhr, shtamp va boshqa rekvizitlarni tayyorlash; “Xususiy korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra xususiy korxona mulkdor tomonidan tuziladi, mulkdor unga tegishli mol-mulk beradi va uning ustavini tasdiqlaydi. Xususiy korxona, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tuziladi. Xususiy korxona boshqa yuridik shaxslarning muassisi bo‘lishga yoki ularning ustav fondida o‘zgacha tarzda ishtirok etishga, vakolatxonalar ochishga va filiallar tuzishga haqli. «Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarni ta’sis etish tartibi belgilab beriladi. Unga ko‘ra jamiyatning muassislari ta’sis shartnomasini tuzadilar va jamiyat ustavini tasdiqlaydilar. Agar jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav jamiyatning ta’sis hujjati hisoblanadi.. Jamiyat muassislari jamiyatning ijro etuvchi organlarini saylaydilar (tayinlaydilar), shuningdek jamiyatning ustav fondiga (ustav kapitaliga) pulsiz hissalar qo‘shilgan taqdirda, ularning pul bahosini tasdiqlaydilar. «Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra xo‘jalik shirkati to‘liq shirkat yoki kommandit shirkat shaklida tuziladi. Xo‘jalik shirkati, agar uning ta’sis shartnomasida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tuziladi. Xo‘jalik shirkati qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday turdagi faoliyatni amalga oshirishi mumkin. Ro‘yxati qonunlarda belgilanadigan faoliyatning ayrim turlari bilan xo‘jalik shirkati faqat litsenziya asosida shug‘ullanishi mumkin. Aksiyadorlik jamiyatni tuzish «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Aksiyadorlik jamiyatni tuzish usullari o‘z ichiga jamiyat yangidan ta’sis etish yoki mavjud yuridik shaxsni qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, birlashtirish, bo‘lish, ajratib chiqarish, qayta tuzish) yo‘li bilan tuzish usullarini oladi. Jamiyatni ta’sis etish yo‘li bilan tuzish muassislarning (muassisning) qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Jamiyatni ta’sis etish to‘grisidagi qaror ta’sis yigilishi tomonidan qabul qilinadi. Jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilgan taqdirda jamiyatni ta’sis etish haqidagi qarorni shu shaxsning yolg‘iz o‘zi qabul qiladi. Jamiyat muassislari uni tuzish to‘grisida o‘zaro ta’sis shartnomasini imzolaydilar, shartnomada ularning jamiyatni ta’sis etish borasida birgalikda faoliyat ko‘rsatish tartibi, jamiyat ustav fondining miqdori, muassislar o‘rtasida joylashtirilishi kerak bo‘lgan aksiyalarning xillari va turlari, ular uchun to‘lanadigan haq miqdori va bu haqni to‘lash tartibi, muassislarning jamiyatni tuzishga doir huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yiladi. Aksiyadorlik jamiyatni tuzish bo‘yicha ta’sis yig‘ilishi (konferensiyasi) chaqiriladi. Ta’sis hujjatlarini tayyorlash korxonani tashkil etish va keyingi faoliyat yuritish jarayonidagi muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ta’sis hujjatlari faoliyat yurituvchi korxonalarning huquq va majburiyatlarini hamda sharoitlarini ifodalaydi. Korxonalar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarida ikki xil ta’sis hujjatlari belgilab berilgan: korxona nizomi( ustavi); ta’sis shartnomasi. Ta’sis hujjatlarini mazmuni va tayyorlash tartibi turli tashkiliy-xuquqiy shakllardagi korxonalar uchun o‘ziga hos bo‘ladi. Xususiy korxonaning ta’sis hujjati sifatida uning ustavi qabul qilinadi. Xususiy korxonaning ustavida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
 korxonaning firma nomi;
 uning joylashgan eri va pochta manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 asosiy faoliyat turlarining ro‘yxati;
 mulkdorning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
 ustav fondining miqdori.
Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar ta’sis hujjatlari sifatida jamiyatning ta’sis shartnomasi va ustavi qabul qilinadi.
Agar jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilsa, shu shaxs tasdiqlagan ustav jamiyatning ta’sis hujjati hisoblanadi. Jamiyat ishtirokchilarining soni ikki va undan ortiq kishiga ko‘paysa, ular o‘rtasida ta’sis shartnomasi tuzilishi kerak. Ta’sis shartnomasi qoidalari bilan jamiyat ustavi qoidalari mos kelmagan hollarda jamiyat ustavi qoidalari uchinchi shaxslar va jamiyat ishtirokchilari uchun ustuvor kuchga ega bo‘ladi. Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarning ta’sis shartnomasida jamiyatning muassislari jamiyatni tuzish majburiyatini oladilar va uni tuzish yuzasidan birgalikdagi faoliyat tartibini belgilaydilar. Ta’sis shartnomasida quyidagilar ham belgilanadi:
 jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) tarkibi;
 jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori va jamiyat har bir muassisi (ishtirokchisi) ulushining miqdori;
 jamiyat ta’sis etilayotganda uning ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissalarni qo‘shish tartibi, miqdori, usullari va muddatlari;
 hissalarni qo‘shish bo‘yicha majburiyatlarini buzganlik uchun jamiyat muassislarining (ishtirokchilarining) javobgarligi;
 jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) o‘rtasida foyda va zararlarni taqsimlash shartlari va tartibi;
 jamiyat organlarining tarkibi va jamiyat ishtirokchilarining jamiyatdan chiqish tartibi. Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarning ustavida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
 jamiyatning to‘liq va qisqartirilgan firma nomi;
 jamiyat faoliyatining predmeti;
 jamiyatning pochta manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 jamiyat organlarining tarkibi va vakolatlari to‘g‘risidagi, shu jumladan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatiga kiruvchi masalalar to‘g‘risidagi, jamiyat organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki kvalifikatsion ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadigan masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 jamiyat har bir ishtirokchisi ulushining miqdori va nominal qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari;
 jamiyat ishtirokchisining jamiyatdan chiqish tartibi va uning oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushning boshqa shaxsga o‘tishi tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 jamiyatning hujjatlarini saqlash tartibi hamda jamiyat tomonidan jamiyat ishtirokchilariga va boshqa shaxslarga axborot taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 jamiyatning vakolatxonalari va filiallari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
 qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa ma’lumotlar. Aksiyadorlik jamiyatining ta’sis hujjati sifatida ta’sis yig‘ilishi (muassis) tasdiqlagan ustav qabul qilinadi. Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ tasdiqlaydigan emissiya ma’lumotnomasi ham ta’sis hujjati hisoblanadi. Aksiyadorlik jamiyatining ustavida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim:
 firmaning to‘liq va qisqartirilgan nomi hamda joylashgan eri (pochta manzili);
 faoliyat sohasi, maqsadi va muddatlari;
 ustav fondining miqdori;
 ustav fondini ko‘paytirish yoki kamaytirish tartibi;
 chiqarilayotgan aksiyalar turlari, ularning nominal qiymati, har xil turdagi aksiyalarning nisbati;
 daromad (foyda)ni, dividendlarni taqsimlash va zararni qoplash tartibi;
 zaxira fondini va boshqa fondlarni tashkil etish tartibi;
 jamiyat qatnashchilarining huquq va majburiyatlari;
 jamiyat boshqaruvining tuzilishi, ijroiya va nazorat organlari a’zolarining soni, ularni saylash tartibi, bu organlarning vakolatlari;
 yillik hisobotlarni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibi;
 jamiyatni qayta tuzish va tugatish tartibi. Ochiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondining eng kam miqdori jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanada O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha to‘rt yuz ming AQSH dollariga teng bo‘lgan summadan kam bo‘lmasligi, yopiq aksiyadorlik jamiyati ustav fondining eng kam miqdori esa, jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanada qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravari miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak. Xo‘jalik shirkatining ta’sis etish hujjati bo‘lib, uning ta’sis shartnomasi hisoblanadi. Ta’sis shartnomasida quyidagi ma’lumotlar bo‘ladi:
 ta’sis etilayotgan xo‘jalik shirkatining turi, uning faoliyat sohasi, maqsadlari va muddatlari;  muassislarning (ishtirokchilarning) tarkibi;
 ta’sis etilayotgan xo‘jalik shirkatining firma nomi va pochta manzili;
 ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori va uni hosil qilish tartibi;
 xo‘jalik shirkati har bir ishtirokchisi ulushining miqdori va nominal qiymati;
 xo‘jalik shirkati ishtirokchilari hissalarining tarkibi, ularni kiritish muddatlari va tartibi;
 xo‘jalik shirkatining ustav fondini (ustav kapitalini) ko‘paytirish va kamaytirish tartibi;
 xo‘jalik shirkatining faoliyatini boshqarish tartibi;
 foydani taqsimlash va zararni qoplash tartibi;
 xo‘jalik shirkatini qayta tashkil etish va tugatish tartibi;
 qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shartlar. Har qanday shakldagi korxona joylashgan manzilgohi bo‘yicha davlat organlarida ro‘yxatga olingan kundan boshlab tashkil qilingan hisoblanadi. Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish, tegishli ravishda, yustitsiya organlari yoki tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari tomonidan bir vaqtning o‘zida ularni soliq va statistika organlarida hisobga qo‘ygan holda amalga oshiriladi. Korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddatlarini “Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish tartibotlari tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 20 avgustdagi 357-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga 60 qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom” belgilab beradi. Unga ko‘ra 2003 yil 1 oktyabrdan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay shartsharoitlar yaratish, rasmiylashtirishning bosqichma-bosqich ro‘yxatdan o‘tkazish prinsipiga o‘tish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishdagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash maqsadida tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari” tashkil etildi. «Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24.05.2006 yil 24 maydagi Qaroriga ko‘ra tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish uchun ma’muriy sarfxarajatlarni kamaytirish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishdagi byurokratik to‘siqlar va g‘ovlarni bartaraf etish yo‘li bilan yanada qulay shartsharoitlarni yaratish maqsadida 2006 yilning 1 sentyabridan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga olishning xabardor qilish tartibi o‘rnatildi. Xabardor qilish tartibi er maydonlari ajratib berish, gaz va elektr tarmoqlariga ulash to‘g‘risida, shuningdek litsenziyalanadigan faoliyat turlari bo‘yicha qaror talab etiladigan tadbirkorlik sub’eklarini ro‘yxatga olishda qo‘llanilmaydi. Ariza - xabarnomani bergan paytdan boshlab tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatiga olib, unga davlat ro‘yxatiga olinganlik to‘g‘risidagi guvohnomani berishgacha o‘tadigan muddat ko‘pi bilan ikki ish kunini tashkil etadi. Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatiga olishning xabardor qilish tartibini belgilovchi Nizomga ko‘ra yuqorida keltirilgan shartlar asosida korxonalar quyidagi idoralarda ro‘yxatga olinadi: 1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari bilan aksiyadorlik kompaniyalari, shu jumladan davlat-aksiyadorlik kompaniyalar va xoldinglar shaklida tashkil etilayotgan xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek Toshkent shahrida tashkil etiladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, bozorlar hamda soliq maslahatchilari tashkilotlari ro‘yxatga olinadi. 2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar adliya boshqarmalari tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etiladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, bozorlar hamda soliq maslahatchilari tashkilotlari ro‘yxatga olinadi. 3. Tumanlar va shaharlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari tomonidan yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari barcha tadbirkorlik sub’ektlari, shu jumladan xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalarni ruyxatga olinadi. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida muhandislik kommunikatsiyalariga (gaz bilan ta’minlash, energiya bilan ta’minlash, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya, issiqlik bilan ta’minlash, telefon aloqasi tarmoqlari) ulanish, turarjoylarni noturar-joy toifasiga o‘tkazish, ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilishga ruxsat berish, shuningdek litsenziyalanadigan faoliyat turlari bo‘yicha qaror talab etiladigan tadbirkorlik sub’eklarini (korxonalarni) ro‘yxatga olishda xabardor qilish tartibidan birmuncha o‘zgacha tartiblar amal qiladi. Bu tartiblarni yuqorida qayd etilgan “Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom” belgilab beradi. Vakolatli organlarda va foydalanish tashkilotlarida er uchastkasi berish, ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, turar joy binolarini noturar joy toifasiga o‘tkazish ruxsat beruvchi hujjatlarni, shu jumladan muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish (gaz, 61 energiya, suv ta’minoti, kanalizatsiya, isiqlik ta’minoti, telefon aloqasi) uchun texnik shartlarni rasmiylashtirish quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi: - loyihaoldi (arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar); - loyihalashtirish; - qurish. Tadbirkorlik sub’ektlarini yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza beruvchi (muassis yoki muassislar tomonidan vakil qilib tayinlangan shaxs) ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga shaxsan kelib yoki pochta orqali ariza-xabarnoma taqdim etadi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza-xabarnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
 davlat tilidagi ta’sis hujjatlarining belgilangan tartibda notarial tasdiqlangan ikki asl nusxasi, bunda davlat korxonalari negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlari uchun ta’sis hujjatlarining notarial tasdiqlangan bo‘lishi talab etilmaydi;
 davlat bojining yoki ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imining belgilangan miqdori to‘langanligi haqidagi bank to‘lov hujjati;
 bir xil yoki adashtirish darajasida o‘xshash bo‘lgan firma nomi mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnomaning asl nusxasi;
 uch nusxada muhr va shtamp eskizlari. Bir xil yoki adashtirish darajasida o‘xshash bo‘lgan firma nomi mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnoma tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgunga qadar tumanlar (shaharlar) davlat statistika organlaridan olinadi . Zarur ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-qoidalari tugagandan keyin ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ belgilangan muddatda yuridik shaxslarga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani va ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning muhri bilan tasdiqlangan, "ro‘yxatdan o‘tkazildi" degan belgi qo‘yilgan ta’sis hujjatlarini, shuningdek muhr va shtamp eskizi bilan birgalikda muhr va shtamp tayyorlashga ruxsatnomani beradi. Barcha zarur hujjatlar tadbirkorlik sub’ektiga bir vaqtda beriladi. 2009 yilda tadbirkorlarning o‘z ishini tashkil etish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarini qisqartirish ishlari davom ettirildi. Masalan: - arxitektura-rejalashtirish topshiriq to‘plamlarini olish qiymati – 4 barobar; - loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish – 2,5 barobar; - kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish qiymati – 2 barobarga pasaytirildi. Tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdagi ruxsat berish jarayonlarining qisqartirilishi va to‘lovlarning optimallashtirilishi bilan bog‘liq tadbirlar natijalarini quyidagi jadval orqali yaqqolroq ko‘rish mumkin Korxona faoliyatini to‘xtatish uni tugatish yoki qayta tashkil qilish shaklida amalga oshirilishi mumkin. Ishlab chiqarishning barqaror emasligi, moliyaviy qiyinchiliklar, surunkali zarar ko‘rish va to‘lov qobiliyatining yo‘qolishini korxonalarni tugatish yoki qayta tashkil qilishga asosiy sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Korxonani qayta tashkil qilish – bu, uning birlashib ketishi, qo‘shilishi, bo‘linishi, ajralib chiqish va shaklini o‘zgartirishi degani. Korxonani qayta tashkil qilish ta’sischi (ta’sischilar) qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Qayta tashkil qilish korxonaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, moliyaviy va iqtisodiy ko‘rsatkichlari avvalgiga nisbatan yaxshilanishiga xizmat qilishi lozim. Korxonani tugatish huquqiy xatti-harakat bo‘lib, ishlab chiqarish va xo‘jalik yuritish faoliyatining to‘xtatilishini anglatadi. Korxonani tugatish uning ta’sischilari tomonidan qabul qilinadigan qaror asosida ixtiyoriy tugatish shaklida yoki xo‘jalik sudi qarori asosida amalga oshiriladi. Korxonani ixtiyoriy tugatish 2007 yil 27 aprelda qabul qilingan «Tadbirkorlik sub’ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori va unga ilova tarzida berilgan “Tadbirkorlik sub’ektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi to‘g‘risida Nizom” asosida amalga oshiriladi. Korxonani ixtiyoriy tugatish quyidagi ikki hil holat bo‘yicha alohida tartibda amalga oshiriladi : 1. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalarni ixtiyoriy tugatish. 2. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab moliya-xo‘jalik faoliyatini yuritmayotgan korxonalarni ixtiyoriy tugatish. Oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab tugatuvchi tomonidan kreditorlarga quyidagi navbat bo‘yicha pul summalarini to‘lash amalga oshiriladi:  birinchi navbatda - fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, alimentlarni undirishga va mualliflik shartnomalari bo‘yicha pul to‘lovlariga doir talablarini, shuningdek fuqarolarning hayoti va salomatligiga etkazilgan zarar uchun korxona tegishli vaqtbay to‘lovlarni soqit qilish yo‘li bilan javob beradigan talablarini qondirish;
 ikkinchi navbatda - byudjetga, davlat maqsadli fondlariga va byudjetdan tashqari jamg‘armalarga to‘lovlar;
 uchinchi navbatda - boshqa kreditorlarning talablari. Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish uchun pul mablag‘lari etarli bo‘lmagan taqdirda tugatuvchi tomonidan mol-mulkning bozor qiymatini aniqlash uchun mustaqil baholovchi jalb etiladi va korxona mol-mulkini ochiq savdolarda sotish tashkil etiladi. Savdoga qo‘yilgan sanadan boshlab ikki oy mobaynida sotilmagan mol-mulk kreditorlarga baholash summasida, yuqorida keltirilgan navbatga rioya etgan holda mulk etib qabul qilish taklif etilishi kerak. Kreditorlarning talablarini to‘liq hajmda qondirishning mumkin emasligi aniqlangan taqdirda tugatuvchi korxonani to‘lovga qodir emas (bankrot) deb e’tirof etish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat qilishi shart. Korxona to‘lovga qodir emas (bankrot) deb e’tirof etilgan vaqtdan boshlab ixtiyoriy tugatish to‘xtatiladi va bundan keyingi tartibot bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Tugatuvchi korxonani davlat reestridan chiqarish uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:  bir yoki bir necha davriy bosma nashrlarda chiqqan korxonaning ixtiyoriy tugatilganligi to‘g‘risidagi e’lonni;
 davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani;
 korxonaning barcha hisob raqamlari yopilganligi to‘g‘risida xizmat ko‘rsatuvchi banklarning ma’lumotnomalarini;
 korxonaning muhr va shtamplarini;
 vakolatli organning, agar mavjud bo‘lsa, chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarini bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotnomasini;
 agar mavjud bo‘lsa, barcha litsenziyalar (ruxsatnomalar)ning asl nusxalarini;
 davlat soliq xizmati organining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarz yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasini;
 korxona hujjatlarining davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani. Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamgarmalarini shakllantirmagan korxonalar faoliyatini tugatish tartibi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 iyuldagi Qarori bilan tasdiqlangan “Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘zlarining ustav jamg‘armalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish tartibi to‘g‘risida Nizom” ososida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra moliya-xo‘jalik faoliyatini olti oy mobaynida amalga oshirmayotgan korxonalarni (bank hisobvaraqlari bo‘yicha uch oy mobaynida operatsiyalarni o‘tkazmagan savdo, savdo-vositachi korxonalarni), shuningdek qonunchilikda belgilangan muddatda o‘zlarining ustav jamgarmalarini shakllantirmagan korxonalarni tugatish korxona muassislarining qarori asosida ixtiyoriy yoki xo‘jalik sudi qarori asosida amalga oshiriladi. "Moliya-xo‘jalik faoliyati" atamasi ostida korxonalarning mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish hamda buxgalteriya-moliya, hisob-kitob va tovarga ilova hujjatlarini yuritish bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish faoliyati tushuniladi. Bunday korxonalar faoliyatini bundan buyon davom ettirishining maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani hal etish, shuningdek korxonalarni tugatish jarayonini xo‘jalik sudlari qarorlari bo‘yicha amalga oshirish (ularning muassislari, qatnashchilari ularni tugatishga rozi bo‘lmagan, shuningdek ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarning turar joyini aniqlash va ularni tugatish jarayoniga jalb etishni ta’minlash mumkin bo‘lmagan hollarda) quyidagi idoralarda amalga oshiriladi: Adliya organlari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan korxonalar bo‘yicha - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan; SHaharlar, tumanlar hokimliklari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan korxonalar bo‘yicha - ushbu hokimliklar huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va to‘lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, uning bankrotlik alomatlari deb e’tirof etiladi. Bankrotlik to‘g‘risidagi ish bankrotlik alomatlari mavjud bo‘lgan taqdirda, agar qarzdor yuridik shaxsga nisbatan jami talablar eng kam ish haqi miqdorining kamida besh yuz karrasini tashkil etadigan bo‘lsa, xo‘jalik sudi tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin Pul majburiyatlarini bajarmaganligi natijasida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, kreditor va prokuror ega. Majburiy to‘lovlar majburiyatini bajarmaganligi natijasida qarzdorni bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, prokuror, davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlar ega. Qarzdor, agar uning yuqorida keltirilgan holatlar mavjud bo‘lsa, o‘zini bankrot deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan xo‘jalik sudiga murojaat etishga haqli

Download 150.8 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling