Lison ut-tayr ut
Download 369.23 Kb. Pdf ko'rish
|
2-Mavzu. P
2-Mavzu. “Lison ut-tayr ut” – irfoniy doston namunasi sifatida. Reja: 1.Dostonning tarkibiy tuzilishi. 2.Muqaddimaviy boblarda doston mundarijasiga doir qarashlar. 3.Doston tarkibidagi hikoyatlar. “Shayx San’on hikoyati”. 4.Dostondagi yetti vodiy tavsifi. 5.Ramziy timsollar tahlili. Alisher Navoiyning mashhur falsafiy dostoni "Lison ut-tayr" (qush tili) bo’lib, bu asar 904h. - 1498-1499m. yilda, ya`ni shoirning hijriy hisobda oltmish yoshga qadam qo’ygan yili (tug’. 844 h. yil) yozilgan. Bu haqda shoirning o’zi dostonning ikki bobida alohida to’xtalgan: Oltmishqa umr qo’yg’onda qadam, Qush tilin sharh etgali yo’ndum qalam. Yil to’qiz yuz o’tmish erdi dog’i to’rt, Kim ulusning ko’ngliga soldi bu o’rt. Ham bu tarix ichrakim qildim shuro’` Ixtimomiga dog’i bo’ldi vuqu`. [12-tom, 295, 302] Alisher Navoiy oltmish yoshga qadam qo’yganida mazkur dostonni yozgani sabablari asarning "Bu kitob nazmida o’z munosabatining taqribi" deb atalgan 189-bobida ma`lum darajada bayon etilgan. Uning mohiyati shundan iboratki, Fariduddin Attorning "Mantiq ut-tayr" asari Alisherning hali maktabda o’qub yurgan chog’ida uning diqqatini o’ziga tortibgina qolmay, balki o’ziga shunday maftun etgan ediki, yosh Alisher uni boshdan oxirigacha yodlab olib, takror- batakror o’qib yurardi. Bu holdan xabar topgan ota-onasi uni o’qishni man` etib, asarni yashirib qo’yadilar. Alisher Navoiy shunday yozadi: Lek chun yodimda erdi ul kalom, Yoshurun takror etar erdim mudom. Ondin o’zga so’zga maylim oz edi, Qush tili birla ko’ngul hamroz edi. [12-tom, 295]. Demak, Farididdin Attorning "Mantiq ut-tayr"i Alisher Navoiyni yoshligidan o’ziga maftun etib, umri davomida uning bilan hamroh bo’ldi, unga javob yozish niyati ham shoirning ko’nglidan joy olgan edi. Ana shu niyat Alisher Navoiyning oltmishga qadam qo’yganida amalga oshdi. Bu bejiz emasdi. Chunki shu davrda Alisher Navoiy o’zining "Munojot", "Siroj ul-muslimin" asarlarini ham yozgan edi. Bularda, xususan "Munojot"da go’yoki umri bo’yicha qilgan ishlarini sarhisob qilib, yana bajarilishi lozim bo’lgan ishlar, ya`ni hali ko’p "qarzi" borligiga ham ishora qilganday bo’ladi. Ana shunday bajarilishi lozim bo’lgan ishlardan biri "Mantiq ut-tayr"ga javoban turkiy tilda bir asar yaratish muddaosi ediki, Alisher Navoiy "Lison ut-tayr" dostonini yozish bilan bu ishni amalga oshirdi. Farididdin Attor XII asrning mashhur shoir va adiblaridan bo’lib, o’zining "Ilohiynoma", "Tazkirat ul-avliyo" va, xususan "Mantiq ut-tayr" asarlari bilan o’zidan keyingi adabiy va ma`naviy hayotda katta mavqega ega edi. hatto Jaloliddin Rumiy Farididdin Attorning orifona kashfiyotlariga yuqori baho berib, shunday yozgan edi: Haft shahri ishqro Attor gasht, Mo hano’z andar xami yak ko’chaem. Mazmuni: Attor ishqning ettita shahrini kezib chiqdi, biz bo’lsak hali ham ishqning bir ko’chasi boshidamiz. Darhaqiqat, Attor ishqni tasavvufona talqin qilgani tufayli Alisher Navoiyning ham diqqatini o’ziga qaratgan edi. SHuning uchun yozadi: Haq munung nutqin chu go’yo ayladi "Mantiq ut-tayr" oshkoro ayladi. Bu til izohin kamohiy aylabon, Sharhi asrori ilohiy aylabon… [12-tom, 277] O’zining dostoni haqida esa shunday deydi: Ulcha asroring manga erdi ayon, Ayladim qushlar tili birla bayon. [12-tom, 275] Bunda Alisher Navoiy "Lison ut-tayr"ining mavzusi va uni ochishdagi o’ziga xoslik bayon etilgan, ya`ni doston tasavvufiy mavzuda ("SHarhi asrori ilohiy") bo’lib, bu mavzu qushlar tili vositasida majoziy tarzda ifoda etilgan. "Lison-ut-tayr" dostoni o’zbek tilida yozilgan bo’lsa-da, unda "Navoiy" taxallusi emas, balki Alisherning ikkinchi taxallusi bo’lgan Foniy qo’llanilgan. Dostonda bu taxallusning qo’llanilgani sabablarini bayon etish uchun shoir "Bu kitobda taxallus tag’yirining uzri" sarlavhali alohida bob (191-bob) ajratgan. Unda turkiy tildagi asarlarida Navoiy va forsiy tildagi asarlarida esa Foniy taxalluslarini qo’llaganligini aytib, "Lison ut-tayr" ham turkiy-o’zbek tilida bo’lganidan unda Navoiy taxallusini qo’llash joiz edi, ammo men unda Foniy taxallusini qo’llash maqsadga muvofiq deb bildim, deb shunday yozadi: Chun "Lison ut-tayr" og’oz ayladim, Turfa qushlar birla parvoz ayladim. Munda ansab erdikim tuzg’och navo, Bo’lsa nazmimg’a Navoiydin ado. Kim navo qushlar tili alhonidur, Dilkash afg’oni hazin dostonidur. Turkiy uslub erdi ham bu doston, Topqudek erdi Navoiydin nishon. Bu raqamda Foniy aylarga laqab, Mustame` bo’lg’ong’a ayturmen sabab, Kim bu daftar nazmidin kulli murod, Chunki marje` mayli erdiyu maod, Munda Foniy bo’lmay ish o’lmas tamom, Foniy andin topti nazmim ixtimom. [12-tom, 299-300] Shunday qilib, Alisher Navoiy dostonning mavzui unda Foniy taxallusini qo’llashni talab qilganini yozadi va, bu bilan, badiiy asarga muvofiq taxallus qo’llashning ham katta ahamiyatga ega ekanligini ta`kidlaydi. Alisher Navoiy "Lison ut tayr"ida "sharhi asrori ilohiy" masalasi bevosita hazrati inson va uning bilan bog’li bo’lgan muammolarni bayon etish, sharhlash yo’nalishida hal qilinadi. Shuning uchun dostonning "hamd" bobidayoq shoir shunday deydi: Ofarinishdin qilib inson g’araz, Oni aylab xalq ichinda beavaz. Ko’nglin oning maxzani irfon qilib, Ul tilism ichra o’zin pinhon qilib. [12-tom, 9] Ana shu insonning o’zligini tanishi lozimligi masalasi Alisher Navoiy dostonida alohida ta`kidlanadi va bu haqda shunday deyiladi: Muttasif bo’lsang sifotilloh ila, Jazm etarsen xotiri ogoh ila. Kim sen- o’q sen harnekim maqsud erur, Sendin o’zga yo’q nekim mavjud erur. Zotning ijmoliga tafsilsen, Ham vujud ishkolig’a ta`vilsen. O’z vujudingg’a tafakkur aylagil, Har ne istarsen o’zungdin istagil. [12-tom, 269-270]. Dostonning asosini tashkil etgan qushlarning Simurg’ tomon intilishi va ularning bu yo’lda boshdan kechirgan sarguzashtlari, shu munosabat bilan keltirilgan turli hikoyat va masallarda ham ana shu masala bosh yo’nalish bo’lib xizmat qiladi. Doston va uning xususiyatlaridan ko’pgina olimlar, jumladan E.E.Bertel's, V.Zohidov, N.Mallaev, A.Hayitmetov, Sh.Sharipov, N.Komilov, S.Olim, I.Haqqul va boshqalar turli xilda so’z yuritganlar; Matnshunos Sh.Eshonxo’jaev esa uning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlab nashr ettirdi. Alisher Navoiy mukammal asarlari to’plamining 12-tomida ham dostonning matni Sh.Eshonxo’jaev tomonidan izohlar bilan nashr ettirilgan. Uning nasriy bayoni esa Sharofiddin Sharipov tomonidan bajarilib, nashr ettirilgan. Ana shu ilmiy tadqiqotlar va matn asosida shuni ta`kidlash joizki, Alisher Navoiy dostonida o’z davri falsafiy aqidalari xojagon tariqatining naqshbandiya suluki ta`limoti asosida yoritilib, unda Inson va Alloh taolo, Inson va koinot yaxlitligi, Insonning o’zligini tanish yo’llari kabi muhim masalalardan mulohazalar yuritilgan. Jaloliddin Rumiy tomonidan aytilganidek, Farididdin Attor, jumladan Alisher Navoiy ham ishqning etti shahri-vodiysini kezganlar va uning natijasini bayon etganlar. Masalan, Alisher Navoiy qushlar sarguzashtining oxirida "qushlarning fano husulidin baqo vusulig’a etkoni" sarlavhali 169-bobda shunday yozadi: Chun ul o’ttuz qushqa bu erdi xayol, Muncha ko’rgandin o’kush ranju malol- Kim magar Simurg’ ko’rguzgay liqo, Bu fanolardin etishqay ul baqo. Ko’rdilar o’zni qayonkim tushti ko’z, Alloh-Alloh, ne ajoyibdur bu so’z. Kim qilib Simurg’ o’ttuz qush havas O’zlarin ko’rdilar ul si murg’u bas. Munda zohir bo’ldi sirri "Man araf" Kim ko’rubtur gavhar o’lmog’lig’ sadaf. Ey ko’ngul, bu nuktadur qushlar tili, Ramzu imo mulkiga tushlar tili. Garchi bu so’zda ayondur ta`miya, Kim riyozatdinki, topti tasfiya. Chun riyozat raf` etib ruhoniyat, Salb bo’lg’och kimsadin nafsoniyat. Qolmag’ay ruhoniyatdin o’zga hech, Sen taxallufdin bu ma`ni ichra kech. Bordur inson zotida oncha sharaf, Kim yamon axloqin etsa bartaraf. [12-tom, 268-269] Mazmuni: Ko’p azob-uqubat chekkan o’ttiz qushda "Simurg’ jamolini ko’rsatib, o’ttuz qushni foniylikdan boqiylikka erishtirgay", degan xayol - tushuncha bor edi. Ammo qushlar etib kelgan manzilning qaysi tomoniga qaramasinlar faqat o’zlarini ko’rdilar. Shunisi nihoyatda ajoyibki, o’ttiz qush Simurg’ni ko’rishga havas qilardilar, ammo ular o’zlarini - o’ttiz qush - Siy murg’ni ko’rdilar, xolos. Xuddi shu vaqtda qushlar sadaf ichida durlarning hosil bo’lishi sirlarini angladilar. Ey ko’ngul, bu so’zlar qushlarning ramzlarga to’la tilidir. Bu so’zlarda yaShirin ma`nolar bor, ya`ni riyozat-azob-uqubat chekish poklanishga erishishdir. Chunki riyozat ma`naviyatni yuksaklikka ko’taradi va insonni nafs balosidan qutqazadi. Shunda insonda ruhoniyat-ma`naviyatdan boshqa hech narsa qolmaydi. Sen bu holatni noto’g’ri tushunishdan voz kechgil. Inson zoti yomon axloqni o’zidan ketgizsa, u eng sharaflidir. Dostonda aytilmoqchi bo’lgan asosiy mazmun bu baytlarda qush tili misolida, qushlar timsolida o’z aksini topgan. Dostonda tasvirlangan voqealar quyidagicha: Boshliq- shohlaridan mahrum bo’lgan qushlar bir joyda to’planadilar. Ammo ular o’tirish-turish, o’zni tutishda qoidalarga rioya qilmaganlaridan janjollashadilar. Bu holni ko’rgan hudhud ularga yaxshi boshliq-shoh, ya`ni Simurg’ haqida hikoya qiladi. Bu hikoyani eshitgan qushlar bu shohni -Simurg’ni ko’rishga hudhud boshchiligida yo’lga otlanadilar. Yo’l og’ir va uzoq bo’lganidan ko’pgina qushlar undan qaytadilar. Faqat o’ttiz qushgina riyozat-azob-uqubatlarga bardosh berib, etti vodiyni kezib, Simurg’ning go’zal manziliga etib keladilar. Ammo bu manzilda qaysi tomonga qaramasinlar afsonaviy Simurg’ni emas, balki o’zlarini - si murg’ - o’ttiz qushni ko’rdilar, ya`ni qushlar - timsollar, Alisher Navoiy iborasi bilan aytganda, riyozat chekib, o’zlarida eng go’zal sifatlarni - "sifotilloh"ni mujassam etib, komillik darajasiga erishdilar. Demak, insonning komillik darajasiga erishuvi ana shu timsollar - qushlarning afsonaviy Simurg’ni izlashlari, uni esa o’z vujudlarida ko’rganlari voqeasida bayon etilgan: Kim qilib Simurg’ o’ttuz qush havas, O’zlarin ko’rdilar ul Siy murg’u bas. Insonning ma`naviy jihatdan poklanishi masalasi dostonda turli munosabat bilan hudhud tilidan bayon qilingan o’git - nasihatlarda, qushlarning savollariga bergan javoblarida, hikoya va masallarda ham o’z ifodasini topgan. Jumladan, sodiq bo’lishga oid, (41-bob), mehnat qilmay, xor-zor kun kechirishni qoralovchi (47-bob), fireb va hiylagarlikning oxiri voyligi (50-bob), Mudbir va Muqbil (53- bob) , Shayx Najmiddin Kubroning so’zi va itga tushgan ko’zi (86-bob) haqidagi hikoyalar; Shayx San`onga oid ajoyib qissa (79-bob); parvona va sham` (164-bob) haqidagi va boshqa masallar aytilganlarga guvoh bo’la oladi. Shunisi ham borki, ayrim hikoya va masallar sayyor bo’lib, undagi timsol va voqealar talqini asarning mavzui asosida amalga oshirilgan. Ana shunday hikoyalardan biri Mudbir va Muqbil haqidadir. Ma`lumki, bu hikoyadagi voqeaga o’xshash holat Alisher Navoiy "Xamsa" sining "Hayrat ul-abror" va "Sab`ai sayyor" dostonlarida ham uchraydi. Jumladan, "Hayrat ul-abror"ning qanoat mavzusiga bag’ishlangan ettinchi maqolotining oxirida "qone` javonmard va tome` jahongard hamrohligi…" sarlavhasi bilan (35-bob) bir hikoyat keltirilgan. "Sab`ai sayyor"da esa oltinchi musofir tilidan Boxtar diyoridan bo’lgan Muqbil va Mudbirlarning sarguzashtlari (25-bob) ancha keng va qiziqarli hikoya qilingan. Bu dostonlarda mazkur hikoyalarning voqea va timsollari hayotiy-axloqiy yo’nalishda talqin qilingan bo’lsa, "Lison ut-tayr"dagi Muqbil va Mudbirga doir hikoyada voqea va timsollar dostonning asosiy mavzusidan kelib chiqilgan holda tasavvufiy - ma`naviy yo’nalishda talqin qilingan. hikoyada tasvirlanishicha, Muqbil va Mudbirlar birga sayohatga chiqdilar. Yo’lda Mudbir o’zining yaramas qilmishlari va so’zlari bilan Muqbilning joniga tegadi. Ammo u chidam bilan yo’l yuradi va bir shaharga etgach, bir-birlaridan ajralib, Muqbil faqrxonaga borsa, Mudbir bayt ul-lataf- ayshxonaga boradi. Muqbil faqrxonaga odob va e`tiqodining olijanobligidan hurmat-ehtiromga sazovor bo’ladi. Mudbir esa ayshxonada birovni o’ldiradi. Shunda mamlakat podshohi faqrxonadagi Muqbilga mehrubonliklar ko’rsatib, uni o’ziga yaqinlashtiradi, odam o’ldirgan Mudbirni esa qatl ettiradi. Alisher Navoiy hikoyani shunday bayt bilan yakunlaydi: Xudshikanga etti ul oliy maqom, Xudnamo topti bu yanglig’ intiqom. [12-tom, 72] Demak, xudshikanlik - faqr yo’liga kirgan solikning xususiyatlaridan bo’lib, unda Rasulullohning "al-faqru faxri" hadisi sharifi hayot va yashash mezoni sifatida qabul qilinadi. Ma`lumki, bu naqshbandiya suluki soliklari uchun xos xususiyat bo’lib, Alisher Navoiy ham ana shuni nazarda tutadi va insonning komillikka erishuvida bu xususiyatning qanchalik zarurligini badiiy timsol (Muqbil) xatti-harakatlari vositasida bayon etadi. Demak, sayyor sujet va timsollar har bir asarning xususiyatlaridan kelib chiqilgan holda qalamga olingan va talqin qilingan. Bu esa Alisher Navoiy badiiy mahoratining rang-barang qirralarini namoyish ettiradi. Xuddi shunday holni sayyor timsollardan bo’lmish Iskandar haqida "Lison ut-tayr"ning 77-bobida keltirilgan hikoyada ham kuzatish mumkin. Ma`lumki, Alisher Navoiyning ko’pgina asarlarida Iskandar timsoliga murojaat qilingan va, hatto, "Xamsa"ning bir dostoni- "Saddi Iskandariy"da uning Alisher Navoiy tasavvuridagi yaxlit timsoli yaratilgan. Ammo "Lison ut-tayr"dagi hikoya voqealari va Iskandar timsolining talqini dostonning umumiy g’oyasidan kelib chiqib amalga oshirilganidan u o’ziga xos va yangicha xususiyatlarni o’zida mujassam etadi. hikoyada keltirilishicha, podshoh Iskandarning o’zi bir mamlakatga elchi sifatida borib: Dedi elga: budur Iskandar so’zi, Turfa bukim erdi Iskandar o’zi. Elchilardek so’z bayon aylar edi, O’zi o’z hukmin ayon aylar edi. [12-tom, 93] Shundan so’ng Alisher Navoiy quyidagi baytlarda o’zining hikoyadan kuzatgan maqsadini ifoda etadi: El ne bilsunlarki Iskandardur ul, Yo’qki qosid, hokimi kishvardur ul… Xalqning mingdan biri bilmay bu hol, Kim nedur bu parda naqshida xayol. Sen dog’i shahdin qilursen nukta go’sh Sog’inursen lek noqildin Suro’sh. [12-tom, 93] Shoirning maqsadi shuki, elchi Iskandar-podshoh Iskandarning o’zi ekanligini ta`kidlash bilan Simurg’ga intilayotgan qushlarning o’zlari Simurg’, ya`ni afsonaviy qush ekanliklarini uqtirishdan va, shundan kelib chiqib, ularning (qushlarning) o’zligini tanishi lozimligini bayon etishdan iboratdir. Bas shunday ekan, mazkur dostonda Iskandar (elchi-podshoh) timsoli ana shu aqidani badiiy timsol vositasida isbotlashdan iboratdir. (Shuni eslatish kerakki "elchi-shohning o’zi" mavzusi "Saddi Iskandariy" dostonida ham "Elchi-Chin xoqonining o’zi" tarzida foydalanilgan bo’lsa-da, undan kuzatilgan maqsad boshqadir). Dostondagi Shayx San`on haqidagi rivoyat eng jozibali qissalardandir. Shu jihatdan bu qissa ko’pgina olimlarning diqqat markazida bo’lib, uning haqida turlicha fikrlarni bayon etganlar. Xo’sh, Alisher Navoiy tasvirlagan Shayx San`on kim va uning sarguzashtlaridan kuzatilgan asosiy maqsad nimadan iboratg’ Bu savolga shoirning qissada bayon etgan fikrlari asosida javob topmoq maqsadga muvofiqdir. Alisher Navoiyning yozilishicha, Shayx San`on "Ka`bada shayx ul- mashoyix", ya`ni Ka`badagi shayxlarning rohnamosi bo’lib, "Ko’ngli g’ayb asroridan ogoh" bo’lgan siymodir. Shuning uchun: Ostonining gadoyi shohlar, Qullug’iga muftaxir ogohlar. Har duokim qilsa bir g’amgin uchun, Qo’l ochib xayli malak omin uchun. [12-tom, 96] Bas, shunday yuksak darajadagi siymoning keyingi sarguzashtlarini qanday izohlamoq lozim. Bu masala Alisher Navoiy tomonidan shu qissadan oldin keltirilgan "qushlarning yo’l kayfiyatin hudhuddin savoli va oning javobi" sarlavhali 78-bobda va qissaning o’zida izohlangan ko’rinadi. 78-bobda Alisher Navoiy hudhud tilidan shunday yozadi: Kim bu yo’lda ishqdur kulli sifat, Ishq ahlidin yiroqdur maslahat. Kimki oshiqdur anga jondin ne bok, Kufr olib, bermak imondin ne bok. Gar kerak oshiqqa o’z jononidin, Sahl erur chekmak jahonu jonidin. [12-tom, 94] Demak, haqiqiy ishq ahli, ya`ni "ko’ngli g’ayb asroridan ogoh" bo’lganlar uchun "jonon"- Alloh taoloning istagi bilan yashash shartdir. Agar "jonon" oshiqdan jon fido qilishni istasa, oshiq "jahonu jonidin" voz kechmog’i hech gap emas. "Jonon" - Alloh taolo esa o’z oshiqining unga nisbatan bo’lgan haqiqiy ishqda sodiqmi - sodiq emasmi ekanligini imtihon qilishning turli yo’llarini ishga soladi. Shayx San`on sarguzashtlari unga nisbatan qo’llangan imtihonlardan biri edi. Shayx San`on esa bu imtihondan a`lo darajada o’tdi: "jonon"ning barcha istaklarini azob-uqubatlarga giriftor bo’lgan bo’lsa-da, bajardi va oqibatda yana o’zining holatiga qaytdi: Ka`badin andoqki qildi azmi dayr, Dayrdin ham Ka`bag’a ko’rguzdi sayr. Tengriga arz etti uzri momazo, To ani ham yorig’a qo’shti qazo. [12-tom, 135] Bunga asosiy sabab Shayx San`onning haqiqiy ishqga sodiqligi va uning barcha imtihonlaridan sharaf bilan o’tganligidir. Chunki bu yo’lda Shayx San`on "jonon" irodasiga bo’ysunadi va uning xohishlarini so’zsiz bajaradi. Bunday bo’lish esa "faqr ahli atvori" - faqrga taalluqlilarning sifatlari bo’lib, unga amal qilmaslik "vafosizlik" bo’lib, bu qoralanadi. Bu holni Shayx San`onni Rumda qoldirib kelgan muridlarga Shayx San`on safariga qatnashmagan va shayx safaridin so’ng Ka`baga kelib, bu hodisani eshitgan Shayx San`onning sodiq muridi tomonidan shayxga nisbatan vafosizlik qilgan muridlarga qarata aytgan quyidagi so’zlaridan ham anglash mumkin: Shayxkim, pir erdiyu sizlar murid, Borchag’a irshodidin behbud umid. Faqr aro sharti irodat keldi bu Kimni qilsa murshidi farxundaxo’, Xaylu ashobi tashabbuh aylamak, Tengriga lekin tavajjuh aylamak. Gar taalluq bo’lsa, gar tajrid anga Har ne qilsa aylamak taqlid anga. Siz vafosizlarga faqr atvori hayf, Ahli taqvo xirqau dastori hayf. [12-tom, 124] Bunda "pir" keng ma`noda ishlatilgan bo’lib, murid pirning barcha ishlari, gaplari va xohishiga "Taqlid aylamagi" zarur. Faqr yo’nalishiga aloqadorlikning shartlaridan biri ham shu. Ammo barcha holatda asosiy narsa - "Tengri taologa tavajjuh"ni bajarmoq kerak. "Tengriga tavajjuh" pirning asosiy maqsadi. Bas shunday ekan, pirning barcha ishlari, so’zlari shunga asoslanadi, undan chetga chiqmaydi. SHuning uchun muridlar pirga "taqlid" qilgandagina asosiy maqsadga erisha oladilar. Ana shu aqida Shayx San`onning o’ziga ham taalluqli. Chunki u "jonon" - pirning aytganlarini so’zsiz bajarish bilan "tengriga tavajjuh"ni bajardi, uning istaklarini amalga oshirdi. Ko’rinadiki, Alisher Navoiy naqshbandiya yo’nalishidagi pir va murid o’rtasidagi munosabat, har birining burchi, vazifalaridan so’z yuritadi va "pir"larga sodiq bo’lish, ularga nisbatan samimiyatni namoyon etish - Tengri taologa tavajjuh qilmoqning namunasi ekanligini uqtiradi. Chunki unga erishish yo’llari, usullari turli xil bo’lishi mumkin, ammo maqsad bittadir- Tengri taologa tavajjuh, o’zlikni tanish va komillikka erishishdir: Munda solikka tafovut bo’ldi fosh, Anga mehrobu munga but bo’ldi fosh. Bo’ldi o’z irfoni har kimga sifat, Ko’p tafovut qildi paydo ma`rifat. Har kishi o’z tavrida istab kamol, Qildi vodiy tay qilurg’a ishtig’ol. Gar suluk atvorida tag’yir edi, Maqsadi lekin borining bir edi. [12-tom, 225]. Shunday qilib, "Lison ut-tayr"da keltirilgan turli xil hikoya, masal va qissalar ham dostonning yaxlit tarkibiy qismini tashkil etib, asosiy mavzuni har tomonlama yoritishga xizmat qiladi. Shuni ham nazarda tutmoq kerakki, dostonning asosiy qahramonlari qushlar bo’lsa-da, ammo hikoya va qissalarda tarixiy va badiiy to’qima shaxs-insonlar tasvirlanadi. qizig’i shundaki, turli toifa va xususiyatga ega bo’lgan shaxs-insonlar faoliyati haqida qushlar hikoya qiladi, ya`ni qushlarga insonlardan o’rnak va saboq olish kerakligi uqtirilganday bo’ladi. Bu esa bejiz emas. Chunki Alisher Navoiy ta`kidlaganidek: Ofarinishdin qilib inson g’araz, Oni aylab xalq ichinda beavaz,- Ya`ni Alloh taolo tabiat va koinotni yaratar ekan, ularni inson uchun yaratdi va insonni yaratilgan narsalarning hech biri bilan almashtirish mumkin emas. Shuning uchun garchi qushlar tashxislangan - insoniylashtirilgan bo’lsalar-da, ular Inson o’rnini bosa olmaydilar, balki undan ibrat va namuna oladilar, chunki uning ko’ngli "irfon maxzani" bo’lib, Alloh taoloning tajalliygohi hamdir. Demak, ulug’ shoir bunda tabiat va Insonning yaxlitligi haqida so’z yuritadi. Shuning bilan bir qatorda Inson mavjudot Xalloqi tomonidan eng mo’`tabar va mo’`jiza sifatida yaratilganiga ham ishora qiladi. Shunday qilib, "Lison ut-tayr" dostoni falsafiy-tasavvufiy asar bo’lib, unda Alisher Navoiyning umri oxirlaridagi falsafiy-ijtimoiy va axloqiy qarashlari ramziy timsollar hamda tarixiy va badiiy to’qima obrazlar misolida gavdalantirilgan. Ko’rinadiki, Alisher Navoiy, bir tomondan, dostonlarning yaxlit turkumidan iborat bo’lgan buyuk "Xamsa"ni va, ikkinchi tomondan, alohida dostonning go’zal namunasi bo’lmish "Lison ut-tayr"ni yaratish bilan bu sohada Sharq mumtoz adabiyotida mavjud bo’lgan an`analardan ilhomlanib, turki-o’zbek dostonchiligi tarixiga ulkan adabiy yodgorliklarni hadya etdi. Alisher Navoiyning dostonchilik sohasidagi faoliyati faqat o’zbek adabiyoti tarixidagina emas, balki Sharq adabiy- madaniy hayotida ham muhim bir hodisa ekanligi ko’pgina shoir va allomalar tomonidan e`tirof etilgan. Shuning uchun Sharqning ulkan shoir va adiblarigina (jumladan, Muhammad Fuzuliy) emas, balki g’arbning mashhur yozuvchilari (jumladan, Xristofor Armeniy, Volter, Mark Tven) ham Alisher Navoiy dostonlaridan ilhom oldilar, ulardagi sujetlardan foydalandilar. Download 369.23 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling