Mezolit va Neolit davri manzilgohlari
Download 28.23 Kb.
|
mezolit va neolit davri manzilgohlar
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mezolit davri qurollari
- Zarautsoy qoyasidan
- Neolit davrida
- Neolit davri mehnat qurollari
Aim.Uz Mezolit va Neolit davri manzilgohlari Ulug’ muzlikning erishi, erning isiy boshlashi, ko’plab daryo va ko’llarning hosil bo’lishi, yaylovlar, to’qay va o’rmonlarning vujudga kelishi, yangi o’simlik va hayvon turlarining shakllanishi natijasida o’lkamizning barcha vohalarida odamlarning yashashi uchun qulay imkoniyatlar vujudga keladi. Buni arxeologlar tomonidan topilgan yuzlab odamlar yashagan manzilgohlar ham ko’rsatadi. 1970-1980 yillarda O’.Islomov boshchiligidagi arxeologlar guruhi Farg’ona viloyati So’x yaqinidagi Obishir soyining ungurlarida qidiruv ishlari olib borib, Obishir deb atalgan makonlarda mezolit davri urug’ jamoalarining izlarini topdi. Bu guruh 1967 yilda Toshkent shahriga yaqin bo’lgan Bo’zsuv soyining ikki tarmog’i qo’shilgan joyida mezolit davriga oid manzilgohni topadi, bu yodgorlikning yoshi miloddan avvalgi o’n mingginchi yilliklarga to’g’ri keladi. Bu manzilgoh Qo’shilish nomi bilan ataladi. Bu makondan tosh qurollari, mezolit davri jamoalari qoldiqlari topildi. Surxondaryo viloyatidagi Ko’hitongning Machay soyi qirg’og’idagi g’orda olib borilgan tadqiqotlar natijasida bu g’orda mezolit davri odamlari uzoq yillar davomida yashaganligidan dalolat beruvchi madaniy qatlam ochildi. Machay manzilgohidan odam skeletlari, turli xil tosh va suyak qurollari, o’choq va kul qatlamlari topilgan. Machayliklarning ov hayvonlari asosan tog’ arxari va jayronlar bo’lganligi aniqlandi. Machayliklar shoxli va mayda hayvonlarni xonakilashtirishni o’zlashtira boshlaganlari ham ma’lum bo’ladi. Mamlakatimizning boshqa hududlaridan topilgan mezolit davriga oid manzilgohlarda olib borilgan tadqiqotlar odamlarning mayda, tez harakat qiluvchi hayvonlarni ham tuta olganliklarini ko’rsatadi. Mezolit davri qurollari O’q-yoy quroli (kamon va paykonlar). tayoq uchiga o’tkir uchli nayzalar o’rnatilganirg’ituvchi nayza qurollari. O’q-yoydan foydalanish insoniyat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo’lib, ovchilikni insonlarning hayot manbaiga aylantirdi, ovdan keladigan daromad va zahiralar ko’payib borgan. O’q-yoy quroli odamning yolg’iz o’zi hayvonlarni ovlash, jamoadan ajralib hayot kechirishiga imkoniyat yaratadi. Odamlar o’simliklarning ildizlarini iste’mol qilishdan boshoqlarni, mazali mevalarni, iste’mol qilishga o’tadilar. Ular asta sekin it, sigir, qo’y, echki kabi hayvonlarni qo’lga o’rgatish, boshoqli o’simliklar urug’ini erga ekib o’stirish orqali don olish malakalariga ham ega bo’lib boradilar. Mezolit davriga oid mozorlarning tahlili odamlarda diniy e’tiqod shakllanayotganini, u dunyoga ishonganini ko’rsatadi. Machay qabristonida jasad chalqanchasiga yotqizilgani, ustiga qizil rang sepilib, atrofiga tosh taqinchoqlar terib qo’yilgani aniqlangan. Ko’hitong tog’idagi Zarautsoy qoyasidan (hozirgi Surxondaryo viloyati) topilgan suratlar esa tasviriy san’atning vujudga kelganligini ko’rsatadi. Qoyada yovvoyi hayvonlarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. Bu manzarada yirik shoxli hayvonlar podasi orqasidan ovchilar o’z itlari bilan ketayotgani, ovchilar esa o’q-yoy bilan, poloxmon toshlar bilan qurollangani tasvirlangan. Boshqa bir qoyada ikki guruh ovchilar buqani o’rab olgani manzarasi tasvirlangan. Zarautsoy qoyalaridagi bu suratlar o’sha davr rassomlarining fikr doirasini, diniy tasavvurlarni tasviriy san’atda qanchalik darajada aks ettirilganliklari haqida fikr yuritishga asos beradi. Neolit davrida qurollar ishlash texnikasida tub o’zgarish - inqilob sodir bo’ldi. Yangi tosh qurollari orqali silliqlash, pardozlash, parmalash usullari ixtiro etildi. Tosh qurollari orasida tosh boltalar, ponalar, iskanalar, tosh teshalar paydo bo’ldi. Neolit davri «toshboltalar asri» ham deyiladi. Hunarmandchilikning sopol buyumlar yasash tarmog’i vujudga keladi. Shuning uchun bu davrni «sopol asri» ham deyishadi. Neolit davrida odamlar hayotida chorvachilik va dehqonchilik vujudga keladi va xo’jalikda asosiy o’rinni egallaydi. Urug’ jamoalari echki, qo’y va qoramollardan iborat qo’ra-qo’ra chorva mollariga, don-dun zahiralariga ega bo’ladilar. Neolit davrida ishlab chiqaruvchi xo’jalik shakllanib bo’ladi. Bu insoniyat erishgan katta yutuq bo’lib, odamlar tabiatga qaramlikdan butunlay qutiladilar. Urug’ jamoalari ozuqa izlab ko’chib, daydib yurishdan o’troq hayot kechirishga o’tadilar. Doimiy yashaydigan kulbalar, uylar yasash odamlarning turmush tarziga aylanadi, qishloqlar vujudga keladi. Neolit davrida odamlar hayvon terisidan tikilgan kiyimlar o’rniga jun va o’simlik tolasidan to’qilgan matolardan tikilgan kiyimlar kiyadigan bo’ladilar. Hunarmandchilikda to’qimachilik, tikuvchilik tarmog’i ham paydo bo’ladi. Neolit davri mehnat qurollari Tosh bolta, pona, iskana Motiga (ketmon-tesha). Motiga dehqonchiligi Chaqmoq toshga tig’ o’rnatilgan suyak o’roq Toshdan yasalgan don yorg’uchoq Loydan qo’lda yasalgan va pishirilgan sopol idishlar Zig’ir tolasi va jundan ip yigiruv urchuqlari, mato to’quv dastgohlari yasaldi. Kiyimlar tikilgan. Yog’och g’o’lalarni bir-biriga bog’lab yasalgan suvda suzuvchi sol, qayiqlar. Mamlakatimiz hududidan neolit davriga doir ko’plab arxeologik yodgorliklar, odamlar yashagan manzilgohlar topilgan. Amudaryoning qadimgi Okchadaryo deltasi yonidagi Kaltaminor kanali yaqinidan neolit davriga doir odamlar manzilgohi, Amudaryoning Yuqori Uzboy irmog’i va Orol dengizining shimoliy-sharqiy bo’ylaridan yana ko’plab makonlar topib o’rganildi. Bularning hammasiga Kaltaminor madaniyati degan nom beriladi. Kaltaminorliklar hayoti, xo’jalik mashg’ulotlari va turmush tarzini o’rganish, uning miloddan avvalgi 5-3 ming yilliklarga doir arxeologik madaniyat ekanligini ko’rsatdi. Kaltaminor madaniyatining eng muhim manzilgohlaridan biri Jonbos-4 hisoblanadi. Jonbos-4 da o’tkazilgan qazish ishlari natijasida maydoni 300 kv.m. qeladigan g’oyat katta turar joy-yarim erto’la shaklidagi kulba ochildi. Tadqiqotlar kulbaning xodalar va qamishdan qurilgani, keyinchalik yonib ketganligini, odamlar foydalangan barcha uy-ro’zg’or buyumlari, mehnat qurollari yiqilgan kulba ostida qolib ketganligini ko’rsatdi. Kulba tomini ko’tarib turgan birnecha ustunlar borligi aniqlandi. Bu manzilgohda 100-120 ga yaqin kishi istiqomat qilishgan. Uning o’rtasidan katta o’choq, atrofida yana 20 dan ortiq mayda o’choqlar, ko’mirga aylangan yog’ochlar va qamishlar topildi. Har bir o’choq atrofidan baliq, yovvoyi cho’chqa, bug’u, qirg’ovul, suv qushlarining suyaklari, o’rdak va g’oz tuxumining po’choqlari, yovvoyi jiyda danaklari topildi. Katta o’choq o’t og’asi ixtiyoridagi otashkada /altar/ bo’lib, Kaltaminor urug’ jamoasi katta o’choqdagi o’tga topinishgan, bu odamlarning diniy e’tiqodini ko’rsatadi. Kulbadagi mayda o’choqlar esa ona urug’i doirasida ko’plab juft oila mavjud bo’lganini ko’rsatadi. Jonbas-4 manzilgohidan chaqmoq toshdan yasalgan juda ko’p mehnat qurollari, keskich asboblar, suyak garpunlari, turli xil naqshlar, o’yib solingan sopol idish siniqlari va boshqa ashyolar topiladi. Topilgan qoldiqlarning deyarli ko’pchiligi baliq va qush suyaklari bo’lib, kaltaminorliklarning baliqchilik va ovchilik bilan shug’ullanganligini ko’rsatadi. Kaltaminorliklar o’q-yoydan keng foydalanganlar. 1950 yillarda taniqli arxeolog olim Ya.G’.G’ulomov Zarafshon bo’ylab qidiruv ishlari olib boradi va o’nlab manzilgohlarni aniqlab, ulardan neolit davriga oid tosh qurollar va sopol parchalarini topadi. Qidiruv ishlarini 1960 yildan boshlab arxeologlardan A.Asqarov va O’.Islomovlar davom etkazadilar. Natijada 100 dan ortiq katta va kichik manzilgohlar topiladi. Ularda yashagan urug’ jamoalarining baliq ovi bilan shug’ullanganligi, termachilik xo’jaligida tosh yorg’uchoqlardan keng foydalanilganligi aniqlanadi. Zarafshon daryosining o’rta havzalarida yana bir yodgorlik-Sazag’on makoni /Samarqand viloyatining Sazag’on qishlog’i/ topib o’rganiladi. Ko’plab tosh qurollar, yovvoyi va uy hayvonlari suyaklari topiladi. Sazag’on jamoasi qoramollarni qo’lga o’rgatib, chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Zarafshon vodiysi urug’ jamoalari sifatli tosh xom ashyolardan qurollar yasaganlar. Ular tosh konlarida shaxtalar hosil qilganlar. Neolit davrida Uchtut chaqmoqtosh konida 4-5 metrlik shaxtalardan namlangan toshlarni kovlab olib qurollar yasaganlar. Namlangan toshlarni yo’nish oson bo’lganligini bilganlar. Zarafshon vodiysida yashagan urug’ jamoalari hayotida ovchilik, ayniqsa baliq ovlash alohida ahamiyat kasb etgan. Download 28.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling