Maktabgacha ta'lim muassasasi - davlat tomonidan belgilab berilgan huquqiy me'yoriy hujjatlar va maktabgacha ta'lim muassasasiga qo'yiladigan talablarga muvofiq bolalarga ta'lim-tarbiya berish, ularga qarab turish va ularni parvarishlash hamda sog'lomlashtirishga yo'naltirilgan ta'lim muassasalari.
O'zbekistonda bu muassasalarga bolalar yaslisi, yasli- bog'cha, bolalar bog'chasi kiradi. MTM 2 bosqichdan iborat. 1- bosqich bolalar yaslisi bo'lib, u 2 yoshdan 3 yoshgacha bo'lgan bolalarni qamrab oladi. Bu bosqichda bolalarni aqliy va jismoniy rivojlantirish, nutqini shakllantirish, ularni moddiy borliq, atrof- olam bilan tanishtirish hamda gigiyena masalalari bo'yicha amaldagi tayanch dastur asosida ta'lim-tarbiya beriladi. 2- bosqich bolalar bog'chasi bo'lib, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan bolalarni qamrab oladi. Bu bosqichda bolalarning nutqini rivojlantirish, ularning ma'naviy kamolotini ta'minlash, jismoniy jihatdan baquwat bo'lishlari uchun yo'naltirilgan ta'lim-tarbiya jarayoni amalga oshiriladi. Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalar uchun ham MTM mavjud bo'lib, ular maxsus dastur hamda texnik vositalar bilan ta'minlangan.
O'zbekistonda MTM ning moddiy texnika bazasi hamda metodik ta'minotini yaxshilashga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qilingan. MTM uchun yaratilayotgan dasturlar va metodik qo'llanmalar pedagogika va psixologiya fanlari yutuqlari hamda davlat va jamiyat talablariga tayangan holda yaratilmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonda davlat va nodavlat MTM mavjud. Ular qaysi tashkilot qaramog'ida bo'lishidan qat'iy nazar O'zR Xalq ta'limi vazirligi uni kadrlar bilan ta'minlaydi va faoliyatiga ilmiy-pedagogik jihatdan rahbarlik qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |