Filtrlash. Filtrlash orqali sterillash.
Haroratga chidamsiz bo‘lgan modda eritmalari filtrlash orqali sterillanadi. Buning uchun mikroorganizmlar va ularning sporalarini o‘zida tutib qoluvchi keramik, shisha, membranali va tolali filtrlardan foydalaniladi.
Keramik filtrlar. Bu filtrlarga “bakteriologik shamcha” nomini olgan filtrlar misol bo‘lib, ular Vyuxner voronkasiga o‘xshab bosim ostida ishlaydi. U bir tomoni ochiq forforli silindrdan iborat bo‘lib, ishlash mexanizmiga qarab: Shamberlan va Berkefeld keramik filtrlariga bo‘linadi. Agar eritma filtrning g‘ovakli devori orqali stvol qismiga o‘tsa Shamberlan filtri, uning aksi, ya’ni filtrning asosidagi eritma devor orqali devor bilan stvol o‘rtasidagi bo‘shliqqa o‘tsa Berkefeld filtri deyiladi.
Bugungi kunda ishlab chiqarish amaliyotida F1 (4,5 mkm), F2 (2,5-4,5 mkm), F3 (1,9-2,5 mkm), F5 (1,3-1,9 mkm), F7 (0,9-1,3 mkm) va F11 (0,9 mkm) tipli keramik filtrlardan foydalanilmoqda. F1 va F2 keramik filtrlari eritmalarni birlamchi filtrlashda ishlatiladi. Natijada tiniq lekin nosteril eritma hosil bo‘ladi. F3 filtrlari mikroskop orqali ko‘riladigan mikroblar va bakteriyalarning sporalarini ushlab qola oladi. Bir turdagi filtrdan faqat bir nomdagi eritmani o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Shisha filtrlar. Bular shisha qurumidan tashkil topgan plastinkali filtrlar bo‘lib, ularning har xil o‘lchamdagi g‘ovakli turlari mavjud. Ular faqat filtrlash uchun ishlatiladi. Faqat mikrog‘ovaklarining o‘lchami 0,7-1,5 mkm bo‘lgan 5-sonli filtr filtrlab sterillashda qo‘llaniladi. Shisha filtrlar sodda, qulay va arzon bo‘lib ular asosan bosim ostida ishlaydi. Eritmalarni filtrlashda avval qog‘oz filtr orqali o‘tkazib olingani ma’qul. Sababi eritma tarkibidagi har xil mexanik aralashmalar shisha filtrni erta ishdan chiqarishi mumkin. Shuningdek, filtrning mikrog‘ovakliklari mikroorganizmlar va boshqa iflosliklar tufayli tiqilib qolishini inobatga olgan holda uni vaqti-vaqti bilan xromli aralashma bilan tozalab turish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |