Majolis un-nafois
Download 25.62 Kb.
|
1 2
Bog'liqSinxron va ketma ket tarjima mutaxassisi
“MAJOLIS UN-NAFOIS” VA TAZKIRANING TURKIYADA O‘RGANILISHIGA DOIR Jumaboyev Oybek Sheraliyevich Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti magistranti oybekjumaboyevtdshu@gmail.com Hazrat Mir Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”1 – Nafis majlislar tazkirasi2 turkiy tilda qalamga olingan ilk tazkira hisoblanadi. Aksariyat ijod ahli arab va fors tilida ijod qilgan bir davrda, turkiy til salohiyatini ko‘rsatib, adabiy til holatiga keltirish maqsadi va uni boshqa tillardan kam emasligini isbotlab berishi, Navoiyning qanchalik buyuk va qatiyatli shaxsiyat ekanligini ko‘rsatadi. “Majolis un-nafois” asari “Muhokamat ul-Lug‘atayn”3 kabi turkiy tilda ijod qilgan shoirlar uchun jasorat manbai va yo‘llarini yorituvchi mayoq vazifasini bajardi. Asar o‘sha davrdayoq boshqa tillarga ham tarjima qilinish bilan birga4 undagi ma’lumotlar boshqa tilda muloqot qiluvchi xalqlar uchun ham qimmatli manba sifatida xizmat qildi. Navoiy “Majolis un-nafois” asarida o‘zidan avval ijod etgan Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” va Davlatshohning “Tazkirat ush-shuaro” asarlariga yuqori baho beradi va boshqa shu turdagi asarlar mavjudiyati haqida so‘z yuritadi. Navoiy asar yozilishi sababini ushbu asarlarda joy berilmagan bir qancha qiymatli shoir qolib ketganligi va bu insonlar haqida o‘zi asar yozishni niyat qilganligi bilan ifodalaydi va temuriy shahzodalardan bo‘lgan do‘sti Husayn Bayqoroning tashviq va ko‘magi bilan qalamga olganligini ta’kidlaydi. Turk adabiyotshunoslaridan Prof. Dr. Gunay Kut “Majolis un-nafois” haqida so‘z yuritar ekan, Navoiyning ushbu tazkirasini turkiy tilning yuksak salohiyatini ko‘rsatib, ilmiy jihatdan isbotlab berishga bag‘ishlangan “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarini yaratishga undagan asar deb baholaydi: “Aminmanki, Navoiy chig‘atoy shoirlarining hayoti va ijodi haqida yozgan “Majolis un-nafois” va “Nasoyim ul-muhabbat” nomli valiylar haqidagi hikoyalari joy olgan kitobida ko‘pchilikni o‘z asarlarini fors va arab tilida yozganligini aniqlagan. Bu mavzu ustida chuqur o‘ylagan bo‘lishi kerakki, oxirgi va en muhim asarlaridan biri bo‘lgan “Muhokamat ul-lug‘atayn”da turk tilining fors tilidan ustun ekanligini isbotlashni maqsad qilgan”5. Navoiy “Majolis un-nafois” asari orqali bizga o‘sha davrga bog‘liq voqea hodisalar, kishilar hayotiga bog‘liq sharxlar, zamonaning eng yuqori qatlami bo‘lgan shoirlar, yozuvchilar, valiylar va ilm-fanga aloqador kishilar haqida ilmiy ma’lumot bergan. Ma’lumki, 1447-yil 6 yoshli Navoiy otasi bilan Iroq yo‘lida karvonsaroyga dam olish uchun to‘xtalganda, tasodifan o‘sha yerda shu maqsadda to‘xtagan “Zafarnoma” asarining muallifi, Amur Temurning tarixchilaridan bo‘lgan Sharofiddin Ali Yazdiy bilan ko‘rishadi. Uchrashuv yosh Navoiy qalbida muhrlanib qolgan va keyinchalik asar yaratilishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. “Majolis un-nafois” asarini Turkiyada nashrga tayyorlab ikki jild holida 2001-yilda nashr ettirgan adabiyotshunos olim, Prof. Dr. Kemal Eraslan6 tazkirani tarixiy ahamiyati haqida shunday yozadi: “…Turk tilida qalamga olinishi bilan barobar XIV va XV asrlarda O‘rta Osiyo Turk dunyosining ijtimoiy va madaniy hayotiga nazar tashlashi, o‘sha davr adabiy muhiti va she’riyati haqida ma’lumot berishi ahamiyatlidir”7. Yana bir turk adabiyotshunosi Prof. Dr. F.Sema Barutju O‘zo‘nder8 Alisher Navoiyning 565 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonning Anqara elchixonasi tomonidan tashkil qilingan tadbirda so‘zga chiqib, Navoiy shaxsiyati ustida to‘xtalib, “Navoiy dastavval adabiyot tarixchisi. Turk adabiyotining ilk shoirlar tazkirasi hisoblangan “Majolis un-nafois” uning mohir qalami bilan yozilgan. Aruz ilmini turkchada tadqiq qilib ortaga chiqargani uchun adabiyot nazariyotchisi ham hisoblanadi”9 deydi. Darhaqiqat, bunday qiymatli tarixiy ma’lumotlarga Navoiy qanday ega bo‘ldi degan savol tug‘ilishi ham shubhasiz. Ma’lumki, Husayn Boyqaro hukmronligi davrida Hirot madaniyat va san’at markaziga aylanadi, bu Navoiy va Boyqaro orasida dunyoqarash, maqsadlar va munosabatlar mushtarak bo‘lganligini ko‘rsatadi. Turkıyalik navoiyshunos olim M.Fuad Koprulu davr muhiti bilan aloqador quyidagi fikrni bildiradi: “Boyqaro va Navoiy davri adabiy muhiti, avvalgi davrlar bilan qiyoslab ham bo‘lmaydigan darajada porloq manzarani o‘zida aks ettiradi. Chunki Husayn Boyqaroning barqaror davlat boshqaruv salohiyati bilan bir qatorda, fikr va sanatni har narsadan ustun qo‘yuvchi, mamlakatning eng nufuzli shaxsiyati bo‘lgan Alisher Navoiy milliy til va adabiy jarayonning boshida turardi”10. Turli mamlakatlardan iste’dodlar imkon izlab kelishi natijasida, Hirot adabiyot, tarix, tasviriy san’at, xattotlik, tabobat, musiqa markaziga aylandi va bu Mirxond, Xondamir, Kamoliddin Behzod, Davlatshoh Samarqandiy, Sakkokiy va boshqa namoyondalarni yetishib chiqishiga zamin yaratdi. “Majolis un-nafois” ta’sirida turkiy shoirlar ushbu yo‘nalishda asarlar yaratishga kirishdilar. Bu haqda F.S. Barutçu Özönder shunday yozadi: “ …O‘rta Osiyo turk tili va adabiyoti taraqqiyoti rivojida Navoi nafaqat Turkiston turkligi, balki bugungi Eron va Iroq hududidagi turkiylarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi”. Muhammad b. Mubarak Shoh al-Kazvini “Terjümai Mejalis ün-nafais” nomi bilan 1521-1523 yillar orasida fors tiliga qilingan tarjimani Usmonli hukmdori Yavuz Sulton Salimga tuhfa qiladi11. “Majolis un-nafois” asarini usmonli adabiyotiga ta’siri haqida Mustafa Isen “Shoir tazkiralari”12 asarida tazkiraga “Onado‘luda13 vujudga kelgan tazkiralarga rol modellik qilgan” degan ta’rifni beradi. Navoiy ta’sirida ilk bor usmonli adabiyotida turkiy tazkira Sehi Bey (o‘. 1548-49) tomonidan qalamga olingan va 1538 yilda bitirilib, Qonuniy Sulton Sulaymonga taqdim qilingan. Sehi Beydan tashqari Latifi (o‘. 1582) “Tazkirat ush-shuaro”, Oshiq Chalabiy “Mashoiru ush-shuaro”, Kinalizoda Hasan Chalabiy “Tazkirat ush-shuaro” tomonidan qalamga olingan tazkiralarning barchasida Navoiy tazkirasi va uning ijodi haqida ma’lumot keltirib o‘tilgan14. Xulosa o‘rnida, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi turkiy ijodkorlarga ruhiy jasorat berish barobarida, davr muhiti va shaxslari haqida qimmatli ma’lumotlarni bizgacha yetkazib berishi bilan ahamiyatlidir. Navoiyning hayoti va asarlari nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning boshqa davlatlarida yirik adabiyotshunos olimlar bilan bir qatorda ilmga endigina kirib kelayotgan yosh tadqiqotchilar tomonidan ham o‘rganilayotgani tahsinga sazovor. Download 25.62 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling