Kurs ishi mavzu: Yevropa tadqiqotchilari tomonidan o’lkamizning o’rganilishi
Download 71.7 Kb.
|
Zafar
1.2. Yevropa olimlari tomonidan O’rta Osiyoning o’rganilishi.
O‘rta Osiyo haqidagi ma’lumotlar keyinroq Aleksandr Makedonskiyning bu hududga yurishlari (mil. avv. 329-327 yillar) davrida to’plandi. Jumladan, antik davrning yirik geograf olimi Strabon milodiy I asrda 17 kitobdan iborat «Geografiya» asarini yaratdi. Asarda muallif «miloddan avvalgi V asrdan milodiy I asrgacha bo‘lgan barcha geograf va tarixchilarning asarlaridan tanqidiy foydalandi». «Geografiya»ning XI kitobida O‘rta Osiyoning Parfiya va Girkaniya kabi o’lkalari, Amudaryo, Sirdaryo haqida ma’lumotlar uchraydi. Shuningdek, «kitobda O‘rta Osiyoda yashovchi sak, surd, skif, massaget qabilalari haqida ham ma’lumot bor». Yaksart (Sirdaryo), Politimet (Zarafshon), Epard (Murrob) daryolari haqida yozilgan. Amudaryo Araks yoki Oks deb atalgan. Uning suvlari esa botqoqliklarga emas, «suvlar mamlakati» ga singadi. «Suvlar mamlakati», Shimoliy dengiz deganda Strabon Orol dengizini tushungan, Amudaryoning bir o’zani Girkan ko’liga quyiladi, deb o’ylagan. Yaksart haqida Strabon quyidagicha yozadi: «Yaksartning boshlanishi Oks daryosi (boshlanishi)dan boshqa joyda, ammo ular bitta dengizga quyiladi». Bu dengizni Strabon Kaspiy dengizi deb tushungan. Sababi Kaspiydan sharqdagi o’lkalar haqida «birorta ham yunon va rim mualliflari o’z asarlarida Orol dengizi haqida bevosita yoki bilvosita eslatmagan»9. Ammo akademik L.S. Berg bir tadqiqotida Shimoliy dengiz deganda Strabon Orol dengizini tushungan, deb yozadi. Strabon «Geografiya»sida Politimet (Zarafshon) daryosi haqida ham ishonchli ma’lumotlar uchraydi: «Sug’diyona ichidan o‘tayotgan daryoni Aristotelning aytishicha, makedonlar Politimet deb atashgan. Ariylar yeridan oqayotgan Ariy daryosiga o’xshab bu daryo ul diyor yerlarini sug‘orib, so’ngra cho’l tomonga davom etadi va qumlar ichida yo’qolib ketadi» Ushbu ma’lu-motlardan bilishimiz mumkinki, Zarafshon antik davrda ham hech bir daryoga quyilmasdan qumlarga singib ketgan. Strabon Yaksart va Oks daryolari bo’ylarida yashovchi qabilarning joylashuv holatiga ham to’g‘ri baho beradi. U Paropamis (Xindikush) tog’larining shimoliy tarmog‘ini Imaus (Pomir) tog‘lari deb biladi. Strabonga ko‘ra, O‘rta Osiyodagi massaget qabilalarining bir qismi tog‘larda, yana bir qismi tekisliklarda, uchinchi qismi botqoqdiklarda, to’rtinchi qismi ana shu botqoqliklardagi orollarda istiqomat qilganlar. Strabon tilga olgan tog‘lar Orol dengizi va Kaspiydan Sharqdagi tog‘lar, ya’ni Tyanshan va Pomirni, vodiy deganida esa Amudaryo va Sirdaryo oralig‘idagi yerlarni nazarda tutgan. Qadimgi dunyoning geografik hamda kartografik bilimlarini umumlashtirgan mashxur olimlardan biri milodiy II asrda yashagan yirik kartograf olim Klavdiy Ptolemeydir. Uning «Geografiyadan qo‘llanma» asari antik davrning o‘ziga xos geografik ensiklopediyasidir. Ptolemey mazkur asarning birinchi bobida geografiyaning vazifalari va dunyo kartasini tuzishda qanday kartografik proyeksiyalar qo’llash lozimligini bayon etgan. Umuman, bu asarni dunyoning geografik atlasi desa ham bo’ladi. Ptolemey bu asaridan tashqari 27 ta kartani o‘z ichiga olgan dunyo atlasini tuzdi. Ptolemeyning boshqa yunon mualliflaridan afzalligi shundaki, u o’ziga ma’lum barcha faktik ma’lumotlarni kartalarga tushirdi va shu tariqa katta kartografik asar yaratdi. Ana shuning uchun ham u «Uyg’onish davrigacha va Uyg’onish davrida ham ko’plab yevropalik olimlar uchun ulkan darajadagi geograf sanalgan». Ptolemeyning «Geografiya» asarini, ayniqsa, kartalarini yuqori baholab, A. Gumbolt shunday yozgan edi: «Shubhasiz, Ptolemey «Geografiya»si shunisi bilan qadrliki, u bizga butun Qadimgi dunyoni faqatgina tasvirlar emas, balki joylarning kengligi, qutb balandligi va kun davomiyligini aniqlash bilan tasavvurlar xosil qildiradi». Ya’ni Ptolemeyning kartalarida gradus turi ishlatilgan bo‘lib, ular o’z davrida yaratilgan barcha kartalarga nisbatan ilmiy jixatdan ancha to‘g‘ri, yuksak darajada ishlangan va mukammal tuzilgan kartalardan biri edi. Osiyo Ptolemey «Geografiya»sining V—VII boblarida 12 ta kartada berilgan, 48 ta viloyatga bo‘lingan. Uning atlasidagi yigirma ikkinchi kartada 85°—147° sharqiy uzunlik va 350-65° shimoliy kenglik orasida tasvirlangan O‘rta Osiyo hududi ham aks ettirilgan. Mazkur karta taxlili bo’yicha o’tgan asrda qator olimlar maxsus shug’ullanishgan. Ular jumlasiga B.P. Ditmar, V.V. Latishev, S.A. Vyaziginlarni kiritish mumkin. Mashxur rus geografi I.V. Mushketov fikriga ko’ra Ptolemeyning bu kartasida xatto XVIII asrning birinchi yarmidagi yevropalik olimlarning ma’lumotlariga qaraganda ham Turkiston to‘g‘risida kengroq va to’g‘ri ma’lumot bor. Ptolemeyga qadar barcha yunon muarrixlari Kaspiy dengizini Dunyo okeanining qo’ltig‘i deb, noto’g‘ri tasavvurga ega edilar. Ptolemey ana shu hukmron xato tasavvurni inkor etibgina qolmay, uning noto‘g‘riligini isbotlab ham bera oldi. Ptolemey kartasida Yaksart (Sirdaryo), Politimet (Zaraf-SHON), Oks (Amudaryo va uning irmoqlari), Ox (Tajan) va Mart (Murg’ob) daryolari, boshqa ko‘plab kichik daryolar bor10. Biroq O‘rta Osiyoning yirik daryolari Kaspiy dengiziga quyiladigan qilib tasvirlangan. Kaspiy dengizi esa sharqdan Farbga cho’ziltirib chizilgan. Kartada tarixiy hududlar (Sug‘diyona, Baqtriya, Margiyona), xalqlar (xorazmliklar, zariasplar, massagetlar) shaharlar (Tribaktra, Astkana, Xaraxarta, Maroqanda, Turkana, Antioxiya-Marg‘iyona) aks ettirilib, Sirdaryo va Amudaryoning O‘rta oqimlari oralig‘idagi hudud Transoksiana deb atalgan1. Klavdiy Ptolemey kartasi yana shu jihatdan ahamiyatliki, unda O‘rta Osiyodagi davlatlar chegaralab berilgan. Bundan Tashqari, Ptolemey kartasi etnografik jihatdan ham xarakterli: bu kartada 12 qabila (xorazmliklar, toxarlar, massagetlar va xokazo) chegaralari ajratib ko‘rsatilgan11. O‘rta Osiyo tog‘lar orasidagi bir vodiy qilib ko‘rsatilgan: janubda — Paropamis tog‘lari, sharqda — meridianal cho’zilgan Imaus (Pomir) tog‘lari bor. Biroq, shahar va qabilalar tasvirida ham bir qancha xatolar uchraydi: ba’zi shaharlarning nomi xar xil berilgan, geografik o’rni ham har xil aniqlangan. Masalan, Samarqand (Ptolemeyda — Marakanda) shahri haqiqiy geografik o’rnidan bir necha gradus janubda ko‘rsatilgan. Ammo ba’zi bir tadqiqotlarda ushbu shahar haqidagi Ptolemey tasavvuriga yangiliklar ham kiritilgan. Ptolemey ushbu shaharning koordinatalarini quyidagicha aniqlagan: 112° shimoliy uzunlik, 39° 15' sharqiy kenglik. Ptolemey kartasidagi Maroqanda uchun aniqlangan kenglikning Samarqand shahri kengligiga to’g‘ri kelishi, tasodifiy hol bo’lsa kerak. Ammo Sug‘diyonaning Maroqanda shahrini o’zining VIII kitobida eslatgan Ptolemey bu mashxur shaharni kartada ko‘rsatmasligi mumkin emas. Shunday qilib, antik davr olimlarining O‘rta Osiyo haqida deyarli yetti asr mobaynidagi, ya’ni Gerodotdan Ptolemeygacha bo’lgan kartografik tasavvurlari O‘rta Osiyo olimlari tomonidan chuqur o’rganilib hamda ba’zi birlari tanqidiy muloxaza ham qilingan. Bu borada Sharq olimlari G‘arbning ilg‘or fikrlarini qabul qilgan holda dunyo haqida o‘zlarining tanqidiy asoslangan ilmiy fikrlarini ham bayon etishgan. G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ilk O‘rta asrlar kartografiya fanida turg‘unlik davri sifatida esga olinadi. Chunki kuchli mavqe’ga ega cherkov dini shu fan sohasidagi yutuqlarni ham inkor qilib keldi. Bu davrda antik olimlarning barcha yutuqlari unutildi. Yaratilgan «monastir» kartalarining barchasi bezaklar va diniy bayonlardan iborat edi. Ularda O‘rta Osiyo xududlari umuman tasvirlanmagan, aks etganlarida esa ko‘plab xatoliklar mavjud edi. Yevropa mamlakatlarida kartografiyaning taraqqiy etishi avvalo Uyg’onish davri, shu bilan birga ishlab chiqaruvchi kuchlarning o’sishi bilan bog’liqdir. XI-XV asrlarda mahsulotlarni mo‘lligi munosabatlarining taraqqiy etishi, shaharlar aholisining o’sishi, yangicha shahar madaniyatining shakllanishi kuzatildi. Salib yurishlari va o’zaro maxsulot almashishlar yevropaliklarning geografik dunyoqarashlarini o’zgartiribgina qolmay, ularni sharq fani va madaniyati yutuqlaridan ham baxramand qildi.12 Ana shunday ulkan bir sharoitda yangi o’lkalar haqida ma’lumotlar to’plab, unga eltuvchi yo’llarni aniqlash va savdo munosabatlarini yo‘lga quyish zaruriyati tug‘ildi. Dastlabki davrlarda bu ma’lumotlar asosan og‘zaki shaklda bo‘lib, vaqt o’tishi bilan ular qog‘ozga tushirilgan. Qog‘ozga tushirilgan matnli bayonlar antik davrdanoq mavjud bo‘lib, rivojlanib borayotgan davlatlarning talabini to‘la qondira olmas, edi. XIII asrga kelib Yevropa kartografiyasida tub burilish davri bo‘ldi. Matn shaklidagi ko‘plab ma’lumotlar grafik tasvirlar kartalarga ko’chdi. Bu esa xo’jalik ishlarini tashkil etish va sayohatlar uchun qulaylik yaratdi. Shu bilan birga XIII asrda Osiyo qit’asida Chingizxon boshchiligidagi mug‘ullar istilosining boshlanishi va bu xavfning Yevropaga ham ta’siridan havotir ushbu xududlar haqida aniq, ma’lumotlarga ega bo‘lish zaruriyatini tug‘dirdi. Rim papalari va yevropalik katolik qirollar mug‘ullar yordamida yaqin Sharqda musulmon xalqlari qarshiligini sindirishga, shu bilan birga, mug‘ullarning poloteist ekanliklaridan xabardor bo‘lib, ularni katolik diniga kiritish va butun dunyoda xristian davlatini barpo etishga umid bog‘lashgan edi1. Ana shu maqsadlar uchun mug‘ul davlatining poytaxtiga diplomatik va maxsus vakillarini jo’nata boshladilar. Bu elchiliklarda ishtirok etganlar O‘rta Osiyo xududini kesib o‘tar va yo’l-yo’lakay bu yerlar haqida ham geografik va kartografik ma’lumotlar to’plar edilar. XIII asrda papa Innokentiy IV ning Chingizxon huzuriga yuborgan elchisi fransiskan monaxi Plano Karpini 1246 yidda Rossiyaning janubi, O‘rta Osiyo xududidan o’tib Qoraqurumga boradi. Aynan uning O‘rta Osiyo haqidagi ma’lumotlari Yevropa uchun Markaziy Osiyoga eltuvchi quruqlik yo’llari haqida batafsil ma’lumot berdi. U Tatariya (Mug‘uliston)ning geografik holatini quyidagicha ta’riflaydi: «...sharqda xitoyliklarning, shuningdek, solangliklarning (Manchjuriya) yerlari, janubdan sarratsinlar (Afgoniston, Eron), janubi-g‘arbdan guirlar (mug‘ullar), g‘arbda naymanlar viloyati; shimolda esa okean bilan chegaralangan»13. Bu yerda Karpini Kaspiy dengizini okean qo’ltig‘iga, deya O‘rta asr geograflari yo‘l qo’ygan xatolikni takrorlaydi. Karpini o‘zining sayohat yo‘nalishi haqida bayon qilib, komanlar yurtidan sung, qang‘itlar (qang‘lar) yeri boshlanishini, suv kam bo‘lganidan odamlar bu yerlarda kam yashashini u yerdan bisermanlar yurtiga qarab yo’l olganliklarini, ushbu yurtda kattagina daryo bo‘lib, uning nomini bilmaganliklarini, lekin uning bo’yida Yankent, Barchin, Ornas va o‘zlari bilmagan boshqa shaharlar borligi haqida yozgan. Karpini kattagina daryo deganda har holda Sirdaryoni tushungan. Barchin — bu Barchinlig‘kent bo‘lib Jand va Sig‘noq o‘rtasida joylashgan. P.I. Lerxga ko‘ra2 Ornas ham Jand va Sig‘noq o‘rtasida joylashgan. Bisermanlar deganda Karpini musulmon turklarni tushungan. Karpini qang‘lar yerini 32 kunda bosib o‘tganliklarini aytgan. Plano Karpiniga ko‘ra, O‘rta Osiyoda “o‘lkan tog‘ tizmalari mavjud bo‘lib, ular janubdan Iyerusalim va Baldax (Balx?)gacha tutashib ketgan”3. Bu kabi noaniq, ma’lumotlar Karpiniping hisobotida ko‘p uchraydi, uning ma’lumotlarida ilmiylik bo‘lmasada, ammo Yevropa faniga O‘rta Osiyo va Sharq, mamlakatlari haqida ma’lumot bergani bilan qimmatlidir. O‘zining elchiligi oldiga qo‘yilgan diniy maqsad bajarilmagan bo‘lsada, Karpini sayohati haqida ajoyib hisobot yozib qoldirdi. Sayohatnomasiga ilova tarzida karta ham tuzgan, lekin u yuqolgan bo‘lsa kerak. . Ikkinchi bir elchi Vilgelm de Rubruk (Rubrukvis) mo‘g‘ullar davlatiga fransuz qiroli Lyudovik IX tomonidan jo‘natilgan bo‘lib, o‘sha davrda fransuzlar oltinchi salib yurishida ishtirok etishayotgan edi. Rubruk Akradan5 1252 yilning yuqorida yo‘lga chiqib, dengiz orqali Konstantinopolga keladi. Ammo bu yerda u 1253 yilning mayigacha qolib ketadi. Shundan so‘ng u Qrimga keladi. Uning sayohati Karpinining sayohat yo‘nalishiga juda o‘xshaydi. Itil daryosidan Ural daryosigacha yo‘l bosib, Sirdaryo xavzasiga keladi7 va bu yerdan janubi-sharqda yo‘l oladi. Yetti kun davomida tog‘ yo‘llaridan, extimol Olatovning shimoli-g‘arbiy qismidan o‘tib Talas daryosi vodiysi va Kenchat shahriga yetib keladi. Bu xaqda Rubruk shunday yozadi: “Men ushbu tog‘lar haqida so‘rab, uning Kavkaz tog‘larining davomi ekanligini bildim. U g‘arb va sharqdan Kaspiy dengizi bilan tutashgan. Itil daryosi quyiluvchi ushbu dengizdan o‘tganimizni ham bildim»1. Rubruk bu yerda antik geograflar fikriga qo’shilib, Tyanshanni Kavkaz tog‘lari bilan bog‘lab, Olatovni Kavkaz tog‘larining davomi, deya noto‘g‘ri orografik xatoni takrorlagan. Ammo Rubrukning Markaziy Osiyo haqidagi boshqa geografik ma’lumotlari qimmatlidir. Masalan, Talas vodiysidagi sug‘orish kanallari va dehqonchilik madaniyati haqida yozib, quyidagilarni ta’kidlaydi: «Tog‘dan (Talas tizmalaridan) katta daryo (Talas) boshlanadi, u butun mamlakatni suv bilan ta’minlaydi... Bu daryo hech qanday dengizga quyilmaydi, yerga singib, ko‘p botqoqliklarni paydo qiladi»14. Rubrukning Kaspiy dengizi haqidagi ma’lumotlari ham qiziqarlidir: «Dengiz uch tomonidan tog‘lar bilan o‘ralgan bo‘lib, shimoliy qismi tekisliklarga tutashgan... Dengizni 4 oyda aylanib chiqish mumkin. ...U okeanga tutashuvchi ko‘rfaz emas yoki hech bir yeri okeanga tutashmaydi. Hamma tomoni quruqlik bilan qoplangan”3. Rubruk Yevropa adabiyotida ilk bor Markaziy Osiyo relyefining xususiyatlarini tog‘lar bilan bog‘lab ochib berdi. Ma’lumotlari shunisi bilan ahamiyatliki, u o‘zi ko‘rgan narsalari haqida yozgan. G‘arbiy yevropaliklar Osiyoga faqatgina diplomatik yoki missionerlik maksadlarida emas, balki savdo-sotiq manfaatlari nuqtai nazaridan ham sayohat qilganlar. 1295 yilda Genuya qamoqxonasida o‘tirgan venetsiyalik sayyoh Marko Polo Osiyoga qilgan sayohatini o‘z sherigi Rustichianoga aytib turib yozdirgan. U “Dunyoning rang-barangligi haqidagi kitob” (kiskacha Marko Polo «Kitob»i) deb nomlangan. Ushbu qo‘lyozmada Parij Milliy kutubxonasida 1116-raqam ostida saqlanadi. 1271—1272 yillarda Marko Polo savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida Qoraqurumga yo‘l oladi. Bungacha otasi Nikollo Polo Osiyoni uch marta kesib o‘tgan edi. Bu safar o‘nga 17 yoshli Marko ham qo‘shiladi. Ular Akra—Mosul—Bag‘dod—Basra—Ho‘rmo‘z—Kirmon—Sabzavor—Balx—Qoshg‘ar yo’nalishi bo’yicha Qoraqurumga Xubilayxon huzuriga kelishadi. Marko bir necha yil uning saroyida xizmatida bo‘ladi va 1294-1295 yillarda yana Xurmuz—Kirmon—Tabriz—Tarabzun orqali o‘z yurtiga qaytadi. Marko Poloning «Kitob»ida O‘rta Osiyo shaharlari va geografik manzillari haqida qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Marko Polo kitobining IV bo‘limida sahrolar o’sha Buxoroga yetib kelganliklari haqida yozadi: “...Saxrolar osha Buxoroga yetib keldik. Shahar katta, ulug‘vor. Butun mamlakat ham Buxoro deb ataladi. U yerda Baroq podsholik qiladi. Persiya (Eron)ga qaraganda Buxoro juda yaxshi shahar hisoblanadi”15. Amudaryoni Marko Polo Jon va Geyjon nomlari bilan tilga oladi2 va uni Gleveshelan dengiziga quyilishini yozadi3. Undan «boshqa bir dengizgacha borish uchun 12 kun kerak bo‘ladi»4 deganida Orol dengizini nazarda tutgan, deb aytish mumkin. Chunki uning Farb yoki sharqda ekanligi yozilmagan. Marko Polo Samarqand shahri haqida ma’lumot berib, shunday yozadi: «Samarqand katta va mashhur shahar u yerda xristian va musulmonlar istiqomat qiladi. Buyuk xon shaharni jiyaniga bergan bo‘lib, u tog‘asi bilan kelisha olmay bir necha bor janglar olib borgan. Shahar shimoli-g‘arbda joylashgan»16. XIV—XVI asrlarda Marko Poloning «Kitob»i kartograflar uchun qo‘llanma sifatida xizmat qildi. Uning geografik ma’lumotlari 1320 yilda tuzilgan Pyotr Viskonti, 1375 yildagi Katalon va 1459 yilgi Fra Mauroning doiraviy kartalarida o‘z aksini topdi6. Shuningdek, Marko Poloning «Kitob»i Buyuk geografik kashfiyotlar uchun ham asosiy qo‘llanma sifatida XV—XVI asrlardagi portugal va ispan ekspeditsiyalari tashkilotchilari uchun asosiy kartografik manba bo‘lib xizmat qildi. 1320 yilda tuzilgan Pyotr Viskonti (odatda venetsiyalik Marino Sanudo kartasi deb ham ataladi) kartasining diametri 27 sm bo‘lib, unda aks ettirilgan manzillar antik mualliflar, asosan Ptolemey ma’lumotlariga ko‘ra berilgan. Uning kartasida Kaspiy dengizi Saroy deb berilgan bo‘lib, undan sharqda Orolning tabiiy o‘rniga mos keluvchi katta bir ko‘l tasvirlanib, u Kaspiy dengizi deb ko‘rsatilgan. Shunday qilib, bu kartada Kaspiy dengizi ikki bor tasvirlangan; har ikki dengiz O‘rtasida Xorasmiya (Xorazm), Kas piy dengizidan janubda esa Baktra, undan ham janubda esa Turkiston degan so‘zlar yozilgan. Katalon kartasi (1375 yil) esa Marko Polo ma’lumotlari asosida tuzilgan bo‘lib, unda Kaspiy dengizi juda cho‘ziq holatda berilgan. O‘rta Osiyo hududining sharqdan g‘arbga tomon ulkan Organchi (O‘rganch) daryosi kesib o‘tgan, uning manbasi janubdagi Amol tog‘laridan boshlanib, Kaspiyga quyilgan. Kaspiy dengizi Sarra yoki Baku dengizi deb berilgan. Kartada O‘rta Osiyoning ko‘plab shaharlari — Sarra, Amo, Boxar (Buxoro), Ogus, Organchi (Urganch) va Samarqand shaharlari ko‘rsatilgan. Kartadagi Organchi daryosi Amudaryo bo‘lsa kerak. Venetsiyalik geograf Andrey Biankoning 1436 yilgi qo‘lyozma atlasi asosida 1459 yilda venetsiyalik kartograf Fra Mauro karta tuzgan. Karta arabcha yo’nalgan holda (ya’ni janub tepa qismda) berilgan bo‘lib, unda graduslar to‘g’ri ko‘rsatilmagan. Kartada aks ettirilgan O‘rta Osiyo hududi ancha to‘g‘ri aks ettirilgan2. Fra Mauroning o‘zi kartasi haqida shunday yozadi: «Men har doim tavsiflarni tajriba orqali tekshirishga harakat qildim. Ko‘plab yillar mobaynida odamlar bilan muloqot qilib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan aniq, haqiqatni to‘g‘ri ko‘rsatdim»17. Kartada butun olam doira shaklda tasvirlangan bo‘lib, uning markazi Iyerusalim (Quddus) deb hisoblangan. Fra Mauroning monax bo‘lganligi va payg‘ambarlarning ko‘plari Quddusda dafn qilinganligini nazarda tutib, u huddi shunday tasavvurga kelgan bo‘lsa kerak. Kartadagi Kaspiy tasvirini tuzishda bu yerda bo‘lgan dengizchilarning ma’lumotlari manba bo‘lib xizmat qilgan. Yaksart (Sirdaryo) Oksus (Amudaryo)dan janubda ko‘rsatilgan bo‘lib, ular Inzikul ko‘lidan boshlanib, O‘rta Osiyoning butun hududidan oqib o‘tgan hamda Kaspiy dengiziga quyilgan. Oksusning biroz shimoldagi irmog’i bo’yida Samarqand joylashgan. Xiva esa Oksus oqimining quyi — o‘ng qirg‘og‘ida, Maru (Mari) esa Yaksartning irmoqlaridan biri bo’yida chizilgan. O‘rta Osiyo haqida kartada quyidagi izoh bor: «Iksart (Yaksart) dan quyida — Skifiya yoki Chig‘atoy, Organch, Kichik Saroy va Buyuk Saroy boshlanadi»18. Shuningdek, Fra Mauro o‘z kartasini Klavdiy Ptolemey Kartasi ko‘rinishiga ham, kenglik va uzunlik o‘lchovlariga ham taqlid qilmasdan tuzganini ta’kidlaydi3. Kartada Kaspiy dengizi Ptolemey kartasiga qaraganda ancha farqli hamda haqiqatga yaqin holda tasvirlangan. Ammo kartada Ptolemey kartasidagi nomlar hamda Ptolemeyga noma’lum bo‘lgan ko‘plab nomlar uchraydi. Fra Mauroning zamondoshlari uning mehnatini yuqori baholashgan. Venetsiyada uning sharafiga oltin medal ta’sis qilgan. Afsuski, Fra Mauroning kartasi tez unutildi hamda keyingi kartograflar ishlarida e’tiborga olinmadi. G‘arbiy Yevropada O‘rta Osiyo haqidagi dastlabki tarixiy-kartografik ma’lumotlarni tahlil qilish quyidagi xulosalarga kelishimizga imkon beradi: - antik davr mualliflarining tarixiy-kartografik tasavvurlari bayon qilingan manbalari o‘z davri uchungina emas balki keyingi avlodlar (ayniqsa, yevropaliklar) uchun ham ancha vaqtgacha O‘rta Osiyo haqidagi asosiy ma’lumotlar bo‘lib xizmat qildi; - Ptolemeyning kartografik materiallari antik davr olimlarining O‘rta Osiyo haqidagi ma’lumotlarini boyitdi; - antik davr mualliflarning cheklangan va bir-biriga zid geografik va kartografik tasavvurlari vaqt o‘tishi bilan keyingi tadqiqotchilarni qanoatlantirmadi. Bu esa yangi kartografik ma’lumotlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi; - O‘rta asrlarda Yevropada geografik va kartografik bilimlarga nisbatan qiziqish noma’lum o‘lkalar haqida ma’lumotlar to‘plash zaruriyatini tug‘dirdi. To‘g‘ri, XIII-XV asrlarda G‘arbiy Yevropada yaratilgan O‘rta Osiyoga oid tarixiy-geografik va kartografik manbalarda ko‘plab xatoliklar bo‘lsa-da, ammo o‘z davri uchun ancha ahamiyatli edi. Ular keyingi tarixiy-kartografik izlanishlarga poydevor bo‘lib xizmat qildi. Download 71.7 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling