Maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish va ularda ushbu sport turlari bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish
Download 153.16 Kb.
|
PQ-449 23.12.2022
[OKOZ: 1.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.02.00.00 Jismoniy tarbiya va sport / 14.02.02.00 Jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqaruv] [TSZ: 1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Jismoniy tarbiya va sport] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Aholi o‘rtasida gimnastika sport turlari (sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, trampolin, akrobatika) ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, xalqaro talab va standartlar asosida professional sportchilarni tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida: 1. Quyidagilar gimnastika sport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin: aholi o‘rtasida gimnastika sport turlarining ommaviyligini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish; maktabgacha yoshdagi bolalarning gimnastika sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish va ularda ushbu sport turlari bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirish; umumiy o‘rta ta’lim maktablarining jismoniy tarbiya darslarida gimnastika sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlarni bosqichma-bosqich ko‘paytirish hamda mashg‘ulot va to‘garaklar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish; gimnastika sport turlari bo‘yicha professional trenerlar, malakali hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar hamda videomateriallar ishlab chiqish; sport-ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, respublikada gimnastika sport turlari uchun zarur bo‘lgan sport jihozlari va inventarlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish; qizlar o‘rtasida erta yoshdan gimnastika sport turlarini ommalashtirish, bu borada uzoq yillarga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish; Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlariga gimnastika sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoa sportchilarini tayyorlash dasturlarini yanada takomillashtirish; ommaviy axborot vositalarida sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi sifatida gimnastika sport turlarini targ‘ib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajali axborotlashtirishni va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni ta’minlash. 2. 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab: maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi; umumiy o‘rta ta’lim maktablarida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan, gimnastika sport turlari bo‘yicha sport maktabining boshlang‘ich tayyorgarlik guruhlari uchun ishlab chiqilgan dastur asosida “Bolalar uchun gimnastika” dasturi joriy qilinsin. Belgilansinki: a) “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi doirasida: maktabgacha ta’lim tashkilotlarida gimnastikani ommalashtirish va keng targ‘ib qilish orqali tarbiyalanuvchilarni mazkur sport turi bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish; tarbiyalanuvchilar organizmini fiziologik rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis — shifokorlar tomonidan tavsiya etilgan sport ko‘nikmalariga tayyorlash; bolalarda gimnastika bilan shug‘ullanishga kuchli va ta’sirchan motivatsiyani shakllantirishga katta e’tibor qaratiladi; b) “Bolalar uchun gimnastika” dasturi doirasida: gimnastika bilan shug‘ullanish istagi yuqori bo‘lgan o‘quvchilarga ega hamda sport zallari mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablari belgilab olinadi; tanlab olingan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida gimnastika sport turlari bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarida mashg‘ulotlar maktab joylashgan hududdagi sport maktabidan jalb etilgan trenerlar tomonidan olib boriladi; umumiy o‘rta ta’lim maktablarida gimnastika zallarini tashkil etish, mavjud gimnastika infratuzilmasini kengaytirish va jihozlash uchun investitsiya va grantlar jalb qilinadi; yoshlar o‘rtasida gimnastika sport turlarini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish, ularda ushbu sport turiga qiziqishni oshirish, gimnastika bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi. 3. Xalq ta’limi vazirligi (B. Saidov) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab: Sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda gimnastika sport turlarini o‘quvchilar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha tanlangan maktablarni videodarsliklar, gimnastika gilamlari, jihozlari va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun Xalq ta’limi sohasida islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili zarur mablag‘larni yo‘naltirsin; boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun jismoniy tarbiya fanining amaldagi o‘quv dasturini qayta ko‘rib chiqib, uning asosiy qismini gimnastikaning sog‘lomlashtiruvchi elementlari bilan boyitsin. 4. Maktabgacha ta’lim vazirligi (A. Shin) O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda 2023-yil 1-iyulga qadar davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarni gimnastikaga asoslangan muntazam jismoniy mashqlarga qiziqtirish va shug‘ullantirish bo‘yicha to‘garaklar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘ysin. 5. Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida birinchi bosqichda Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnika va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari (keyingi o‘rinlarda — Gimnastika markazlari) tashkil etilsin. 6. Belgilansinki: Gimnastika markazlari ushbu hududlardagi gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida tashkil qilinadi; Gimnastika markazlari faoliyati gimnastika sport turlari bo‘yicha qobiliyatli va iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olish hamda ularni asosan terma jamoalarga nomzod sifatida tayyorlashga yo‘naltiriladi; Gimnastika markazlari yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi; Gimnastika markazlari o‘z faoliyatini 2024/2025 o‘quv yilidan boshlaydi; Gimnastika markazlari o‘quvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1 — 11-sinf o‘quvchilaridan iborat bo‘ladi; Gimnastika markazlari o‘quvchilarini umumta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida amalga oshiriladi; Gimnastika markazlarining o‘quv jarayoni Sportni rivojlantirish vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi hamda tasdiqlangan o‘quv rejaga asosan amalga oshiriladi; Gimnastika markazlarining o‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan 11-sinf bitiruvchilariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat namunasidagi diplom beriladi; Gimnastika markazlarini bitirganlik to‘g‘risidagi diplom berilgan mutaxassislik (trener, trener-seleksioner) bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish yoki ta’limning keyingi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish huquqini beradi; Gimnastika markazlari o‘quvchilarini ovqatlantirish xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi; Gimnastika markazlari direktorlari, ularning sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, trenerlari, yo‘riqchi-uslubchilariga Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi; Gimnastika markazlari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari va tarbiyachilari mehnatiga haq to‘lash va rag‘batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi; Gimnastika markazlari tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi, shuningdek, ularni moddiy rag‘batlantirishda Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun belgilangan moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi. 7. Quyidagilar Gimnastika markazlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin: Davlat budjeti mablag‘lari; faoliyat ixtisosligi bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan va Gimnastika markazlari ustavidagi vazifalarga muvofiq bo‘lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar; asosiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydigan vaqtda bo‘sh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar; jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. 8. Belgilab qo‘yilsinki: a) Gimnastika markazlarini zamonaviy va xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish (binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash) “O‘zavtosanoat” AJning homiylik mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi; b) Gimnastika markazlarini xalqaro standartlarga muvofiq, zamonaviy jihoz va inventarlar bilan ta’minlash uchun Sportni rivojlantirish vazirligiga Davlat budjetidan zarur mablag‘ ajratiladi. Moliya vazirligi ushbu maqsadlar uchun hamda Gimnastika markazlari faoliyatini saqlash bilan bog‘liq zarur mablag‘larni 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin. Qurilish vazirligi (B. Zakirov) Gimnastika markazlarining loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda eng maqbul me’moriy hamda texnik yechimlar qo‘llanilishini, ularni innovatsion texnologiyalarga asoslangan, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin. Sportni rivojlantirish vaziriga Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan gimnastika sport turlari bo‘yicha malakali xorijiy trenerlar, menejerlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislarni jalb qilish huquqi berilsin. 9. Vazirlar Mahkamasi mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, uch oy muddatda Gimnastika markazlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin. 10. Gimnastika sport turlari ommaviyligini oshirish hamda sportchilarni eng quyi bo‘g‘indan boshlab tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha quyidagi tizim joriy qilinsin: maktabgacha ta’lim tashkilotlarida — 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni jismoniy tarbiya, ayniqsa, gimnastikaga asoslangan muntazam jismoniy mashqlarga qiziqtirish va shug‘ullantirish orqali ularda iroda va qat’iyatlilik, shuningdek, o‘zini tutish kabi axloqiy va jismoniy fazilatlar shakllantiriladi; umumiy o‘rta ta’lim maktablarida — 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun jismoniy tarbiya dars mashg‘ulotlarida gimnastika sportining sog‘lomlashtiruvchi elementlaridan foydalangan holda bolalarda tana rivojlanishi, mushaklar egiluvchanligi, chaqqonlik, chidamlilik hamda muvozanat hissi va harakatlarni muvofiqlashtirish ko‘nikmasi kabi jismoniy sifatlar shakllantiriladi; sport maktablarida — “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan ommaviy sport musobaqalari, shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan gimnastika sport turlari bo‘yicha saralab olingan bolalar dastlab sport maktabining sport-sog‘lomlashtirish guruhlarida harakatlanish qobiliyatini kuchaytirish va harakat faolligi tanqisligini to‘ldirish bo‘yicha shug‘ullantiriladi. Bunda, sport-sog‘lomlashtirish guruhida shug‘ullangan yoshlar aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, ular sport maktabining navbatdagi guruhlariga bosqichma-bosqich o‘tkazib boriladi; Gimnastika markazlarida — ta’lim muassasalarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan, sport sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan va yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yoshlar tanlov asosida qabul qilinib, gimnastikaning ixtisoslashtirilgan turlari bo‘yicha professional tarzda shug‘ullantiriladi va ular hisobidan hududiy terma jamoalarga asosiy nomzodlar zaxirasi shakllantiriladi; Gimnastika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxirasi sport maktabida (keyingi o‘rinlarda — Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabi) — Gimnastika markazlari, shuningdek, boshqa ta’lim muassasalaridan sport gimnastikasi, badiiy gimnastika va trampolin bilan shug‘ullanuvchi sportchilarni erishgan natijalari asosida tanlab olish orqali ular eng yangi ilmiy-metodik tavsiya hamda yutuqlar asosida milliy terma jamoalar uchun sport zaxirasi va yuqori darajali sportchilar sifatida tayyorlanadi. 11. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq: Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabi — milliy terma jamoalarga gimnastika sport turlari bo‘yicha zaxira sportchilarni yetkazib beruvchi bazaviy davlat sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi; Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabida 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan ta’lim oluvchi o‘quvchi-sportchilarning umumiy kontingenti 132 nafarni tashkil etgan holda, o‘qish muddati 11 yil bo‘lib, har yili 12 nafar iqtidorli o‘quvchi-sportchi qabul qilinadi; Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabini to‘liq tamomlagan o‘quvchi-sportchilarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat namunasidagi diplom beriladi; Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabini bitirganlik to‘g‘risidagi diplom berilgan mutaxassislik (trener, trener-seleksioner) bo‘yicha mehnat faoliyatini amalga oshirish yoki ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirish huquqini beradi. 12. Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida gimnastika bo‘yicha amaldagi o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini ikki baravarga oshirish choralarini ko‘rsin. 13. Quyidagilar: 2023 — 2025-yillarda gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq; 2023 — 2025-yillarda gimnastika sport turlarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 14. Belgilab qo‘yilsinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab an’anaviy tarzda gimnastika sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida quyidagi musobaqalar o‘tkaziladi: gimnastrada sport turi bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi; badiiy gimnastika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Yorqin yulduzcha” va kattalar o‘rtasida “Grand Prix Uzbekistan” xalqaro turniri; sport gimnastikasi bo‘yicha “Duxoba yo‘l” xalqaro turniri; trampolin bo‘yicha “Samodan baland” xalqaro turniri; xalqaro gimnastika kuniga bag‘ishlab o‘tkaziladigan “Gymnastics Day” butun O‘zbekiston ommaviy forumi; umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Xalq ta’limi vaziri kubogi”; gimnastika sport turlari bo‘yicha Xalqaro gimnastika federatsiyasining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari bo‘yicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar. Sportni rivojlantirish vazirligi (Sh. Maxmudov) Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda: ikki oy muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin; respublikada o‘tkaziladigan xalqaro turnirlarda mahalliy gimnastikachilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan xalqaro gimnastikachilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin; yuqoridagi musobaqalar va turnirlarni o‘tkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin. Turizm va madaniy meros vazirligi (B. Ibragimov) ushbu musobaqalar va turnirlarni turistik marshrutlar obyektlari ro‘yxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb qilish choralarini ko‘rsin. 15. Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov): Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda gimnastika sport turlari ommaviyligini oshirish maqsadida 2023-yildan boshlab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladigan ommaviy sport musobaqalari dasturiga gimnastrada musobaqalarini kiritsin; Moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-2024-yillarda bosqichma-bosqich hududlardagi gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mavjud sport inshootlarini mashg‘ulotlar uchun xavfsiz va sanitariya me’yorlari asosida rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy talablarga javob beradigan jihoz va inventarlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin. 16. Vazirlar Mahkamasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda gimnastika sport turlari bo‘yicha davlat sport-ta’lim muassasalarida shug‘ullanuvchi o‘quvchi-sportchilar uchun amaldagi sutkalik oziq-ovqat me’yorlari, jihoz va inventarlar normalarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, yangi tahrirdagi Hukumat qarorini qabul qilsin. 17. Sportni rivojlantirish vazirligi (A. Ikramov), O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bir oy muddatda gimnastika sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalar sportchilarini 2024-yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, iqtidorli sportchilarni sport kiyimlari va ekipirovkalari bilan ta’minlash nazarda tutilsin. 18. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A. Boboyev) Moliya vazirligi (J. Abruyev), Sportni rivojlantirish vazirligi (M. Ismailov), Toshkent shahri hokimligi va O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bilan birgalikda 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Korxoji ota ko‘chasi, 2a-uy manzilida joylashgan Gimnastika bo‘yicha olimpiya zaxiralari maktabi tasarrufidagi bino va inshootlarni xalqaro talablarga muvofiq rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, shuningdek, ushbu obyektning tegishli bo‘sh yer maydonida 36x30 o‘lchamli sport gimnastikasi zalini qurish hamda zamonaviy sport anjomlari bilan to‘liq jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot bazasiga aylantirish choralarini ko‘rsin. 19. O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi (Sh. Umurzakov) va Milliy olimpiya qo‘mitasi (O. Qosimov): zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda gimnastika sport turlari bo‘yicha trenerlar, seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish maqsadida mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar, trening va mahorat darslarini o‘tkazishni tizimli ravishda yo‘lga qo‘ysin; uch oy muddatda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “Gimnastikaga ilk qadam” va umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Bolalar uchun gimnastika” dasturlarini amalga oshirish hamda joylardagi trenerlar faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida ushbu dasturlarni amalga oshirish konsepsiyasi hamda gimnastika sport turlari bo‘yicha videodarsliklar to‘plamini yaratsin; faoliyati davomida namuna ko‘rsatgan yuqori malakaga ega trener va mutaxassislar malakasini yanada oshirish, zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarini ta’minlash uchun ularni milliy terma jamoalarning xorijda o‘tkaziladigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari va xalqaro musobaqalar jarayoniga jalb etish choralarini ko‘rsin. 20. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin. 21. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 22. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.A. Qosimov hamda O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisi Sh.B. Umurzakov belgilansin. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV Toshkent sh., 2022-yil 23-dekabr, PQ-449-son O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi PQ-449-son qaroriga 1-ILOVA 2023 — 2025-yillarda gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”
Download 153.16 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling