Kredit resurslarining manbalari
Kredit resurslarining asosiy manbalari quyidagilardan iborat:
korxonalarning amortizatsiya ajratmalari;
mahsulot sotishdan olingan pul tushumlari;
korxonalarning ishlab chiqarish, fan va texnikani rivojlantirish fondlari, moddiy ragʻbatlantirish fondlari;
korxonalar foydasi. Ular davlat byudjeti va kredit tizimi bilan hisob-kitob qilinguncha, shuningdek uning tegishli qismi korxona ehtiyojlari uchun foydalanguncha bankdagi hisoblarida saqlanadi;
bankdagi byudjet muassasalari, kasaba uyushmalari va boshqa ijtimoiy tashkilotlarning joriy pul resurslari;
aholining boʻsh pul mablagʻlari.
Takror ishlab chiqarish jarayonida vaqtincha boʻsh pul resurslari hosil boʻlishi bilan bir vaqtda, iqtisodiyotning ayrim boʻgʻinlari va sohalarida qoʻshimcha pul mablagʻlariga ehtiyoj paydo boʻladi. Avvalo kredit qayta taqsimlash vazifasini bajaradi. Uning yordamida korxonalar, davlat va aholining boʻsh pul mablagʻlari ssuda fondi shaklida toʻplanib, keyin bu mablagʻlar kredit mexanizmi orqali iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini hisobga olib qayta taqsimlanadi. Shu orqali kredit ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini taʼminlashga xizmat qiladi. Ikkinchidan, kredit pulga tenglashtirilgan toʻlov vositalarini (veksel, chek, sertifikat va h.k.) yuzaga chiqarib, ularni xoʻjalik amaliyotiga joriy etish vazifasini bajaradi. Uchinchidan, kredit naqd pullar oʻrniga kredit pullarni rivojlantirish va pul muomalasini jadallashtirish bilan muomala xarajatlarini tejash vazifasini bajaradi. Toʻrtinchidan, kredit ssuda fondining harakati (qarz berish va qarzni undirish) orqali iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish vazifasini bajaradi. Beshinchidan, kredit oʻz muassasalari orqali iqtisodiy subʼektlar faoliyati ustidan nazorat qilish vazifasini bajaradi. Nihoyat, kreditning oʻziga xos vazifasi iqtisodiyotni tartibga solish hisoblanadi. Bunda kredit uchun foiz stavkalarini tabaqalashtirish, davlat tomonidan kafolatlar va imtiyozlar berish kabi usullardan foydalaniladi. Kredit bir qator turlarda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |