Kurs ishi mavzu: “farhod va shirin” dostonining tasavvufiy mohiyati
I BOB. “FARHOD VA SHIRIN” VA NAVOIYNING TASAVVUFIY QARASHLARI
Download 62.29 Kb.
|
Farhod va Shirin
I BOB. “FARHOD VA SHIRIN” VA NAVOIYNING TASAVVUFIY QARASHLARI
1.1 Navoiy asarlarida tasavvufiy g`oyalar talqini Tasavvuf – ishq yo’li, sir yo’li, hurriyat yo’li. Tasavvuf tavbani – tavbasizlikka, sabrni – besabrlikka, oriflik va komillikni – noqislik va nodonlikka, faqru fanoni – erksizlik va qaramlikka qarshi qo’yarkan, insonning ruhoniyati va Ruhiy erki uchun keskin kurashgandi. Tasavvuf islom ma’rifati, islom haqiqati, islom nuridan dunyoga kelib, islomning axloqiy komillik, insonparvarlik va Allohsevarlik tushunchalarini boyitib, o’ziga xos tarzda yangi yuksakliklarga olib chiqdi. Zero, bu ta’limot buyuk islom Daraxtining hosili erur. Tasavvuf she`riyati-insonning ruhiy hayoti, yuksak va murakkab psixik holatlarini chuqur tadqiq etgan she`riyat. Unda shaxsning ilohiy tuyg`u va kechinmalari obrazli tahlil qilingan. Mutlaq haqiqatga erishish bosqichlarida sirli xayollari tasvirlangan. Ma`lumki, so`fiylar odamlarni axloq va hissiyotlariga qarab uch toifaga ajratganlar. Birinchi toifa – nafs bandalari. Bular o`z nafslariga mag`lub g`ofillar. Ikkinchi toifa qalb odamlari. Bular ong va idroki rivojlangan, xodoga ancha yaqin zotlar. Ular tavba qilishgan. Sidq, sabr, qanoat, tavakkal, to`g`rilik talablarini og`ishmay bajargan. Uchinchi toifa odamlar – ruh odamlari. Bular tun-u kun diydor dardida yonib, hamma joy va hamma narsada Haqning nuri jamolini ko`radilar. Sharq xalqlari tafakkuri tarixida chuqur ildiz otgan tasavvuf taʼlimotini yaxshi bilmay turib, Alisher Navoiy dunyoqarashi va adabiy merosini barcha murakkabliklari, falsafiy teranligi bilan toʻliq holda toʻgʻri, haqqoniy yoritib berish mushkul. Oʻttizinchi yillardayoq Oybek bunga eʼtiborni qaratgan edi. Ammo, nazarimda, bu masala hamon hal boʻlmasdan, dolzarbligini saqlab kelmoqda. Chunki hozir ham ulugʻ shoir asarlarini “kerakli” va “keraksiz” qismlarga ajratish, orifona mazmundagi sheʼrlarini nashrlardan soqit qilib, el koʻzidan yashirish, “payqamasdan” tadqiqotlarga kiritmaslik kasalligi davom etmoqda. Baʼzan esa, soʻfiyona maʼnolarni anglab yetmaganimiz sababli, Navoiyning ramziy ibora-istioralarini haminqadar talqin etib, oʻquvchi larni chalgʻitib kelmoqsamiz. Bu hol Navoiy dahosini, olamining bepoyonligi va ulugʻvorligini muazzam salohiyati ham koʻrkamligi bilan idrok etishga halal beradi. Vaholanki, Navoiy merosi — yaxlit bir adabiy voqelik, bebaho maʼnaviy xazina. Va yana muhimi shundaki, shoirning oʻlmas gumanizm bilan koʻkargan hayotbaxsh gʻoyalari “dunyoviy” asarlarida qanday porlab tursa, biz bir chekkaga surib qoʻymoqchi boʻlgan “ilohiy” asarlarida ham shunday kuch bilan nur taratib turadi. Zotan, ular zohiriy jihatdan shunday, aslida esa, botiniy maʼnolari mohiyatiga koʻra bir xil falsafiy-tasavvufiy qarashlar silsilasiga borib taqaladigan oʻzaro uzviy aloqador asarlar boʻlib, birini ikkinchisisiz tushunish qiyin. Bas, shunday ekan, shoir asarlarida uchraydigan ishq, may, mayxona, xarobot, soqiy, sogʻar, qadah, xum, mahbub singari koʻpdan-koʻp kinoya-timsollar, ramziy maʼnoli soʻzlar va ular orqasida yotgan yashirin maʼnolar asrori ham uning ijodi yaxlit bir butunlikda olib tekshirilib, olam va odam haqidagi mushohada-mukoshifalari ichida sharhpansagina, mazmuni kerakli darajada aniq oydinlashishi mumkin. Tasavvuf she`riyatida takror-takror tilga olinadigan g`arib ham keyingi guruhning vakilidir. E. Bertelsning aytishicha, Alisher Navoiy o`z ijodiyotida tasavvufning butun axloqiy jihatlarini qamrab olib taqdir hukm etgan muhitdan aloqasini uzmagan bo`lsa-da tasavvufning so`nggi maqsadlarini bir ideal tarzda oldiga qo`ygan edi. Mana shu idealdan biri barchamiz yaxshi biladigan “G`urbatta g`arib shodmon bo`lmas emish” misrali mashhur ruboiysidir. Bu ruboiyning asosiy g`oyasi – vatan muhabbatidir. Navoiy goh Samarqanda bo`ldi, goh Astrobodda, goh Balxda. Mana shunday darbadarliklar shoir ijodiga katta ta`sir ko`rsatgan. Ruboiyning yozilish tarixi, g`oyaviy-badiiy xususiyatlari bir qator adabiyotshunoslar tomonidan o`rganilgan. Hazrat Navoiyning ilk devonidan mana bunday ko`rinishda o`rin olgan. G`urbatda g`arib shodmon bo`lmas emish, El anga shafiqu mehribon bo`lmas emish. Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa, Bulbulg`a tikondek oshiyon bo`lmas emish. “Xazoyin ul–maoniy” variantida ikkinchi satrdagi “rafiq”- “shafiq”, “qadah”- “qafas”ga almashtirilgan. She`r ichki sir va boyligini qancha uzoq muddat yashirin saqlay olsa, o`shancha yaxshi. Ba`zan shunday ham bo`ladi. Qandaydir bir she`r haqida ko`p gapiriladi, yoziladi. Bu o`quvchilarda Bu o`quvchilarda o`sha she`r bag`rida nimalardir sir yotganligiga shubha qolmaydi. Haqiqiy she`rning g`oyaviy tarkibi kamida ikki yiki uch ma`no qatlamidan iborat bo`ladi. Bu jihatdan sharq she`riyati jahon adabiyotida o`rnak ko`rsatgan. Alisher Navoiyning badiiy ummoni nodir dur-u javohirlarga to‘la. Masalan, “Farhod va Shirin” dostonidagi Chin xoqoning o‘g‘li Farhodning yoshlikdagi bilimga chanqoqligi, uning piri komili Suqrot nasihati bilan sof sevgi va ma’naviy yuksalish yo‘lidagi kurashi, mamlakat obodonchiligi yo‘lida tog‘dan ariq qazib, qaqragan yerlarga obi – hayot bag‘ishlashi, sevgilisi Shirin mamlakatini bosqinchi, xudbin Xisravdan himoya qilishi, go‘zal Shirinning sof sevgi yo‘lidagi barcha harakatlari, “Layli va Majnun” dostonidagi Qaysning – Majnunning Layliga bo‘lgan insoniy va ilohiy sevgisi, o‘z navbatida, Laylining Qays yo‘lida halok bo‘lishi, ”Sab’ai sayyor” dostonidagi shoh Bahrom va Diloromning sarguzashtlariga bag‘ishlangan barcha hikoyatlar komil insonning voyaga yetishida saboq va namuna vazifasini bajaradi. Asrlar osha omon qolib, bizga yetib kelgan milliy qadryatlarimiz, ma’naviy va ma’rifiy madaniyatimiz, ilm – ma’rifat, shuningdek, pedagogika fani mustaqillik sharofati ila yangidan rivoj topa boshladi. Ma’lumki, har bir mustaqil davlatning istiqboli fan – texnika, ilm – maorif taraqqiyoti hamda barkamol milliy kadrlarni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan bog‘liqdir. Shu bois ham mustaqil davlatimiz ilm – fan hamda maorif rivojiga salohiyatli milliy kadrlar yetishtirishga jiddiy e‘tibor bermoqda. 1.2. Navoiyning tasavvufiy g’oyalarida “Farhod va Shirin” dostonining o’rni “Farhod va Shirin” Alisher Navoiyning mashhur asarlarilan, uni oʻrganishga bagʻishlangan ilmiy-tahliliy ishlar ham ancha. Ammo, shunga qaramay, bizning nazarimizda, dostonning g’oyaviy mohiyati, ulugʻ shoir koʻzlagan maqsad-muddao hali ochilgan emas. Darhaqiqat, nega Farhod boshqalarga oʻxshagan emas, tugʻilganidan boshlab gʻamgin, bezovta? Sehrli koʻzgu, Yunoniston safaridagi tilsimotlar, dev, ajdaho nimaning ramzi, bu yerlarda, togʻlarda istiqomat qiluvchi donishmandlar-chi, ular kimlar? Nega Navoiy voqealarni toʻgʻridan-toʻgʻri Sh irin bilan uchrashishdan boshla magan, asarning teng yarmi afsonaviy sarguzashtlar tasviriga bagʻishlangan? Bu va bunga oʻxshagan savollarga, afsuski, mavjud tadqiqotlarda javob yoʻq. Holbuki, Navoiy oddiy ertakchi shoir emas, uning har bir ifoda-obrazi, lavha va tamsillarida muayyan umumfalsafiy, kayhoniy-ilohiy maʼno bor. Buni u asarning muqaddimasidayoq qayd etib oʻtadi: Bu rangin sahfa, bilkim. darl bogʻi, Ayon har lolasida ish q dogʻi. Yaʼni, maqsad ishq dardini kuylash. Biroq bu oddiy, zaminiy ish q emas, balki ilohiy ishq, Farhod esa ana shu ilohiy ishqqa mubtalo solikdir. Goʻdakning vujudi “shuʼlai dard” bilan yoʻgʻrilgan, tili chiqqan zahoti ish q va oshiqlik soʻzini aytar, hazin va xastadil boʻlib oʻsar, jismonan baquvvat boʻlsa-da, lekin olamgʻa beparvo, gʻalati edi. “Farhod” soʻzining asl maʼnosi nurli siymo, baxti oʻziga yoʻlboshchi demak. Ammo Navoiy bu nomning arab yozuvidagi harflariga ramziy tus berib, u firoq, rashk, hajr,oh va darddan iborat, deb aytadi. Chunki ilohiy ish q yuragiga olov solgan odamning nasibasi hijron qiynoqlari; u oʻzi bilan Iloh orasida toʻsiq boʻlib turgan dunyo va jismdan qutulish iztiroblarini chekishi shart. Taqdiri azal bu bolaning peshona siga shuni bitgan va u bundan qochib qutulolmaydi. Sh uning uchun uning xoriqulodsa xislatlari kish ilarni hayratga soladi. Farhoddagi rahmdillik, shohu gadoga barobar muomalada boʻlib “el ozoridan ozor topishi”, otasi taklif etgan taxt-tojdan voz kechishi ham uning darveshtabiatligi, qalban mol-dunyoga qiziqma ganidandir. Atrofidagilar esa Farhodning bu ahvolini tushun maydilar Xoqon oʻgʻlining hazin kayfiyatini koʻtarish maqsadida har xil tadbirlar qoʻllaydi (tomoshalar uyushtiradi, toʻrtga qasr qurdiradi, tabiblarga koʻrsatadi va hokazo). Bu orqdli Navoiy ilohiy ishq dardida yongan odam bilan ushbu saodatdan benasib “foniy dunyo” kishilari orasidagi ruhiy-maʼnaviy tafovutni koʻrsatib bergan. Ammo shunisi ajibki, Farhodning oʻzi ham boshida “ichiyu tashi asiri dard” boʻlishiga qaramay, nimaga bundayligini anglab yetmaydi. Faqat shuni biladiki, ixtiyori oʻzida emas, allaqanday olov yonib-yondirib oʻziga chorlaydi, koʻngli hamisha nimagadir mushtoq. Bu holning-da tasavvufiy talqini bor: Farhod dardining boisi nima ekanini bilish i, yaʼni oʻzligini anglashi uchun suluk yoʻliga kirib, maʼrifat manzil larini (maqomotni) bosib oʻtishi lozim. Uning zoʻr qobiliyat bilan egallagan bilimlari, jumladan, Qoran va M oniydan oʻrgangan hunarlari ham, zohiriy (dunyoviy) bilimlar boʻlib, ular tilsimotlar, yaʼni ilohiy siru asrorni ochishga kifoya qilmaydi. Irfoniy-botiniy bilimlarni egallab, ilm ul-yaqin darajasidan haqq ul-yaqin darajasiga koʻtarilish, koʻngil oinasida gʻayb jamo lini aks ettira olish uchun esa u piri komil taʼlimini olishi kerak edi. Farhodning xazinadagi koʻzguni billur sandiq ichidan ololmay (chunki u tilsimlangan) Yunoniston safariga, Suqrot huzuriga otlanishiga zarurat shundan kelib chiqadi. Yunoniston — hikmat mamlakati, zotan, sandiqdagi “hikmat jahoni” — koʻzgu ham Iskandardan qolgan, uni yunon donish - mandlari yasaganlar. Hakimlar togʻlarda, gʻorda yashaylilar Farhod va u bilan birga borgan odamlar avval Suhaylo ismli hakim bilan uchrashadilar Suhaylo — Farhodning tariqat yoʻlidagi birinchi piri, u Suqrot darajasida komil emas, oina sehrini ochishga qurbi yetmaydi. Ammo u Farhodga Suqrot huzuriga borish yoʻlini koʻrsata oladi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, tari qatda bir necha pirning taʼlimini olish rasm edi, shayxlar oʻz darajalariga qarab, shuningdek, muridning isteʼdodini hisobga olib, uni oʻzlaridan kuchliroq pirlarga taqdim etganlar, natijada shogirdning irfoniy qobiliyati pirdan pirga oʻtgani sari ochilib boravergan. Suhaylo ham “donoyi ogoh”, koʻngli bedor odam, u Farhod yengib oʻtishi kerak boʻlgan toʻsiqlar — ajdarho va devdan xabar beradi. Ajdarho —■ nafs timsoli, dev — saltanat timsoli (hokimlik). Suhaylo Farhodga ajdarhoni yengish uchun samandar yogʻini tuhfa etadi. “Otashgohlarda yurib yigʻganman bu yogʻni”, deydi u. Chunki samandar olov ichida yashaydigan jonivor. U — ishqramzi. Farhod badaniga samandar yogʻini surtganda, ajdarhoning oʻti unga kor qilmaydi — ish qotash i nafs oʻtini soʻndiradi, demoqchi buyuk mutafakkir Navoiy. Oʻshal ishqi ilohiy olovikim, Farhodni mard va qahramon qildi, ne-ne balo-ofatlarni yengishga qudrat berdi. Farhod Suhaylo soʻziga amal qilib, dahshatli devni oʻldirgach, uning boʻynidagi kumush lavhani olib, uning yordamida Jamshid jomini qoʻlga kiritadi. Jom gardishida Suqrot huzuriga boradigan yoʻlni koʻrsatuvchi yozuv bor. Jomi Jamshidni qoʻlga kiritish i F arhodning suluk tadrijida muayyan martabaga erishganidan nishona edi. Chunki bu jomda “jahon holoti ravshan” koʻrinadi, uning tashqarisi “komil zamiri” boʻlsa, ichi «andoqki sohibdil zamiri”. Demak, Farhodning irfoniy bilimi oshdi, zamiri ravshanlashdi, ruhiy olami boyidi. Ammo koʻzgu sehrini ochishga bu hali yetarli emas. Sh uning uchun u Suqrot tomon intiladi, lekin bu yoʻlda yana qanchadan-qancha mushkulliklarni yengishi lozim. Vodiy bilan Suqrot turadigan togʻ oraligʻida koʻpdan-koʻp tilsimotlar bor, yoʻl bagʻoyat ogʻir, ilon-chayonlarga toʻla, g’or-qirlardan oʻtish kerak. Tor soʻqmoqning ikki tomoni qirrali xarsang toshlar, pastda vahimali daryo oqadi. II BOB “FARHOD VA SHIRIN” DOSTONINING TASAVVUFIY MOHIYATI 2.1 Dostonda ifodalangan tasavvufiy timsollar Tasavvuf diniy e’tiqod, falsafa, badiiy ijodning qo’shilishidan hosil bo’lgan hissiy-tafakkuriy ta’limotdir. Navoiy ijodini “ilohiy ishqning bayonnomasi” bo’lgan tasavvuf g’oyalarisiz tasavvur qilib bo’lmaydi. “Tasavvufning bosh g’oyasi komil insonning ideal go’zallik ishqida yonishidir”, - deya ta’kidlagan navoiyshunos Najmiddin Komilov tasavvuf ta’limoti tarixi, uning mazmun-mohiyatiga bag’ishlangan “Komil inson axloqi” deb ataluvchi birinchi kitobida jami go’zalliklar, yaxshiliklar, ezguliklar manbayi Mutlaq Ilohdir, deydi. Dunyodagi jami husn-u jamol – Uning jamolining aksi. Inson go’zalligi Uning jamolining jilvasi, bu jamol Olamda qancha ko’p jilo etgan bo’lsa, u shuncha go’zal bo’ladi. Inson ruhining go’zallikka, nafosatga tashnaligi Iloh go’zalligiga tashnalik oqibatidir. Yana buning ichida moddiy go’zallik va ma’naviy go’zallik, g’oya va fikr go’zalligi ajralib, e’tiborga olinadi. Xullas, go’zallikdan maqsad tafakkur go’zalligi, ma’naviy go’zallikni anglamoq, oliy javhar - Ruh go’zalligini qabul qilmoqdir. N.Komilovning “Tasavvuf” nomli kitobida yozilishicha, Suhaylo Farhodning tariqat yo'lidagi birinchi piridir. U Farhod yengib o‘tishi kerak bo‘lgan to‘siqlar: ajdarho va devdan xabar beradi. Tasavvuf da ajdarho - nafs timsoli, dev - saltanat timsoli hisoblanadi. Suhaylo Farhodga ajdarhoni yengish uchun samandarning yog‘ini beradi. Samandar - olov ichida yashaydigan jonivor. U - ishq ramzi. Farhod badaniga samandar yog‘ini surganda, ajdarhoning o‘ti unga kor qilmaydi, ya’ni ishq otashi nafs o‘tini so'ndiradi. Shuningdek, Farhodga keyingi manzillarda uchraydigan sher va temir paykarning ham ramziy ma’nosi bor. Sher - g'azab timsoli, ilohiy ishq yo‘liga kirayotgan solikda esa g‘azab bo'lmasligi kerak. Temir paykar - ro‘yo, yolg‘on dunyo ramzi. Solik dunyo mo'jizalariga chalg‘imasligi, ularga ko'ngil qo‘ymasligi kerak. Farhod temir paykarni ham yengib, nihoyat Suqrot dargohiga kirib boradi. Aslida Suqrot timsolining asar tarkibiga kiritilishi tasodifiy bo'lmay, bosh maqsadni ochib berish yo‘lidagi muhim vositadir. N.Komilovning yozishicha, Suqrot piri komil timsoli bo‘lib, usiz Farhodning o‘z maqsadiga erishishi mumkin emas edi. Navoiy Suqrotni quyosh kabi porloq siymo, jismi pok ruh kabi, shaxsi aqlning haykali deb ta’riflaydi. U kamolot cho'qqisini egallagan komil inson, o‘zi bir joyda o‘tirsa ham, ruhi butun dunyoni kezib chiqadi. Jamshid jomi, Iskandar ko‘zgusi ham uning ko'ngil ko‘zgusi oldida xira. U Farhod bilan yakkama-yakka suhbatlashib, uni o‘z farzandiday e’zozlaydi. Chunki bu yigit siymosida u o‘z suluk (yo‘l)ining davomini ko'rgan edi. U Farhodga shunday deydi: Muni bilkim, jahon foniydur asru, Haqiqat ahli zindoniydur asru. Agar topsa Sikandar mulki zoting, Gar o'lsa Nuh umricha hayoting. Bu baytda Navoiy Suqrot tilidan tasavvufning muhim g'oyasini bayon etadi. Ya’ni bu dunyo o‘tkinchi, foniydir, shu sababli unga ko‘ngil bog‘lash to‘g‘ri emas. Chu mahbubi haqiqiy uldurur ul, Aning vasli sori qat’ aylamak yo'l... Bu yo'l ichraki behad dard-u g'amdur, Uzoq tortar, vale ikki qadamdur. Kim ul ikki qadamning qat’i ming yil, Kishi ursa qadam mumkin emas bil. Biri o'zlukni qilmoq bo'ldi foniy, Yana bir dog‘i topmoq bo'ldi oni. Haqqa yetishish yo‘li ikki qadam masofadek gap, lekin bu ikki qadamni bosib o'tish uchun ming yillik mashaqqat sarflanishi kerak. Bu ikki qadamning biri o‘zlikdan voz kechish, ikkinchisi o‘zlikni topish, ya’ni o'zlikdan voz kechmay turib, chin ilohiy o‘zlikni topish mumkin emas. Inson o‘zlikdan qutulmay, Ilohga yetolmas ekan, demak, uni tezlashtiruvchi chora - vosita kerak. Dostonda majoziy ishq tong yorug‘iga, haqiqiy ishq quyoshga o'xshatiladi: Bu o'zlukdin qutulmoq chorasozi, Nima yo'q, o'ylakim ishqi majoziy... Majoziy ishq bo'ldi subhi anvar, Haqiqiy ishq anga xurshidi xovar. Alisher Navoiyning bu o‘rinda majoziy ishq va haqiqiy ishq haqidagi fikrlari Navoiy ijodida ishqni to‘g‘ri talqin qilishga ko‘mak beradi. Shoir majoziy ishqni tong nuriga, haqiqiy ishqni quyoshga o‘xshatish bilan “majoz - haqiqat yo‘lidagi ko'prik” ekanligiga, Yaratganga muhabbat U yaratgan xilqatlarga muhabbat orqali oydinlashishiga ishora qiladi. Zero, tongning nuri quyosh tarafga nazar tashlashga undaydi. Demak, Farhodning oldida turgan ishq dastlab majoziy ishq sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq majoziy ishq uchun “mazhar” kerak. Mazhar - Haq jamoli zuhur etgan insondir. Farhod uchun mazhar - Shirin edi. Farhod shu tariqa Suqrot huzuriga borar yo‘lda tariqat maqomlarini bosib o‘tadi, piri komil suhbatidan bahramand bo‘lib, ilohiy ishqning mohiyatini anglay boshlaydi. Chin mamlakatiga qaytib borib, ko‘zguda endi nafaqat Shirinni, balki o‘zini va o‘zi kelgusida boshdan kechirishi kerak bo‘lgan voqealarni ko‘ra boshlaydi. 2.2 Komil insonni tarbiyalashda futuvvat g‘oyalarining o‘rni. Inson butun hayoti davomida har qancha ko‘p kitob o‘qib uni amalda qo‘llamasa, bari befoyda. Xuddi yong‘oqni mag‘ziga kirmasdan po‘stida yugurib yurishga o‘xshaydi. Komillikning sharti ham unga amal qilishdir. Zero komillik hamma narsani me’yori va unga amal qilish orqali hosil bo‘ladi. Misol uchun non yopmoqchi bo‘lsangiz unga suv, achitqi va tuz solib qoriysiz. Ko‘pchigan xamirni esa rostlab qizigan tandirda yopasiz. Agar mana shu jarayonlarni amalga oshirishda biror xatoga yo‘l qo‘ysangiz xamiringiz pishmagan, yopgan noningiz sho‘r yoki tuzi kam bo‘lib mukammallik kasb etmaydi. Aslida insonning komillikka erishuvi ham shunga o‘xshab ketadi. Sharq allomalari Beruniy, Farobiy, Ibn Sino, Motrudiy, G‘azzoliy, Termiziy, Yusuf Xos Hojib, Naqshbandiy, Jomiy, Alisher Navoiy kabi buyuk zotlar komillikka erishishning inson fenomeni doirasida bir qancha yo‘l va usullarini ishlab chiqishgan. Ana shu komillikka olib boruvchi yo‘llardan biri – bu tasavvuf va tavhid ilmining bir bo‘lagi sanalgan futuvvat ilmidir. Futuvvat ilmi ko‘hna Sharq adabiyotida chuqur o‘rin olgan ta’limotdir. Pok ilohiy ishq, Haq va haqiqat, sof insoniy xislatlar, kamolot kasb etish, ishq va inson konsepsiyalari, soflik, saxovat, himmat, axiylik, fatiylik kabi sifatlarini o‘zida jam etib adolat va haqiqat timsoli bo‘lmish Mutlaq ilohga muhabbat zavqi ushbu mo‘tabar ilmning asosini tashkil etadi. Zohiriy jihatdan futuvvatning asosini xalq ichida ma’lum bir ijtimoiy guruhlarga uyushib, xalqning g‘amlari va qayg‘ulari, zolimlar zulmidan ezilgan xalqning manfaatlarini himoya qilguvchi mard, jasur yigitlar tashkil etgan bo‘lsa, botiniy jihatdan esa futuvvat qalbda Allohni nomini zikr qilishni qo‘ymaydigan, saxovat va himmatli, iymonli, diyonatli, mard, saxiy komil insonni tushunamiz. Inson tabiati faqat ruhiy dunyodan iborat bo‘lmagani sababli, u agar to‘liq moddiy dunyo ehtiyojlarini rad etsa, yo bu foniy dunyoni tark etmog‘i, yo ikkiyuzlamachilikni, yaʼni riyokorlikni kasb etmog‘i lozim. Аhli futuvvat ushbu ziddiyatni yengib o‘ta olgan jamoadir. Futuvvat maʼnaviyatini o‘zlashtirgan kishi amalda yaratuvchi va ruhiyatda darveshdir. Uning axloqiy jihatdan sifati – javonmardlik, yaʼni saxovatlilik, oliyhimmatlik, kamtarinlik, to‘g‘riso‘zlik, mardlik kabi xislatlarning uzviy yaxlitlikda namoyon bo‘lishidir. “Bu guruh mehnat bilan topgan nonini boylik deb bilgay”, deb yozadi Kaykovus. Shariat, falsafa va tasavvuf ham aslida irfoniy jihatidan bir-biriga yaqin tushunchalardir. Ilmi qol deya e’tirof e’tilgan shariat ilmlari hamda dunyoviy ilm hisoblangan falsafa komillikka intilayotgan solihni zohiriy tarbiyalasa, ilmi hol sanalgan tasavvuf ilmi solihni botiniy qalb dunyosini tarbiyalaydi. Insonning komillikka intilishi shu ikki tushunchaning qorishuvidan, amalda qo‘llay olishdan va unga amal qilishidan shakllanadi. Bu haqida imom G‘azzoliyning quyidagi fikrlari e’tiborlidir: “Bilgilki, hazrati Haq subhanahu va taoloni tanimoqning kalidi o‘z nafsini tanimoqdir. Ushbu ma’nida aytibdirlarki, “Man arofa nafsahu fa qod arofa robbahu”, ya’ni har kishi o‘z nafsini tanisa, batahqiq Parvardigorini tanigaydir… Ikki nimarsidin biri zohir badandirki, ani tan atabdurlar, muni zohir ko‘z birla ko‘rgali bo‘lur. Yana biri ma’nii botindirki, ani nafs derlar, jon atarlar va dil ham derlar. Bu ma’nini botinni (yashirin ma’noni) botin (ichki) ko‘z birla tanigani bo‘lur, zohir ko‘z birla ko‘rgali bo‘lmas. Va sening haqiqatining ushbu ma’nii botindir…” Komillikning eng asosiy sharti esa qalbni nafs qutqusidan tozalash va qo‘lni kasb-hunar bilan band etmoqlikdir. Kamollikning muhim zohiriy shartlaridan biri ham aynan insonning kasb-hunari borligi hisoblanadi. Bu yo‘lning tarixi esa komillikning timsoli bo‘lgan payg‘ambarlarning hayot yo‘li bilan bog‘liqdir. Payg‘ambarlar tarixidan ma’lumki, ular qandaydir kasb-hunar bilan shug‘ullanishgan. Payg‘ambarlar o‘z qalbi va ruhini Аllohning yodi bilan pok etib, halol mehnat bilan rizq topishgan. Jumladan, Odam alayhissalom dehqonchilik, Idris alayhissalom temirchilik, Muso alayhissalom cho‘ponlik qilganlar. Muhammad alayhissalom cho‘ponlik va tijorat bilan shug‘ullanganlar. Payg‘ambarlardan meros qolgan bu an’ana ma’naviy kamolotning cho‘qqisini zabt etgan komillik martabasiga erishgan avliyolik, valiylik, so‘fiylik, oriflik maqomiga erishgan zotlar tomonidan davom ettirilgan. Jumladan, Naqshbandiya shayxlari ishsiz, maʼlum kasb-hunar egasi bo‘lmagan insonlarni shogirdlikka qabul qilmaganlar, o‘zlari biror kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Xoja Аli Rometaniy – to‘quvchi, Muhammad Boboyi Samosiy – bog‘bon, Sayyid Аmir Kulol – kulol, Bahouddin Naqshband – naqqosh, to‘quvchi va chorvador, Аmir Kulolning o‘g‘li Аmir Hamza – ovchi, Xoja Ubaydulloh Аhror – chorvador va savdogar bo‘lishgan. Mazkur an’ana tasavvufning ko‘plab tariqatlari va maqomotlarda o‘z aksini topgan. Masalan, futuvvat ahli ham kasb-hunar orqali topilgan halol mehnatni komillikka erishning asosiy yo‘li deb bilgan. Bu jamoaga birlashgan kishilarning ko‘pi javonmardlik, axiylik, fatiylik sifatlariga ega insonlar sanalgan. A hli futuvvat jamoasiga birlashib pirga qo‘l bergan fatiylar ham ma’lum kasb-korga ega insonlar hisoblanishgan. Bu haqida Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim ul-muhabbat shamoyin ul-futuvvat” asarida avliyo va mashoyixlarning halol mehnat bilan kun kechirishini va ma’lum bir kasb bilan mashg‘ul bo‘lganligini e’tirof etadi: Аbu Said Xarroz – etikdo‘z, Muhammad Sakkok – pichoqchi, Аbu Hafz Haddod – temirchi, Аbulabbos Omiliy – qassob, Ibrohim Ojiriy – g‘isht quyuvchi. Tarixdan ma’lumki, tasavvuf ilmining eng gullab rivojlangan davri XI asr oxiri – XII asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu davrning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida shaharlar aholisining asosini tashkil etgan hunarmandlar, kosiblar va o‘rta hol savdo ahlining maʼrifati va ijtimoiy mavqei yuksalib borgan. Natijada ularning maʼnaviy ehtiyojlari va bilim darajasi keskin oshib, ijtimoiy faolliklari har sohada sezila boshlagan. Aynan mana shu davrda futuvvat va axiylik tashkilotlari faol ishlagan. Futuvvat va axiylik jamoalari borgan sari keng tarkib topdi. Futuvvat tasavvuf g‘oyalarini amaliy tadbiq eta boshladi va tasavvuf g‘oyalari futuvvatga qo‘l berib, xoslar doirasidan chiqib, xalq ichiga yoyildi. Xullas, jamiyatning ijtimoiy, maʼnaviy ahvoli yangi bir bosqichga ko‘tarildi. Bu haqida eronlik tasavvufshunos olimi Muhammadkozim Yusufpur ham shunday yozadi: “Tasavvuf tariqatining ko‘p sonli tarmoqlari ichida ko‘proq jamiyat orasida yoyilgan va rivoj topgan oqimlardan biri futuvvatdir. Tasavvuf xoslar (ma’rifatli tabaqa) orasida tarqalgandan so‘ng, futuvvat odobi bilan ko‘cha va bozorlarga kirib bordi. Darvoqe, futuvvat bu avomona tasavvuf bo‘lib, uning rasm-rusumlari oddiy va amaliy, ya’ni kosib hunarmandlar, dehqonlarga tushunarli bo‘lgan.” Bu davrda jamiyatdagi ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar adabiyotga ham ta’sir eta boshladi. Adabiyot ilohiy ishq va ma’rifatni insonning aqli bilan emas, balki qalb oynasi orqali ko‘rishni kashf etdi. Adabiyot endi Xudo va inson, olam va odam bilan bog‘liq azaliy muammolarni irfoniy, ma’rifiy, tasavvufiy va ijtmoiy mezonlar asosida tahlil qila boshladi. Bu davr allomalari insonni komillikka erishish va tavhidning mohiyatni anglash yo‘lida shariat, tasavvuf, falsafa aslida yagona bir ilm ekanligini va bu yo‘lda irfon (bilish) barchasi uchun yagona mohiyatga eltuvchi komillik va oriflik yo‘li ekanligini anglashdi. Bu murakkab jarayonni tasavvuf ahli xoslar doirasida qoldirmasdan, futuvvat tashkilotlari orqali oddiy xalq ommasiga ham yoyishga o‘tdilar. Natijada bu evrilishlar sekin-asta badiiy ijodga maydoniga ham ta’sir ko‘rsata boshladi. Natijada bu jarayon xalq og‘zaki ijodiga ham, yozma adabiyotga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Xususan, Fors-tojik xalqlarining og‘zaki adabiyotida “Samaki Ayyor”, turkiy xalqlar og‘zaki adabiyotida Nasriddin afandi obrazlari aslida futuvvat va javonmard insonlarning umumlasha obrazlari jumlasidandir. Yozma adabiyotda futuvvat, axiylik tashkilotlarining g‘oyalari ishq, saxovat, himmat masalalari bilan qorishib o‘ziga xos g‘oyaviy mazmun kasb eta boshladi. Natijada adabiyotda axiy, fatiy, javonmard, ayyor obrazlari shakllandi. Alalxusus, futuvvat haqida yozilgan ilmiy va badiiy asarlarda inson qalbining saxovati, mardligi keng yoritiladi. Xususan, Fariddin Attor, Jaloliddin Rumiy, Nasimiy, Abdulla Ansoriy, Nizomiy, Dehlaviy va Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiylar futuvvat mavzusiga bag‘ishlab, ilmiy va nasriy asarlar yaratdilar. Xususan, Alisher Navoiy javonmard, fatiy insonlarda komillikka xos sifatlarini ko‘radi. Bu “Xamsa” dostoning ikkinchi dostoni sanalgan “Farhod va Shirin” dostonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, “Hayrat ul abror” da abror insonning hayot yo‘li futuvvat g‘oyalari asosida yoritilgan va tub mazmuniga singdirib yuborilgan. “Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Farhod va Shirin” da esa Farhod obrazini bosh obraz darajasiga olib chiqib, uni komil inson sifatida tasvirlaydi. Komillikning asosi esa insonning amaliy mehnati va hunar bilan shakllanishi quyidagicha tasvirlaydi: Hunarni asrabon netgumdur oxir, Olib tufroqqamu ketgumdur oxir. Yoki: Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm, Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm. Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostoni markazida komil inson tarbiyasi turadi. Shariat ahkomiga qurilgan tariqat rasmi rusumlari, pir muridlik an’anasi, solik odobi, poklanish, tavba tazarru, zikr-u samo – hamma hammasidan maqsad insonni komillikka yuksaltirish, ruhni yaratish, g‘aybiyotning sir-u asrorini kashf etish edi. Alisher Navoiy Farhod timsolida insonni ruhiy, ma’naviy va jismoniy kamol toptirish va poklash ilmi bo‘lgan futuvvat orqali poklaydi. Farhodning botinidagi barcha salbiy xislatlarni nafs tushunchasiga bog‘lab izohlaydi va unga qarshi jihod e’lon qiladi. Asarda temir odam, dev obrazlari nafs timsolidir. Navoiy shuning uchun insonning birinchi vazifasi o‘z nafsini jilovlab olishi, uni mahv etishidir deb biladi. Qanoat, saxovat va himmat bilan inson o‘zining ilohiy mohiyatini va ulug‘ligini anglasa, eng yomon dushman nafsi ekanligini ham anglaydi. Navoiy mazkur dostonda aynan komillikka yetishning bir yo‘li futuvvat ekanligi Farhod obrazi orqali ko‘rsatib beradi. “Xamsa”ning uchinchi dostoni “Layli va Majnun” dostonida Navoiy Majnunni “futuvvat ahlidin erdi” deb ta’riflaydi. Navoiy Majnunning “ruh futuvvati”ni irfoniy darajaga olib chiqadi. Navoiyning keyingi to‘rtinchi dostoni “Sab’ai sayyor” da yetti hikoyat futuvvat g‘oyalari bilan boyitiladi va bir-biri bilan mantiqiy bog‘lanib, yaxlit bir kompozitsiya hosil qiladi. Navoiy hikoyatlardagi Farrux va Axiy, Zayd Zahhob, Sad, Shoh Jo‘na va Ma’sud, Mehr va Suhayl, Muqbil va Mudbir timsollari orqali axiylik, javonmardlik, saxovat va himmat masalalarini keng ochib beradi. “Xamsa”ning so‘nggi dostoni yakunlovchi “Saddi Iskandariy” da esa adolatli shohning fatiyliklari va uning odamlarga ko‘rsatgan saxovat va himmati tasvirlanadi. Navoiy Iskandar timsolida yuksak darajaga erishgan komil, orif, javonmard insonni mahorat bilan tasvirlaydi. Bugungi kunda o‘sib unayotgan yosh avlodning ma’naviy dunyoqarashini tarbiyalashda futuvvat nima ekanligi va bu mo‘tabar ilming mohiyatini Alisher Navoiy asarlari orqali yosh avlodga yetkazish lozim. Zero,Alisher Navoiy ijodi bir bog‘ bo‘lsa, unga hayot berib turuvchi tuprog‘i – bu futuvvat ilmidir. Futuvvatning ildizi esa pok ilohiy ishq sanaladi. XULOSA
“Farhod va Shirin” dostonining syujeti, kompozitsion qurilishi, obrazlar qiyofasi, tasvir vositalaridagi xalq og‘zaki ijodiyoti izlari Navoiyning xalqning bu bebaho xazinasiga katta boylik sifatida qaraganligini ko‘rsatadi. Alisher Navoiy ishqiy sarguzasht qissalarning an’anasi doirasida ijtimoiy – siyosiy masalalar borasida ham keng ko‘lamda bahs yuritish imkoniyatini kashf etadi. Adib shu maqsadda Farhod obrazining tarixini yaratishni maqsad qilib qo‘yadi va dostonda hamma diqqatini Farhodning tug‘ilishidan boshlab uning murakkab sarguzashtlarini tasvirlashga qaratadi. Shu tarzda asarda keltirilgan har bir masalaning qo‘yilishi va izchil hal etilishiga zamin yaratadi. Alisher Navoiy faqat so‘z san’atining buyuk namoyondasi, olamshumul ahamiyatga molik bo‘lgan ijodkorgina emas, ta’lim – tarbiya sohasida jiddiy fikrlarni bildirgan, bu sohada nazariy fikrlarni aytish bilan cheklanmasdan, katta hajmdagi amaliy faoliyat bilan shug‘ullangan benazir mutafakkir hamdir. Shuningdek, ulug‘ shoir asarida o‘quvchini chiroyli yozuvni, yozma nutq malakasini egallashga undaydi. U yod olish usulining imkoniyat va afzalliklarini targ‘ib qildi. Jumladan, Farhod haqida gapirib: Agar bir qatla ko‘rdi har sabaqni, Yana ochmoq yo‘q erdi ul varaqni. …O‘qub o`tmak, uqub o‘tmak shiori, Qolib yodida sahfa – sahfa bori, ─ degan misralarni bitadi. Bugungi yoshlarimiz qiyofasida ham Navoiy idealidagi Farhodga xos xislatlar mavjud desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, yoshlarimizning bunyodkorlik ishlari, asriy tog‘larni zabt etishi, yer qa’ridan oltin qazib olishi, osmono‘par imoratlarni qurishi, mamlakatni bog‘u bo‘stonga aylantirishi, ilm – fan bobida dunyo olimlarini hayratda qoldirishi Navoiy orzularining hayotiy va real ekanligidan dalolatdir. Navoiy nafaqat o‘zbek adabiyotida, balki jahon adabiyotidagi eng yorqin siymolardan biridir. Bu buyuk bobokalonimiz qoldirgan ulkan merosda olam va odamga bog‘liq bo`lgan hodisalar favqulodda teran nigoh bilan tahlil etilgan. Ularda inson mohiyati, uning ijtimoiy vazifasi, burch va mas’uliyatlari, imkoniyat va ojizliklari yuksak badiiy ohanglarda tasvirlangan. I.Karimov ta’kidlaganidek, “O‘zbek xalqi ma’naviy dunyosining shakllanishiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatgan ulug‘ zotlardan biri — bu Alisher Navoiy bobomizdir. Biz uning mo‘tabar nomi, ijodiy merosining boqiyligi, badiiy dahosi zamon va makon chegaralarini bilmasligi haqida doimo faxrlanib so‘z yuritamiz. Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g‘ururi, sha`nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir”2. Alisher Navoiy ijodining qimmati adabiyotshunos olimlar tomonidan atroflicha o‘rganilgan. Shuning uchun adabiyot darslarida mavzuni bayon etish, asar mazmuni haqida gapirish, qahramonlar sarguzashti, kurashini hikoya qilish, obrazlarni ijobiy yoki salbiyga ajratishning o‘zi yetarli emas. Aslida yozuvchining (ijodkorning) ichki olami, dunyoni talqin etishi, hayot voqealarini bayon etish san’ati, jamiyatga munosabati, eng muhimi, san’at vositasida kitobxonni ezgulikka, yuksaklikka yetaklashi, poetik mahorati, ijodiy metodi, falsafiy – estetik qarashlarini topa olish, uni o‘rganish badiiy asarda mavjud bo‘lgan yangi olam, yangi dunyo kishisining xarakterini topa olish va uni kitobxonga yetkaza olish san’atiga ega bo‘lgan o‘qituvchigina o‘quvchiga madaniy, ma’naviy oziq bera oladi va uni ijodiy fikrlashga undaydi. Bugun Navoiy orzu qilgan qahramonlar mustaqillik davrida qurilgan koshonalarda hayot kechirmoqdalar, yuksak maqsadlar sari intilmoqdalar. Demak, Navoiyni anglash u yaratgan asarlari mazmunini o‘rganishgina emas, balki bugungi kun qahramonlarining vatanparvarligi, mehnati, bilimi, iste‘dodi bilan yuzaga kelgan mo‘jizalarni anglash hamdir. Adabiyotlar ro‘yxati. 1. Каримов И.А.Юксак маънавият ─ енгилмас куч. –Т.: Маънавият,2008. 2. Бадриев Ф., Худойбердиев А. Алишер Навоийнинг “Фарҳод ва Ширин” достони ҳақида// Til va adabiyot ta’limi. 2011, 8-son. 3. Эркинов С. Шарқ адабиётида Фарҳод қиссаси. – Т.: Фан, 1985. 4. Маллаев Н. Ўзбек адабиёти тарихи.–Т.: Ўқитувчи, 1976. 5.Qayumov A. Alisher Navoiy (Mashhur siymolar hayoti). –T.: Kamalak,1991. 6.Сарибоева М.“Фарҳод ва Ширин” достони матни устида ишлаш.// Адабий таълим ва ёшлар тарбияси (Республика миқёсида ўтказилган илмий-назарий анжуман материаллари асосидаги мақолалар тўплами) 2- китоб. – Т 7.Валихўжаев Б. Ўзбек адабиётшунослиги тарихи.–Т. 1993. 8.Валихўжаев Б. Мумтоз сиймолар.I жилд. – Т . 2002. 9.Fаниева С. Алишер Навоийнинг прозаик асарлари. – Т.: Ўзбекистон,1981. 1 Mirziyoyev Sh. Insonparvarlik, ezgulik va bunyodkorlik – milliy g‘oyamizning poydevoridir. - Toshkent, 2021. 26-bet. 2 Каримов И.А.Юксак маънавият ─ енгилмас куч. –Т.: Маънавият,2008. Download 62.29 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling