Ma’naviy va madaniy meros
Download 19.11 Kb.
|
Madaniyatshunoslik Mus.ish tayyor
Ma’naviy va madaniy meros. Ma’naviyat keng ma’noli ekanligini biz oldingi sahifalarda bayon qilgan bo’lsak, endi ma’naviyat va madaniyatning o’zaro aloqadorligi hamda munosabatlari haqida fikr yuritamiz. Madaniyat va ma’naviyat insonga xos xislatlar ekanligiga hech kim shubha qilmaydi. Ikkala tushuncha ham eng qadimiy tushunchalardir. Ma’naviyat singari madaniyat tushunchasi ham insonning fazilatlarini o’zida aks ettiradi. Ma’naviy meros bo’lgani singari madaniy meros ham mavjuddir. Madaniyat-insonga taalluqli bo’lgan aqliy va jismoniy harakat, his-tuyg’u, kechinmalar, hamda jamiyatni o’zgartirishga qaratilgan ilg’or faoliyatlar yig’indisidir. Madaniyat inson va jamiyat taraqqiyotining barcha sohalarida ishlab chiqariladigan moddiy noz-ne’matlarda, ma’naviy jarayonlarda ko’zga tashlanadi. Ushbu tushuncha ma’lum bir davrlar, jamiyatlar, urug’, elat va millatlar rivojlanishini, insonlarning moddiy-maishiy, ma’rifiy-ma’naviy hayotini, turmush tarzini ifodalash uchun foydalaniladi. Ta’kidlaganimizdek, madaniyat so’zi ko’p qirralidir. Bunga sabab, u ijtimoiy hayotning barcha sohalarida namoyon bo’lib, berilgan ta’riflar ham turlichadir. Jumladan, E. Yusupov «Madaniyat – bu kishilar faoliyatining jamiyat iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayoti sohasida yaratgan, o’zlarining ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarilgan moddiy va ma’naviy boyliklar tizimdir». deydi. Yoki «Madaniyat – eng umumiy tarzda inson va jamiyatning o’zgaruvchilik faoliyatining barcha turlari, hamda shu faoliyat natijalarining majmuidir». «Madaniyat – umuminsoniy hodisa». «Madaniyat-insonning olgan bilimlari va hosil qilgan tajribalariga asoslangan malakali harakati boshqalarda zavq uyg’ota olgan ijtimoiy hodisa». Madaniyat-inson faoliyati bilan yaratilgan ma’naviy va moddiy boyliklar, his-tuyg’u uyg’otadigan jarayonlardir. O’z-o’zidan ma’lumki, ta’riflar xarakter va mazmun jihatidan ham har xildir. Ammo, hamma ta’riflarda ham inson faoliyati hisobga olingan. Demak, madaniyat avvalo insoniy xususiyatdir. Unda insonning aql idroki, harakati, talant va iste’dodi, mehnati, individual va ijtimoiy ongi, ilmiy, badiiy, huquqiy, diniy, ahloqiy, falsafiy qarashlari ham o’z aksini topadi. Shu sababli, madaniyat tushunchasi qadimiy falsafiy tushunchadir. Bu tushuncha falsafa fanida mukammalroq o’rganilishi tufayli, biz bu qrinda madaniyatning bir tarkibiy qismi bo’lgan madaniy meros ustida, uning qadimiyligi, inson hayotidagi o’rni ustida to’xtalamiz. Madaniy meros barcha davrlarda ham xalq tomonidan yaratiladi. Unda eng qimmatli va qadrli yutuqlar o’z aksini topadi va u inson tafakkurining buyuk mahsuli sifatida saqlanadi. Madaniy meros bilim boyliklarining qonuniy taraqqiyotidan paydo bo’ladi va madaniy merosdan kelajak avlod foydalanadi, o’z navbatida u avlod ham madaniy meros rivojiga o’z hissasini qo’shadi. Madaniy meros taraqqiyoti to’xtamaydi, u garchand boyib boradi. Yoki kelajak avlod o’tmishdagi madaniy merosga asoslanib yangi madaniy merosini shakllantiradi. Barcha fan, barcha texnika, kashfiyotlar, bilim, san’at, adabiyot, siyosiy va huquqiy jarayonlardagi ijobiy tomonlarni madaniy meros o’z ichiga oladi. Chunki, bular madaniy merosning negizlarini tashkil qilgan sohalardir. Madaniy merosda ham inkor qoidasi amal qiladi. Eski inkor o’rnida yangisi paydo bo’ladi. Ushbu jarayon ham spiralsimon holda davom etadi. Madaniy meros taraqqiyotida ham chekinishlar, nisbiy to’xtashlar, qayta olg’a siljishlar bo’lib turadi. Go’zallikni saqlab uni rivojlantirish, ularni namuna sifatida olish, hatto eski bo’lganda ham inson ma’naviyati uchun foydali bo’lsa kelajak uchun zarurdir. Eski madaniy meros deyuvchilar tarixda ko’p xatolik va kamchiliklarga yo’l qo’ydilar. Madaniy merosni yuksaltirmoq uchun avvalo madaniy meros tarixini anglab etish lozim. Bozor munosabatlariga o’tish davri tarixiy madaniy merosni inkor etmaydi, balki rivojlantirishga harakat qiladi. Bozor munosabatlari davrida shakllanadigan madaniy meros yuksakroq darajaga ega bo’ladigan meros bo’lishi mumkin. Madaniy merosdan hamma birdek foydalana olmasligi tabiiy, lekin turmushda unga duch keladi va o’z xulosasiga ega bo’ladi. Insoniyatning ilg’or tafakkur namoyandalari yaratgan ma’naviy, madaniy meros albatta har bir yangi avlod vakillariga u yoki bu holda ta’sir etadi. Shunday umumiy madaniy meros boyliklari borki, ular daholik nishonalarini o’zida saqlab keladi. Ular jumlasiga, ayniqsa, ko’plab arxitektura va san’at, adabiyot asarlari kiradi. Bu asarlar buyuk asarlar bo’lib, insoniyat ma’naviyatini yuksalishi uchun bitmas-tuganmas xazinadir. Olamdagi ertaklar, afsonalar, dostonlar, romanlaru esdaliklar, sarkardayu botirlar, qadimiy binolaru qadriyatlar, kashfiyotlaru nazariyalar shular jumlasidandir. Rus allomasi Lev Nikolaevich Tolstoy aytganidek: «Bizda minglab yillar davomida milliard-milliard odamlar orasidan etishib chiqqan buyuk donishmandlar tafakkurining shunday asl mevalari mavjudki, bu buyuk insonlarning aql durdonalari vaqt sinoviga chidam berib, g’alvirdan o’tib kelmoqda. O’rtamiyona narsalarning bari itqitib tashlanib faqat o’ziga xos, teran, zarur asarlar qolgan». O’zbek xalqining madaniy merosi qadimiy bo’lib, uning boshlanishi 4000 yillardan oldinga borib taqaladi. O’zbekiston hududida madaniy merosni qoldirishda turli davlatchilik tuzumlari ham muhim rol o’ynagan. Bularga: So’g’diyona, Parfiya, Yunon-Baqtriya, Parkana, Kushon, Tohariston, Turk xoqonligi, Somoniylar, G’aznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va temuriylar davlatlari misol bo’la oladi. Ulardan qolgan nafaqat qadimiy yodgorliklar yoki buyumlar balki, davlatni boshqarish uslublari ham madaniy merosning durdonalaridandir. Bu barkamol davlatchilik urf-odatlari, an’analari jahon davlatchiligining rivojlanishiga ta’sir etgan va etib kelmoqda. Endilikda ma’lumki, bobokalonlarimiz Afrosiyob, Qoraxoniylar, G’aznaviylar, Xorazmshohlar, Amir Temurlar adolatparvar, insonparvar davlat boshqaruvini tashkil etganlar. Respublika Prezidenti I.A.Karimovning ta’kidlashicha: «Bugun bizning oldimizda shunday tarixiy imkoniyat paydo bo’ldiki, biz bosib o’tgan yo’limizni tanqidiy baholab, milliy davlatchiligimiz negizlarini aniqlab, buyuk madaniyatimiz tomirlariga, qadimiy merosimiz ildizlariga, qaytib o’tmishimizdagi boy an’analarimizni yangi jamiyat qurilishiga tatbiq etmog’imiz kerak. Yoki allomalardan biri aytganidek, har bir davlat qurilishi ma’lum xalq milliy ma’naviy mahsuli, o’zligini namoyon etish va ma’naviy onglilik taraqqiyotining pillapoyasidir. Bu taraqqiyot zinasini qadamba-qadam bosib o’tish bir me’yordagi harakatni hisobga olish, shu bilan birga vaqtdan o’zib ketmaslikni taqozo etadi. Vaqt hamma narsaga qodir bo’lib, unda tafakkur, falsafa… hamma narsa mujassamdir». Madaniy-ma’naviy sohalar dialektik xarakterda bo’lganligi sababli, ular bir- birini to’ldiradilar. Masalan, jamiyatdagi ma’naviy madaniyatning turli mezonlari bo’lib, ular mamlakat xalqi hayotida muhim ahamiyatga ega. Jumladan, bu mezonlar davlat xo’jaligi madaniyati, davlatni boshqarish jarayoni, milliy g’ururni tiklash sohalari, san’at va maorif, fan va texnikani taraqqiy ettirish kabilardir. Biz yashayotgan davr shuning uchun ham ulug’vorki, u ko’p asrlik kishilik jamiyatidagi eng asl boyliklarni o’zida mujassamlashtirayotir. Qadimiy ajdodlarimizning ilg’or namoyandalari yaratgan ma’naviy-madaniy merosdan foydalanmoqdamiz. Hatto eramizgacha yashab ijod etgan buyuk faylasuflardan biri ham o’zidan oldingi o’tgan donishmandlarning faoliyatini faxr bilan tilga olgan. Men, degan u, qadimgi donishmandlarning o’z asarlarida bizga qoldirib ketgan aql durdonalarini ko’zdan kechiraman; agarki, biz ularda nimadir yaxshi bir narsaga duch kelsak, uni o’zlashtirib olamiz va juda katta foyda orttirgan hisoblanamiz. Demak, o’tmishdagi ma’naviy, madaniy merosdan foydalanish ham ota-bobolarimizdan merosdir. Binobarin, ma’naviy va madaniy meros bu ajdodlardan turli vaqtlarda yaratilgan va qoldirilgan, ma’naviy hamda madaniyatni o’zida aks ettirgan ma’naviy va madaniy boyliklardir. Taraqqiyotni ta’minlash o’tmish boyliklaridan oqilona foydalanishga ham bog’liqdir. Har bir ziyrak inson o’z ziyrakligini yanada oshiraman desa, avvalgi asarlar va boshqa madaniy-ma’naviy manbalar bilan yaqindan tanishadi va ularni o’zida mujassamlashtiradi. U hayotdagi durdonalarni izlaydi va o’ziga xos eng nodir va noyob narsalarnigina ajratib oladi. Ularni avaylab asraydi, kerak bo’lsa avlodlarga etkazadi. Qadimgi allomalar, donishmandlar shu darajada ko’p madaniy-ma’naviy durdonalarni meros qoldirganlarki, ular bamisoli bir ummondir. Ummondan tegishlisi olinib hayotda foydalanilsa, ular bugungi kundagidek xizmat qilaveradi. «Xalqimizning ma’naviy poydevori bo’lajak davlatimizning pok tayanchlari juda qadimiy va mustahkam. Buni hech kim inkor qila olmaydi. Tariximiz necha- necha ming yilliklarga borib taqaladi. Xalqimizning tayanchi-ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosning o’zi bir katta xazina. Bu xazinadan oqilona foydalanish lozim. Ajdodlar vasiyatiga sodiq va munosib bo’lmog’ingiz kerak». Dono kishilar faqatgina o’z davri yoki o’tmishni izohlab durdona qoldirmaganlar, balki kelajakni ham o’ylab fikrlar bildirganlarki, ularni biz jonsizdek qabul qilmasak bo’lgani. Haqiqatdan ham ularni e’zozlab o’z hayotimizni bezasak nihoyatda baxtli va ma’naviyati boy insonlar bo’lishimiz turgan gap edi. Ma’naviy madaniyat inson faoliyatini qamrab oladi. U qachon va qaerda bo’lmasin, harakat qilmasin, ishlamasin inson hamisha unga duch kelaveradi. Natijada, inson jamiyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shadi, ishga intiladi. Ma’lumki, jamiyatda ishlab chiqarish turlari ko’p. Shulardan eng muhimlaridan biri ma’naviy boyliklar ishlab chiqarishdir. Ma’naviy boyliklar avvalo xalq, qolaversa, ma’lum odamlar, olimlar, donishmandlar, faylasuflar, yozuvchilar, bastakorlar, ziyolilar, nazariyotchilar, siyosatchilar tomonidan ishlab chiqiladi, yaratiladi. Ma’naviy boyliklar ma’naviy madaniyatni, jamiyatni rivojlantirishga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Salbiy yoki ijobiy rol o’ynaydi. Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ma’naviy madaniyat individual va ijtimoiy ongni shakllantirish uchun xizmat qiladigan nazariy va amaliy qarashlar yig’indisidan iboratdir. Foydalanilgan adabiyotlar: E.Yusupov. “Inson kamolotining ma’naviy asoslari” 1994. Tulenov J, G’ofurov Z. Falsafa. «O’qituvchi», 1997. Ibrohimov A, Sultonov X, Jo’raev N. Vatan tuyg’usi. «O’zbekiston», 1996. Ziyomuxamedov B, Ziyamuxamedova S, Qodirova S. Ma’naviyat asoslari. 2000. I.A.Karimov. O’zbekiston: milliy istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura. «O’zbekiston», 1993. Vl. Vorontsov. Tafakkur gulshani. 1981. Download 19.11 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling