Madaniyat va san'at muassasalarini tashkil etish va boshqarishning ilmiy-nazariy va huquqiy asoslari Reja
Download 44.63 Kb.
|
1 2
Bog'liq1-ma\'ruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch so‘z va iboralar
Madaniyat va san'at muassasalarini tashkil etish va boshqarishning ilmiy-nazariy va huquqiy asoslari Reja: Fanning maqsadi, vazifalari va predmeti Madaniyat va san'at tushunchasi, madaniy faoliyat bilan bog‘liq nazariy qarashlar Madaniyat sohasida davlat siyosati tamoyillari va asosiy yo‘nalishlari Madaniyat sohasida davlat organlari vakolatlari Madaniyat sohasi faoliyatini tashkil etishda milliy qonunchilik va qonunosti hujjatlar Tayanch so‘z va iboralar: Madaniyat, musiqa, adabiyot, tasviriy san'at, me'morchilik, teatr, kinomotografiya, madaniyat muassasalari, madaniyat sohasida faoliyat, boshqaruv, davlat organlari, tamoyillar, faoliyatning huquqiy asosi, milliy qonunchilik, qonun, qonunosti hujjat, qaror, farmon, farmoyish, davlat dasturi, tarmoq dastur Madaniyat -jamiyat, inson ijodiy kuch va qobiliyatlari tarixiy taraqqiyotining muayyan darajasi. Kishilar hayoti va faoliyatining turli koʻrinishlarida, shuningdek, ular yaratadigan moddiy va maʼnaviy boyliklarda ifodalanadi. Madaniyat tushunchasi muayyan tarixiy davr (antik madaniyat), konkret jamiyat, elat va millat (oʻzbek madaniyati), shuningdek, inson faoliyati yoki turmushining oʻziga xos sohalari (masalan, mehnat madaniyati, badiiy madaniyati, turmush madaniyati)ni izohlash uchun qoʻllaniladi. Tor maʼnoda madaniyat atamasi kishilarning faqat maʼnaviy hayoti sohasiga nisbatan ishlatiladi. Madaniyat- arabcha "madina"(shahar) soʻzidan kelib chiqqan. Arablar kishilar hayotini ikki turga: birini badaviy yoki sahroiy turmush; ikkinchisini madaniy turmush deb ataganlar. Badaviylik — koʻchmanchi holda dashtu sahrolarda yashovchi xalqlarga, madaniylik — shaharda oʻtroq holda yashab, oʻziga xos turmush tarziga ega boʻlgan xalqlarga nisbatan ishlatilgan. Oʻrta asr madaniyatining buyuk namoyandalari Abu Ali ibn Sino, Beruniy va boshqa olimlar shahar turmush tarzini jamoaning yetuklik shakli sifatida talqin qilganlar. Masalan, Forobiy fikrich: "Har bir inson oʻz tabiatiga koʻra, "oliy darajadagi yetuklikka erishish uchun intiladi", bunday yetuklikka faqat shahar jamoasi orqaligina erishiladi. Uning taʼkidlashicha, "madaniy jamiyat va madaniy shahar (yoki mamlakat) shunday boʻladiki, bu mamlakatda har bir odam kasb-hunarda ozod, hamma babbaravardir, kishilar oʻrtasida farq boʻlmaydi, har kim oʻzi istagan yoki tanlagan kasb-hunar bilan shugʻullanadi. Odamlar chin maʼnosi bilan ozod yashaydilar". Alisher Navoiy yetuk axloq, maʼrifatli va adolatli jamiyat, jamoa masalasini qayd etish bilan birga, maʼnaviy yuksaklikka erishishning asosiy mezoni deb insonparvarlik gʻoyalariga muvofiqlikni tushundi. XIX-asrning ikkinchi yarmida maydonga kelgan demokratik maʼrifatparvarlik harakatlari namoyandalari Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Ahmad Donish, Avaz Oʻtar, Komil Xorazmiy va boshqa xalqni madaniyatli qilishning omili ilm-maʼrifatni egallashda deb bildilar. Ular oʻrta asr jaholatiga qarshi xalq oʻrtasida ilm maorif va madaniyatni zoʻr ehtiros bilan targʻib qildilar. Masalan, Furqat fikricha, ilmfan bir mashʼal boʻlib, insoniyatning baxt-saodat yoʻlini yoritib turishi kerak. XIX-asrning oxiri va XX-asrning boshida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakati namoyandalari, Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va boshqa oʻzlarining maʼrifatparvarlik ishlari bilan madaniyat rivojiga muhim hissa qoʻshdilar. Ular turli gazera va jurnallar chiqardilar, nashriyot va bosmaxonalar tashkil etdilar, kutubxonalar, teatrlar, yangicha maktablar ochdilar, oʻtmish madaniyatimizni, tariximizni targʻib qildilar, dunyoviy bilimlarni chuqur egallashga daʼvat etdilar. Maʼrifatchilikning keng quloch yoyishi samarasi oʻlaroq, xalqning umummadaniyati yuksala bordi. Yevropada madaniyat deyilganda dastlab insonning tabiatga koʻrsatadigan maqsadga muvofiq taʼsiri, shuningdek, insonga taʼlim tarbiya berish tushunilgan (lot. cultura — yerni ishlash, parvarishlash; ruschadagi "kultura" soʻzi ham shundan olingan). Madaniyat faqat mavjud norma va urf-odatlarga rioya qilish qobiliyatini rivojlantirishni emas, balki ularga rioya qilish istagini ragʻbatlantirishni ham oʻz ichiga olgan. Madaniyatga bunday ikki yoqlama yondashuv har qanday jamiyatga xos (masalan, Qadimgi Xitoyda jen, Hindistonda dharma). Ellinlar "madaniyatsiz" varvarlardan oʻzlarining asosiy farqini "paydey", yaʼni "tarbiyalanganlik"da deb bilganlar. Qadimgi Rimning soʻnggi davrlarida madaniyat tushunchasi ijtimoiy hayotning shahar turmush tarzini ifodalovchi mazmunlar bilan ham boyigan va oʻrta asrlarga kelib keng tarqalgan. Bu tushuncha keyinchalik kelib chiqqan sivilizatsiya tushunchasiga yaqin turadi. Yevropada Maʼrifatchilik davrida madaniyat va sivilizatsiyaning "tanqidi" vujudga keldi (J.J.Russo). Bunda "madaniy" millatlarning buzilganligi va axloqiy tubanlashganligiga taraqqiyotning patriarxal bosqichida boʻlgan xalqlar axloqining soddaligi va sofligi qarshi qoʻyildi. Nemis faylasuflari bu ziddiyatli holatdan chiqishning yoʻlini "ruh" doirasidan, axloqiy (I. Kant), estetik (F. Shiller, romantiklar) yoki falsafiy (G. Gegel) ong doirasidan qidirdilar. Ular bu ong sohalarini haqiqiy madaniyat va inson taraqqiyotining omillari deb bildilar.XIX asr oxiridan boshlab "lokal sivilizatsiya" (O. Shpengler) degan qarash yuzaga keldi. Bu gʻoya sivilizatsiyani muayyan jamiyat taraqqiyotining soʻnggi bosqichi sifatida olib qaradi. Fan-texnika taraqqiy topgan sha-roitda koʻpgina sotsiologlar va madaniyatshunoslar madaniyatning yagona gʻoyasini izchil amalga oshirish mumkin emas, degan qoidani ilgari surdilar. Bu politsentrizm, Gʻarb bilan Sharqning azaldan qarama-qarshiligi va ijtimoiy taraqqiyotning boshqa umumiy qonuniyatlarini inkor etuvchi nazariyalarida oʻz ifodasini topdi. Madaniyatning ilmiy, tarixiy konsepsiyalariga qarama-qarshi oʻlaroq, marksistik nazariya ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar haqidagi, ishlab chiqaruvchi kuchlar bilan ishlab chiqarish munosabatlarining oʻzaro munosabati haqidagi qoidalardan kelib chiqib, antagonistik jamiyatlarda madaniyatning sinfiy harakteri haqidagi qoidalarni ilgari surdi. Antagonistik formatsiyalarda har bir milliy madaniyatda ikki madaniyat borligi haqidagi lenincha qarash "hukmron ekspluatatorlik" madaniyatiga "progressiv demokratik" va "sotsialistik" madaniyat elementlarini qarama-qarshi qoʻydi. Ana shu qoidadan kelib chiqib, mustabid sovet tuzumi davrida amalga oshirilgan "madaniy inqilob" natijasida koʻpgina xalqlar madaniyatining ajoyib durdonalari yoʻq qilinib, madaniy merosning milliy ildizlari barbod etildi. Madaniyat - umuminsoniy hodisa, faqat bir xalqqa tegishli, faqat bir xalqning oʻzigina yaratgan sof madaniyat boʻlmaydi va boʻlishi ham mumkin emas. Har bir milliy madaniyatning asosiy qismini shu millat oʻzi yaratgan boʻlsada, unda jahon xalqlari yaratgan umuminsoniy madaniyatning ulushi va taʼsiri boʻladi, albatta. Madaniyat hech qachon sinfiy hodisa boʻla olmaydi. U barchaga baravar xizmat qiladi. Masalan, sanʼat va adabiyot durdonalari, meʼmorlik obidalari, maqomlar, fan yutuqlari va boshqa barchaga tegishlidir. Masalan, kishilar faoliyatining faqat moddiy natijalari (mashinalar, texnik inshootlar, sanʼat asarlari, huquq, axloq normalari va h.k.)ni emas, shu bilan birga, kishilarning mehnat jarayonida voqe boʻladigan subʼyektiv kuch-quvvatlari va qobiliyatlari (bilim va koʻnikmalari, ishlab chiqarish va professional malakalari, intellektual, estetik va axloqiy kamoloti, dunyoqarashi, ularning jamoa va jamiyat doirasidagi oʻzaro muomalalari)ni ham oʻz ichiga oladi. Madaniyatning 2 asosiy turiga, ishlab chiqarishga qarab moddiy va maʼnaviy madaniyatga boʻlinadi. Moddiy madaniyat moddiy faoliyatning barcha sohalarini hamda uning natijalari (mehnat qurollari, turar joy, kundalik turmush buyumlari, kiyim-kechak, transport, aloqa vositalari va boshqalar)ni oʻz ichiga oladi. Maʼnaviy madaniyatga ong , maʼnaviyat sohalari kiradi (bilim, axloq, taʼlim,tarbiya, huquq, falsafa, etika, estetika, fan, sanʼat, adabiyot, mifologiya, din va boshqalar). Har bir jamiyat oʻz madaniy tipiga ega. Jamiyatlarning almashinishi bilan madaniy tipi ham oʻzgaradi, biroq bu hol madaniyat taraqqiyoti uzilib qolganini, eski madaniyat yoʻq boʻlib madaniy meros, oʻtmish qadriyatlardan voz kechilganini anglatmaydi. Zotan, har bir yangi jamiyat oʻzidan ilgarigi jamiyatning madaniy yutuklarini zaruriy ravishda meros qilib oladi va ularni ijtimoiy munosabatlarning yangi tizimiga kiritadi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida boʻlganidek, madaniyat sohasida ham tub oʻzgarishlar yuz berdi. Shaklan ham, mazmunan ham madaniyatning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Oʻzbekistonning mustaqil rivojlanishga o’tishi milliy madaniyatga sinfiy yondashishdan, uni sunʼiy tarzda "yagona umummadaniyat"ga aylanishdan saqlab qoldi. Shuni ham taʼkidlash lozimki, mustaqillikkacha boʻlgan soʻnggi yetmish yil davomida madaniyat hukmron mafkura, mustabid tuzum tazyiqida Gʻarb madaniyatiga taqlid ruhida rivojlandi. Ikkinchidan, milliy madaniyatning boy oʻtmishi bir yoqlama oʻrganilib, uning koʻpgina bebaho durdonalaridan xalqimiz bebahra boʻlib keldi. Oʻzbekiston Respublikasida mustaqillik yillarida jamiyatni yangilash sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan bir qatorda madaniyatni yuksaltirishga ham alohida eʼtibor berilmoqda. Yuqorida madaniyat tushunchasi borasida o‘rganilgan qarashlardan farqli o‘laroq, biz keyingi bosqichda madaniyatning tizim sifatida, ya'ni jamiyat, davlatning muayyan sir sohasi sifatida o‘rganamiz . Bunda madaniyat bir qator institutsional tuzilmalarga ega bo‘ladi. O‘z navbatida madaniyat-barkamol shaxs rivojlanishiga, fuqarolarining vatanparvarligini tarbiyalashga hamda estetik ehtiyojlari va manfaatlarini qondirishga qaratilgan madaniy boyliklar yig‘indisi sifatida xarakterlanib, madaniy faoliyat sub'ektlarining madaniy boyliklarni yaratish, tiklash, saqlash, muhofaza qilish, rivojlantirish, tarqatish va ulardan foydalanish, shuningdek ularni fuqarolarga tanishtirish bilan bog‘liq faoliyati madaniyat sohasidagi faoliyat deb yuritiladi. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan, faoliyatining asosiy faoliyat predmeti madaniyat hisoblangan yuridik shaxslar madaniyat muassasalari hisoblanadi. O‘z navbatida, madaniyat sohasida davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan, madaniy va ma'naviy boyliklarni yaratish, tiklash, saqlash, muhofaza qilish, rivojlantirish, tarqatish va ulardan foydalanishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, madaniy taraqqiyot uchun zarur shart sharoitlar ishlab chiqiladi. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat: millati, irqidan qatiy nazar fuqarolarning huquqiy tengligini ta'minlash. ijod erkinligi, madaniyatlararo munosabatlarda teng huquqlilik, inson huquqlari, milliy va umumbashariy qadriyatlarni hurmat qilish va madaniyatlar xilma-xilligini saqlash; madaniyat sohasida ta'lim-tarbiyaning tizimliligi, ilmiyligi va uzliksizligi; madaniyat sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning ommaviyligi va ochiqligi; shaxs ruhiyati va kamolotiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi g‘oyalarga murosasizlik bo‘lish; madaniyatning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, o‘zbek xalqining madaniy merosini asrash va rivojlantirish; tarixiy va madaniy merosning muhofaza qilinishi va ularning rivojlanishida uzviylikni ta'minlash; o‘zbek xalqi va etnik elatlar tarixiy merosini asrash, jamiyatning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va qayta ishlab chiqarish uchun huquqiy kafolatlar yaratish; madaniy faoliyat sub'ektlari o‘rtasida raqobat muhitini yaratish; iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga oid qabul qilinayotgan qarorlarning madaniyat sohadagi yagona davlat siyosatiga mosligini ta'minlash; milliy madaniyatimizga oid qadriyatlarni asrab avaylash va rivojlantirish muhofazasini ta'minlash; zamonaviy media makonda milliy madaniyatimiz munosib o‘rin egallashiga, sohani xalqaro madaniy jarayonlarga talab darajasida integratsiya qilishga erishish; madaniyat sohasiga zamonaviy innovatsiya va axborot texnologiyalarini joriy etish; madaniyat sohasida jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: * madaniyat sohasidagi munosabatlar, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomini belgilash, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani yaratish; * yosh ijodkorlarga ta'lim-tarbiya berish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, aholining o‘sib borayotgan madaniy ehtiyojlarini qondirish va madaniy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish; * milliy madaniyat va san'at muassasalarini to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun ularning moddiy-texnik bazasini xalqaro standartlarga moslashtirish; * madaniyat sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish, sohani keng tadqiq va targ‘ib etish hamda xalqaro madaniy jarayonlarga integratsiya qilish; * milliy madaniyat va san'at sohasidagi milliy xalqaro festival va tanlovlar o‘tkazish hamda ularda ijodkorlarning ishtirokini ta'minlash; * ijodkorlarning sara asarlarini namoyishini targ‘ib etish; * milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilishning samarali tizimini yaratish; * xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish. O‘zbekiston Respublikasida quyidagilar davlatning madaniyat sohasidagi asosiy vazifalari hisoblanadi: * madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash; * madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy bazani, ushbu sohadagi institutsional tizimni va madaniyat muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish; * tarixiy va madaniy merosimizni saqlash hamda uni yosh avlod tarbiyasida keng qo‘llash; * milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish, etnik madaniy an'analarni asrab-avaylash va xalq ijodiyotini qo‘llab-quvvatlash; * aholi, jumladan, yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va kengaytirish; * madaniyat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, madaniyatni yanada keng tadqiq va targ‘ib etish; * fuqarolarning, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniy hayotda faol ishtirok etishi va ularning madaniy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish; * madaniyat sohasida o‘zaro samarali xalqaro munosabatlarni tashkil etish va rivojlantirish, milliy madaniyatga jahon madaniyatining ajralmas qismi sifatida qarash; * madaniyat va san'at muassasalarining to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash, ijodiy uyushmalarning moddiy resurs bazasini yanada mustahkamlash. Madaniyat sohasida davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat organlari o‘z vakolat doirasida nodavlat-notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari madaniyat sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: * madaniyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshiradi; * madaniyat sohasidagi davlat dasturlari, “yo‘l xaritalar” va boshqa chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlaydi; * Moddiy madaniy meros ob'ektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros ob'ektlarining ro‘yxatini yuritish tartibini belgilaydi; * madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish, asrash va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi; * respublika ahamiyatidagi hududlardan va moddiy madaniy meros, shu jumladan Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob'ektlarning muhofaza tegralaridan foydalanish tartibotini tasdiqlaydi; * tarixiy-madaniy qo‘riqxonalar, muzey-qo‘riqxonalarni va tarixiy manzilgohlarni tuzish tartibini va ularni saqlash tartibotini belgilaydi; * madaniy meros ob'ektlarini madaniy-tarixiy ekspertizadan o‘tkazish tartibini belgilaydi; * muzeylarni tuzish, qayta tashkil qilish va tugatish tartibini belgilaydi; * davlat muzeylarining toifalarini belgilash tartibini belgilaydi; * Milliy muzey fondi va Milliy muzey fondi davlat katalogi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi; * muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini Milliy muzey fondi tarkibiga kiritish va tarkibidan chiqarish tartibini belgilaydi; * Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibini belgilaydi; * Milliy muzey fondi davlat qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini boshqarish tartibini belgilaydi; * Milliy muzey fondi holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi; * muzey mutaxassislarini tayyorlash va muzey xodimlarining malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash tartibini belgilaydi; O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi madaniyat sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi: * yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi; * madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish, saqlash, ommalashtirish va ulardan foydalanish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta'minlash; * moddiy madaniy meros ob'ektlarini ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq etish, konservatsiyalash, ta'mirlash va ulardan hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshiradi; * O‘zbekiston Respublikasi xalqi madaniyati rivoji uchun shart-sharoit yaratadi; * mahalliy ijroiya organlarining madaniyat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy rahbarlik qiladi; * madaniyat sohasida ilmiy dasturlar ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi; * o‘z vakolat doirasida madaniyat masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqadi, tasdiqlaydi; * O‘zbekiston Respublikasi hududida madaniy boyliklarni hisobga olish, muhofaza qilish, konservatsiyalash, ta'mirlash va ulardan foydalanish, shuningdek mamlakat madaniyati taniqli arboblari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi; * Nomoddiy madaniy meros ob'ektlarining milliy ro‘yxatini yuritadi; * teatr, musiqa san'ati, kinomatografiya, kutubxona va muzey ishi bo‘yicha respublika ahamiyatidagi davlat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi va qo‘llab-quvvatlaydi; * davlat madaniyat tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil qilish va tugatish bo‘yicha takliflar kiritadi; * madaniyat sohasida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlar o‘tkazilishini amalga oshiradi; * ijtimoiy ahamiyatli adabiyotlar sotib olinishi, nashr qilinishi va tarqatilishi, shuningdek respublika darajasida milliy filmlar yaratilishi bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi; * madaniyat va san'at namoyandalariga O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari berish va ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlash, ijodiy jamoalarni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdirlash to‘g‘risida takliflar kiritadi; * ijodiy faoliyatning turli sohalarida milliy (respublika) va xalqaro tanlovlar va festivallar, sovrin va mukofotlar ta'sis etadi; * respublika tanlovlari va festivallari o‘tkazish namunaviy nizomlar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; *madaniyat tashkilotlari xo-dimlari toifalariga nisbatan malakaviy talablar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; * madaniyat, davlat madaniyat tashkilotlari xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va muddatidan ilgari attestatsiyadan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlaydi; * davlat kutubxonalari, davlat muzeylari va muzey-qo‘riqxonalarning tovarlar, ishlar, xizmatlar realizatsiya qilish bo‘yicha haq to‘lash evaziga faoliyat ko‘rsatishi hamda tovarlar, ishlar, xizmatlar realizatsiyasidan pullarni sarflashi qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; * respublika madaniyat tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazadi; * barcha toifadagi madaniyat xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil qiladi; * madaniyat sohasida ilmiy tadqiqotlar tashkil qiladi; * xalqaro madaniy hamkorlik sohasidagi faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi; * davlat organlari, mahalliy ijroiya organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning taklifi bo‘yicha O‘zbekiston xalqi nomoddiy madaniy merosi qismlarini insoniyat nomoddiy madaniy merosi taqdimot ro‘yxatiga va YUNESKOning shoshilinch muhofazasiga muhtoj nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida buyurtmalar yuboradi; * O‘zbekiston Respublikasi muzey fondini shakllantirish va saqlash tartibini tasdiqlaydi; * O‘zbekiston Respublikasi muzey fondi davlat katalogini yuritish qoidalarini va muzey ma'lumotlar bazasini yuritish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; * tarmoqlar badiiy kengashlarini tuzadi va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi; * Nomoddiy madaniy meros ob'ektlari milliy ro‘yxatini. shakllantirish va yuritish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; *madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqish bo‘yicha ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlaydi; * madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqish huquqini beradigan sertifikat topshirish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; * madaniyat tashkilotlari tarmog‘i minimal davlat normativlarini hamda viloyat, respublika davlat madaniyat tashkilotlari ahamiyatidagi shahar, tuman, viloyat ahamiyatidagi shaharlar, qishloq darajasidagi davlat madaniyat tashkilotlarining namunaviy shtatlarini tasdiqlaydi; * ta'lim sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda madaniyat sohasida ta'lim tashkilotlari faoliyati qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; * ta'lim sohasidagi vakolatli organ bilan madaniyat sohasida barcha darajadagi ta'limning namunaviy o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini kelishib oladi; * respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan madaniyat sohasidagi ta'lim tashkilotlarida oliy ta'lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limga, shuningdek texnik va kasbiy o‘rta ta'limga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga davlat ta'lim buyurtmasini shakllantirishda ishtirok etadi; * respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan madaniyat sohasidagi ta'lim tashkilotlarida oliy ta'lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limga, shuningdek texnik va kasbiy o‘rta ta'limga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga davlat ta'lim buyurtmasining taqsimlanishi va joylashtirilishini tasdiqlaydi; * ta'lim sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda madaniyat sohasidagi ta'lim tashkilotlarida o‘quv − uslubiy va ilmiy − uslubiy ishlarni tashkil qilish va amalga oshirish qoidalarini tasdiqlaydi; * o‘z vakolat doirasida madaniyat sohasidagi ta'lim tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi; * o‘z vakolat doirasida respublika (qishloq, posyolka, tuman, shahar, viloyat, respublika) madaniyat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ijodiy uyushmalar va mulk shaklidan qat'i nazar boshqa tashkilotlar bilan madaniyat masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qiladi; * iqtidorli yoshlarni va istiqbolli ijodiy jamoalarni izlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi; * musiqa va teatr san'ati sohasidagi repertuar siyosatini muvofiqlashtiradi; * milliy madaniy boylik ob'ektlarining alohida tartiboti bo‘yicha ekspert komissiyasini tuzadi; * vatandoshlarimizning madaniy aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi; * tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovarlar kelib chiqishi joylari nomlanishini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organining so‘rovnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi tarixi va madaniyati boyligi hisoblangan belgilardan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovarlar kelib chiqishi joyi nomlanishi sifatida foydalanish uchun kelishadi yoki kelishishni rad qiladi; * davlat muzeylarida fond-sotib olish (fond-tanlash) komissiyasini tuzish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; * davlat teatr va konsert-tomosha tashkilotlarining sahnalashtirish mablag‘larini hisobga olish, topshirish va hisobdan chiqarish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; * O‘zbekiston Respublikasi muzey fondi muzey ashyolarini hisobga olish, saqlash, ulardan foydalanish va hisobdan chiqarish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqadi va tasdiqlaydi; Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘zlariga berilgan vakolat doirasida o‘z hududidagi madaniy meros ob'ektlarini aniqlaydi va ularning hisobga olinishi, muhofaza qilinishi, saqlanishi va ulardan foydalanishni amalga oshiradi, madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosini ta'minlaydi, ularni muhofaza qilish, saqlash, ommalashtirish va ulardan foydalanish tadbirlari o‘tkazilishiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarini jalb qiladi, Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan va hududidagi muzeylarda saqlanayotgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari but saqlanishini ta'minlaydi, o‘z vakolat doirasida o‘z hududidagi davlat muzeylarini moliyalashtirish miqdorini belgilaydi, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun joylar sanitariya-epidemiologiya talablariga va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. Madaniy ommaviy tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tuzilgan tashkiliy qo‘mitalar, ushbu tadbirlar tayyorlash va o‘tkazishga jalb qilingan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Sport va ommaviy sport, madaniy ommaviy tomosha tadbirlar o‘tkazishning xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ichki ishlar organlari va Madaniyat vazirligi hududiy organlarining qo‘shma buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Madaniy ommaviy tadbirlarning tashkilotchilari: jismoniy shaxslarning xavfsizligi, madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, shu jumladan ulardagi mol-mulk but saqlanishi uchun shart − sharoitlar yaratishi, shuningdek ichki ishlar organlariga jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashishlari; madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish joylariga chegaradosh hududlar obodonchiligi buzilgan taqdirda uning tiklanishini ta'minlashlari; tadbir o‘tkazilishidan kamida o‘n kalendar kuni oldin tomoshabinlarning taxminiy soni haqida, bir kalendar kuni oldin sotilgan chiptalar, kirish uchun, shu jumladan transport vositalariga berilgan ruxsatnomalar soni haqida, shuningdek ichki ishlar va sog‘liqni saqlash organlarining maxsus texnikasi, nogironlarning transport vositalari uchun tutash joylari haqida mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qilishlari; madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish joylarida tomoshabinlarning odob qoidalarini joylashtirishlari shart. Fuqarolar o‘z qobiliyatlariga ko‘ra ularni qo‘llash sohasini, tatbiq etish shakllarini mustaqil tanlash va kasbiy ta'lim olish yo‘li bilan ijodiy faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega. Ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish ham professional, ham noprofessional (havaskorlik) asosda amalga oshirilishi mumkin. Fuqarolarga madaniy qimmatliklar bilan tanishish huquqi ta'minlanadi. Ushbu huquqning cheklanishi milliy madaniy boylik ob'ektlarining alohida tartiboti bilangina belgilanishi mumkin. Professional va havaskor ijodkor xodimlar intellektual mulkka, o‘z mehnati natijalarini tasarruf etish erkinligiga, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga doir huquqlar sohasida tengdirlar. Fuqarolarning professional va havaskor ijodiy faoliyati jamoa yoki individual asosda amalga oshiriladi. Har bir fuqaro madaniy boyliklarning mulkdori bo‘lish huquqiga ega.Xususiy mulkni qo‘lga kiritish, undan foydalanish va uni tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasining qonunlari bilan tartibga solinadi. Jismoniy shaxslar madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazilganida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan turli ramzlardan va o‘z fikrini oshkora ifoda etish boshqa vositalaridan foydalanishi mumkin. Jismoniy shaxslar: * O‘zbekiston Respublikasining madaniyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilishga; * madaniy boyliklar asralishi to‘g‘risida qayg‘urishga; * o‘zbek xalqi va etnik guruhlarning milliy madaniyatini, urf-odatlarini, an'analarini, davlat tili va boshqa tillarni hurmat qilishga; * madaniy ommaviy tomosha tadbirlari va madaniyat sohasidagi boshqa tadbirlar o‘tkazish joylarida jamoat tartibiga rioya qilishga; * madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish joylarida jamoat tartibi buzilishini qo‘zg‘atuvchi xatti-harakatlarga, atrofdagilarga xavf tug‘diruvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka majburdirlar. Jismoniy shaxslarga: * madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish joylariga foydalanishi odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi yoki jismoniy va yuridik shaxslarga moddiy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan alkogol mahsuloti, metall, shisha idishida mahsulot, pirotexnika buyumlari va boshqa ashyolar olib kelish; * madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish vaqtida odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan har qanday ashyolarni sahnalarga, maydonlarga, supalarga, orkestr o‘ralariga, shuningdek tomoshabinlar bo‘lgan joylarga tashlash; * madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish vaqtida hech kimdan so‘ramay to‘silgan joylarni kesib o’tish * madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish vaqtida ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy, urug‘ va tabaqa bilan bog‘liq adovat chiqarishga qaratilgan, shuningdek jismoniy shaxslarning huquqlarini kamsitadigan plakatlar, emblemalar, tranparantlar va boshqa ko‘rinadigan ashyolardan foydalanish taqiqlanadi. Madaniyat sohasidagi faoliyat, uning turlari, sub'ektlari va ularning huquqiy maqomi quyidagicha tavsiflanadi. Ijodiy buyurtma deganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining maxsus buyurtmasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, rasmiy tashriflari, safarlari, matbuot anjumanlari, bayonotlari, ma'ruzalari, uchrashuvlari, so‘zga chiqishlari), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati haqida, shuningdek muhim rasmiy tadbirlar, xalqaro voqealar; mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar borishi haqida, O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, huquqiy, ma'naviy − ma'rifiy, sport hayotidagi muhim voqyealar va xorijda yuz berayotgan voqyealar haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan yaratilgan madaniy faoliyat ob'ektlari deb tushuniladi. Madaniyat tashkilotlari madaniyat sohasidagi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Madaniyat tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil qilish va tugatish O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Madaniyat tashkilotlarining faoliyat turlari ularning muassislari tomonidan belgilanadi va tashkilotlarning ustavlarida aks etadi. Madaniyat tashkilotlari davlat va nodavlat bo‘lishi mumkin. Madaniyat sohasida xalqaro madaniyat tashkilotlari o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Madaniyat tashkilotlari sirasiga quyidagilar kiradi: * madaniyat markazlari; * teatrlar; * konsert tashkilotlari (filarmo-niyalar); * sirklar; * kinomatografiya tashkilotlari; * axborot kutubxonalari; * muzeylar; * madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlar; * badiiy gallereyalar (salonlar); * studiyalar; * ustaxonalar; * madaniy-tarixiy markazlar; * madaniyat sohasidagi tadqiqot markazlari (tadqiqot institutlari); * ta'mirlash markazlari; * muzey-qo‘riqxonalar; * (badiiy. Ekspertiza. Taklif kiritish) * madaniyat sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa tashkilotlar. O‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan madaniyatni rivojlantirish fondlari madaniyatni rivojlantirish uchun tuzilishi mumkin. Madaniyat tashkilotlari fondlaridagi madaniy boyliklar haqida axborot, shuningdek joriy repertuardan olib tashlangan teatr sahna asarlari va (yoki) ijodiy dasturlarning audiovizual yozuvlari elektron axborot resurslarida joylashtirilishi uchun sharoitlar yaratadi. MadaMadaniyat sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Madaniyat vazirligi va uning organlari tomonidan maslahat-kengash organlari (vazirlik va idoralar) – teatr, musiqa va konsert faoliyati, sirk san'ati, kinoindustriya, muzey ishi va arxeologiya, tasviriy san'at, arxitektura va dizayn, adabiyot va kitob nashr etish bo‘yicha tarmoq badiiy kengashlari tuziladi. Tarmoq badiiy kengashlari tarkibiga madaniyat sohasidagi taniqli arboblar, olimlar, mutaxassislar, ijodiy birlashmalar kiradi. Madaniyat sohasidagi faoliyati alohida davlat va jamiyat ahamiyatiga ega bo‘lgan davlat madaniyat tashkilotlariga, professional badiiy, ijodiy jamoalarga “Milliy” maqomi berilishi mumkin. “Milliy” maqomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlagan tartibda beriladi. San'atni shakllantirish, rivojlantirish va targ‘ib qilishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Akademik” maqomi beriladi. Universal hujjatlar to‘plamlarining shakllantirilishi, saqlanishini olib boradigan va kutubxonadan foydalanuvchilarga ularni taqdim etadigan, kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni tashkil qiladigan va boshqa kutubxonalarga uslubiy yordam ko‘rsatadigan viloyat, respublika ahamiyatidagi shahar, poytaxt, shahar va tuman kutubxonalariga tegishli ma'muriy hududiy birlikning mahalliy ijroiya organlari tomonidan Madaniyat vazirligi tasdiqlagan tartibda “Markaziy” maqomi beriladi. Davlat madaniyat tashkilotlari boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilmaydi. Madaniyat tashkiloti o‘z xarajatlarini muassis (muassislar) mablag‘lari, o‘z faoliyatining daromadlari va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ruxsat etilgan boshqa daromadlar va tushumlar hisobiga qoplaydi. Byudjet muassasasi shaklida tuzilgan madaniyat tashkilotining muassisi: byudjet muassasasining iste'molchiga muassisning topshiriqlariga muvofiq beg‘araz yoki qisman haq evaziga ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati moliyaviy ta'minotini amalga oshiradi; O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Muzey fondining davlat qismi, axborot kutubxona, arxiv fondlari saqlanishi, asralishi va to‘ldirib borilishi xarajatlarining to‘la hajmda moliyalashtirilishini, shuningdek byudjet va mustaqil muassasa tasarrufiga topshirilgan madaniy meros ob'ektlari asralishi va ulardan foydalanishnita'minlaydi. Madaniyat tashkilotining milliy va xorijiy yuridik va jismoniy shaxslardan, xalqaro tashkilotlardan beg‘araz xayriyalar (sovg‘alar, subsidiyalar) olish huquqiga ega. Moliyaviy mablag‘lardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Quyidagilar madaniyat sohasini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi: * O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida markazlashtirilgan manbalar hamda respublika va mahalliy byudjeti mablag‘lari; * imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar; * jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; * qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar. Davlat madaniyat muassasalarining moliyalashtirilishi byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Madaniyat tashkilotlarining moliyalashtirilishi xizmatlar realizatsiyasi, muassislarning mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi, davlat madaniyat muassasalari bundan mustasno. Madaniyatni rivojlantirish fondlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda nodavlat mablag‘larini jalb qilishi mumkin. Xulosa o’rnida ta’kidlash kerakki, madaniyat, xususan xalq madaniyati madaniyat muassasalari samarali faoliyati asosida takomillashib boradi. Bu birinchi navbatda sohaning malakali kadrlar bilan ta’minlangani bilan bog’liq bo’ladi. O‘zbekiston Respublikasi bugungi taraqqiyot davriga mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab qonun ustuvorligini ta'minlanishi asosida yetib keldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, adolatli jamiyatda har qadayfaoliyat muayyan qonun-qoidalarga tayanib amalga oshiriladi. Ushbu qonunlarning birinchi vazifasi muayyan sohadagi munosabatlarni tartiga solishdan iborat bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat sohasida olib borilayotgan islohotlarning asosini ham birinchi navbatda madaniyat sohasi bo‘yicha qabul qilinayotgan qonun, qaror va boshqa me'yoriy hujjatlar tashkil etadi. Madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etuvchi huquqiy asoslarni qonun, qonunosti hujjatlar va davlat dasturlari kabi uch yirik guruhga ajratib o‘rganish lozim. O‘zbekiston Respublikasida jamiyatning barcha sohalari qatori madaniyat sohasi taraqqiyoti ham asosiy qomus- Konstitutsiyasiga kiritilgan xalqchil normalar bilan yuzaga keladi. Jumladan, Konstitutsiyaning 42-moddasida har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Konstitutsiyaning 49-moddasiga ko‘ra o‘z navbatida fuqarolar ham O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburliklari, madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasida ekani ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qonuni 2001 yil 31 avgustda qabul qilingan “Madaniy meros ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra mamlakatimiz hududidagi madaniy meros ob'ektlaridan foydalanish, ularni muhofazalash masalalari hal etiladi. O‘zbekistonda madaniyat sohasining eng muhim ob'ekti bo‘lgan muzeylarning faoliyati 2008 yil 12 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonuni asosida tashkil etiladi. Qonunda muzey foliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish bilan bog‘liq normalar kiritilgan. 2011 yil 13 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni aholining axborot kutubxona xizmatidan foydalanishini tartibga solish bilan bir qatorda madaniyat sohasi rivojiga salmoqli ta’sir o‘tkazdi. 1999-yil 14 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonuni nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatini kafolatlaydi. Nodavlat notijorat tashkiloti - jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir. Nodavlat notijorat tashkilotlarining alohida ijtimoiy foydali dasturlariga davlat ko‘mak ko‘rsatishi mumkin. Davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga aralashishiga, xuddi shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotining davlat organlari hamda ular mansabdor shaxslarining faoliyatiga aralashishiga yo’l qo‘yilmaydi. Nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi: 1) nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarni qabul qilish; 2) nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatga olish (qayta ro‘yxatga olish), ularning faoliyat ko‘rsatishi va faoliyatini tugatish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratib berish; 3) nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy foydali dasturlarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish; 4) nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro ijtimoiy hamkorlik; 5) nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish. Nodavlat notijorat tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlariga kirishi, ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqaro aloqalar o‘rnatishi, hamkorlik to‘g‘risida tegishli bitimlar tuzishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasida madaniyat sohasini tartibga solishda, xususan, konsert, tomosha ishlarini tashkil etishda reklama xizmatiga ehtiyoj seziladi. Bunday vaziyatda 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonunida keltirilgan bir qator normalar jarayonni maqsadli tashkil etishga ko‘maklashadi. Masalan, mazkur qonunning 12-moddasida homiylik masalasi bilan bog‘liq holat kiritilgan bo‘lib, teleradiodasturlarni yaratishda, boshqa ommaviy axborot vostitalari uchun materiallar tayyorlashda, teatr-konsert, sport tadbirlari va boshqa tadbirlarni uyushtirishda homiylar qatnashishi mumkin. Reklama televidenie va radio audiovizual mahsulot bilan bog‘liq bo‘lgan va homiylik xizmatlaridan foydalanilayotgan taqdirda, homiylar to‘g‘risidagi axborot dasturning boshlanishida va oxirida qisqa va aniq qayd etilishi kerak. Homiyning nomi (nomlanishi) yonida homiyning o‘rniga uning tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) ko‘rsatilishi mumkin. Yangiliklar to‘g‘risidagi teleradiodasturlarda homiylarning xizmatlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Homiylik ko‘rsatayotgan shaxsning faoliyatiga homiy aralashishga haqli emas. Shuningdek, davlat madaniy tadbirlari, madaniyat muassasalari faoliyati bilan bog‘liq ijtimoiy reklamalarni tayyorlash va tarqatish masalasi ham qonunning 16 moddasida yoritilgan. Jumladan, Ijtimoiy reklamali axborot sog‘liqni saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish, energiya resurslarini saqlab qolish, huquqbuzarliklarning oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish va xavfsizligini ta'minlash, ma'naviyat va ma'rifat masalalariga doir axborot, shuningdek notijorat yo‘sindagi boshqa axborotdir. Shaxslarning ijtimoiy reklamali axborotni tekinga tayyorlash va tarqatishga doir faoliyati, o‘z mol-mulkini (shu jumladan pul mablag‘larini) ijtimoiy reklamali axborot tayyorlash va tarqatish uchun boshqa shaxslarga berishi xayriya faoliyati deb e'tirof etiladi. Bunday hujjatlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadilar. Reklama tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni umumiy yillik hajmining 5 foizidan kam bo‘lmagan hajmda ijtimoiy reklamali axborotni joylashtirishi shart. Bunda faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan to‘liq yoki qisman moliyalashtiriladigan reklama tarqatuvchilar ijtimoiy reklamali axborotni bepul joylashtiradi. Fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga erishish, amalga oshirilayotgan islohotlarimizning ochiq-oshkoraligi va samaradorligini ta’minlashda, ularning rolini kuchaytirishda 2014-yil 14 sentabrda qabul qilingan «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunning muhim ahamiyat kasb etdi. «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonun 5 bob va 30 ta moddadan iborat bo‘lib, 1-bob umumiy qoidalarga bag‘ishlangan. Ushbu bobda qonunning maqsadi, ijtimoiy sheriklikning tushunchasi, subektlari, asosiy prinsiplari va sohalari ochib berilgan. Xususan, qonunning 3-moddasida ijtimoiy sheriklikka quyidagicha ta’rif berilgan: «Ijtimoiy sheriklik – davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni hamda fuqarolarning xuquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorligidir». Qonunga muvofiq ijtimoiy sheriklikning subektlari sifatida bir tomondan davlat organlari, ikkinchi tomondan esa nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etadilar. Qonunning 2-bobi ijtimoiy sheriklikning asosiy shakllari va ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi. Unda ijtimoiy sheriklikning asosiy shakllari sifatida: – ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini va normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki; – nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari vakillarining davlat organlari huzuridagi ishchi guruhlar, komissiyalar va jamoatchilik-maslahat organlari faoliyatida ishtirok etishi; – ijtimoiy sheriklik subektlari tomonidan birgaliqda tadbirlar, maslahatlashuvlar va muzokaralar o‘tkazish; – ijtimoiy sheriklik subektlari tomonidan bitimlar va shartnomalar tuzish, birgalikdagi loyihalar va rejalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish; – ijtimoiy sheriklik subektlari o‘rtasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, axborot almashish kabilar belgilanib, ularni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari ko‘rsatilgan. 2016-yil 14-sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni jamiyatning boshqa sohalari qatori madaniyat sohasi vakillari oldiga muhim vazifalarni qo‘ydi. Yoshlarni ijodga jalb qilish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab quvvatlash, ijod maktablarini takomillashtirish, yosh avlodni madaniy meros bilan yaqindan tanishtirish shular jumlasidandir. 2019 yil 18 iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi qonuni madaniy turizm ni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berdi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida “Madaniyat to‘g‘risida”gi, “Ta'lim to‘g‘risida”gi, ”Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi kabi madaniyat sohasi uchun muhim bo‘lgan qonun xujjatlarini qabul qilish uchun muhokama qilinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekiston Respublikasida qabul qilinayotgan har bir qonun xalq madaniyati, xususan turmush madaniyatining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Madaniyat muassasalari faoliyatini takomillashishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlari, Vazirlar Maxkamasining qarorlari, Madaniyat vazirligi va boshqa vakolatli organlar tomonidan qabul qilingan me'yoriy hujjatlar alohida ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 27 yanvardagi PQ–1271-son qarori bilan tasdiqlangan «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, 2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish va zamonaviy attraksionlar bilan jihozlash, ularning faoliyatini yanada takomillashtirish asosida aholi, ayniqsa bolalar va o‘smirlar, barcha yoshlarning madaniy dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “2011- 2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 322-sonli qarori qabul qilindi. Bunga ko‘ra, respublika hududidagi bir qator madaniyat va istirohat bog‘lari qayta ta'mirlandi, faoliyati yangicha uslubda tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunga taraqqiyotning yangi bir davri boshlandi. Bunda birinchi navbatda mamlakatda besh yillik faoliyat strategiyasini belgilab bergan “O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” muhim ahamiyat kasb etib, jamiyatning barcha sohalarini o‘zaro bog‘liqlikda faoliyat yuritishi uchun muhim shart-sharoitni yaratib berdi. Bu o‘zaro hamkorlik natijasida davlat, jamiyat mazmuni tubdan o‘zgarib, davlatchilikda jahonning ilg‘or tajribalari, milliy an'ana va qadriyatlar uyg‘unligi asosida fuqarolarning huquq va manfaatlarini ifodalab, ong,tafakkuri ozod inson shaxsini tarbiyalashning provard maqsad qilib olganini ko‘rsatmoqda. “Umumxalq muhokamasidan so‘ng besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Strategiya – bu yangilanish jarayonlarining haqiqiy harakatlar dasturidir. Bu hujjat hozirgi vaqtda hayotga izchil joriy etilmoqda. O‘z navbatida jamiyat a'zolaring ham dunyoqarashlarida tub burilish yasab ezgu maqsad va intilishlarini yanada quvvatlantirdi. Harakatlar strategiyasi mana shu xossalari bilan bugungi axborotlashgan, turli ma'naviy tahdidlar ortib borayotgan dunyoda rivojlanish va tezkor zamon talablari moslashishda ilmiy-nazariy, metodologik asoslarni belgilab beruvchi dasturilamal bo‘lmoqda. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 28 iyuldagi «Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida»gi qarorining qabul qilinishi, O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrda “Uzluksiz ma'naviy tarbiya konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan jamiyatnig ma'naviy yangilanishida ijtimoiy-madaniy faoliyatning o‘rni yorqinroq namoyon bo‘la boshladi. Ma'naviy-ma'rifiy ishlarning ta'sirchanligini oshirish, ma'naviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-4307-son qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining tarkibi, ishchi organi va faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3907-son qarori bilan ta'lim tizimida ijtimoiy-madaniy faoliyatni rag‘batlantirish mexanizmlari amaliyotga qo‘llanila boshladi. Yoshlarni ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta'lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha 6 ta yo‘nalishdan iborat kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi PQ-4038-sonli qarori bilan madaniyat tizimida ijtimioy-madaniy faoliyat imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, aholining turmush madaniyatini yuksalishiga salmoqli ta'sir etish mexanizmlari ishlab chiqildi. Shuningdek, madaniy xizmat ko‘rsatishning yangi tuzilmasi madaniyat markazlari tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida madaniyat sohasini isloh qilish, madaniyat ta'limini rivojlantirish, xususan madaniyat sohasida innovatsiyalarni ishlab chiqish bilan bog‘liq bir qator qaror, farmonlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 maydagi "Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori, 2017 yil 16 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzurida madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3325-sonli qarori, 2018 yil 1 avgustdagi “Madaniyat va san'at sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3892-son qarori, 2018 yil 27 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san'at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, «Bolalar musiqa va san'at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida» 2015 yil 20 noyabrdagi PQ-2435-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi “2010-2020 yillarda nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 222-son qarori, 2017 yil 11 dekabrdagi 2017 - 2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha komleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 975-son qarori, 2018 yil 19 iyundagi “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash haqida”gi 458-son qarori, 2019 yil 9 yanvardagi “ixtisoslashtirilgan san'at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 9-sonli qarori, 2019 yil 20 martdagi «Madaniyat va san'at fidokori» ko‘krak nishonini ta'sis etish to‘g‘risida”gi 236-son qarori, 2019 yil 30 martdagi “madaniyat markazlari faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 264-son qarorini qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasida madaniyat sohasini rivojlantirish bilan bir qatorda, madaniyat ta'limida fan, ta'lim ishlab chiqarish integratsiyasi asosida zamonaviy kadrlarni tayyorlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Yuqorida tahlil qilib o‘tilgan barcha qonun, qaror, farmonlar O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy-madaniy faoliyatning zaruratini ifodalash bilan bir qatorda uni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratishda huquqiy asos vazifasini o‘taydi. Xar bir sohaning taraqqiyotini esa yuksak kasbiy malakaga ega kadr belgilar ekan, bu bilan bir tomondan madaniyat ta’limida fan ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi asosida ta'lim sifatini oshirib raqobatbardosh kadrlar tayyorlansa, ikkinchi tomondan mazkur huquqiy manbalarning to‘la xalq manfaatlari yo‘lida ijro etilishini ta'minlaydi. Download 44.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling