Kuchga kirish sanasi
Download 47.55 Kb.
|
NIZOM
Mavzu: Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert kengashlari to‘g‘risida. NIZOM O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktorining buyrug‘i, 07.01.2010 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 2060 Kuchga kirish sanasi 17.01.2010 O‘ZBEKISTON STANDARTLASHTIRISH, METROLOGIYA VA SERTIFIKATLASHTIRISH AGENTLIGI BOSH DIREKTORINING BUYRUG‘I TEXNIK JIHATDAN TARTIBGA SOLISH SOHASIDAGI EKSPERT KENGASHLARI TO‘G‘RISIDA [O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 7-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2060] O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y. 4-son, 140-modda) muvofiq buyuraman: 1. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert kengashi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi. Bosh direktor A. ABDUVALIYEV Toshkent sh., 2009-yil 11-dekabr, 534-son O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining 2009-yil 11-dekabrdagi 534-sonli buyrug‘iga ILOVA Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y. 4-son, 140-modda) muvofiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari huzurida tuziladigan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert kengashlarining faoliyatlarini tartibga soladi. I. Umumiy qoidalar 1. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert kengashlari (bundan keyingi o‘rinlarda kengash deb yuritiladi) umumiy va maxsus texnik reglamentlarni, texnik reglamentlarga o‘zgartish va qo‘shimchalarni ishlab chiqish, shuningdek mazkur reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish uchun tashkil etiladi. 2. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardir: umumiy va maxsus texnik reglamentlar loyihalarini ishlab chiqish; umumiy va maxsus texnik reglamentlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ularni bekor qilish to‘g‘risida takliflar tayyorlash. 3. Kengash o‘ziga yuklatilgan asosiy vazifalardan tashqari quyidagilarni amalga oshiradi: davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining vakolatlari doirasida texnik jihatdan tartibga solish davlat tizimining asosiy yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha ish rejalarini ishlab chiqish; standartlashtirish bo‘yicha tarmoq va tarmoqlararo texnika qo‘mitalariga belgilangan tartibda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi reja va tadbirlar ishlab chiqishda uslubiy yordam ko‘rsatish. 4. Kengash quyidagi huquqlarga ega: texnik reglamentlar ishlab chiqishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish; texnik reglamentlarni ishlab chiqishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridan belgilangan tartibda tegishli ma’lumotlar olish; texnik reglamentlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilish bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlariga takliflar kiritish; texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlariga texnik reglamentlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborish. 5. Kengash o‘z faoliyati davomida texnik tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga amal qiladi. (5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) Kengash texnik reglament loyihalarining tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan kelishilishini ta’minlaydi. II. Kengashni shakllantirish 6. Kengash tarkibi rais, rais o‘rinbosari va a’zolardan iborat bo‘ladi. Ish yuritishni tashkillashtirish uchun kotib tayinlanadi. 7. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbarining o‘rinbosari — kengash raisi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi tarkibiy tuzilmasining rahbari — kengash raisining o‘rinbosari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi tarkibiy tuzilmasining mas’ul xodimi – kengash kotibi etib tayinlanadi. 8. Kengash a’zoligiga texnik reglamentlarni joriy etuvchi tashkilotlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, texnik reglamentlar qabul qilinishi munosabati bilan qayta ko‘rib chiqilishi, o‘zgartirish kiritilishi yoki bekor qilinishi lozim bo‘lgan mahsulotlar, ishlar va xizmatlar bo‘yicha o‘zaro bog‘liq normativ hujjatlarni tasdiqlagan tashkilotlar, standartlashtirish bo‘yicha bazaviy hamda tarmoqqa oid tashkilotlar vakillari tayinlanadi. 9. Kengash a’zolari ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan tashkilotlarning taqdimoti bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi rahbarining buyrug‘i (farmoyishi) bilan tayinlanadi. 10. Kengash a’zolari kengash ishida ishtirok etadi, kengash tomonidan qaror qabul qilishda ovoz beradi, texnik reglamentlarning loyihalari bo‘yicha tegishli takliflarni beradi. Kengash a’zolari boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida tuziladigan kengash ishida qatnashishi mumkin. III. Kengash faoliyatini tashkil etish 11. Kengash o‘z faoliyatini ushbu Nizomga muvofiq amalga oshiradi. 12. Kengash raisi: kengash ishini tashkillashtiradi; kengash majlisi bo‘ladigan sana va joyni belgilaydi; kengash majlislarida raislik qiladi. Kengash raisi bo‘lmagan hollarda uning vazifalarini kengash raisining o‘rinbosari bajaradi. 13. Kengash kotibi o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan majlislar to‘g‘risida kengashning barcha a’zolarini xabardor qiladi. 14. Texnik reglament loyihalari texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturlariga muvofiq kengash tomonidan ishlab chiqiladi. 15. Kengash tuziladigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organi texnik reglamentlar ishlab chiqilishi to‘g‘risidagi xabarlarni belgilangan tartibda nashr qiladi. 16. Kengash texnik reglamentning talablari tatbiq etiladigan mahsulotlar, ishlar va xizmatlarning guruhi va turlarini aniqlaydi. Mahsulotlar, ishlar va xizmatlarning texnik reglamentlarda belgilangan talablarga muvofiqligini baholash usullari belgilanadi. 17. Texnik reglamentning loyihasi kelishilishi lozim bo‘lgan tegishli tashkilotlarning ro‘yxati kengash tomonidan belgilanadi va ularga yuboriladi. 18. Texnik reglament loyihalari 30 kun mobaynida kelishilishi lozim. 19. Texnik reglament loyihasi bo‘yicha kelishilishi lozim bo‘lgan tegishli tashkilotlarda taklif va e’tirozlar mavjud bo‘lmasa, bu haqda kengashga xabar berilishi lozim. 20. Kengash tomonidan ishlab chiqilgan texnik reglament loyihasi bo‘yicha kelib tushgan barcha taqrizlar kotib tomonidan umumlashtiriladi va bu haqda 5 kun mobaynida ma’lumot tayyorlanadi. 21. Kelib tushgan taqrizlar kengash majlisida ko‘rib chiqiladi. 22. Taqrizlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra texnik reglamentning yakuniy loyihasi tayyorlanadi. 23. Texnik reglamentlar loyihalari aniq ifodalanishi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq kelishi, ko‘rib chiqilayotgan masalaning puxta tahlilini va xolis bahosini o‘z ichiga olgan bo‘lishi, texnik reglamentdan foydalanuvchilar oldiga aniq maqsad va vazifalarni qo‘yishi, shuningdek, ularning talablarini bajarishning aniq muddatlarini belgilashi lozim. (23-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) 24. Texnik reglament loyihasiga kengash raisi, uning o‘rinbosari va barcha a’zolari tomonidan rozilik imzosi qo‘yiladi. Rozilik imzosi qo‘yilgan loyiha belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tish uchun tayyor deb hisoblanadi. 25. Texnik reglamentlarning yakuniy loyihasi 3 ish kuni mobaynida belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazish uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli vakolatli davlat organiga yuboriladi. 26. Texnik reglamentlar loyihalarining ekspertizasi faoliyatlarining yo‘nalishlari bo‘yicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari huzurida tuziladigan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. 27. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi tomonidan texnik reglament loyihasi belgilangan talablarga nomuvofiqligi haqida xulosa qabul qilingan taqdirda, ushbu xulosa kelib tushgan kundan boshlab 15 kun mobaynida texnik reglament loyihasi kengash tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. 28. Texnik reglamentning oxiriga yetkazib ishlab chiqilgan loyihasi ushbu Nizomning 25 va 26-bandlariga asosan qayta ekspertizadan o‘tkazish uchun topshiriladi. 29. Texnik reglament loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturida o‘rnatilgan muddatlarda kengash tomonidan ishlab chiqilishi kerak. IV. Yakuniy qoida 30. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan kelishilgan Download 47.55 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling