Kirish
Kriptografiya fanining ustunlaridan biri bu, abatta, algebra hisoblanadi. Ushbu tushunchaning kelib chiqishi bevosita matematika bilan bog‘liq bo‘lib, hozirgi kunda keng ko‘lamli qo‘llanish sohalaridan iborat. Algebra fanining asoschisi IX asrda yashagan matematik va astronom Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning “Al-jabr va al-muqobala” asarining ta’sirida vujudga kelgan. “Algebra” atamasi ham aynan ushbu asarning nomidan olingan. Shu bilan birga “Algoritm” tushunchasi ham olimning ismlaridan kelib chiqqan. Bu ham hozirgi kunda eng keng qo‘llanilayotgan tushunchalardan biri hisoblanadi.
Keyingi vaqtlarda kriptografiyada algebra usullaridan foydalanib muhim ixtirolar qilingan. Shu bilan birga algebraning boshqa fanlarda ham muhim tatbiqlari mavjud, masalan fizikada, informatikada va iqtisodiy izlanishlarda.
Mazkur qo‘llanmada aynan kriptografiyada mavjud oddiy shifrlash bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar o‘rganilgan va misollar bilan boyitilgan. Shu bilan birga ushbu qo‘llanmada tarixiy ma’lumotlar ham yoritilgan va talabalar uchun foydali bo‘lgan shifrlash algoritmlari oddiy qilib yoritilgan bo‘lib, faqatgina “Kriptografiya I” fani doirasida zarur bo‘lgan asosni belgilab beradi.
Uslubiy qo‘llanmada kriptografiya tarixi va tasnifi bevosita hozirgi zamon adabiyotlarida keltirilgan ma’lumotlar asosida berilgan. Bu bilan birga beriladigan ma’lumotlar oddiyligi va misollar orqali yoritilganligi bilan ajralib turadi. Mazkur qo‘llanmada har bir paragraph doirasida misollar bilan mavzuni tushuntirishga harakat qilingan. Qisqa nazariy ma’lumotlardan so‘ng amaliy mashg‘ulotlar va mustaqil ta’lim uchun misollar keltirilgan. Barcha misollar javoblari qo‘llanmaning oxirgi betlaridan o‘rin olgan.
Qo‘llanmada keltirilgan har bir usulning bayoni batafsil yechilgan misollar bilan mustahkamlangan. Bundan tashqari qaralayotgan mavzu bevosita matematika kursi bilan uzviy bog‘lab yozilgan. Qo‘llanmada talabalarning mustaqil ishlari uchun yetarlicha misol va mashqlar keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |