Markazdagi mavjud zamonaviy asbob-uskunalar sement, beton, gips, ohak, asbest, dolomit, bo‘r, tosh, sopol, silikat va xom g‘ishtni fizika-kimyoviy tahlil qilish hamda fizika-mexanik sinovdan o‘tkazish imkonini beradi
Download 0.6 Mb.
|
Sement haqida hisabot
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutining “Strom” ilmiy-tadqiqot va sinov markazi rahbari, texnika fanlari doktori, professor Mastura Iskandarova bilan yangi turdagi qurilish materiallari qanday imkoniyatlar yaratayotgani xususida suhbatlashdi. Markazimiz 2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti huzurida tashkil etilgan, – deydi M.Iskandarova. – Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, markazda mahalliy xomashyo resurslari va turli ishlab chiqarish chiqindilari asosida yuqori sifatli qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun resurs va energiya tejaydigan samarali texnologiyalar yaratish hamda ularni o‘zlashtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy izlanishlar olib borilmoqda. Markazdagi mavjud zamonaviy asbob-uskunalar sement, beton, gips, ohak, asbest, dolomit, bo‘r, tosh, sopol, silikat va xom g‘ishtni fizika-kimyoviy tahlil qilish hamda fizika-mexanik sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Ayni paytda mutaxassislarimiz barcha turdagi xomashyo va qurilish materiallarini sinovdan o‘tkazish imkonini beradigan 76 nomdagi tadqiqot asbob-uskunalari, o‘lchov priborlaridan foydalanmoqda. Markazning yuqori malakali xodimlari qurilish materiallari va buyumlarini yaratish, tadqiq etish va sinovdan o‘tkazish sohasida katta ilmiy-amaliy tajribaga ega. Masalan, markaz mutaxassislari yuqori sifatli qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish uchun yangi konlarning mineral xomashyosi va turli texnogen chiqindilarning yaroqliligini aniqlash maqsadida kompleks tadqiqotlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, ular xomashyoni texnologik sinovdan o‘tkazib, xomashyo aralashmasi va birikadigan kompozitsiyalarning maqbul tarkibini aniqlamoqda, istiqbolli, raqobatbardosh, import o‘rnini bosadigan va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishning yangi texnologiyalarini yaratmoqda. Markazda xomashyo materiallari va tayyor qurilish mahsulotlarining kimyoviy-mineralogik tarkibi va tuzilishini aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilib, turli qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarishda xomashyo materiallarini sarflash me’yorlari belgilanmoqda. – Bugungi kunda mamlakatimizda portland sementning deyarli barcha turlari ishlab chiqarilmoqda. Ayni paytda ushbu qurilish materialiga bo‘lgan talab muttasil oshmoqda va buning natijasida portland sement muhim strategik resursga aylanmoqda. Portland sementning xususiyatlari uni ishlab chiqarishda foydalaniladigan mineral qo‘shimchalar va to‘ldirgichlar bilan bog‘liqdir. Mamlakatimiz sement zavodlarida har yili 15 turdagi 7 million tonnagacha sement ishlab chiqarilmoqda. Qurilish tarmog‘i va sanoatda umumiy maqsadlarda foydalaniladigan sement, neft va gaz quduqlarini sementlash uchun mo‘ljallangan tamponj sement, gidrotexnik inshootlar qurilishida qo‘llaniladigan sulfatga chidamli sement shular jumlasidan. Bundan tashqari, mamlakatimizda bezak ishlarida foydalaniladigan oq sement ham ishlab chiqarilayotir. O‘tgan yili Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida Jizzax sement zavodi foydalanishga topshirildi. Ushbu hududda sement tayyorlash uchun asosiy xomashyo – yuqori sifatli ohaktosh qatlamlarining mavjudligi ushbu zavod qurilishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida faoliyat yuritayotgan mazkur korxona yiliga 350 ming tonnagacha oq sement va 760 ming tonna portland sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavodda ishlab chiqarilgan oq sementdan pardozlash ishlari va sun’iy marmar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Ta’kidlash joizki, oq sementning 70 foizini eksport qilish rejalashtirilmoqda. – Ayni paytda “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati yurtimizda sement ishlab chiqaradigan yetakchi korxona hisoblanadi. Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sementning yarmi ushbu korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yiliga qariyb 3,5 million tonnani tashkil qiladi. Bundan tashqari, “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyatida yiliga 1,7 million tonnagacha, “Quvasoytsement” aksiyadorlik jamiyatida 1 million tonnadan ortiq va “Bekobodsement” aksiyadorlik jamiyatida 1 million tonnaga yaqin sement ishlab chiqarilayotir. Ushbu korxonalar har yili yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish hisobidan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirmoqda. Ayni paytda turli viloyatlarda yirik va kichik sement zavodlari barpo etilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida ikkita yirik sement zavodi qurilishi boshlandi. Ushbu korxonalarda yiliga birgalikda ikki million tonnagacha sifatli portland sement ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Kichik sement zavodlari qurilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Andijon va Farg‘ona viloyatlarida shunday zavodlar faoliyat yuritmoqda. Jizzax viloyati Zomin tumanida barpo etilgan mini-zavod ham yaqinda ishga tushiriladi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatida yiliga 500 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega mini-sement zavodi qurilishi jadal davom ettirilmoqda. – Markazimiz tashkil etilganidan buyon materialshunoslik sohasida ko‘plab ishlanmalar yaratildi va sanoatda o‘zlashtirish uchun taklif etildi. Ushbu ishlanmalarning barchasi mahalliy xomashyo zaxiralari va sanoat korxonalarining ehtiyojlari inobatga olingan holda yaratildi. Ularni ishlab chiqarishda asosiy e’tibor mamlakatimiz sanoat korxonalarining texnogen chiqindilarini keng qo‘llashga qaratildi. Ayni paytda portland sement ishlab chiqarishda mahalliy tog‘ jinslaridan kompleks foydalanish bo‘yicha olimlarimiz tomonidan yaratilgan texnologiya “Qizilqumsement” va “Quvasoytsement” aksiyadorlik jamiyatlarida keng qo‘llanilmoqda. Ushbu texnologiyaning mohiyati shundan iboratki, mahalliy vulqonli tog‘ jinslaridan sement xomashyosi aralashmasi tarkibida bir paytning o‘zida asosiy alyumosilikatli komponent va temirli mineralizator sifatida foydalaniladi. Bu chet eldan keltiriladigan temirli qo‘shimchalardan foydalanish, pirovardida ularni tayyorlash va transportirovka qilishda mablag‘ sarflashni talab qilmaydi. Shu bilan birga, energiya va resurs tejaydigan ushbu texnologiya ishlab chiqarishning soddalashtirilgan texnologik shakliga ega bo‘lib, pechli agregatlar mahsuldorligini oshiradi va sement tannarxini kamaytiradi. Yana bir ishlanma bu sulfatga chidamli sement olish texnologiyasidir. Tarkibida mahalliy xomashyo asosidagi kompozitsion mineral qo‘shimchalar mavjud bo‘lgan va ko‘plab maqsadlarda ishlatiladigan sement ishlab chiqarish texnologiyasini keng joriy etishdek dolzarb vazifani hal etishga qaratilgan mazkur texnologiya sementning mustahkamligi va sulfatga chidamliligini pasaytirmagan holda, uning tarkibiga 15-20 foizgacha kompozitsion mineral qo‘shimchalar qo‘shish imkonini beradi. Ayni paytda klinkerni maydalashda tog‘ jinslari, gliyej, kvars va shpatli qum hamda boshqa minerallarni o‘z ichiga olgan kompozitsiyalardan faol mineral qo‘shimchalar sifatida foydalanilmoqda. Buning samarasida qimmatbaho klinker tejalmoqda, sement tannarxi pasayib, uning qurilish-texnik xususiyatlari yaxshilanmoqda. Ushbu texnologiya ayni paytda “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida o‘zlashtirildi. “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatining tarkibida temir mavjud bo‘lgan chiqindisi – metall kuyindisi asosida loyli burg‘ilash suyuqligi uchun import o‘rnini bosadigan “OK” va “Kompozit” og‘irlashtirgichlari ishlab chiqildi. Neft-gaz tarmog‘i uchun maxsus mo‘ljallangan mazkur mahsulotlarning foydalanish xususiyati zamonaviy talab va me’yorlarga to‘liq javob beradi. Ular asosida neft-gaz quduqlarini mustahkamlashga mo‘ljallangan og‘irlashtirilgan sement ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi. Yuqori darajada qotish va zarur texnologik xususiyatga ega ushbu sement narxi mamlakatimizda ishlab chiqariladigan va chetdan olib kelinadigan boshqa sementlarga nisbatan arzondir. Toshkent viloyatining Saribuloq konidagi “Neftgazmineral” sho‘ba korxonasining maydalash bo‘limida ishlab chiqarilgan “Okalin” og‘irlashtirgichining yirik tajriba-sanoat to‘plami “O‘zgeoburneftgaz” aksiyadorlik kompaniyasining burg‘ilash uchastkalarida loyli burg‘ilash suyuqligini tayyorlashda foydalanildi. Uning asosida tamponaj sement tarkibi ishlab chiqildi va “O‘zgeoburneftgaz” aksiyadorlik kompaniyasining burg‘ilash uchastkalarida foydalanish uchun tavsiya qilindi. Bundan tashqari, sement ishlab chiqarish va neft-gaz qazib olish tarmog‘ida okalindan foydalanishni ta’minlaydigan standart (Ts) ishlab chiqildi. Fosfogipsdan sun’iy gips olish ham markazning ekologik va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq ishlanmalari jumlasidan. Ekstraksion fosforli kislota ishlab chiqarishda fosforitlarning oltingugurt kislotasiga ajralishi jarayonida hosil bo‘ladigan fosfogips tarkibida oltingugurt va fosfor kislotasi qoldiqlari bo‘lgani bois hozirgi paytga qadar amalda qo‘llanilmagan edi. Aksariyat mamlakatlarda kislotali qoldiqlarni yo‘q qilish maqsadida fosfogips ko‘p miqdordagi suv bilan yuviladi. Biroq mamlakatimizda suv resurslarining tanqisligi bois ushbu usul qimmat va maqsadga muvofiq emas. Shundan kelib chiqib, “Strom” ilmiy-tadqiqot va sinov markazi mutaxassislari fosfogipsni ishqorli komponent – klinker yoqish pechlari changi yordamida modifikatsiyalash yo‘li bilan undagi ortiqcha kislotani bartaraf etishning oddiy uslubini, ya’ni tozalangan fosfogipsdan sement ishlab chiqarishda tabiiy gips tosh o‘rnida sementning qotish muddatini rostlagich sifatida foydalanishni taklif qildi. Ayni paytda bu borada ikki turdagi texnogen chiqindi – kimyoviy ishlab chiqarish chiqindisi bo‘lgan fosfogips va sement ishlab chiqarishda ajraladigan changdan foydalanilmoqda. Sement va boshqa qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalaniladigan va “Elemental” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan “Fosfozol” faol mineral qo‘shimchasi ham muhim ishlanmalardan biridir. Ushbu qo‘shimcha Yangi Angren issiqlik elektr stansiyasining fosfogips va kul shlagi aralashmasiga avtoklavda ishlov berish usuli bilan olinadi va mazkur usul texnogen chiqindilarni samarali va kompleks ravishda utilizatsiya qilish imkonini beradi. “Fosfozol”dan turli qurilish materiallari, jumladan, sement, gipsokarton, quruq qurilish aralashmalari, xom g‘isht ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Bundan tashqari, “Fosfozol”ni sementning qotish muddatini sekinlashtiradigan gips toshlari o‘rnida qo‘llash mumkin. Shu bois ushbu qo‘shimchani ishlab chiqarish va undan foydalanish ekologik jihatdan foydali bo‘lib, katta iqtisodiy samara beradi va ayrim texnologik jarayonlarni soddalashtiradi. Muxtasar aytganda, mamlakatimiz iqtisodiyoti, arxitekturasi va shaharsozligini yanada rivojlantirish uchun sifatli va arzon qurilish materiallari, xususan, kompozitsion sement ishlab chiqarish zarur. Shuning uchun korxonalar va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti “Strom” ilmiy-tadqiqot va sinov markazining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan faol mineral qo‘shimchalar va sement tarkibini to‘ldiruvchi qo‘shimchalarning yangi manbalarini o‘rganish, shuningdek, ulardan foydalangan holda yangi turdagi sement ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar izchil davom ettirilmoqda. Olimlarimizning yutuqlari nafaqat qimmatbaho import xomashyo o‘rnini bosish, balki zararli texnogen chiqindilarni utilizatsiya qilish, kelgusi avlodlar uchun musaffo atrof-muhitni asrab-avaylash imkonini beradi. Download 0.6 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling