b) ayrim sifatlardan fe'l yasalganda: ulug‘>ulg‘aymoq, sariq>sarg‘aymoq kabi;
d) qotmoq, achimoq, isimoq fe'llaridan sifat yasalganda: qot(moq)>qattiq, achi(moq)>achchiq, isi(moq)>issiq kabi;
e) son, ot, yosh, ong so‘zlaridan fe'l yasalganda: son>sana, ot>atamoq, yosh>yashamoq, ong>anglamoq kabi;
f) ikki, yetti sonlariga "-ov" affiksi qo‘shilganda: ikki>ikkov, yetti>ettov kabi;
g) "-a" bilan tugagan fe'llarga "-v" yoki "-q” qo‘shilib ot yasalganda: tanla>tanlov, sana>sanov, so‘ra>so‘roq, bo‘ya>bo‘yoq, sayla>saylov kabi.
Orfografiyaning fonetik prinsipi yozuv bilan talaffuzni bir-biriga yaqinlashtiradi va imlo qoidalarining o‘zlashtirilishini ham osonlashtiradi.
2. Fonematik prinsip. Bu prinsip asosida tuzilgan imlo qoidalariga ko‘ra harflar (yoki grafemalar) so‘z tarkibidagi fonemalarga moslab tanlanadi. Chunonchi, kitob, omad so‘zlarining oxiridagi "b" va "d" fonemalari jarangsiz "p" (kitop) va jarangsiz "t" (omat) tarzida talaffuz qilinsa-da, fonemaning asosiy ottenkasiga mos ravishda "b" (kitob) va "d" (omad) harflari bilan yoziladi.
O‘zbek tilshunosligida "fonematik prinsip" tushunchasi XX asrning oxirrog‘ida qo‘llana boshlandi, bungacha u morfologik prinsip bilan bir hodisa sifatida izohlanib kelingan.
Rus tilshunosligida yozuvning fonemaga tayanishi haqidagi dastlabki
fikr 1928 yilda N.F. Yakovlev tomonidan aytilgan edi, ammo u bu fikrni orfografiyaga nisbatan emas, yozuvning o‘ziga nisbatan bildiradi. Orfografiyaga nisbatan bu fikr birinchi marta 1930 yilda R.I. Avanesov va V.N. Sidorovlar tomonidan bildiriladi: ular imloning bu tamoyilini fonologik prinsip deb atashadi.
Rus tili imlosining fonematik xarakteriga oid nazariya esa dastlab I.S. Ilyinskaya va V.N. Sidorovlarning maxsus maqolasida ancha keng yoritilgan. Keyinroq bu prinsip A.A. Reformatskiy tomonidan shunday ta'riflanadi: "Yozuvning fonematik prinsipi shundan iboratki, unga ko‘ra har bir fonema qaysi pozitsiyada qo‘llangan bo‘lishidan qat'i nazar o‘ziga biriktirilgan harf bilan ifodalanadi".
Do'stlaringiz bilan baham: |