Markaziy osiyo xalqlari tarixi
Download 0.9 Mb.
|
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун
- Bu sahifa navigatsiya:
- III. Markaziy Osiyoda sovet rejimiga qarshi qurolli qarshilik harakati
Qo‘shimchа аdаbiyotlаr:
Амир Сайид Олимхон. Бухоро халқининг ҳасрати тарихи. −Т., 1991. Зиёев Ҳ. Ўзбекистон мустамлака ва зулм исканжасида. Тошкент: Шарқ, 2006. Ишанов А. И. Бухарская народная советская Республика. –Т., 1973. III. Markaziy Osiyoda sovet rejimiga qarshi qurolli qarshilik harakati Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha rejimga qarshi harakat 1918 yil fevral oyining so‘nggi o‘n kunligida boshlandi. Dastlabki guruhlarning tuzilishi Qo‘qon atrofidagi Bachqir qishlog‘ida boshlangan. Farg‘ona vohasida bu davrda 3 yirik qurolli guruhlar sovetlarga qarshi kurash olib borgan. Ulardan eng yirigi Marg‘ilonda, militsiyaning sobiq boshlig‘i Muhammad Aminbek Ahmadbek o‘g‘li — Madaminbek (1892—1920) edi. «O‘z oldiga sovet hokimiyatini ag‘darish va Farg‘ona muxtoriyatini tiklash vazifasini qo‘ygan Madaminbek ustomon siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi», deb tan olinadi 1918 yilga oid arxiv hujjatlarning birida. Farg‘ona vodiysida 1918 yilning o‘rtalariga kelib taxminan yuzga yaqin guruhlar qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15000 yigit bor edi. Bu harakat Qo‘qon fojialaridan keyin boshlangan bo‘lishiga qaramay, uning ildizlari Rossiya podsholigi tomonidan Turkiston bosib olingan XIX asrning 60 - 70 yillariga borib taqaladi. 1918 yil 22 fevralida Turkiston xalqlarining milliy hukumati yo‘q qilinganida ularning milliy g‘ururi ham yanchilgan edi. Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi harakat vujudga kelishining bosh sababi, sovet hokimiyatining o‘lkada yuritgan mustamlakachilik siyosati va bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan dastlabki sotsialistik tadbirlar, korxonalarning davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi, xususiy mulkning bekor qilinishi, oziq-ovqat razvyorstkasi va g‘alla monopoliyasi, masjid, xususiy maktab va qozixonalarning bekitilishi bo‘ldi. Vaqf yerlarining tugatilishi, majburiy mehnatning joriy qilinishi hamda qizil armiya jangchilarining talonchilik va bosqinchiliklari harakatga alohida keskinlik va ko‘lam bag‘ishladi, uning tobora kengayishi va rivojlanishiga olib keldi. U goh kuchayib, goh pasayib turishiga, unda ishtirok etganlarning tarkibi almashib turganligi va ikkilamchi manfaatlar o‘zgarib turishiga, ob'ektiv va sub'ektiv omillar kuchlar muvozanatiga turlicha ta'sir qilganiga qaramay, harakatning asosiy maqsadi Turkiston mustaqilligi bo‘lib qolaverdi. Madaminbek Farg‘ona fronti qo‘shinlari qo‘mondoni MadaminbekSafonov nomiga yo‘llagan maktubida (1919 yil 11 mart) ular qanday maqsad yo‘lida kurashayotganliklarini, bu harakatning mohiyati va «bosmachi» deb kimni aytish lozimligini yaqqol ko‘rsatib berdi. Harakatning mohiyatini sovet qo‘mondonligi vakillari ham e'tirof etishga majbur bo‘ldilar. Turkiston frontining qo‘mondoni Frunze: «Bosmachilikka qarshi kurash tamoman yangi, ayrim xususiyati bo‘lgan, o‘ziga xos dushman bilan kurash demakdir», deb yozgan edi. Turkiston XKS raisi Q. Otaboev Turkiston MIQ 4 plenumida (1922 yil iyul) quyidagi haqiqatni oshkora ta'kidlashdan cho‘chimadi: «...dastlabki davrlarda bosmachilik ruhida bo‘lgan bu harakat endilikda siyosiy mazmun kasb etdi. Shuni ta'kidlash lozimki, 1919-1920 yillarga kelib Farg‘onada qaroqchilik, bosmachilik emas, balki o‘ziga xos xalq qo‘zg‘oloni vujudga keldi. Biz to‘rt yil davomida bu harakatga hatto to‘g‘ri baho berishni ham bilmadik, u xalq qo‘zg‘oloni bo‘lgani holda bosmachilik deb atadik». Asosiy harakatlanuvchi kuch dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar edi. Turkiston respublikasi rahbarlaridan Turor Risqulovning e'tiroficha, harakatga «asosan dehqonlar va hunarmandlar kelib qo‘shilardi». Ularning milliy tarkibi asosan tub joy aholisi - o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq, turkman, qoraqalpoq va uyg‘urlardan iborat edi. Sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni tashkiliy jihatdan uyushtirishda Farg‘ona vodiysi, Buxoro va Xorazmdagi guruh rahbarlarining mazkur davrda bo‘lib o‘tgan o‘ttizdan ortiq qurultoylarining ahamiyati katta bo‘lgan. Ularda rahbarlar saylangan, yagona qo‘mondonlik ostiga birlashtirilgan. Ammo bunga doim ham amal qilinmas edi. Turkiston ziyolilari va taraqqiyparvarlari - namanganlik Nosirxon to‘ra, Said Kamolxon To‘ra o‘g‘li, toshkentlik muftiy Sadriddinxon Maxsum Sharifxo‘ja qozi o‘g‘li, Turkiston MIQ raisining sobiq o‘rinbosari To‘raqul Jonuzoqov, asli boshqirdistonlik Ahmad Zaki Validiy va boshqalar bu harakatni qo‘llab-quvvatladilar. Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati 1919 yil yozining oxiri va kuzida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi. Madaminbek boshchiligidagi qo‘shinlar safiga Jalolobodda turgan rus dehqonlar armiyasining qo‘shilishi vodiyda sovet hokimiyatini ag‘darish uchun real kuch edi. Sentyabr oyining dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod va O‘sh shaharlarini egallashdi. Ular 13 sentyabrda Eski Marg‘ilon shahrini qizil bosqinchilardan ozod qildilar. Shu bilan birga vodiydagi eng yirik strategik shahar - Andijonni qamal qilishga kirishdilar. Madaminbek boshchiligidagi qo‘shinning hujumi Farg‘ona vodiysini larzaga keltirdi. 1919 yil 22 oktyabrda Pomirning Ergashtom ovulida bo‘lgan anjumanda Madaminbek boshchiligidagi Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 yerli aholi va 8 rus vakili kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig‘i bo‘lish bilan birga, Oliy Bosh qo‘mondon ham etib tayinlandi. 1919 yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo‘l ostida 30000 ga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi istiqlol janglarini olib bordilar. Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga xos sifatlar uyg‘unlashgan edi. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o‘z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi. «U bizning rahbarlik faoliyatimizda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarimizdan ustalik bilan foydalanardi. Uning «boshqaruv apparati», o‘zining «tribunali», o‘zining «genshtabi» bo‘lgan; u qonunlar chiqargan», deb e'tirof etadi Madaminbekka qarshi kurashgan dushmanlardan biri - qizil komissar Gramatovich. Tarixchi Ra'no Rajabovaning yozishicha, qizil armiya qo‘mondonligi, bolsheviklar bu kurashda jiddiy yutuqlarni qo‘lga kirita olmaganliklari oqibatida Farg‘ona vodiysining tinch aholisidan vahshiylarcha o‘ch ola boshladi. Chunonchi, 1918 yilda qizil askarlar va dashnoqlar Chustda 1500 kishini qatl qildilar. 1918 yil oxiri – 1919 yil boshida bu kuchlar Bozorqo‘rg‘on, Qo‘qon-qishloq, So‘zoq qishloqlariga bosqinchilik hujumlari uyushtirib, dehqonlarni qirg‘in qildilar, mol-mulklarini taladilar, qishloqlarga o‘t qo‘ydilar. 1919 yil bahorida rus dehqonlari sovet hokimiyati siyosati, tinch aholining qirg‘in qilinishidan norozi bo‘lib, krestyanlarning Monstrov qo‘mondonligi ostidagi armiyasi Madaminbek lashkarlari bilan qo‘shildi. Qizil armiyaga qarshi janglar olib bordi. Farg‘ona vodiysiga bolsheviklar tomonidan qo‘shimcha kuchlarning tashlanishi natijasida 1920 yil yanvar oyining o‘rtalariga kelib jangovar tashabbus qizil armiya qo‘liga o‘tdi. Katta Ergash qo‘rboshining qo‘shini mag‘lubiyatga uchragach (u 1921 yil dekabrda Xonoboddagi qarorgohida qizil askarlar bilan bo‘lgan jangda o‘ldirildi), Shermuhammadbek asosiy kuchlarini olib Oloy vohasiga chekindi. Madaminbek vaqtdan yutish uchun Farg‘ona fronti qo‘shinlari qo‘mondonligiga yarash muzokaralari boshlashni taklif qildi. Natijada Madaminbek bilan 2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i Veryovkin-Roxalskiy o‘rtasida 1920 yil 6 martda Farg‘ona shahrida yarash bitimi imzolandi. Shuni aytish kerakki, ko‘pincha guruh boshliqlari o‘zaro kelisholmasdi, ular orasida jipslik, hamjihatlik yo‘q edi. Shuning uchun ham bu harakat mag‘lubiyatga uchradi. Bir-birini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga qo‘rboshilar raqobatchilik psixologiyasidan chiqa olmadilar. Shu sababga ko‘ra, Madaminbek qon to‘kishni to‘xtatish maqsadida sovet qo‘mondonligi tomonidan muzokaralar olib borish uchun qo‘rboshilar bilan uchrashganda Xolxo‘ja eshon buyrug‘i bilan 1920 yil 14 mayda Qorovul qishlog‘i atrofida u (Madaminbek) xiyonatkorona o‘ldirildi. Madaminbek o‘rtadan ko‘tarilgach, ertasigayoq bolsheviklar qurolli harakatlarni kengaytirdilar. Ammo Turkiston xalqlarining sovetlarga qarshi janglari 1920 yilda va undan keyin ham davom etdi. Farg‘ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi kurashlar bilan bir qatorda, endilikda Buxoro va Xorazmda ham bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurash boshlandi. Turkistondagi harakat 1920 yilning yozi va kuzida o‘zining yangi bosqichiga kirdi. Kurash yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Turkiston MIQ raisi Inomjon Xidiralievning keyinchalik yozishicha, «1920 yil sentyabrda bosmachilarning soni 70000 kishiga yetdi va kuchli vahima uyg‘otdi...». Turkistondagi sovet hokimiyatiga qarshi harakatning 1921-1922 yillarda qaytadan ko‘tarilishi va avj olishiga sovet hokimiyati tomonidan yuritilgan o‘ziga xos mustamlakachilik siyosati, tinch aholining ommaviy ravishda qirg‘in qilinishi jiddiy sabab bo‘ldi. 1921 yil 13 sentyabrda Farg‘ona vodiysida favqulodda holat e'lon qilindi. 1921 yil noyabrda Farg‘ona viloyatida harbiy diktatura o‘rnatildi va Turkfront harbiy inqilobiy kengashi a'zosi P.Baranov Farg‘ona viloyatining harbiy boshlig‘i qilib tayinlandi. Turkkomissiya, keyinchalik Turkbyuro qizil qo‘shinlar harakatini boshqarib, Markazga hisobot berib turdilar. Markaz esa harakat boshliqlariga nisbatan shafqatsiz jazo choralari qo‘llash lozimligini qat'iy talab qildi. Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston muvaqqat hukumati 1922 yil oxirida tarqalib ketdi. Uning o‘zi qator janglardan keyin 1922 yil dekabr oyining so‘nggi kunlarida Buxoro respublikasi hududiga, 1923 yil bahorida esa Afg‘oniston davlatiga o‘tib ketdi. Farg‘ona vodiysida 1923-1924 yillarda kurashchilarning kichik-kichik guruhlari jang harakatlarini olib bordilar. Farg‘onada ularning soni 1923 yilda 350-400 atrofida edi. Lekin ular kurashning mazkur bosqichida turli sabab va mahalliy shart-sharoitlar natijasida doim ham bir-birlari bilan kelishib ish ko‘rmadilar. Bu harakat sovet totalitar tuzumi, o‘zbek xalqiga va butun Turkiston xalqlariga o‘tkazgan zulmi, istibdodiga qarshi qaratilgan edi. Shuning uchun ham biz uni milliy-ozodlik harakati deb baholaymiz. Lekin uning rahbarlari hammasi ham progressiv fikr yurituvchi bo‘lgan, deyish mumkin emas. Ayrimlari (masalan, Madaminbek) dunyoviy taraqqiyotga intilgan davlat qurmoqchi bo‘lsa, boshqalari (masalan, Ibrohimbek) Buxoroga amir hokimiyatini qaytarish tarafdori edi. Ularning ayrimlari dunyoqarashlari tor, bir-biridan ustun bo‘lishni xohlar edilar. Shuning uchun ham ular orasida jipslik, hamjihatlik yo‘q edi. Shu bilan birga sovet hokimiyati zo‘ravonlik usuli bilan xalqni o‘ziga og‘dirolmaganligini tushunib, ayrim islohotlarga yo‘l ochib berdi. Masalan, yangi iqtisodiy siyosatning (YaIS) kiritilishi, vaqflarning qaytarilishi, eski maktablarning qaytadan ochilishi urushlardan charchagan xalqni chalg‘itdi. Ammo bu islohotlar vaqtincha nayranglar bo‘lganligi qurolli harakat tugatilishidan keyin ayon bo‘ldi va ular yo‘qqa chiqarildi. Ammo shubhasiz, sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakatni xalq qo‘llab-quvvatladi va uning tarixi bolshevizm mafkurasining Turkiston xalqlari turmush tarziga zidligini ko‘rsatib beradi. Xo‘jalikning vayronligi, qahatchilik, jamiyatning barcha qatlamlari, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar, guruhlar faoliyati, manfaatlari, qarashlari, kayfiyatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Ular iqtisodiy inqirozdan chiqishni qat'iy talab qilish bilan birga, buning yo‘llari to‘g‘risida ham mushohada qildilar. Turkistonda aholining ko‘pchiligini tashkil qilgan dehqonlar razvyorstka asosida ortiqcha mahsulotni tortib olishni to‘xtatishni, majburiy mehnatga jalb qilishni, savdo, mol ayirboshlashni tartibga solishni talab qildilar. Hunarmand-kosiblar materiallar olish, tayyor mahsulotlarni sotish uchun sharoitlar bo‘lishi talabi bilan chiqdilar. Ishchilar, idora xodimlari, ziyolilar xo‘jalikni oyoqqa turg‘izish asosida ishsizlikka, qahatchilikka barham berish, hayot darajasini ko‘tarishga intildilar, madaniy-ma'rifiy muammolarga diqqatni qaratdilar. Nihoyat, sobiq korxonalar egalari, tijorat ahli iqtisodiyotdagi inqirozli ahvoldan qutulish uchun mulkdorlar faoliyati, moddiy manfaatdorlik tamoyillari, pul-tovar munosabatlarining tarixan hal qiluvchi rol o‘ynaganiga jamoatchilik diqqatini tortdilar. Download 0.9 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling