Markaziy osiyo xalqlari tarixi


Download 0.9 Mb.
bet14/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

1921 yil yozida, 1923 yilda sovetlarga saylovlar o‘tkazildi. Sovetlarning III qurultoyida (1922 yil avgust) respublikadagi siyosiy vaziyat, qizil armiya qismlariga munosabat muhokama qilindi, moliya, iqtisodiy, yer ishlari nozirliklari birlashtirilib, Respublika xalq xo‘jaligi oliy kengashi tashkil qilindi. Shu yili respublikaning mehnat va mudofaa kengashi tuzildi. Buxoro Iqtisodiy Kengashi (BuxEKOSO), davlat reja qo‘mitasi tashkil etildi, respublikaning byudjeti tuzildi. Pul muomalasiga e'tibor qaratildi. Buxoro Iqtisodiy Kengashi, davlat reja qo‘mitasi Markaziy Osiyo Iqtisodiy Kengashi rahbarligida, ko‘rsatmalari asosida respublika iqtisodiyotini boshqardi. Bu tashkilotlarning tuzilishi respublikaning iqtisodiy mustaqilligini chekladi.
1923 yil yoz-kuzida tashqi kuchlar tazyiqi bilan hukumat tarkibi va mavqyeida jiddiy o‘zgartirishlar qilindi. Shuningdek, konstitutsiyaga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Siyosiy vaziyat o‘zgarib ketdi. Respublikaning ma'muriy bo‘linishi o‘zgartirildi, 5 ta okrug (Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Turkman va Sharqiy Buxoro okruglari), 48 ta tuman va 195 ta kent tuzildi. Qishloqlarda oqsoqolliklar o‘rniga sovetlar tuzishga kirishildi. 1924 yildan boshlab Buxoro respublikasi Markaziy Osiyo hududiy qayta qurish jarayoniga tortildi.
Bolshevik I.Sols Buxoro to‘ntarishidan ikki kun o‘tgach bunda ikkita asosiy vazifa - «erlarni tortib olish», mulkdorlarning «iqtisodiy salohiyati ildizini qirqish» hamda «mullalarning g‘oyaviy ta'siriga qarshi kurashish» deb ochiqdan-ochiq e'tirof etdi. Bolsheviklarning inqilobiy reja, sinfiy adovat, zo‘rlikka asoslangan dasturiga Buxoro mamlakatiga kelgan barcha bolsheviklar, qizil qo‘shinlar qo‘mondonligi amal qila boshladi. Mamlakat va xalqning boyligi talandi. Qisqa vaqt ichida respublika hududida joylashgan Rossiya qo‘shinlari 40 ming kishiga yetdi. Ular respublika bo‘ylab garnizonlarga o‘rnashdilar.
1920 yil sentyabr-oktyabr oylarida Buxoro, Chorjo‘y va boshqa joylarda yuzlab avvalgi amaldorlar qatl qilindilar. Matbuotda «ommaviy qizil terror» o‘tkazilishi haqida ochiq xabar qilindi. Ko‘p hollarda tribunallar hukm chiqarib, ularni ijro etdilar. Bolsheviklar tazyiqi bilan keyingi yangi hokimiyat amaldorlari ham siyosiy qatag‘on qilindilar. Favqulodda komissiya (ChK) xalqqa qarshi faoliyatini kengaytirishga intildi.
Yosh buxoroliklarning g‘oyalari va BKP siyosati o‘rtasidagi jiddiy tafovut ijtimoiy vaziyatni keskinlashtirdi. Buxoro rahbariyati 1921 yil mart oyida qator chet mamlakatlar hukumatlariga yo‘llagan murojaatnomasida «Vuxoro xalqi... Yosh buxoroliklar ta'sirida uyg‘ondi», deb ta'kidladi. BKPni F.Xo‘jaev «Sun'iy tuzilgan partiya», deb atadi. Rossiya va Turkiston bolsheviklariga tayangan BKPning ayrim rahbarlari zudlik bilan inqilobiy o‘zgartirishlarni amalga oshirishni, chunonchi, yerlar, boyliklarni musodara etishni, vaqflarni yo‘q qilishni, islom diniga qat'iy hujum boshlashni talab qildilar. 1920 yil oxiri – 1921 yil boshida o‘tgan munozarada Buxoro to‘ntarishi, yangi hokimiyat mohiyatiga oid demokratik hamda so‘l-ekstremistik yondashuvlar to‘qnashdi.
1923 yil yozida BXSR qozilarining II qurultoyi bo‘lib o‘tdi. 65 ta qozilik hududida 528 kishi xizmat qilardi. Yangi sovet sudlari tashkil etildi.
Rossiyadagi bolshevistik rahbariyat, Turkkomissiya BXSRdagi muhitni va siyosiy kuchlar muvozanatini o‘zgartirishga urindi. BKPdagi so‘l og‘machilikni tanqid qilish bilan birga, asosiy zarbani respublika hukumatiga qaratdilar. Bolshevistik namoyandalar tez-tez Buxoroga qatnay boshladilar. Ularning faol ishtiroki bilan nozirlar Fitrat, M.Saidjonov, M.Aminov, Otaxo‘jaev, Sattor Xo‘jaev «burjua savdogarlari vakillari» deb lavozimlaridan bo‘shatildilar. Mahalliy idoralarda ham «tozalash»lar o‘tkazildi, Buxoro viloyatida 56 kishi, Karki viloyatida 70 kishi ishdan chetlashtirildi, ularning ko‘pchiligi javobgarlikka tortildi. Respublika markazi va g‘arbidagi o‘nta mahalliy ijroiya qo‘mitalarining raislari ishdan olindi.
1923 yil oktabrida BXSR Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilib, aholining muayyan qismi fuqarolik huquqlaridan mahrum etildi. 1923 yil yozi va kuzida bo‘lgan voqyealar BXSRga chetdan kelib amalga oshirilgan davlat siyosiy to‘ntarishi edi.
Ammo keyingi davrda ham aholining, respublika rahbarlarining sa'y-harakatlari fuqarolar totuvligi, ijtimoiy munosabatlarning barqaror kechishiga qaratildi. 1924 yil yozida F.Xo‘jaev aholining qashshoqlashganini e'tirof etib, bundan qutulish tadbirlarini izchil amalga oshirish zarurligini uqtirdi. Turkistondan Q.Otaboev va boshqalar Buxoroga yuborilib, rahbar lavozimlarga tayinlangan edilar. Hukumat raisi muovini Q.Otaboev respublika iqtisodiyotini ko‘tarish, jumladan, pul muomalasini sog‘lomlashtirish, byudjet masalalari bilan jiddiy shug‘ullandi. BXSRning qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro foydali aloqalarini davom ettirishga e'tiborni qaratdi.
Shunday qilib, Buxoro respublikasida g‘oyaviy-siyosiy vaziyat murakkab bo‘lib, mustaqillikni himoya qilish nihoyatda keskin kechdi. Mamlakat hududiga bir necha tomondan bostirib kirgan qo‘shinlar ko‘p yerlarni vayron qildilar, ayniqsa, poytaxt Buxoro vayron bo‘ldi, uy-joy, imoratlarga o‘t qo‘yildi. Dehqonlarning, boshqa aholi tabaqalarining mol-mulki, g‘alla-doni tortib olindi. Buxoro dehqonlariga yetkazilgan zarar shu qadar katta ediki, yangi hokimiyat 1920 yil sentyabrida, to‘ntarishdan ikki-uch hafta o‘tar-o‘tmas «harbiy qismlardan aholi ko‘rgan zararni qoplashga» ko‘rsatma berdi. Karki shahri va atrofida yashagan turkman aholiga nisbatan «qotilliklar sodir etilgan, ularning uy-joylari buzilgan va yonib ketgan» edi. Ularga ham hukumat noyabr oyida moddiy yordam yubordi.
Rossiya BXSR hududidagi temir yo‘llarni o‘z qo‘lida saqladi. Turkkomissiya vakillari respublikada qator ekspropriatsiya va inqilobiy tadbirlarni amalga oshirishga kirishdilar. Hukumatni oziq-ovqat razvyorstkasini joriy qilish, ekin maydonlarini egalaridan tortib olish, vaqflarni yo‘q qilishga undadilar. Savdogarlarning 132 tonna paxtasi, boshqa mollar musodara etilib, ularni Rossiyaga olib ketishga harakat qilindi. Ko‘p minglik qizil qo‘shinlarni oziq-ovqat, yem-xashak bilan ta'minlash aholi zimmasiga yuklandi. Rossiyaning qadrsizlangan qog‘oz pullari muomalaga kiritildi. Tashqi savdoga davlat monopoliyasi joriy qilindi. Respublika xalq xo‘jaligi jiddiy qiyinchiliklarga uchradi. Aholi, ayniqsa, dehqonlar, respublika hukumatiga norozilik bildirdilar. 1920 yil kuzida nozir M.Mansurov RSFSR iqtisodiy aloqalarda tenglikka amal qilishi kerak, deb qat'iy uqtirdi. F.Xo‘jaev Rossiya tashqi savdo birlashmasini BXSRdan «hamma narsani olishga, ammo hyech narsa bermaslikka qodir...», deb aybladi. Natijada 1922 yil bahorida BXSRga bir qator qurilish materiallari, kerosin, neft, temir mollar, qog‘oz, daftar, gugurt, kalishlar olib kelindi.
Respublika hukumati xalq xo‘jaligini tiklash choralarini ko‘rdi. Bozor munosabatlariga amal qildi, eski soliqlar bekor qilindi. 1922 yil oxirida YaIS (yagona iqtisodiy siyosat) tamoyillariga o‘tish munosabati bilan Buxoro davlat banki tashkil etildi, qo‘shma aksionerlik jamiyatlari, 30 ta yirik savdo firmalari, mayda tijoratchilar, davlat savdo tashkiloti, matlubot jamiyati faoliyat ko‘rsatdi. Respublika reja qo‘mitasi, iqtisodiy kengashi tashkil etildi, byudjet tuzishga kirishildi. Savdogarlarga olingan mollari evaziga 100 oltin so‘mdan berildi.
Dehqonlarning g‘alla-don maydonlari kengaytirildi. Paxta bosh komiteti idoralari paxtachilikni rag‘batlantirish uchun 1923 yil boshida 100 ming pud chigit, 125,3 ming pud g‘alla, qoramollar va inventarlarni kreditga tarqatdi. Qishloq xo‘jalik solig‘i joriy etildi, shu bilan birga mahsulot yer solig‘i (ushur) va chorvachilik solig‘i (zakot) olinar edi. Ko‘rilgan choralar xalq xo‘jaligining jonlanishiga olib keldi. 1923 yilda sug‘oriladigan yerlar maydoni to‘ntarishdan oldingi darajaga yaqinlashib qoldi (92,3 % ni tashkil etdi). Dehqon xo‘jaliklari 425 mingtaga yetdi, ularning 300 mingtasi sug‘oriladigan yerlarda, 125 mingtasi esa lalmi yerlarda joylashgan edi.
Hunarmandlar bozor talabining to‘qqiz foizini ta'minlardilar. Temir yo‘l, sanoat korxonalari tiklanib ishga tushirildi. Tashqi savdo kengaydi. 1923/24 xo‘jalik yilida BXSR 10,5 mln oltin so‘m atrofida chetga mol eksport qildi, 7,5 mln oltin so‘m hajmidagi mollar import qilindi.
1924 yil sentabrida respublika aholisi soni, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 2 mln 600 mingga tushib qoldi. Shu yil may oyida F.Xo‘jaev aholining turmush darajasi pasayganini e'tirof etdi. Hukumat raisining muovini Q.Otaboev respublika xalq xo‘jaligining o‘ziga xos tomonlarini qayd etdi, ular byudjet-pul muomalasini yo‘lga qo‘yishda inobatga olinishi lozim, deb ko‘rsatdi.
Xorazm va Buxoro respublikalarining e'lon qilinishi ularning xalqlari hayotida tarixiy voqyea bo‘ldi. Yangi davlatchilik bu xo‘jalik, ijtimoiy, ma'rifiy-madaniy va siyosiy jarayonlarning xalq ommasi, uning ilg‘or namoyandalari orzu-istaklari, sa'y-harakatlari va kurashlari qonuniy yakuni sifatida gavdalandi. Demokratik fuqarolik, teng huquqlik va adolatli munosabatlar istiqbolining ochilishi jamiyatga ko‘tarinki ruh, asosli umidvorlik kayfiyatini olib kirdi.




Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling